Kontent qismiga oʻtish

Kamerun Konstitutsiyasi

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

 Kamerun Konstitutsiyasi Kamerun Respublikasining oliy qonuni hisoblanadi. Kamerun Respublikasining oliy qonuni 1972-yilda qabul qilingan. Ushbu Konstitutsiya mamlakatning uchinchi Konstitutsiyasi hisoblanadi[1].Kamerun Konstitutsiyasi muqaddima va 13 boʻlimdan iborat. Konstitutsiya Kamerun fuqarolarining haq-huquqlari va burchlarini, davlat hokimiyatining tuzilishini Konstitutsiyaga oʻzgartirish kiritish tartibi hamda mamlakatda Konstitutsiyaga amal qilish mezonlarini belgilab beradi.

Kamerun oʻzining birinchi Konstitutsiyasini 1960-yilda Fransiya hukumati taʼsiridan mustaqillikka erishganidan soʻng qabul qildi. Ushbu Konstitutsiya loyihasining asosi fransuz presedentlariga asoslangan edi. 1961-yilda Britaniya hukumati ostidagi Janubiy Kamerun davlati mustaqillikka erishdi. Keyin Janubiy Kamerun va Kamerun davlatlari yagona Prezident qoʻl ostidagi federatsiyaga aylantirildi va yangi davlat uchun Konstitutsiyaning yangi loyihasi qabul qilindi.1972-yilda Prezident Ahmadou Ahidjo federal tizimni bekor qiluvchi, mamlakatni Kamerun unitar Respublikasi deb oʻzgartiruvchi va mamlakat Prezidentiga katta vakolatlar beruvchi yangi hujjatni ishlab chiqdi. Prezidentlik lavozimini egallaganidan soʻng, Paul Biya 1984-yilda mamlakat Konstitutsiyasini qayta koʻrib chiqdi. Paul Biya davrida qayta koʻrib chiqilgan Konstitutsiya mamlakat nomini Kamerun Respublikasiga oʻzgartirdi, viloyatlar qatorini oʻzgartirdi va prezidentning vakolat muddatini qayta belgilab berdi. Hozirgi kundagi Kamerun Konstitutsiyasi 1996-yilda federal tizimga qaytishni qoʻllab-quvvatlovchi kamerunlik igliz guruhlari bosimiga javoban qabul qilingan. Ushbu Konstitutsiya viloyatlarga (nomi oʻzgartirilgan) koʻproq avtonomiya beradi va Milliy Assambleyaning yuqori palatasi sifatida Senatni tashkil qilishni taklif qiladi.

Konstitutsiya Kamerun xalqining madaniyat va til xilma-xilligini millatning ajralmas qismi deb ataydigan, ammo unitar hukumatni shakllantirish istagini bildiruvchi muqaddima bilan boshlanadi. Muqaddimada Kamerun xalqining „qardoshlik, adolat va taraqqiyot“ asosida quriladigan g‘oyalari belgilab berilgan. Muqaddimada aytilishicha, Kamerun xalqi „Afrika xalqlari oʻrtasida tobora oʻsib borayotgan birdamlik rishtalarini“ ilgari suradi va „Birlashgan Millatlar Tashkilotining Nizomida belgilangan tamoyillarga“ amal qiladi. Muqaddimada aytilishicha, xalq oʻz tabiiy resurslaridan fuqarolarning hayotini yaxshilash uchun foydalanishi kerak.

Muqaddimada barcha Kamerun fuqarolariga berilgan bir nechta „daxlsiz huquqlar“ roʻyxati keltirilgan. Ular orasida Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi , Birlashgan Millatlar Tashkilotining Nizomi, Inson va xalqlar huquqlari boʻyicha Afrika Xartiyasi mavjud[2]. Muqaddima Kamerun Konstitutsiyasining 1960-yildan beri oʻzgarmagan yagona qismi hisoblanadi[3].

I boʻlim (1-3-moddalar): Ushbu boʻlimda mamlakatning rasmiy nomi Kamerun Respublikasi deb belgilangan. Shuningdek, ushbu boʻlim Kamerun Respublikasining davlat ramzlari: gerb, shior, bayroq, madhiya va muhrni belgilaydi. I boʻlim millatni „markazlashtirilmagan unitar davlat“ sifatida, ingliz va fransuz tillarini esa davlatning rasmiy tili sifatida belgilab beradi. Yaunde mamlakatning poytaxtiga aylantirildi.Davlat hoimiyati organlari "toʻgʻridan-toʻgʻri yoki bilvosita umumiy saylov huquqi " asosida yashirin ovoz berish yoʻli bilan saylanadi. Ushbu boʻlimda siyosiy partiyalarning vazifalari belgilab berilgan va davlat hokimiyati Prezident va parlamentga tegishli ekanligi aytib oʻtiladi .

II boʻlim (5-13-moddalar) prezident va bosh vazirning vakolatlarini belgilaydi. Prezidentning saylanishi uning vakolat muddati va vazifalari belgilanadi. Prezidentga „milliy siyosat yoʻlini belgilash“, „Konstitutsiyaga hurmatni taʼminlash“, „davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining toʻgʻri ishlashini nazorat qilish“ vakolatlari yuklatilgan.

Mamlakat prezidenti davlat boshligʻi va mamlakat Qurolli kuchlarining qoʻmondoni etib belgilangan. Prezident elchilarni tayinlashi, qonunlar qabul qilishi, masalalarni Konstitutsiyaviy kengashga yuborishi, fuqarolik va harbiy xizmatchilarni tayinlashi, Milliy Assambleyani tarqatib yuborishi va vaqtinchalik qoʻshimcha vakolatlarni oʻz zimmasiga olgan holda favqulodda holat eʼlon qilishi mumkin.

Bosh vazir hukumat rahbari etib tayinlanadi, uning vazifalari prezident tomonidan belgilanadi. Davlat mansabdor shaxslarining vakolatlari cheklangan.

III boʻlim (14-24-moddalar) parlamentni tashkil qilish va uning vazifalarini belgilab beradi. Shuningdek, ushbu boʻlim parlament aʼzolarini tanlash va vakolat muddatlari haqida maʼlumot beradi. Qonun chiqaruvchi hokimiyat ikki palatadan Milliy Assambleya va Senatdan iborat.

IV boʻlim (25-36-moddalar) mamlakat qonun chiqaruvchi organi va prezident hamda qonun chiqaruvchi organning oʻzaro munosabatlari haqida batafsil maʼlumot beradi. Boʻlim, shuningdek, qonun loyihasini qabul qilish jarayonini ham batafsil bayon qiladi.

V boʻlimda (37-42-moddalar) sud hokimiyati tizimining tashkil etilishi va vazifalari belgilanadi. Ushbu boʻlimda Oliy sud, apellyatsiya sudlari va tribunallar tashkil etiladi hamda ularning vazifalari belgilanadi.Shuningdek, bu boʻlimda mamlakat Prezidenti sud hokimiyati aʼzolarini tayinlash vakolatiga egaligi ham belgilangan.

VI boʻlim (43-45-moddalar) mamlakat Prezidentiga „bitimlar va xalqaro shartnomalar bo‘yicha muzokaralar olib borish va ratifikatsiya qilish“ huquqini beradi. Konstitutsiyaviy kengash bunday bitim va shartnomalarning mamlakat Konstitutsiyasiga muvofiqligini nazorat qiladi.

VII boʻlim (46-52-moddalar) Konstitutsiyaviy kengashni tashkil qilish va uning funksiyalarini belgilaydi. Konstitutsiyaviy kengashning vazifalariga qonunlarning Konstitutsiyaga muvofiqligi toʻgʻrisida qaror qabul qilish hamda umumxalq saylovlari va referendumlarni oʻtkazish hamda ularni oʻtkazilish tartibini nazorat qilish kiradi.

VIII boʻlim (53-modda) impichment sudini tashkil qilish va funksiyalarini belgilashni oʻz ichiga oladi. Impichment sudining vazifalari prezident, bosh vazir yoki boshqa hukumat aʼzolari davlatga xiyonatda ayblangan taqdirda ularni sudlashdan iborat.

IX boʻlim (54-modda) Iqtisodiy kengash va mamlakat xavfsizligi kengashining funksiyalari va asoslarini belgilab beradi.

X boʻlim (55-62-moddalar) mamlaatni 10 ta yarim avtonom hududlarga ajratadi. Bu hududlar „iqtisodiy, ijtimoiy, sog‘liqni saqlash, taʼlim, madaniyat va sportni rivojlantirish“ ustidan yuqori darajadagi nazoratga ega bo‘lgan hududiy kengashlar tomonidan boshqariladi.Mamlakat Prezidenti har qanday hududiy kengashni tarqatib yuborishi yoki uning aʼzolarini muayyan shartlar asosida ishdan boʻshatishi mumkin. Prezident oʻzi xohlagancha hududlarni yaratishi, nomini oʻzgartirishi yoki qayta belgilashi mumkin.

XI boʻlim (63-64-moddalar) Konstitutsiyaga oʻzgartirish kiritish jarayonini belgilaydi. Konstitutsiyaga oʻzgartirish kiritish parlament aʼzolarining koʻpchiligi ovoz bergan taqdirda, Prezident oʻzgartirishni umumxalq referendumiga kiritishi va referendumda koʻpchilik ovoz toʻplagan holatda amalga oshirilishi muminkinligi belgilanadi.

XII bo‘limda (65-66-moddalar) barcha davlat lavozimida faoliyat olib borayotgan mansabdor shaxslardan „o‘z vakolatlari muddatining boshida va oxirida o‘z mol-mulki to‘g‘risida deklaratsiya berishlari“ talab qilinadi.

XIII boʻlim (67-69-moddalar) 1996-yilgi Konstitutsiya tomonidan yaratilgan yangi institutlar bosqichma-bosqich joriy etilishi va avvalgi Konstitutsiyaning tegishli elementlari oʻzgartirishlar kiritilgunga qadar oʻz kuchini saqlab qolishini eʼlon qiladi. Bu boʻlimda Milliy Assambleya Senatning vakolatlarini,Oliy sud esa Konstitutsiyaviy kengash funksiyalarini saqlab qolishi hamda viloyatlar hududlar tashkil etilgunga qadar oʻz faoliyatini saqlab qolishi belgilanadi. Shuningdek, ushbu boʻlimda yangi Konstitutsiyaga qadar qabul qilingan qonun hujjatlari keyingi qonunlar bilan almashtirilgunga qadar amal qilinishi belgilangan.

  1. „Chronology“. Constitute. Qaraldi: 2015-yil 22-aprel.
  2. „Cameroon 1972 (rev. 2008)“. Constitute. Qaraldi: 2015-yil 22-aprel.
  3. DeLancey and DeLancey 87.
  • Kamerun Respublikasi Konstitutsiyasi (ingliz (Wayback Machine saytida 2017-12-15 sanasida arxivlangan) va fransuz versiyalari). 1996 yil 18 yanvar. 2007 yil 4 yanvarda kirish.
  • DeLancey, Mark V. va Mark Dike DeLancey (2000): Kamerun Respublikasining tarixiy lugʻati (3-nashr.). Lanham, Merilend: Qoʻrqinchli matbuot.
  • CameroonConstitution.com (CameroonConstitution.com): Internet portali Kamerun Konstitutsiyasini qayta koʻrib chiqish kontekstida