Kontent qismiga oʻtish

Humayd ibn Nosir Keshiy

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Humayd ibn Nosir Keshiy
Shaxsiy maʼlumotlar
Dini Islom
Tanilgan sohasi Qur’on, mantiq,arab tili

Humayd ibn Nosir Keshiy — Qur’onshunos, mantiqshunos, arab tili boʻyicha olim.

Humayd ibn Nosir Keshiy muhaddis Abdulhamid Keshiyning otasi oʻz davrining yetuk olim va fozil kishilaridan boʻlgan. Qurʼoni karim, mantiq va arab tili bilimdoni boʻlib, koʻplab shogirdlar tayyorlagan va asosan vaqtini masjidda ibodat va taʼlim bilan oʻtkazgan. Humayd ibn Nosir Keshiy Hanafiy mazhabining Movarounnahr hududiga keng yoyilishida katta xizmat qilgan. Ahli sunna eʼtiqodidan boshqalarni qattiq qoralagan taqvoli juda parhezkor boʻlib, doimiy roʻza tutishni odat qilgan. Bobosi haqida Muhammad ibn Abddan shunday maʼlumot keltirilgan: „Bobom Humayd ibn Nasr har sohada — arab tili, aruz, nazm va boshqa ilmlar bobida fasohat sohiblaridan edi, shuningdek, ul kishi adib, qori boʻlib, Qurʼoni karimni gʻoyatda chiroyli qiroat qilar hamda odamlarga ham uni chiroyli tilovat qilishni oʻrgatar edilar. Bobom Qurʼoni karimni tunda bir marta va kunduzi bir marta xatm qilar edi. U kishi taxminan oʻttiz yil davomida har kuni roʻza tutgan, men uning faqat ikki hayit va hayitdan keyin uch kun[1], tashriq kunlari[2] ovqat isteʼmol qilganini koʻrganman, xolos. Men uning tunda ham, kunduzi ham uxlagan hollarini sira koʻrgan emasman. Agar uning koʻzlariga uyqu gʻolib kelsa, yonboshlab olmasdan oʻtirgan holida biroz mizgʻib olardi. Uyga faqat bir zarurat ish yuzasidan yoki tahorat olmoq uchungina kirar, boshqa vaqtlarda uzluksiz masjidda boʻlar edi. Nihoyatda taqvoli, parhezkor edi[3]“. Muhaddisning otasi Humayd ibn Nasr Keshiyning toʻrt farzandi boʻlib, ularning taʼlim olishiga jiddiy eʼtibor qaratgan va farzandlarining barchasi tafsir, hadis va fiqh ilmlarida zukko va zamonasining yetuk olimlari boʻlishgan. Bu haqda Muhammad ibn Abd shunday rivoyatni ketiradi: „Bobom Humayd ibn Nasrning toʻrt oʻgʻillari — otam, Abu Muslim, Abu Abdulloh va Abu Falon degan yana bir farzandlari boʻlgan. Abu Falon deb nomlangan oʻgʻillari rofiziylar eʼtiqodida boʻlgan (Rasulullohdan soʻng Alini xalifa boʻladi deganlar toifasidan) xuddi ana shu adashgan oʻgʻillari vafot etganda bobom masjidga kirib toʻrt rakʼat shukrona namozi oʻqigan edilar. Bobomning bir koʻzlari chechak tufayli. Ikkinchi koʻzlari Navqaddagi[4] uzumzorlarida choʻp kirib ketib koʻr boʻlib qolgandi[5] bobosi haqida keltirilgan bu xabarlardan Humayd ibn Nasr Keshiy koʻzi ojiz boʻla turib, umrini masjidda ibodat qilish hamda shogirdlariga taʼlim berish bilan oʻtkazib, arab tili, Qurʼoni karim, hadis, mantiq, aruz va boshqa fanlardan saboq bergan. Oʻz farzandining boshqa oqimlar toifasiga kirib ketganligidan qattiq afsus chekkan, hatto shu farzandi vafot etganida Alloh taologa shukr qilgan kishi boʻlgan. Abdulhamid Keshiy dastlabki taʼlimni oʻz otasidan olib, keyin Kesh, Nasaf, Buxoro va Samarqand allomalaridan olganligi manbalarda bayon qilingan.



  • Sh. Umarov. "Oʻrta asrlarda yashagan Keshlik allomalar"; Samarqand:Imom Buxoriy xalqaro markazi 2014. – 208 b.;
  1. Ikki hayit va undan keyingi uch kun — jami besh kun, shariatda roʻza tutmoq man qilingan kunlar hisoblanadi.
  2. Tashriq kunlari — qurbonlik qilingan goʻshtlarni quritib olinadigan kunlardir. Oldingi davrda goʻshtlarni uzoq muddat saqlash uchun toshlar ustiga qoʻyib, quritib olingan.
  3. Najmiddin Nasafiy. Al-Qand fi zikri ulamoi Samarqand. — B. 113.
  4. Navqad — Shahrisabzning hozirda Navqot deb nomlangan qishlogʻi
  5. Najmiddin Nasafiy. Al-Qand fi zikri ulamoi Samarqand. — B. 114.