Kontent qismiga oʻtish

Laqay

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
(Loqaydan yoʻnaltirildi)
Laqaylar
Hozirgi joylashuv areali va aholi soni
 Oʻzbekiston
 Tojikiston
 Afgʻoniston
Dini islom
Tegishli oʻzbeklar
Oʻxshash xalqlar qozoqlar, mongollar, tatarlar
Kelib chiqishi Dashti qipchoq oʻzbeklari, qatagʻonlar

Laqay (Loqay) — oʻzbeklar tarkibiga kirgan elatlardan biri.

Laqaylar, asosan, Buxoro xonligining Hisor va Baljuvon bekliklari hududlarida, ayrim guruhlari hozirgi Surxondaryo viloyatining Denov, Tojikistonning Somoniyon, Kofarnihon, Hisor tumanlari, Xatlon viloyatining Qoʻrgʻontepa va Koʻlob mintaqalarida muqim aholi sifatida istiqomat qilishadi. Laqaylar Afgʻonistonning Bagʻlon va Balx viloyatlarida, Pokistonning Karochi shahri, Saudiya Arabistonidagi Makka, Madina, Jidda shaharlarida, Turkiyaning Antokiya, Istanbul mintaqalarida, Eronning Tehron viloyatidagi Qizil Hisorda, Sheroz, Zohidon, Kermon, Qazvin va Hoʻrmuzgon viloyatlarida yashaydilar. taxminan maʼlumotga koʻra, umumiy soni 500 ming kishidan ortiq. XX asr boshlarida Hisor bekligida laqaylar hisor laqaylari (esanxoʻja, bodroqli urugʻlari), Baljuvon bekligida yashovchilarni baljuvon laqaylari (bayram, toʻrtuvul urugʻlari) (hozirgi Koʻlob laqaylari) deb atalgan. Bu urugʻlarning har biri, oʻz navbatida, yana bir qancha kichik urugʻlarga (boʻlaklarga) boʻlingan. Laqaylar ham oʻzbek xalqini tashkil etgan boshqa elatlar singari hozirgi yashab turgan hududlarda shakllanib rivojlangan. Laqaylar chorvachilik, yilqichilik bilan shugʻullangan. Laqay ot zoti va hisori qoʻylar Markaziy Osiyoda mashhur. Boy xoʻjaliklarda 300—400, ayrimlarida 900—1000-yilqi boʻlgan. XIX asr oxirlarida oʻtroqlashish jarayonida dehqonchilik bilan shugʻullanishgan. laqaylar oʻziga xos urf-odat va anʼanalarga ega. Laqay qizlari tikadigan mapremech, juk charigʻich, aynaxalta, kashta va boshqa shunga oʻxshash milliy madaniyat namunalari mashhur. Ayniqsa, laqaylarda tikiladigan torlama va bostirma taqiyalar, yaʼni milliy bosh kiyimlar, oʻziga xos milliy madaniyat namunalari sifatida ajralib turadi.[1]

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil
  • Mallitskiy N. G., Uchebnoye posobiye po geografii Tadjikistana, T. —Samarqand, 1929;
  • Karmisheva B. X., Oʻzbeki-lokaysi Yujnogo Tadjikistana, Stalinabad, 1954.