Kontent qismiga oʻtish

Hammomi kunjak

Vikipediya, erkin ensiklopediya
Hammomi kunjak
Umumiy maʼlumot
Turi hammom
Joylashuvi Buxoro shahri
Egasi Xoja Sa’d Kalonxoja Jo‘yboriy

Hammomi kunjakBuxoro shahristoni ichkarisidagi Gavkushon guzarida Buxoro shayxulislomi Xoja Sa’d Kalonxoja Jo‘yboriy mablag‘i hisobidan XVI asrda qurilgan qadimiy ayollar hammomi[1].

Kunjak — forscha so‘z bo‘lib, burchak ma’nosiga ega. Poyi Kalon majmuyining g‘arb tomon burchagida joylashganligi uchun yerli aholi hammomni ana shu nom bilan atagan. Uning asosiy nomi ayollar garmobasidir[2].

Me’moriy tuzilishi

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Hammomning ikki pallali yuzi qadimiy gulmexlar bilan qubbakoriy qilingan, gujum yog‘ochli darvozasi quyoshchiqar tomonga qarab ochiladi. Darvozaxona ichkarisi vaqtida boshqa tarhda bo‘lgan. Hozirgi ko‘rinishini keyinchalik olgan. Ichkarisi sharafashakl kodok bilan bezatilgan. O‘tirib nafas rostlaydigan supachalar mavjud. Asosiy xonalarga o‘ng qo‘l tomon burilib kiriladi. Ichkarida katta sahn, to‘rtburchak shaklida. Ustunlari juda mustahkam. Tom qismining naqd o‘rtasi (ikki kodok hajmida) shishakoriy qilingan. Sahnning qolgan tom qismi arkalar bilan tutashtirilib, kodoklar orasi vassakoriy. Vassalar ixcham, nafis, kalta-kalta, bezaksiz.

Asosiy yuvinish xonalariga pillapoya orqali bir metr pastga tushgandan keyin kiriladi. Mavjud yettita xona ichma-ich qurilgan. Xonalarning havosi bir-biridan (issiq va sovuqligi bilan) ajralib turadi. Birinchi xona poysho‘yi (oyoq yuviladigan xona), harorati o‘rta, sovuqxona ham deyiladi. Sovuqxonaning devor tomonlari marmartosh bilan o‘tirg‘ich shaklida uzun supa qilingan. Farshi esa nafis marmarlar bilan qoplangan. Supalar balandligi yarim metr. Uy tomi — gumbaz. Gumbaz o‘rtasida ravzani rost mavjud.

Uylar ana shunday katta-kichik hajmdagi gumbazlar bilan bir-biriga tutashtirib borilgan. Qolgan xonalarning tuzilishi shu taxlitda. Faqat hajm jihatidan biri ikkinchisidan farq qiladi. Xususan, chillaxona qurilishi murakkab. Tom qismi katta gumbaz bilan yopilgan. Gumbaz ravzani kattaroq. Havo aylanib yurishi, mo‘l-ko‘l yorug‘lik tushib turishi uchun juda qulay. Ma’lum qismi shishakoriy qilingan. Xona sahni aylana. Sahndan keyin dolon shaklidagi ayvonlarga o‘tiladi. Bu yerlarda ham marmardan supachalar yasalgan. Oyoqosti ham marmarkoriy qilingan.

Hammom yerosti qismining tuzilishida oldin chuqurlik bo‘lib, chuqurlikda go‘lax (olovxona) joylashtirilgan. Keyin issiq havo aylanib yurish yo‘llari joylashtirilgan. Xonalar poyostonasi issiq havo yo‘li va go‘lax ustida qurilgan. Sovuq havoli xonalar devori bir qavatli. Issiqxonalar devori esa ikki qavatli. O‘rtasida havoyurar bo‘shliq mavjud. Bu tadbir o‘ta shifobaxsh bo‘lib, hammom xususiyatlarini oshirgan. Chiqindi suvlari tazarlar orqali shahriston ihota devoridan tashqaridagi zaxkashlarga borib tushadi.

  1. Баҳромов Қ., Шодиева Н. Бухоро тарихий обидалари географияси. Бухоро: Дурдона, 2020 — 121-bet. 
  2. Ҳусенов С., Ражабова И. Чор Бакр. Тошкент: Шарқ, 2001 — 46-bet.