Kokildor xonaqohi
Bu maqolaga boshqa birorta sahifadan
ishorat yoʻq. (avgust 2024) |
Kokildor xonaqohi | |
---|---|
Muqobil nomlari | Kokildor ota xonaqohi |
Umumiy maʼlumot | |
Turi | xonaqoh |
Joylashuvi | Namuna qishlogʻi |
Shahar | Termiz |
Mamlakat | Oʻzbekiston |
Koordinatalar | 37°15′31″N 67°17′57″E / 37.258550°N 67.299068°E |
Qurilishi boshlangan | XIII asr |
Qurilishi tugagan | XVI asr |
Egasi | davlat mulki |
Texnik holati | |
Bino atrofidagi yerlar | 27.5 x 17 metr |
Kokildor xonaqohi — Termiz shahri Namuna qishlogʻida joylashgan meʼmoriy yodgorlik. Temuriylar hukmronlik davrida amalga oshirilgan qayta taʼmirlash ishlari sababli, hozirgi mahobatli holatiga kelgan. U koʻp xonali ulkan inshootdir. Unda qatʼiy nisbat va simmetriya saqlanib qolingan[1]. Kokildor ota xonaqohi bugungi kunda Srxondaryo viloyatida turizmning rivojlanishiga katta hissa qoʻshib kelmoqda.
Nomlanishi
[tahrir | manbasini tahrirlash]Xalq orasida Aloulmulk Xudovandzoda (Termiz hukmdori) koʻshki, „Azizon“, „Azlar eshon“, „Kokildor“ (kokil qirqish udumi) deb nomlangan (13—16-asrlar).
Xonaqoh soʻzi forscha „xona-oʻy“ maʼnosini anglatadi. Avvallari soʻfiy va darveshlar yasagan maskan xonaqoh deb nomlangan.
Kokildor ota hakim Termiziyning kuyovi, hurayda binti Muhammad al-Hakimning umr yoʻldoshi hisoblanadi. U shaxsning asl ismi Somon Ashur Hamzai Hofiz Kokildor hisoblanadi. U hattot, olim hamda koʻplab asarlarning muallifi hamdir. Somon Ashur 21 yoshida sochini oʻstirib „Hamzai Hofiz Kokildor“ taxallusi bilan milodiy 952—953-yillarda Qirqqiz qalʼasiga ilm olish uchun boradi. 966-yilda Termiziyning qiziga uylanadi keyin „Koʻshki Kokildor“ maqbarasi qurishga ruhsat oladi. Lekin qurilish ishlari nihoyalanmay yaʼni milodiy 980—981-yilda Somon Ashur vafot etadi va oʻz maqbarasiga dafn qilinadi[2].
Tuzilishi
[tahrir | manbasini tahrirlash]Kokildor xonaqohi toʻgʻri toʻrtburchak tarxli (maydoni 27,5 x 17 metr), 5 xonadan iborat. Baland va chuqur ravoqli peshtoq orqali markaziy xona (maydoni 7,5 x 7,5 metr) ga kiriladi. Markaziy xonaning gumbazi 8 qirrali poygumbaz ustiga oʻrnatilgan, ikki yon tomonidagi xonalar oʻzaro oʻxshash, teng hajmda, dalon orqali bogʻlangan orqa va yon eshiklari boʻlgan. Markaziy xona sahnida bir necha qabr saqlanib qolgan. Ichkaridagi ravoq va namoyonlarga ganchqori usulida pardoz berilgan. Gumbaz osti bagʻallari muqarnaslar bilan bezatilgan. Xonaqohning ichki koʻrinishi tashqi koʻrinishidan keskin farq qiladi[3].
Kokildor ota xonaqohining old qismi pishiq gʻishtdan bunyod etilgan. Inshoot qurilishi rejasi koʻp jihatdan Sulton Saodat majmuasi qurilish rejasiga oʻxshab ketadi yaʼni uch pogʻonali old qism gʻoyasi qoʻllangan. Uning qurilish rejasi simmetrik ravishda boʻlgan. Asosiy qismda kirish va ulkan gumbazga ega katta zalli ayvon joy olgan. Bino devorlariga ganj bilan bezak berilgan. Binoning ichki qismida sagʻanalar joylashgan boʻlib, ularning orasida eng katta sagʻana Kokildor otaga tegishli.
Taʼmirlanishi
[tahrir | manbasini tahrirlash]Kokildor ota xonaqohiga kirish qismi XV asr Temuriylar davri meʼmoriy inshootlariga oʻxshab ketadi. Olimlarning fikricha, inshoot temuriylar davrida Termizdagi boshqa koʻplab yodgorliklar (Hakim al-Termiziy va Sulton Saodat majmualari) qatori qayta taʼmirlangan[4].
Termiz shahrining 2500 yilligi munosabati bilan atrofi obodonlashtirilib, taʼmir ishlari amalga oshirildi.
Maqbara shu yerda yashovchilar tomonidan bir necha marotaba taʼmirlangan. 2001-yil avgust oyida Somon Ashur Hamzai Hofiz Kokildorning xoki Sulton Sodot qabristoniga koʻchirib oʻtkaziladi.
Adabiyot
[tahrir | manbasini tahrirlash]- „Kokildor xonaqohi“, Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi: 4-jild (Zebunniso — Konigil). Toshkent: „Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi“ Davlat ilmiy nashriyoti, 2002 — 704-bet.
- Termiz — Buyuk yoʻllar chorrahasidagi koʻhna va yangi shahar, Toshkent, 2001-yil.
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- ↑ „Kokildor оtа xonaqohi“. malaka.uz (2023-yil 11-fevral). Qaraldi: 08-2023.
- ↑ „Kokildor ota xonaqohi“. termez-travel.uz. 2023-yil 18-avgustda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 08-2023.
- ↑ „Kokildor xonaqohi“ OʻzME. K-harfi Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil
- ↑ „Kokildor Ota xonaqohi“. meros.uz. Qaraldi: 08-2023.
Havolalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |