Kontent qismiga oʻtish

Komiljon Jabborov

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Komiljon Jabborov
Tavalludi 1914-yil 15-aprel
Vafoti 1975-yil 4-sentyabr
Toshkent
Kasbi Bastakor
Unvoni

Komiljon Jabborov (1914-yil, Andijon – 1975-yil 4-sentyabr, Toshkent) – sozanda (gijjak, dutor, tanbur), bastakor. Oʻzbekiston xalq artisti (1973)[1].

Komiljon Jabborov 1914-yili Andijon shahrida Jumhuriyat mahallasida duradgor oilasida dunyoga kelgan. Oʻn olti yoshida sanʼat bilan shugʻullana boshlagan. Sanʼatga boʻlgan qiziqishini payqagan akasi Moʻminjon Jabborov uni oʻzi rahbarlik qilayotgan yoshlar qoʻmitasi qoshidagi musiqa toʻgaragiga olib kelgan. Shunday qilib, Komiljon 1942—1947-yillarda Andijon milliy musiqiy toʻgaragida qatnashgan[2].

Komiljon Jabborov 1924-yili toʻgarak jamoasi bilan birga Buxoroga oʻzining ilk konsertiga borgan. Oʻsha yili akasi Moʻminjon Jabborov vafot etadi va toʻgʻarakka yangi rahbar sifatida sozanda usta Roʻzimatxon Isaboyev saylanadi. Roʻzimatxon Isaboyev Komiljon Jabborovga chang va tanbur chalish saboqlarini bergan.

Ijodiy va kasbiy faoliyati

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Komiljon Jabborov 1929-yili Toshkentga Hamza teatriga changchi-sozanda sifatida ishga taklif qilingan. Oʻsha davrda Komiljon teatrda qoʻyiladigan „Paxta shumgʻiyalari“, „Halima“, „Qosimovichlar“ musiqali dramalarida orkestrning bir boʻlagi boʻlib ishtirok etgan.

Komiljon Jabborov oʻzbek milliy cholgʻu asboblaridan dutor, tanbur, changni hamda skripka va gʻijjakda klassik kuylarni ijro etgan.

Komiljon Jabborov 17 yoshida mirinchi marta shoir Sobir Abdullaning „Koʻzlaring“ nomli sheʼriga kuy bastalagan.

Shunday qilib, Komiljon Jabborov sozandalikni R. Isaboyev, (gʻijjak chalishni) S. Siddiqovdan, bastakorlikni esa T. Jalilovdan oʻrgangan. 1930—1931-yillarda Hamza nomidagi Toshkent, 1931—1942-yillarda Andijon va 1942—1947-yillarda Yangiyoʻl teatrlarida, 1947—1975-yillarda esa Oʻzbekiston radiosi oʻzbek xalq cholgʻu asboblari orkestrida sozanda boʻlib faoliyat yuritgan. „Dugohi Husayniy“, „Iroq“, „Navo“ va b. kuylarni gʻijjakda, „Nolish“, „Nimchoʻponiy“, „Kurd“ va boshqa asarlarni dutorda, „Samarqand Ushshogʻi“, „Gulyor“ va „Shahnoz“dek ashula yoʻllarini tanburda katta mahorat bilan ijro etgan[1]. „Gulsara“ (Komil Yashin, 1936), „Layli va Majnun“ (Xurshid, N. Salaxov bilan birgalikda, 1938) spektakllarini musiqalashtirishda qatnashgan hamda „Gʻulja ustida nur“ (S. Tilla, A. Ismatulla, 1950, P. Rahimov bilan hamkorlikda), „Nodira“ (H. Razzoqov, 1962, S. Hayitboyev bilan), „Mening Jannatim“ (S. Abdulla, 1971, D. Zokirov bilan) musiqali dramalarini yaratgan. 100 dan ortiq – „Diyorimsan“, „Nazzora qil“, „Mubtalo boʻldim senga“, „Ey, pari“, „Senga“, „Toshkent piyolasi“, „Shifokorlar“, „Obod oʻlkam“ kabi ashula, qoʻshiq va qator cholgʻu kuylar muallifi. Bularning soʻnggi uchtasi koʻp yillar davomida Oʻzbekiston teleradiosining turkum dasturlarining boshlangich sadolari edi. Umrining oxirida „Choʻlponoyning allasi“, „Chorgoh“, „Mashʼal“, „Zebunniso“ singari telepostanovkalarning musiqasini yaratgan. Jabborov ijodiy uslubi tez yodda qoluvchi jozibali ohanglarga boyligi, anʼanaviy peshrav, ashula va qoʻshiq shakllarining erkin uygʻunlashishiga asoslangan[1]. Shoir Habibiyning „Diyorimsan“ qoʻshigʻi Oʻbekiston xalq artisti Farogʻatxonim Rahmatova tomonidan ellik yildan ortiq kuylanib kelingan.

Komiljon Jabborov 1964-yili Hamid Gʻulomning ssenariysiga asoslangan „Qoʻshiq“ telepostonovkasiga bastalangan Lutfiy gʻazali bilan aytiluvchi „Bu koʻngul“ va Fuzuliy gʻazaliga bastalangan „Etmasmidim“ qoʻshiqlarida dutor chalgan.

Komiljon Jabborov Alisher Navoiy gʻazallari bilan kuylanuvchi „Muhabbatdan“, „Nazzora qil“, „Toza lutf“ hamda Uvaysiyning „Tokay“ gʻazaliga kuy bastalagan[2].

Komiljon Jabborov ogʻir xastalikdan soʻng 1975-yili Toshken viloyatitda vafot etgan.

Komiljon Jabborov 1950-yili "Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan artist", 1973-yili "Oʻzbekiston xalq artisti" unvonini bilan taqdirlangan[2].

  1. 1,0 1,1 1,2 OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil
  2. 2,0 2,1 2,2 Mahmudov, Avazbek. Andijon san'ati fidoiylari, To'ldirilgan 2-nashr, Akademnashr, 2018 — 14-bet. ISBN 978-9943-5226-4-0. Qaraldi: 11-iyun 2023-yil. 
  • Gʻofurbekova X., Bastakor Komiljon Jabborov (Musiqa ijodiyoti masalala-ri), T. 1997.