Kontent qismiga oʻtish

Ortiqxoʻja Imomxoʻjayev

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
(Imomxoʻjayev Ortiqxoʻjadan yoʻnaltirildi)
Ortiqxoʻja Imomxoʻjayev
Tavalludi 1905-yil 20-iyun
Vafoti 1996-yil 29-noyabr
Toshkent
Kasbi Qoʻshiqchi
Unvoni Oʻzbekiston xalq hofizi

Ortiqxoʻja Imomxoʻjayev (1905-yil 20-iyun, hozirgi Andijon viloyati — 1996-yil 29-noyabr, Toshkent) — qoʻshiqchi, Oʻzbekiston xalq hofizi (1949)[1]. Katta Fargʻona kanali qurilishida ishtirok etgan. Ovozi (yuqori bariton) mayin[1].

Ortiqxoʻja Imomxoʻjayev 1905-yil 20-iyunda Andijon viloyati Oltinkoʻl tumani Koʻmakay qishlogʻida Xoʻja mahallasida dehqon oilasida dunyoga kelgan. Otasi Imomxoʻja qishloqda mahalliy boylarning yerlarida dehqonchilik bilan shugʻullangan. Onasi Risolatxon uy bekasi boʻlib, farzandlari tarbiyasi bilan mashgʻul boʻlgan[2]. Ortiqxoʻja Imomxoʻjayev 13-14 yoshlarida otasidan boʻz tikishni oʻrgangan. Akasi Xoʻja Yusufdan qoʻshiq ijro etishga ilhomlangan va yoshligidan qoʻshiq sirlarini oʻrgangan.

Kasbiy va ijodiy faoliyati

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Ortiqxoʻja Imomxoʻjayev 1917-yili yangi tashkil qilingan „Haqiqat“ nomli kolxozda dastlab gʻaznachi va hisobchi vazifasida xizmat qilgan. Oz vaqt oʻtib brigadir maqomiga koʻtarilgan. 1939-yili Katta Fargʻona kanali qurilishida tashkiliy guruhning boshligʻi boʻlib ishlagan.

Ortiqxoʻja Imomxoʻjayev 1941—1945-yillarda M. Uygʻur nomidagi Yangiyoʻl musiqali drama teatrida xonanda va aktyor sifatida faoliyat koʻrsata boshlagan. „Qoʻchqor Turdiyev“, „Oftobxon“, „Farxod va shirin“, „Nasriddin Afandi“ kabi musiqali dramalarda yetakchi rollarni ijro etgan. Jarchi, Munajjim („Tohir va Zuhra“), Jaloyir („Muqanna“) va boshqa rollarni oʻynagan[2].

1946—1947-yillarda Muqimiy teatrida, 1946— 1960-yillarda Oʻzteleradioqoʻmitasi ashulachilar ansamblida, 1960—1966-yillarda esa „Maqom“ ansamblida xonanda sifatida ishlagan. Ortiqxoʻja Imomxoʻjayev ikkinchi jahon urushi davrida teatrning konsert guruhi bilan xarbiy qismlarda, janggohlarda va ijodiy safarlarda boʻlgan. „Vatan“, „Kelding“, „Farxoding kelur“, Qoʻshchinor", Bu gulshan soz ekan", „Guluzorim“ qoʻshiqlari va Alisher Navoiy gʻazali „Topmadim“ qoʻshigʻi askarlar uchun ijro qilingan[2].

Ortiqxoʻja Imomxoʻjayev 1945-yili „Toshsovet“ nomli teatrga ishga kiradi va u joyda Komiljon Jabborovning „Oratoriya“ postanovkasini qoʻyishda ishtirok etib, Bayonchi rolini oʻynaydi. Huddi shu yili Muqimiy nomli musiqa va drama teatrida xizmat qiladi. 1947-yili doʻstlari va ustozlari maslahati bilan Oʻzbekiston radiosining Toʻxtasin Jalilov tuzgan cholgʻu asboblari orkestrida qoʻshiqchi boʻlib ishlaydi. Navoiy, Bobur, Muqimiy, Fuzuliy, Lutfiy kabi zamonaviy va klassik shoirlarning gaʼzal hamda sheʼrlariga qoʻshiqlar yozadi.

Repertuaridan Hoji Abdulaziz Abdurasulovning „Samarqand ushshogʻi“, „Guluzorim“, Muhammad Rahimxon Soniy (Feruz)ning „Feruz“, F. Toshmatovning „Istadim“, K. Jabborovning „Vatan“,S. Kalonovning „Kelding“ hamda mumtoz Fargʻona — Toshkent ashula yoʻllaridagi „Chorgoh“, „Bayet — I“, „Topmadim“, „Oʻrtama“, „Soyayi“, „Ey, nasimiy“ kabi asarlar, O. Alimahsumov bilan hamnafaslikda „Sarafroz etgani keldik“, „Boramiz“ singari katta ashulalar oʻrin olgan[1]. Imomxoʻjayev kuylagan qoʻshiqlar Oʻzbekiston Respublikasi radiosining oltin fondida saqlanib kelinadi.

Ortiqxoʻja Imomxoʻjayev 1996-yil 29-noyabrda Toshkentda vafot etgan.

Ortiqxoʻja Imomxoʻjayevva qoʻshiqchilikdagi xizmatlari uchun „Oʻzbekiston xalq hofizi“ unvoni berilgan.

  1. 1,0 1,1 1,2 OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil
  2. 2,0 2,1 2,2 Mahmudov, Avazbek. Andijon san'ati fidoiylari, To'ldirilgan 2-nashr, Akademnashr, 2018 — 226-bet. ISBN 978-9943-5226-4-0. Qaraldi: 13-iyun 2023-yil.