Kontent qismiga oʻtish

Kelag‘ayi

Vikipediya, erkin ensiklopediya

Kelagʻayi ipakdan toʻqilgan toʻrtburchak shakldagi milliy Ozarbayjon roʻmolidir. Ozarbayjonning gʻarbiy tomonida kelagʻayini baʻzan charkat deb ham atashadi. XIX asrning oxiri, XX asrning boshlarida Ozarbayjonning anʻanaviy kelagʻayichilik markazlari baʻzi siyosiy va ijtimoiyiqtisodiy sabablarga koʻra, ayniqsa, Rossiyadan kirib kelgan arzon fabrika mollarining mahalliy korxona mahsulotlarini siqib chiqarishi natijasida ularga ehtiyoj pasaydi va kelagʻayichilik astasekin isteʼmoldan qola boshladi. Endilikda faqatgina ikki markazda — Bosqol va Ganjada yigʻilmoqda. 2014-yilda kelagʻayi UNECKOning nomoddiy-madaniy merosining Reprezentativ roʻyxatiga kiritilgan.[1][2]

Ozarbayjon ipagi tarixi ikki ming yildan ortiq vaqtni tashkil etadi. Arxeologik va etnografik tadqiqotlar buni bevosita va bilvosita tasdiqlaydi. Ikki era boʻsagʻasida Yevropa ipagiga boʻlgan Sharq va Gʻarbning ehtiyoji hozirgi Ozarbayjon hududidan oʻtuvchi Buyuk Ipak yoʻlining yuzaga kelishiga turtki boʻldi. Geografik jihatdan iqlim sharoitlari Ozarbayjonni bir necha asrlar mobaynida dunyo ipakchilik markazlaridan biriga aylantirdi. Bu yerda oʻstirilgan ipak qurti pillasi aʼlo sifati bilan ajralib turadi, natijada ulardan olingan ipak ipi, ipak mato va ulardan tayyorlangan mahsulotlar tillarga tushgan. Ularning shuhrati oʻsha zamonlardayoq Ozarbayjondan ancha uzoqlarga yetib bordi. Bu haqda qadimgi manbalarda maʼlumot beriladi. Oʻrta asrlarda yevropalik va sharqlik sayyohlar bu haqida koʻp va xoʻp yozishgan. Turli davrlarda ozarbayjon shoirlari ipakni insonning eng yaxshi sifatlari bilan qiyoslab sheʼrlar yaratganlar.

Kelagʻayi ishlab chiqarish jarayoni unsurlari, mehnat qurollari, shu jumladan, eng eski qolip (galib)lar, yogʻochdan yasalgan toʻqish dastgohi va boshqalar aniqlandi. Bu va boshqa koʻplab materiallar xususiy kelagʻayi muzeyini tashkil etish uchun asos boʻldi. Ammo, maʼlumki, muzey tashkil etish borasidagi dunyo amaliyotida ipakka juda kam eʼtibor ajratilgan. Bu esa hozirgi zamon muzey anʼanalarini hisobga olgan holda muzey konsepsiyasini ishlab chiqishni talab etdi va u Yevropa taraqqiyot banki koʻmagida amalga oshirildi. Bu jarayonda mashhur Ozarbayjon sanʼatshunosi akademik Rasim Efendiyev va sanʼatshunoslik sohasida falsafa doktori Toʻgʻrul Efendiyevlarning ishtiroki katta boʻldi.Hozirgi paytda muzey kelagʻayi tayyorlaydigan ustaxona bilan birga yagona interaktiv makon yaratgan holda Baskal Ipak markazining tarkibiy qismi sifatida faoliyat yuritmoqda. Tomoshabinlar bu makonga kirgach, kelagʻayi anʼanaviy hunarmandchiligining ishlab chiqarish muhitini his etadilar, Ozarbayjondagi ipak va kelagʻayi toʻgʻrisida tarixiy maʼlumotga ega boʻladilar, azaliy ustalar avlodi — kelagʻayichilar bilan tanisha dilar. Ular kelagʻayining zamonaviy libosda ishlatili-shining cheksiz imkoniyatlarini, eng asosiysi, ularga oʻzlari uchun qoʻl ostida mavjud turli qolip (galip)lardan foydalangan va yangi kompozitsiya yaratgan holda shunday roʻmol 6tayyorlash imkoni beriladi. Ozarbayjonda kelagʻayi ishlab chiqarishga va Baskaldagi „Kelagʻayi“ Ipak muzeyiga atalgan materiallar koʻplab jurnallarda uchraydi. Bular orasida:

„Baku“ (Moskva, 2009,2010), „World of Azerbaijan“ (Baku, 2005), „Yol“ (Baku,2007), „novie berega“ (Moskva, 2008), „Passage“ (Baku, 2004, 2010) va boshqa jurnallar bor. Kelagʻayi haqdagi maʼlumotlar Wikipediada, Indoneziya gazetasi „The Jakarta post“ (2010) esa batik usuli toʻgʻrisida va Baskalda olib borilayotgan ishlarni ham qoʻshib keng material bergan. Buning samarasi oʻlaroq Ozarbayjon jahonning bu texnikadan asrlar davomida foydalanayotgan 11 mamlakati qatoridan oʻrin oldi.[3][4]

Kelagʻayi tarixi

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Kelagʻayi tarixi asrlarga tutashgan boʻlib, yillar mobaynida ipakchilik mahsuloti sifatida mashhur boʻlib kelgan. Uning tarixi Buyuk Ipak yoʻlidagi shimol va janub, sharq va gʻarbni birlashtirib turadigan Ozarbayjon ipakchilik tarixi bilan chambarchas bogʻliq. Tarixiy dalillar Ozarbayjonda ipakchilik bilan ikki ming yil mobaynida shugʻullanganligini tasdiqlaydi. Qadimgi davrdan beri bu yerda pilla yetishtirib, in gichka va sifatli ipak tolalar olingan. Ulardan ajoyib matolar toʻqilib, chiroyi va nafisligi boʻyicha tengi yoʻq mahsulotlar tayyorlangan.[4]

Bu haqda maʼlumotlar antik manbalarda ham mavjud. Ozarbayjonga kelgan oʻrta asr sayohatchilari Al-Istaxri va Al-Mukaddasi (X asr), Marko Polo (XIII asr) yoʻl yozuvlarida ipak va undan tikilgan mahsulotlar haqida ayrim maʼlumotlarni yozib qoldirganlar. Ipakshunos olim Evliya Chelebi (XVII asr) ipakni Naxichevan viloyatida ham foydalanilganini taʼkidlagan. Uning yozishicha: „Uzumzor va bogʻlar oʻrnida tutzorlar barpo etilib, mislsiz ipak ishlab chiqarilgan. Faqatgina Shirvon viloyatlaridan biri Maxmudobodning oʻzidagina mingta tuyaga ortiladigan ipak ishlab chiqarilgan“.Turli tarixiy davrlarda va hatto inqirozli yillarda ham Shemaxa ipakchilik markazi boʻlib qolaverdi.[4]

XIX asrning elliginchi yillarida „Kavkaz“ gazetasi shunday yozgan: „Shemaxa guberniyasidan Moskvaga hamda Rossiyaning boshqa guberniyalariga va hatto xorij mamlakatlariga ham 29 ming pud ipak va ipak mahsulotlari yuborilyapti. Bundan tashqari mahalliy aholi ipak va turli xil ipak matoli kiyimlardan keng foydalanadi“. Rus havaskor rassomi, sanʼat tadqiqotchisi, Imperator Janobi Oliylari saroyi obergofmeysteri, Imperator Sanʼat akademiyasi vitse-prezidenti Shirvan (Shemaxa) da boʻlib kelgan G.G. Gagarin rasmlari buni yaqqol isbot qilib beradi. A. Sumbatzade bergan maʼlumotga koʻra, Shirvonda qadimdan ipakchilik ustaxonalari boʻlishiga qaramay, ipak yigirish ishi hech qachon sanoat — fabrika, zavodda ishlab chiqarish darajasigacha rivojlanmagan. Ustaxonalar soni 650 taga yetib, ular hunarmandchilik ustaxonasi darajasida boʻlgan. U yerda toʻqish va ipakka ishlov berish bilan shugʻullanishgan. Eng ommalashgan mahsulotlardan biri kelagʻayi boʻlgan.[4]

Kelagʻayilar Shirvonning Shemaxa, Baskal, Myudju kabi shahar va qishloqlarida, Boku (Apsheron), Sheki, Ganja, Qorabogʻ, Kuba, Naxichevan (Ordubad) hamda Tabrizda ishlab chiqarilgan. Barda va Ganja kabi shaharlar esa, oʻrta asrlarda va undan ham ilgari ipak va albatta, kelagʻayi savdosi markazlari hisoblangan.[4]

Ipakchilik Ozarbayjon etnik madaniyatiga shu qadar uzviy va mustahkam ravishda kirib bordiki, ozarbayjonliklar qayerda yashamasin, ipakchilik bilan muntazam shugʻullana boshladilar.Ular boshqa mamlakatlarga koʻchib borishganda ham, pilladan ipak olish, shuningdek, turli xil ipak mahsulotlarini tayyorlash bilan ipakchilik madaniyatini ham olib kirish di. Shu bilan birga ular oʻzlarining etnomadaniy, maishiy va estetik ehtiyojlarini ham qondirish maqsadida mustahkam, yengil va rangdor ipak matolar ishlab chiqarishgan. Ular orasida ayollar bosh roʻmoli hisoblangan kelagʻayi ipagi alohida oʻrin egallagan.[4]

Ipak kelagʻayilar koʻp qoʻllangan va turmushda uning oʻrnini hech narsa bosa olmagan. Kichik ustaxonalarda qoʻlda yaratilgan kelagʻayi oʻzining goʻzalligi va matoning sifati bilan ajralib turgan. Bu bilan oilaning barcha aʼzolari shugʻullangan va tabiiyki, boʻyash, naqsh berish sirlarini saqlashgan. Bu borada mohirlikning yuqori choʻqqilariga erishishganlar. Ozarbayjon ipak mahsulotlari, xususan, individual ijod hosili boʻlgan betakror kelagʻayilar XIX — XX asrlarda oʻtkazilgan jahon koʻrgazmalarida alohida taʼkidlangani bejiz emas. Bugungi kunda ham 100 yil oldin yaratilgan kelagʻayiga qarab uni kim va qayerda yaratganini aytib berish mumkin. Ustalar orasida kelagʻayichilarni alohida ajratib, ularga hurmat bilan qarashgan.[4]

2006-yilda Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Haydarovich Aliyev Shemaxadagi kichik korxonalar tomonidan ishlab chi qa riladigan mahsulotlar koʻrgazmasiga tashrif buyurdi. DJ. Tariverdiyev „Inkishof“ NPO, „DJahongir T“ korxonasi, Baskal va Shekidagi Ipak Markazlari vakili sifatida namoyish etilgan kelagʻayilar haqida soʻzlab berdi va amalga oshirilgan ishlar haqidagi — „Beslesen ipek olar“ kitobini topshirdi. Prezident tomonidan bajarilgan ishlarga nisbatan bergan ijobiy bahosi barchani ruhlantirdi va tadqiqot ishini chuqurlashtirishga hamda kelagʻayi ishlab chiqarilishini kelgusida rivojlantirishga koʻmaklashdi. 8 yildan soʻng, kelagʻayi ramzi, uni yaratish va taqish anʼanalari insoniyatning nomoddiy, madaniy merosi roʻyxatiga (UNESCKO, Parij, 24-28.10.2014) kiritildi.[4]

Kelagʻayi nima?

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Bugungi kunda va azaldan ayollar boshini yoki butun tanasini yopadigan roʻmol va kiyimlar dunyoda juda koʻpdir. Ozarbayjonda ham ularning bir necha turi mavjud. Bu — orpek, shal, chorshab, chadra, kelagʻayidir. Ularni oʻzaro taqqoslab, bizni qiziqtirayotgan kelagʻayining kerakli va yetarlicha xususiyatlarini aniqlash mumkin va uni boshqa roʻmollardan ajratish imkonini beradi. Birinchidan bu — mato. Kelagʻayi tabiiy ipakdan va qadimda „kelagʻayi ipeyi“ — kelagʻayi ipagi deb nomlanadigan, 2-3 ipak toladan tashkil topgan, buralgan, boʻyalmagan yigirilgan ipli muayyan turdan tayyorlanishi kerak. Bu matoning zichligi past — 28-30 sm boʻlishi kerak. Ikkinchidan bu — shakl: kelagʻayi toʻrtburchak, yaxlit matodan tikilgan boʻlishi kerak. Keyingisi bu — oʻlcham: kelagʻayi katta boʻlishi kerak, 140-160 sm, u ayol qomatini butunlay yopmasligi kerak. Undan hosil boʻlgan qismi — „bolme“ — kelagʻayining ¼ qismi hisoblanadi. Undan soʻng rangi: yozilmagan anʼanalarga koʻra kelagʻayi butunlay boʻyaladi yoki maydonini oq rangda qoldirib, faqatgina chekka qismida naqshlari (bordyur) boʻyaladi. Soʻng naqsh berish: kelagʻayi naqshlari Ozarbayjonda „basmanaxish“, dunyoda esa „issiq batik“ texnikasi deb nom olgan maʼlum bir texnikada bajarilishi shart.[4]

Naqsh faqat chekkalariga yoki butun kelagʻayiga chiziladi. Va nihoyat, foydalanish — ijtimoiy vazifalari: kelagʻayini asrlar davomida ham, kundalik ham bironbir tadbirlarga — toʻy, bola tugʻilishi, motam, bayram va hokazo larda taqishgan. Har bir holatga, uning xarakteri va mazmuniga koʻra kelagʻayini taqish boʻyicha aniq qoidalari boʻlgan. Kelagʻayining rangi va yoki ranglar uygʻunligi, naqsh turi, kompozitsiya turi, bogʻlanish usuli va uni taqqan ayol yoshi hisobga olingan. Shu bilan birga kelagʻayi ijtimoiy xilma xillikni tenglashtirgan — boy va kambagʻal ayollar kelagʻayida birbiridan farqlanmagan. Kelagʻayining yuqorida koʻrsatilgan xususiyatlari alohida olganda boshqa roʻmollarga ham taalluqli. „Orpek“ xuddi kelagʻayi singari toʻrtburchak boʻladi, lekin uning oʻlchami bir xil boʻlmaydi. Kelagʻayidan farqli ravishda uni nafaqat butun mato, balki alohida ipak matolardan ham tikish mumkin. „Orpek“ naqshlarida „basmanaxish“ texnikasi hech qachon qoʻllanilmagan, uni odatda („tilme“) oq yoki rangli ipakdan tiki shadi, moddiy imkoniyati boʻlganda esa, tilla yoki kumush („tekalduz“, „gulebatin“) dan tikiladi, kelagʻayidan farqli ravishda bu moddiy holatini aniqlash imkonini beradi. Shuningdek, kelagʻayidan farqli ravishda orpek odatda oraligʻi 2-4 qatorli toʻrli („xane“) ipak „sachag“ (popuk)ga ega. Yana bir roʻmol „Shal“ — orpekning barcha koʻrsatilgan xususiyatlariga ega boʻlishi mumkin, lekin eng asosiysi uni ipakdan emas, balki jun mato yoki boshqa matodan tayyorlashadi. Bu bilan unga „basmanaxish“ naqsh texnikasini qoʻllash imkoni yoʻqoladi, sababi bu texnika juda issiq suvdan — 80 darajagacha foydalanishni talab etadi, buning esa jun mato uchun imkoni yoʻq. Islomda taqilishi diniy koʻrsatmalardan biri boʻlgan „charshab“ va „chadri“ uchun turli matolar qoʻllanishi mumkin, shu jumladan, ipak ham, lekin kelagʻayi — ipagidan farqli ravishda, qalinroq, misol uchun „qenouz“, Rossiyada oʻrta asr larda kanouz deb maʼlum boʻlgan yoki „shemaxeyka“ boʻladi. Asosiysi — ayol qoʻllari va yuzining bir qismini yopib, unda boshidan oyogʻigacha oʻranib olishi kerak.[4] Shu sababli bu yopinchiq turiga asosiy talablardan biri shakl hisoblanadi:

— kvadrat emas, toʻgʻri toʻrtburchak yoki trapetsiya, oʻlchami

— boʻyiga qarab 160x200 sm va undan kattaroq boʻladi. Bu yopinchiqlarning ranglar gammasi cheklangan. Uning rangi qora, oq yoki toʻq koʻk rangda boʻladi.

Kelagʻayi konsepsiyasi

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Ushbu konsepsiya predmeti, Ozarbayjondagi ayollar kiyim elementi — kelagʻayi hisoblanadi. Konsepsiyaning maqsadi, kelagʻayi ahamiyatini madaniy noyobligi sifatida aniqlash va asoslashdir. Shu maqsadda ham tarixiy plan, ham zamonaviy bosqichda ularni rivojlanish nuqtai nazarida hamda kelajakka boʻlgan istiqbolda qaraladigan, kelagʻayi konsepsiyasi predmetining funksional, texnologik, tuzilmali va estetik xususiyatlari aniqlanib koʻrib chiqilgan.[4] Konsepsiya maqsadiga erishish uchun quyidagi vazifalar qoʻyilgan:

  1. Kelagʻayini boshqa shunga oʻxshash mahsulotlardan ajratib turadigan xususiyatlarni aniqlash
  2. Kelagʻayining tarixiy ildizlarini topish
  3. Kelagʻayi tayyorlash texnologiyasini ishlab chiqish
  4. Kelagʻayini belgi va ramzli xususiyatlarini tahlil qilish
  5. Kelagʻayining rivojlanish istiqbollarini koʻrib chiqish.

Kelgaini shunga oʻxshash mahsulotlardan ajratib turadigan hususiyatlarini aniqlash uchun avvalambor uni nimaligini aniqlash kerak. Bu nimaligini bilmaydigan insonlar Ozarbayjonda deyarli yoʻq. Kelagʻayi haqida ozarbayjonning biron bir san’at turini, xususan, amaliy san’at, ipakchilik, gilamdoʻzlik tahliliy manbalarida ma’lumotlar uchrasa-da, ammo adabiyotlarda kelagʻayining toʻliq ilmiy tahlilini topa olmadik. Mavjud ma’lumotlardan foydalanib, shuningdek, 14 aholini ogʻzaki soʻrov javoblarini birlashtirib, “kelagʻayi” turli xil – quvonchli, fojiali, tantanali va kundalik vaziyatlarda taqiladigan, Ozarbayjonda koʻp asrlar mobaynida keng tarqalgan ayollar kiyimining bir qismi hisoblangan bosh roʻmolning nomi deb xulosa qilish mumkin. Bu, turmush, dunyoqarash, xalqning ma’naviy va estetik qadr-qimmati hamda shu tariqa paydo boʻlgan ozarbayjonning madaniyat qatlamining hususiyatlarini oʻz ichiga olgan ozarbayjon ayoli milliy kiyimining bir qismidir. Buni isbotlaydigan dalil va asoslar ushbu konsepsiyaning mohiyatini tashkil etadi.[4]

Kelagʻayi ishlab chiqarish

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Kelagʻayi ishlab chiqarish qiyin, koʻp mehnat talab etadigan va nihoyatda oʻziga xos jarayondir. U toʻrtta mutlaqo har xil faoliyat turlaridan tashkil topgan. Birinchisi ipak mato tayyorlash toʻqimachilikdir. Ikkinchisi tamgʻalar (galiblar) tayyorlashdir. Uchinchisi mato yuzasiga naqsh urish, bostirish va nihoyat toʻrtinchisi boʻyashdir. Bu jarayonlarning har biri oʻz navbatida turli ishlardan tashkil topadi. Misol uchun, toʻqimachilik asos yigʻish boʻyicha tayyorgarlik ishlarini nazarda tutadi va bu bilan anʼanaviy ravishda „terraxi“ shugʻullangan, soʻng „toxudju“ shugʻullanadigan toʻqimachilikning oʻzi keladi. Tamgʻalarni (galiblar) tayyorlash, yogʻoch galiblar uchun — yogʻochning muayyan turini tanlash, unda oʻymakorlik ishlarini olib borish talab etilgan, metall turlari uchun esa — metallni egish va naqshni aniq aks ettirish mahoratini talab etgan. Ipak yuzasiga naqsh ni bostirish (urish) uchun usta ["galibchi", „tavakesh“] a) maxsus qorishma — „yag“ [zaxira] tayyorlashi kerak; b) uni muayyan haroratda isitishi kerak; v) galibni zaxiraga boʻktirish; g) galibni matoga tushirib va bir oz bosishi kerak boʻladi. Boʻyash jarayonning eng muhim qismi hisoblanadi, bunda tamgʻalangan mato boʻyoqli ["kup"] idishga solinadi, biron muddat ichida ushlab turiladi va ustaning rejasiga koʻra bir necha marotaba takrorlanishi mumkin. Boʻyoq tabiiy boʻlishi mumkin — bu holda uni qaynatish kerak boʻladi, buning uchun esa muayyan bir turdagi daraxt shoxlari yoki poʻstlogʻini kesib, maydalab va shundan soʻng biron vaqt davomida qaynatish kerak boʻladi. Bundan tashqari sunʼiy boʻyoqlar va yoki tabiiy boʻyoq aralashmasidan ham foydalanish mumkin. Bu masalalar bilan boʻyoqchi ["boyagchi"] — kelagʻayi ishlab chiqarish jarayonida markaziy shaxs shugʻullanadi. Alohida iqtidor egalari oʻz ustaxonalarida yuqorida sanab oʻtilgan barcha vazifalarni oʻzlari bajarishgan. Lekin bu juda kam uchragan holatdir. Bugungi kunda shunday avloddanavlodga oʻtib kelayotgan ustalardan — Baskalda Gadir Shafiyev, Abbasali Talibayev, Nizami Mamedov, Shemaxada — Rafik Askerov, Shekida — Amiraslan va Rashad Shamilovlarni misol qilish mumkin. Azaldan ustaxonada boʻyash ishlari bajariladigan qismi ["kyupxana"] oʻzgacha, deyarli muqaddas joy hisoblangan. Baskal aholisining aytishicha, ota-bobolari „boyagchi“ xudoga yaqin odam, unga buyuk qobiliyat ato etilgan, u koʻp sirlarni biladi va hamma narsaga qodir deb hisoblashgan. Shu sababdan odamlar boyagchiga xayr ehson ["nazir"] qilib Xudodan boshiga tushgan muammolarining yechimini soʻrab olish mumkin deb hisoblashgan. Bundan tashqari boʻyoqlarning, masalan koʻk, qizil, sargʻish, tilla ranglarning shifobaxsh xususiyatlariga ham ishonishgan.Ishlab chiqarishning texnologik xususiyatlari (basmanashix texnikasi) hamda kelagʻayidan foydalanishning madaniytarixiy xususiyatlarini hisobga olgan holda, ularni yuqoridagi turlarga boʻlish mumkin.[4]

Kelagʻayiga naqsh berish xususiyatlari

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Kelagʻayining naqshli kompozitsiyalari koʻp asrlik tarixga ega bezaklardan tashkil topgan. Kompozitsiyalar konsentrik, shuningdek, roʻmolning butun perimetri boʻylab hoshiya shakllaydigan — bordyurli boʻlishi mumkin. Bordyurliligi masalan „agzamin“ yoki „sogani“ bir qarashda oddiy, lekin „basmanaxish“ boʻyash texnologiyasini hisobga olganda, yaratilishi uchun koʻp vaqt, oʻta ehtiyotkorlikni va koʻp sarf materiali [zaxirani] talab etadi. Konsentrik kompozitsiyalar ["xon chali"] naqshlarga boy va inson dunyoni qanday tushungani va unda oʻz oʻrnini koʻrganini asrlar mobaynida xalqning dunyoqarashida yigʻilgan, dunyo qonunlari hususiyatlarini koʻrsatgan qoidalarga qatʼiy rioya etilgan. Bu kompozitsiyaning naqsh mavzularida oʻsimlik va geometrik naqshlar, muayyan belgi va ramzlarining uygʻunlashuvi, elementlarning muvozanatli moslashuvi mavjud. Bunday kompozitsiya Shirvonda, xususan, Baskalda yaratilgan kelagʻayini ajratib turadi va shu sababli ular „Baskal“ deb nomlangan. „Shemahi tumani kelagʻayisiga naqshni butun maydoni boʻylab bosiladi, Sheki, Kirovabad hamda Qorabogʻ hududlarida esa koʻpincha naqshli bordyurli roʻmollarni yaratishadi“, — deb yozadi N.S.Askerova.Ozarbayjon chiro yiga oshiq boʻlgan Sattor Baxlulzodaning „Kelagʻayi bilan natyurmort“ rasimida aynan „Baskal“ kelagʻayisi aks ettirilgan. Shuningdek, hoshiyali naqshni (bordyur) nisbatan koʻproq ["pirgalib"] yoki kamroq ["seyrak"] yirik boʻlmagan element lar bilan toʻlgan maydonli kombinatsiyalari ham boʻlishi mum kin.Bunday turdagi kelagʻayi Gyandji, Ordubad uchun xosdir.[4]

Baskalda joylashgan „Kelagʻayi“ ipak markazida kelagʻayi ishlab chiqarish bilan bir qatorda tadqiqot ishlari ham olib boriladi, uning negizida „Kelagʻayi“ interaktiv ipak muzeyi tashkil etilgan. Bu muzey Ozarbayjon va butun sobiq ittifoq mamlakatlarida yagona muzey hisoblanadi.[4]

Aholidan sotib olingan muzey eksponatlari orasidagi eng muhim oʻrinni galib — shakllar egallaydi. Ulardan ayrimlarining yoshi 200 — 300 yildan oshgan.[4]

Kelagʻayi naqshlari maʼnosi: metafora va oʻxshatishlar

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Kelagʻayining har bir elementi va elementlar kompozitsiyasi aniq bir mazmun va muayyan maʼnoga ega. Kelagʻayining naqshli semantikasi hayotning universal gʻoyalarini aks ettiradi va mahsulot rangi bilan birga insonlarning oʻzaro taʼsir boʻshligʻini emotsional toʻlishini taʼminlaydi. Qolipdagi (galib) naqshlar madaniyat sohasi vakillari osonlik bilan aniqlay oladigan kodlar hisoblanadi.

Yuqorida taʼkidlangan xususiyatlar tufayli kelagʻayi Ozarbayjon jamiyatida ramziy maʼnoga ega boʻldi. Bu shunchaki roʻmol emas, balki ulkan estetik — etik tarkibga ega va jamiyatning har bir aʼzosiga madaniyat normalarida toʻgʻri harakatlanishiga koʻmaklashadigan madaniyat elementidir.

Kelagʻayi rangi va naqshlari muloqot jarayonida muayyan kayfiyat yaratishga koʻmaklashadi. Masalan, qizil kelagʻayi jozibador arabeskasi bilan kelinga qaynona va qayni ota tomonidan beriladigan sovgʻalardan biri hisoblanadi va toʻy vaqtida aynan uni kelin taqishi kerak, mehmonlar esa yorqin rangdagi kelagʻayilarni kuyov yelkasiga tashlashi kerak. Bosh farzandini onasi kelgusi 40 kun davomida belini bogʻlab yuradigan kelagʻayiga belanishi kerak. Otabobolarimizning aytishicha, bu qomatni saqlab qoladi. Ish, kundalik hayotda, uydan chiqqanda yoki uyda mehmonlarni kutib olganda ayollar boshiga sokin rangdagi kelagʻayilarni taqishadi — „sogani“, „soldurma“ (piyoz rang, sargʻish), qehveyii (qahva rang) va boshqalar. Qora rangdagi oddiy qirrali kelagʻayi motam kayfiyatini bildiradi, yorqin rangdagi koʻp naqshli kelagʻayi esa xursandchilik va zavq kayfiyatini yaratadi. Qadimgi ozarbayjon udumiga koʻra, kurashayotgan erkaklar oʻrtasiga kelagʻayi otgan ayol qon toʻkilishini toʻxtatishi mumkin, qiz esa turmushga chiqishga roziligini, unga turmushga chiqishni taklif qilgan yigitga kelagʻayisini berib bildiradi.

Kelagʻayida ishlatilgan naqsh va kompozitsiyalar gilamnikidan farqlanadi, lekin oʻzining betakrorligi bilan ham shunday universal xususiyatlarga ega va xuddi oʻsha abadiy mavzularni anglatadi. Bu hayvonlar timsoli — maral, baliq, qush, oʻsimlik elementlari uslublashgan va uslublashmagan. Bu bejirim „buta“ ham alanga tili ham tovusning magʻrur qaddiga quyosh ramzi — yerdagi barcha jonzotlarga hayot bagʻishlaydigan yashirin yoki aks ettirilgan energiyaga oʻxshaydi. Bu ham „islimi“ — uslublashgan gul, shox va novda elementlarining uygʻunlashuvini mahsulot chekkalari boʻylab oʻtishi — abadiyat va ruhning uzluksizligi ramzidir. Bu „karatash“ — hayot daraxti — rivojlanish, birdamlik va boqiylik ramzidir.

Naqsh va ularning kompozitsiyalari maʼnosi galiblarning nomidayoq aks ettirilgan. Ularning barchasi kelagʻayining ornamental uslubiyatiga kiradi — ayrim hollarda qatʼiy chegaralangan qonunlar boʻyicha, baʼzida esa ustaning („tavakeshning“) ruhiy va emotsional holatiga koʻra. Masalan, konsentrik guruhga taalluqli „Baskal“ naqshli kompozitsiyali kelagʻayi ustalari tomonidan Dunyo markazidagi koinot rasmi va universal xarakterga ega insoniyat haqidagi tasavvur sifatida talqin qilinadi. Bu tasavvurlarda inson uchun eng yaxshi himoya („sah“, „shaxbuta“) — bu togʻlar („dik“ xashiye), bu dunyoda jismonan nobud boʻlib, (kompozitsiyali oraliq naqshdan ajralib — medaxil) hayot boshqa- yuqori, togʻli — bundan ham rangbarang va hilmaxil olamda davom etadi degan ishonch bor. Ehtimol shuning uchun ham kelagʻayi koʻp rangli va ularni yaratish uchun turli xildagi galiblar ishlatiladi. Bu turdagi kelagʻayi mohirlik choʻqqisi boʻlib, „Eddireng“ (yetti rang) kelagʻayisi hisoblanadi. Bunday kelagʻayilar naqshga boy va kelagʻayidagi rasmning har bir naqshi yetti rangdan biriga yoki ularning tusiga boʻyaladi — qizil, koʻk, sariq, yashil, oq, pushti va toʻq jigarrang va hokazo. Shunisi ajablanarliki, naqshli kelagʻayida koʻrsatilgan olam timsoli qadimgi arxeologik madaniyatlarning bronza va sopol buyumlarida aks ettirilgan tasvirlar bilan hamohangdir. Bugungi kunda baskal ustalari oʻz galiblarini ushbu timsollar boʻyicha nomlashadi. Masalan, kelagʻayi markaziga naqsh bosiladigan galib „gebek“ (kindik) deb ataladi. Aylananing ¼ qismini aks ettirgan ushbu galib konsentrik kompozitsiyada teng tomonli xochni tashkil etadi va dunyo markazini eslatadi, uning atrofidagi aylana yoki toʻrtburchak esa koinotni anglatadi. Ayrim tadqiqotchilarning fikricha, muayyan arxeologik madaniyatlarda "Aylana yoki toʻrtburchak ichidagi xochsimon belgi, …. Dunyo markazi haqida yoki „kosmik kindik“ shamanistik tasavvurni aks ettiradi".

Aniq qoidalariga ega boʻlgan kelagʻayi taxlash jarayoni chuqur maʼnoga ega, birinchi 3 bukilishi uzunasi boʻylab qilinishi kerak, soʻng yana 3 bukilish tomoni 18-20 sm.lik toʻrtburchak hosil qilishi kerak. Buning maʼnosi avloddan-avlodga oʻtib kelayotgan usta kelagʻayichilar bilan koʻpgina suhbatlar natijasida ayon boʻldi. Ularning aytishicha, tabiat qonunlari oʻzgarmaydi, kelagʻayi esa uning tasviri, tabiat javobidir. Xuddi tabiat kabi hayot ham sirsinoat, tirik jonzot, hursandchilik, ozodlik, sevgi, gʻamga toʻla, kelagʻayi ham sehrli ipakni yaratilishidan tortib uni tayyorlashda turli xil sirlarni oʻzida mujassam etgan. Tabiatda ikkita oʻzaro bogʻliq boʻlgan boshlanish — hayot va oʻlim, yaxshilik va yomonlik, haqiqat va yolgʻon. Bu inson uchun tayyorlangan. Kelagʻayi-ning birinchi uch bukilishi shuni aks ettiradi. Keyin uch bukilishi esa insonning oʻz tanlovini bildiradi — sevgi yoki nafrat, kuch yoki zaiflik, aql yoki ahmoqlik. Ota-bobolari ham usta kelagʻayichi boʻlgan ustalarning bunday fikrlari xalqning yigʻilgan koʻp asr lik tajribasini aks ettiradi. Va buni yetuk Yevropa ruhshunosi E.Frommning XX asrning boshlarida aytib oʻtgan insonning ekzistensial va tarixiy dixotomiyalari haqidagi gʻoya lariga oʻxshashligi ajablantirmaydi. Sababi bu fikrlar universaldir. „Agar u (inson) haqiqat yuziga vahimasiz qarasa, hayotda oʻz kuchini namoyon qilib, mazmunli yashab, insonning oʻzi bagʻishlagan mazmundan boshqa maz mun yoʻqligini tushunadi… Faqatgina agar u dixotomiya uning mavjudligiga xos inson holatini va oʻz kuchini namoyish qilish isteʼdodini anglasagina u oʻz muammosini muvaffaqiyatli yecha oladi: oʻzligicha qolish, uning qobiliyatini tashkil etgan — ong, sevgi va samarali mehnat qobiliyatini toʻliq amalga oshirish yoʻli orqali baxtga erishish“ deb yozadi E.Fromm. Kelagʻayining naqshli uslibiyati aynan shuni yetkazadi.[4]

Kelagʻayining rivojlanish istiqbollari

[tahrir | manbasini tahrirlash]

2011-yilda „Inkishof“ ilmiy markazi Baskal, Sheki va Bokudagi mahalliy jamiyatlar ishtirokida kelagʻayini UNESCKO-ning insoniyatning nomoddiy madaniy merosi Reprezentativ roʻyxatiga taqdim qilish uchun material (J. Tariverdiyev) tayyorladi. Material kelagʻayi haqida maʼlumotni dunyoning turli mamlakatlariga targʻib qilish va tarqatish boʻyicha muhim qadamlar qoʻygan Madaniyat va turizm Vazirligiga berildi. Tashqi ishlar vazirligi hamda UNESCKOning Milliy Qoʻmitasi bu borada katta yordam koʻrsatishdi. Bularning barchasi Ozarbayjon Respublikasining madaniyat sohasida davlat siyosatini amalga oshirish hamda Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev va Haydar Aliyev, Fondi prezidenti — Mehribon Aliyevaning Ozarbayjonda madaniy merosni saqlab qolishga qaratilgan shaxsiy sayi harakatlarini amalga oshirishga yoʻnaltirilgan edi. 2014-yil 26-noyabrda, kelagʻayi UNESCKOning Reprezentativ roʻyxatiga „Kelagʻayi anʼanaviy sanʼati va ramzi, ayollarning bosh roʻmollarini yaratish va taqish“ sifatida kiritilganida, kelagʻayining madaniy fenomenini saqlab qolishga qaratilgan urinish va chora tadbirlarning samaradorligini tasdiqladi.[4]

2013-yilda London universitetidagi „Ozarbayjonda Batik“ taqdimotida kelagʻayiga, uning tarixi va yaratilish usuliga katta joy ajratilgan. 2014-yilning 1-dekabirida Sofiya (Bolgariyada) Ozarbayjonning Bolgariyadagi elchixonasi, Sofiya shahar hokimiyati hamda Madaniyat Instituti va Bolgariyaning tashqi ishlar vazirligi tomonidan tashkil etilgan kelagʻayining interaktiv taqdimoti boʻlib oʻtdi. Ishtirokchilar kelagʻayi haqida maʼlumot olishdi, xujjatli kliplar koʻrib, qadimgi galiblar yordamida oq va rangli ipakka rezerv yordamida oʻzlari naqsh bosdilar. 2016-yilning may oyida shunday aksiya Toshkentdagi Haydar Aliyev nomidagi Ozarbayjon Madaniyat markazida oʻtkazildi. 2014-yilning 18-dekabirida Bokudagi Gilam muzeyida, kelagʻayini UNESCKOning Reprezentatsiya roʻyxatiga kiritilganidan soʻng birinchi „Kelagʻayim — menim elvan orpeyin“ (Kelagʻayi — mening rangli roʻmolim) nomli koʻrgazmasi ochildi.[4]

Ozarbayjonda ipakchilik

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Asrlar davomida Ozarbayjon Buyuk ipak yoʻlidagi shimol va janub, gʻarb va sharq oʻrtasidagi bogʻlovchi vazifasini oʻynagan ipakchilik mamlakati sifatida tanilgan. Bu haqda antik manbalarda, Ozarbayjonga kelgan Oʻrta asr sayyohlarining yoʻl xotiralarida maʼlumotlar uchraydi, ipak haqidagi dastlabki maʼlumot va baʼzi bir ipak topilmalar eramizdan avvalgi davrlarga taalluqli. Ipakchilik Ozarbayjonning etnik madaniyatiga shunchalik uygʻun va mustahkam oʻrnashganki, ular hatto qoʻshni mamlakatlarga koʻchib borganda ham, odatda, u yerga ipak madaniyatini olib borib, ipakchilik bilan shugʻullanishni boshlar edi. Bir vaqtning oʻzida ular oʻzlari-ning milliy madaniyatiga oid maishiy va estetik ehtiyojlarini qondirganlar, yaʼni pishiq, yengil va rangorang ipak matolar — ganovuz, darai, mov, jejim, turli xil maqsadlarda ishlatilgan ipak kelagʻayi ishlab chiqarganlar.[4]

XIX asrning birinchi yarmidagi xalqaro savdoda ozarbayjon ipagining oʻrni toʻgʻrisida

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Ipakchilik Ozarbayjon xalq xoʻjaligining qadimiy sohalaridan hisoblanadi. Taxmin qilinishicha, Buyuk ipak yoʻlining sarchashmalarida joylashgan Ozarbayjonga ipak pillasi Xitoydan keltirilgan. Buyuk ipak yoʻli — er. av. II asrdan XV-asr-gacha Gʻarbiy Yevropadan Xitoyga qadar boʻlgan Yevrosiyo mamlakatlarini birlashtirgan karvon savdo yoʻli boʻlgan.[4]

Ozarbayjonda ipak qurti boqish orqali tabiiy ipak olishning boshi V — VII asrlarga borib taqaladi. Shu davrdan boshlab Ozarbayjon ipa-gi butun dunyoda eʼtibor qozonib, XIX asrgacha Janubiy Kavkazdan jahon bozoriga eksport qilinadigan asosiy mahsulot boʻlib kelgan. V — IX asrlarda Ozarbayjonning Barda shahri jahon ipak savdosining markazi boʻlgan, X asrda bu markaz Ganjaga koʻchadi, undan keyin esa ipakchilikning markazlari boʻlib Shemaxa, Sheki va Qorabogʻ viloyatlari hisoblangan.[4]

Manbalarda XIX asrda Rossiyaning tashqi savdosida Ozarbayjonda ishlab chiqarilgan ipak mahsulotlari asosiy oʻrinni egallar edi. Manbalarda keltirilishicha, Ozarbayjonda boʻlgan sayyohlar bu yerning ipak ishlab chiqarilishi va ipak xomashyosining boyligi va xilmaxilligini taʼkidlaganlari xabar qilinadi. Ozarbayjonning har bir viloyati oʻz mahsulotining oʻziga xos xususiyati bilan ajralib turar edi. Shemaxa (Shirvon) oʻzining harir va chiroyli rasmlarga ega „kelagʻayi“ (ipak roʻmol) va sharflari bilan shuhrat qozongan, Qorabogʻ oʻzining chiroyli tasvirlarga ega shoyi gilamlari bilan, Ganja ipak roʻmollar va yopinchiqlari bilan, Sheki rango-rang ipak matolari, yostiq jildlari va kashta bilan bezalgan boshqa mahsulotlari bilan mashhur edi. Rossiyada Ozarbayjonning ipak xomashyosiga ehtiyoj oshib borishi bilan bir qatorda atlas, ximka, parcha kabi ipak matolarga ham qiziqish ortib, yuqori baholangan.[4]

Ozarbayjon ipagi 1879-yilda Amerikaning Filadelfiya shahrida oʻtkazilgan Butunjahon koʻrgazmasida kumush medal bilan taqdirlangan. Shu koʻrgazmada ishtirok etgan"Kavkaz" gazetasi muxbiri: „Ozarbayjon ipagini koʻrgan barcha amerikaliklar unga mahliyo boʻlib, bunday mahsulot ishlab chiqargan mamlakat soʻzsiz ajoyib boʻlishi kerak, deb taxmin qildilar“, — deb yozgan edi. Aynan shu davrda Ozarbayjonga kelgan turli toifadagi ishbilarmon kishilar Shemaxa-ning oʻzlariga anchadan buyon tanish boʻlgan „Talaman ipagi“ navi toʻgʻrisida koʻp yozar va zavqlanar edilar.[4]

Aʼlo darajali Ozarbayjon ipagi Moskva, Lodz, Varshava, Milan, Marsel, Lion va boshqa shaharlarga muvaffaqiyat bilan eksport qilingan.

Ozarbayjonning jahon bozoriga barcha transport yoʻllari orqali chiqishi 90yillar boshida mustaqillikka ega boʻlgandan soʻng muhim ahamiyat kasb etdi. Shubhasiz, ipakchilik oxirgi yillarda yuzaga kelgan vaziyatdan chiqadi va nafaqat Ozarbayjon ipagining avvalgi shuhratini tiklaydi, balki uni yangi choʻqqilarga olib chiqadi. Ozarbayjon ipagi tarixi ikki ming yildan ortiq vaqtni tashkil etadi.[4]

Ozarbayjon Respublikasi shimoli-gʻarbidagi kelagʻayi ustalarining tarixiy shahri Baskalda ham 2000-yilda ishlab chiqarish toʻxtab qoldi. Aynan shu davrda mamlakat Prezidenti buyuk Geydar Aliyev yuzaga kelgan iqtisodiy vaziyatni hisobga olgan holda, kichik korxonalar yordamida ipakchilik sohasini rivojlantirish zarurligini taʼkidladi. „Inkishof“ ilmiy markazi bu fikrni asos sifatida qabul qilib, UNDPning „Taraqqiyotda gender masalasi“ loyihasi doirasida ilgari surilgan ipak ishlab chiqarishni qayta tiklash va kelagʻayi tayyorlashni boshlash taklifiga javob berdi.Bu bir tarafdan kasanachilikni rivojlantirish, ish bilan bandlikni oʻstirish va aholi daromadini oshirishga (jahon tajribasi bunga misol) yordam bersa, boshqa tarafdan esa, kelagʻayi tayyorlashdek qadimgi madaniy anʼanani tiklash va rivojlantirishning qisqa yoʻli boʻlar edi. Buni 2002 — 2003-yillarda Yaponiyaning Ozarbayjondagi elchixonasi, Ismailli va Sheki tumanlari Ijroiya hokimiyati yordami va xususiy zaxiralarni („JT“ firmasi) jalb etgan holda amalga oshirish mumkin boʻldi. Yevroosiyo jamgʻarmasi kelagʻayi axborot kompaniyasini qoʻlladi va natijada „Kelagʻayi“ katalogi va videoklipi chiqarildi, Ozarbayjon tarixida birinchi marta kelagʻayi koʻrgazmasi tashkil etildi. Bu koʻrgazmada namoyish etilgan kelagʻayi roʻmollari Shekidagi kichik korxonada toʻqilgan boʻlib, Baskal Ipak markazida naqshlandi va boʻyaldi. Ularda qadimgi naqshlar tiklanishi bilan birga zamonaviy (hozirgi Ozarbayjon rassomlari taklif etgan) tasvirlar ham oʻrin ola boshladi.Bu voqeadan soʻng kishida shaksiz havas va hayrat uygʻotuvchi kelagʻayilar nafaqat Ozarbayjondagi, balki undan tash qaridagi qator koʻrgazmalarda (Turkiya, Gruziya, Vengriya, Avstriya, Italiya, AQSh (BMT), Belgiya, Malayziya) na-moyish etilib, gilamlar bilan bir qatorda Ozarbayjon amaliy sanʼatining uzviy boʻlagini tashkil etdi.Shunday qilib, hozirga kelib, Ozarbayjon xalqining yoʻqo-lish arafasida turgan eng qadimgi badiiy hunarmandchiligiga katta eʼtibor berish natijasida kelagʻayi ishlab chiqarish kengaydi va kelagʻayi taqish shakllari koʻpaydi.[4]

Ozarbayjonda ipak mahsulotlarniishlab chiqarish bilan bogʻliq boʻlgantushunchalar tezaurusi

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Basmanaxish — ipak matoga naqshlar bosish texnikasi. Issiq batik texnikasiga oʻxshash.

Bafta — tilla ip va bezaklar bilan tikilgan keng ipak tasma.

Boyagchi -ipak mahsulotlarni boʻyash sirlarini bilgan boʻyoqchi — usta. Kelagai yaratishda markaziy shaxs.

Galib — ipak matoga naqsh bosish uchun ishlatiladigan qolip.

Galibkesen — galib kesuvchisi.

Galibchi — ipak matoga galiblar yordamida naqsh bosadigan usta.

Ganovuz — ip rangidan kelib chiqib turli tusga ega boʻlgan mato. Har hil rangda va monoxrom boʻlgan. Ham ayollar ham erkaklar kiyimi uchun qoʻllangan.

Gatran — mum (parafin) va oʻsimlik ingredientlardan tashkil topgan zaxira eritma.

Grena — ipak qurti tuxumi.

Gurama — parchalardan tikish.

Gyulbatin — tilla yoki kumush ipli kashta.

Gyalyamkar, yoki basma gyalyamkar — basmanaxish texnikasi hamda rasmdan (moʻyqalam yoki trafaret) foydalanilgan birlashtirilgan texnika. Gyalyamkar mahsulot perimetri boʻylab yupqa moʻyqalamga ega.

Darai — mato shaffof emas, elastik va qalin. Ayollar tomonidan ustki kiyim yoki boxcha uchun foydalanilgan. Bugungi kunda ishlab chiqarilmaydi.

Djedjim — jun, paxta va ipakdan toʻqilgan mato. Ipak djedjim turli rang va oʻlchamdagi tasmalardan tashkil topgan. Tuksiz sharqona gilamni eslatgan, lekin undan tarkibi bilan farqlangan va xurjun sifatida koʻp ishlatilgan.

Diba — yuza qismi relyefli mato, ajoyib kompozitsiyalar yaratgan. Ingichka tilla ip, marvaridlar bilan tikilishi mumkin boʻlgan. Bugungi kunda ishlab chiqarilmaydi.

Kelagai — Ozarbayjonda koʻp asrlar mobaynida keng tarqalgan ayollar kiyimining qismi — aniq bir oʻlcham, shaklga ega, basmanaxish texnikasida boʻyalgan va naqsh solingan ipak bosh roʻmoli. Kelagai turli xil ijtimoiy funksiyalarga ega.

Kyup — boʻyoqli idish.

Mirvarili tikme — marvaridli kashta.

Mov — turli rangdagi keng tasmalardan tashkil topgan yupqa, tekis mato. Rombsimon naqshli movdan kiyim, adyolning ustki qoplami va hokazo. uchun foydalanishgan. Bugungi kunda ishlab chiqarilmaydi.

Mundjuglu tikme — munchoqli kashta.

Tavakesh — Galibchini qarang.

Tarrax — toʻqimachilik qoʻl dastgohidagi iplarni oʻrnatadigan asoslar (utga qarama — qarshi).

Tekelduz — ipakli ipdan tikilgan badiiy kashta.

Xashie — bordyur. Mahsulot perimetri boʻylab qoʻyiladi.

Charshab — huddi chodra kabi islomning diniy qoidalarining bir qismi hisoblanadi. Ayol unda boshidan toʻpigʻicha oʻranib unda qoʻli va yuzining bir qismini ham yopishi kerak. Bu yopinchiqlar uchun turli xildagi mato, shu jumladan ipak ham ishlatilgan.

Yag — bu Gatran.

Xorijiy oʻtishlar

[tahrir | manbasini tahrirlash]
  1. „Certificate confirming Kalagayi art as UNESCO's heritage presented to Azerbaijani First Lady“ (english) (website) (2015-yil 18-may).
  2. Jafarova, Aynur „Kelagayi: a unique silk headscarf of beautiful Azerbaijani women“ (english). www.azernews.az (2013-yil 12-dekabr).
  3. Sadraddinli, Samra „THE PHILOSOPHY OF KALAGAYI“ (english). www.chai-khana.org. 2019-yil 14-yanvarda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2019-yil 14-yanvar.
  4. 4,00 4,01 4,02 4,03 4,04 4,05 4,06 4,07 4,08 4,09 4,10 4,11 4,12 4,13 4,14 4,15 4,16 4,17 4,18 4,19 4,20 4,21 4,22 4,23 4,24 4,25 Abbasov, Samir. Kelagʻayi (uzbek). Tashkent: MASHHUR-PRESS, 2017. ISBN 978-9943-4933-0-83.