Kontent qismiga oʻtish

Mahdiy sulton

Vikipediya, erkin ensiklopediya

Mahdiy sulton ibn Baxtiyor sulton ibn Xizrxon (? — 1511) — shayboniylardan. Shayboniyxonning jiyani, Muhammad Shayboniyxon Yassi va Sabronni olgach, Movarounnahrga yurish qilishdan avval turli viloyatlarga tarqab ketgan shayboniy sultonlar qatori Mahdiy sulton va uning akasi Hamza sultonni oʻz bayrogʻi ostiga chaqirtirgan (1495). Mahdiy sulton temuriylar qoʻl ostidagi Qorakoʻl viloyati hokimi edi. Taxminan 1492–1493-yillarda Mahdiy sulton va Hamza sulton Shayboniyxonni tark etib temuriylardan Sulton Mahmud Mirzo xizmatida boʻlganlar. 1495-yil ular Hisordan Andijonga Bobur xuzuriga kelishgan. Temuriylarning taxt uchun kurashida qatnashganlar. 1495-yil Mahdiy sulton Sheroz va Kanboy atrofidan Sulton Ali Mirzodan qochib Samarqandga kelgan. 1498-yil Boburning Ahmad Tanbalga qarshi kurashida unga Mahdiy sulton va Hamza sultonlar yordam berishgan. 1500-yil Shayboniyxon bilan birga Boburga qarshi Samarqandni olishda qatnashishgan. Movarounnahr shayboniylar qoʻl ostiga oʻtgach, Shayboniyxon Mahdiy sultonga Chagʻoniyon va Hamza sultonga Hisor viloyatini bergan (1503).

1509-yil oxirida Shayboniyxon Dashti Qipchoqqa qozoq xoni Qosimxonga qarshi yurish qilgan, biroq shayboniy sultonlarning intizomsizligi oqibatida magʻlubiyatga uchragan, shu tufayli u Mahdiy sulton va Hamza sultonlardan Hisorni tortib olgan va ularning oʻrniga Ubaydulla sultonni tayinlagan. Bu shayboniy sultonlarning noroziligiga sabab boʻlgan. 1510-yil Marv yaqinida Shayboniyxon Ismoil I Safaviy bilan jang qilib magʻlubiyatga uchraganida koʻpgina shayboniy sultonlar qatori Mahdiy sulton ham unda ishtirok etmagan. 1511-yil Bobur Ismoil I Safaviydan harbiy yordam olib Hisori Shodmon, Qunduz va Bagʻlonga hokimlik qilayotgan Mahdiy sulton va Hamza sultonlarga qarshi yurish qilgan va asir olingan, Mahdiy sulton va Hamza sultonlar qatl etilgan[1].

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil
  • Mirza Muhammad Xaydar, Tarixi Rashidi, T., 1996;
  • Axmedov B. A., Istoriya Balxa, T., 1982;
  • Boburnoma, T., 1993.