Kontent qismiga oʻtish

Yahyo Gʻulomov

Vikipediya, erkin ensiklopediya
(Gʻulomov Yahyo Gʻulomovichdan yoʻnaltirildi)
Yahyo Gʻulomov
Shaxsiy maʼlumotlari
Tavalludi 1-may 1908-yil
Toshkent
Vafoti 10-yanvar 1977-yil(1977-01-10)
(68 yoshda)
Toshkent
Mukofotlari

Yahyo Gʻulomovich Gʻulomov (1908.1.5 – Toshkent – 1977.10.1) – tarixchi – arxeolog olim. Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi akademik (1966), Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan fan arbobi (1958), tarix fanlari doktori (1950), professor (1955). Toshkentdagi Oʻzbekiston erlar bilim yurti (inpros)ni (1926), samarqanddagi Oʻzbekiston pedagogika akademiyasini (1930) tugatgan. Toshkent pedagogika texnikumida oʻqituvchi (1931 – 32). Ilmiy faoliyati 1933-yildan boshlangan. Oʻzbekistonning qad. va sanʼat yodgorliklarini muhofaza qilish komiteti (Uzkomstaris)da ilmiy xodim, ilmiy kotib (1933— 40). SSSR Fanlar akademiyasining Oʻzbekiston filiali, Tarix, til va adabiyot instituti arxeologiya boʻlimi mudiri (1940—43). 1943-yildan Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi Tarix va arxeologiya instituti qad. va oʻrta asrlar tarixi boʻlimi mudiri, ayni vaqtda institut direktori vazifasini bajaruvchi (1956— 59). Shuningdek, u Toshkent pedagogika institutida „Oʻzbekiston tarixi va arxeologiyasi“dan maxsus maʼruzalar oʻqigan, 1936-yildan bir necha arxeologik ekspeditsiyalar (Toshkent, Buxoro, Samarqand, Fargʻona va b.) ga rahbarlik qilgan. 1938 – 50 yillarda xorazm arxeologiya etnografiya ekspeditsiya boshligʻining oʻrinbosari sifatida qatnashib, Xorazmning sugʻorilish, dehqonchilik va shahar madaniyatining shakllanishi hamda rivojlanish tarixi boʻyicha ilmiy tadqiqot ishlari olib borgan.

Tarjimayi holi

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Yahyo Gʻulomovich Gʻulomov 1908-yil 1-mayda Toshkent shahrida madrasa muallimi oilasida tugʻilgan. 1919-yilda otasi vafot etadi. 1921-yildan bolalar uyida tarbiyalangan. Yahyo Gʻulomov boshlangʻich maktabning oltinchi sinfini tamomlagach (1923—1926-yillarda), Toshkentdagi erkaklar bilim yurtida oʻqiydi. 1930-yilda Samarqanddagi Oʻzbekiston Davlat pedagogika akademiyasining ijtimoiy-iqtisodiy fakultetini tamomlagan.

Yahyo Gʻulomov erkaklar bilim yurtida oʻqishni tamomlab, 1928—1929-yillarda Toshkentdagi boshlangʻich maktablardan birida dars beradi. Keyingi uch yilda Oʻzbekiston SSR Xalq Komissarlari Soveti qoshidagi Oʻzbekiston ilmiy-tadqiqot institutining Oʻrta Osiyo tarixi kafedrasida assistent va aspirant, 1931-yildan Toshkent shahridagi pedagogika texnikumida oʻqituvchi boʻlib ishlagan.

Y.Gʻulomovning ilmiy faoliyati 1933-yildan boshlangan: 1933—1940-yillarda Oʻzbekiston qadimiy meros va sanʼat yodgorliklarini muhofaza qilish qoʻmitasi (Oʻzkomstaris) ilmiy xodimi va ilmiy kotibi. Shu vaqtdan boshlab u arxeologik tadqiqotlar bilan shugʻullanadi, ilmiy ekspeditsiya va razvedka ishlarida qatnashadi.

Y.Gʻulomov 1940-yildan SSSR Fanlar akademiyasining Oʻzbekiston filialida Tarix, til va adabiyot institutining arxeologiya boʻlimi mudiri boʻlib ishlaydi. 1943-yildan umrining oxirigacha – Oʻzbekiston SSR FA Tarix va arxeologiya institutining qadimgi va oʻrta asrlar boʻlimi mudiri[1] (1956-yil 20-noyabrdan 1959-yil 25-oktabrgacha shu institut direktori lavozimida ham ishlagan). Ilmiy faoliyatni pedagogik faoliyat bilan uygʻunlashtirib, uzoq yillar Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika institutida ishlaydi.

1956-yil oktabrda Oʻzbekiston SSR Fanlar akademiyasi muxbir aʼzosi, 1966-yil fevralda esa Oʻzbekiston SSR Fanlar akademiyasi akademigi etib saylandi.

1958-yil 18-iyunda Oʻzbekiston SSR Oliy Kengashi Prezidiumining Farmoni bilan Y.Gʻulomovga Oʻzbekiston SSRda xizmat koʻrsatgan fan arbobi faxriy unvoni berildi.

1977-yil 10-yanvarda Yʻ.Gʻulomov ilmiy faoliyati boshlangan Toshkent shahrida vafot etdi[2].

2002-yilda vafotidan keyin „Buyuk xizmatlari uchun“ ordeni bilan taqdirlangan.

Ilmiy faoliyati

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Y. G. Gʻulomov birinchi oʻzbek arxeolog-mutaxassisidir. Uning arxeologik dala ishlaridagi ishtiroki 1930-yillarning boshlariga toʻgʻri keladi. Shunday qilib, mashhur arxeolog M. E. Masson 1933-yilda Ayritama traktida (Termiz yaqinida) olib borilgan arxeologik qidiruv ishlarini tasvirlar ekan, „Yosh yangi tadqiqotchi Samarqand pedagogika instituti bitiruvchisi Yahyo Gʻulomov“ ekspeditsiyasida ishtirok etganini eslatib oʻtadi. Ya. Gʻ.Gʻulomovning mustaqil arxeologik tadqiqotlari 1936-yilga toʻgʻri keladi.

Qadimgi Xorazm hududidagi alohida ilmiy ahamiyatga ega boʻlgan arxeologik topilmalar, birinchi navbatda, S. P. Tolstov boshchiligidagi SSSR Fanlar akademiyasining Xorazm ekspeditsiyasi faoliyati bilan bogʻliq boʻlgan arxeologik topilmalar yaxshi maʼlum. Lekin, S. P. Tolstovning yozishicha, uning oʻtmishdoshlari Yahyo Gʻulomov va T.Mirgʻiyozovkabi toshkentlik arxeologlar boʻlgan. 1937-yilda Y.Gʻulomov Janubiy Qoraqalpogʻistonning qadimiy sugʻorish yerlarida oʻz faoliyatini davom ettirib, oʻrta asrlardagi Guldursun va Naridjon manzilgohlarini, milodiy birinchi asrlarga oid Shabbaz yaqinidagi Pilkala xarobalarini oʻrganadi. 1938-yildan SSSR FA Moddiy madaniyat tarixi institutining S. P. Tolstov rahbarligidagi Xorazm arxeologik-etnografik ekspeditsiyasi tarkibida ishlagan.

1943-yilda „Xiva va uning yodgorliklari“ mavzusida nomzodlik, 1950-yilda esa „Xorazmning qadimgi davrlardan to hozirgi kungacha sugʻorilishi tarixi“ mavzusida doktorlik dissertatsiyasini muvaffaqiyatli himoya qiladi[3]. 1955-yil mart oyida unga professor unvoni berildi.

SSSR Fanlar akademiyasi akademigi B. B. Piotrovskiy taʼkidlaganidek,

„Yahyo G‘ulomovning O‘rta Osiyoning xo‘jalik hayotining asosi hisoblangan sug‘orish sohasidagi tadqiqotlari haqiqatdan ham nihoyatda buyukdir. Y.Gʻ.Gʻulomovning Zarafshonning quyi oqimidagi neolit, eneolit ​​va bronza davri madaniyatlarini oʻrganishi bizni Movarounnahrning qadimiyligi haqidagi ilgari mavjud boʻlgan gʻoyani tubdan qayta koʻrib chiqishga majbur qilgani alohida muhim xizmatdir“[4].

. Oʻzbek olimining „Oʻrta Osiyoda irrigatsiya va dehqonchilik tarixini, yaʼni Sharq tarixining fundamental va eng muhim masalalarini“ oʻrganishga qoʻshgan ulkan hissasini SSSR Fanlar akademiyasi akademigi ham alohida taʼkidladi.

Gʻulomov Oʻzbekistonda tarix va arxeologiya sohalari boʻyicha oʻziga xos baynalmilal ilmiy maktab yaratgan. Uning Zarafshon va Fargʻona vodiylarida, shuningdek, Toshkent vohasida olib borgan ilmiy tadqiqotlari Oʻzbekistonda, tosh, eneolit va jez davri, uning moddiy-madaniyat yodgorliklarini oʻrganishga katta hissa boʻldi. U, ayniqsa, Toshkent tarixi va uning yodgorliklarini tadqiq etishga alohida ahamiyat bergan. Toshkent kanali boʻylab, Toʻytepada maxsus arxeologik tadqiqotlar oʻtkazgan. 1966-yildagi Toshkent zilzilasi oqibatlarini tugatish boʻyicha shaharda boshlangan ulkan qurilishlar munosabati bilan Toshkentning arxeologik obidalarini qayd etish va oʻrganish maqsadida maxsus Toshkent arxeologiya ekspeditsiyasini tashkil etgan. „Xiva shahrining yodgorliklari“ (rus tilida, 1941-yil), „Quyi Zarafshon vodiysida ibtidoiy madaniyat va sugʻorma dehqonchilikning paydo boʻlishi“ (rus tilida) kabi asarlar yozgan. „Oʻzbekiston tarixi“ (4 j.li), „Samarqand tarixi“ (2 j.li), „Buxoro tarixi“ning asosiy mualliflaridan. Vafotidan soʻng „Buyuk xizmatlari uchun“ ordeni bilan mukofotlangan (2002). Respublikada Gʻ. xotirasiga bagʻishlangan „Akademik Ya. Gʻulomov oʻqishlari“ni oʻtkazish ilmiy anʼanaga aylangan. Toshkentdagi koʻchalardan biri hamda Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi Arxeologiya institutiga Gʻ. nomi qoʻyilgan.[5][6].

  1. „Академики Центра“. archaeology.uz. Qaraldi: 22-oktabr 2023-yil.
  2. „Гулямов, Яхъя Гулямович“. peoplelife.ru. Qaraldi: 22-oktabr 2023-yil.[sayt ishlamaydi]
  3. Канимкулов, О „Яхъя Гулямов - крупный ученый-исследователь истории орошаемой земледельческой культуры“. cyberleninka.ru. Qaraldi: 22-oktabr 2023-yil.
  4. АКАДЕМИК ЯҲЁ ҒУЛОМОВ ЗАМОНДОШЛАРИ ВА ШОГИРДЛАРИ ХОТИРАСИДА. Тошкент Ўзбекистон Республикаси Фанлар академияси “Фан” нашриёти 2009 — 83-bet. ISBN 978-9943-09-747-6. 
  5. Xorazmning sugʻorish tarixi, qadimgi zamonlardan hozirgacha, T., 1959; Istoriya orosheniya Xorezma s drevneyshix vremen do nashix dney, M, 1957.
  6. Yahyo Gʻulomovich Gʻulomov. T., 1979; Muhammadjonov A., Yahyo Gʻulomovni xotirlab (Oʻquvchilarga ustozim haqida). T., 2000.