Kontent qismiga oʻtish

Kot

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Kot, Kat, Kas — Xorazmdagi qadimiy shahar xarobasi boʻlib, hozirgi Beruniy shahridan 2,5 km shimolroqda joylashgan. Tarixiy manbalarga qaraganda, Kat turli davrlarda turlicha atalgan boʻlib (masalan Kas, Kaj, Fir, Fil) xorazmiy tilida „qishloq“ degan maʼnoni anglatgan. Yoqut Xomaviyning yozishicha, Kat Jayhun (Amudaryo)ning sharqiy qirgʻogʻida, Jurjoniyadan 20 farsax narida boʻlgan[1]. Undagi jome masjidi va xorazmshoh qarorgohi qalʼa ortida joylashgan. Bozor shaharning markazida, Jardurishak soyi boʻyida boʻlgan. Muqaddasiy keltirgan maʼlumotlarga koʻra, Kat shahriston deb ham atalib, u kattaligi jihatidan Nishopurga teng edi. „Hudud ul-olam“ ga koʻra, Kat oʻrta asrlarda turki y elatlarning savdo-sotiq markaziga aylangan. Samoniy esa oʻzining „Kitob ul-ansob“ asarida Kat rabodi „berun“ deb atalganini qayd etgan. Beruniy afrigʻiylar sulolasining asoschisi Afrigʻ shahar ichida 3 qavat devor bilan oʻralgan qasr qurdirganligi, uning devorlari niqoyatda baland boʻlib, taxminan 20 km uzoqlikdan ham koʻrinib turganligi haqida xabar bergan. 10-asrda Kot Xorazm davlatining poytaxti boʻlgan. Keyinchalik Amudaryo shaharni yuvib keta boshlagach, aholi uning sharq tomoniga koʻchib oʻtib, yangi Kot shahrini qurgan. X asr oxirlariga kelib eski shahar, asosan, yuvilib ketib, poytaxt Gurganj (hozirgi Koʻhna Urganch) ga koʻchirilgan. 995-yil Gurganj hokimi Maʼmun ibn Abul Abbos dastlabki xorazmshohlar sulolasini tor-mor keltirgach, Kot oʻzining siyosiy ahamiyatini yoʻqotgan. Ibn Battuta Kotni Xorazm (yaʼni, Gurganj) bilan Buxoro oʻrtasidagi aholi yashaydigan yagona shahar ekanligini eslatib oʻtgan. 14-asrda, Xorazmda mahalliy sulola vujudga kelguniga qadar, Kot Xiva bilan birgalikda Chigʻatoy ulusi tarkibiga kirgan. 1372-yilda uni Amir Temur egallagan. 17-asrda yangi Kotni suv bilan taʼminlab turgan yopni Amudaryo yuvib ketganligidan Xiva xoni Anoʻshaxon daryoning chap qirgʻogʻida Toza Yormish yopni qazdirib, uning boʻyida bir qalʼa qurdirgan (1681), soʻng eski shahar aholisi oʻsha yerga koʻchib oʻtgan. 19-asr boshida bu joyni ham Amudaryo yuvib ketib, yangi K. aholisi daryoning oʻng sohilidagi Shayx Abbos vali mozori tevaragiga kelib joylashgan. Shundan eʼtiboran bu yer Shobboz deb atala boshlagan. 1957-yil Shobboz shaharchasiga Beruniy nomi berilgan. 1962-yildan shu nomli shahar.

1937-yil S.P Tolstov rahbarligidagi Xorazm arxeologiya-etnografiya ekspeditsiyasi K. shahar harobasida tadqiqot ishlari olib borib quyidagilarni aniqladi: u yerda saqlanib qolgan qalʼa vayronasining maydoni 220×220 m, burjlar bilan mustaqkamlangan. Qalʼaning janubi-sharqiy burchagidagi koʻshk (54×54 m) esa qalinligi 6 m, bal. 11 m keladigan devor bilan oʻralgan. Topilgan tangalarning bir tomonida qirra burunli, soqoli siyrak, koʻzlari katta-katta Afrigʻ tasvirlangan, uning boʻynida ikki qator marjon shodasi, boshida esa old qismini yarim oy bezatib turgan toj mavjud. Tangalarning ikkinchi tomonida anʼanaviy chavandoz tasviri, uning tepasida yunoncha, ostida esa xorazmiy tilida „podshoh Afrigʻ“ deb bitib qoʻyilgan. Ammo mazkur tanga B.I.Vaynberg va V.A.Livshits tomonidan “Bivarsar”  [bwrsr] nomi bilan o‘qilgan. Arxeologik tadqiqotlarda bugungi kungacha Afrig'ga tegishli tanga topilmagan.

Shayx Abbos Vali maqbarasi, minora va pishiq gʻishtdan qurilgan shahar devori qoldiqlari hamda qalʼa harobasi hozirgacha saqlanib qolgan. Xalq mazkur qalʼani „Pil qalʼa“ („Fil qalʼa“) deb ataydi.


  • Tolstoye SP., Po sledam drevnexorezmiyskoy sivilizatsii, M.—L., 1948; Bartold V. V., Sochineniya, t. 3, M., 1965; Kamaliddinov Sh. S, Istoricheskaya geografiya Yujnogo Sogda i Toharistana po araboyazichnim istochnikam IX — nachala XIII vv.[2]
  • H. Borjian, Kāṯ, Encyclopaedia Iranica, Vol. XVI, Fasc. 2, pp. 119-121; http://www.iranicaonline.org/articles/kat-city
  1. Zohid Madrahimov. Tarixiy toponimika (oʻzbekcha). „Navro‘z“ nashriyoti, 2007 — 25-bet. 
  2. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil