Kontent qismiga oʻtish

Matluba Muhamedova

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
(Matluba Muhammedovadan yoʻnaltirildi)
Matluba Muhammedova
Tavalludi 1911-yil
Vafoti 1998-yil
Toshkent
Fuqaroligi SSSR bayrogʻi SSSR
Oʻzbekiston
Taʼlimi Toshkent tibbiyot instituti
Kasbi Shifokor
Faoliyat yillari 1940-yildan
Turmush oʻrtogʻi Abduvosiq Muhammedov
Otasi Nurmuhammad Dadamuhammedov
Onasi Marhamatxonim

Matluba Muhammedova (1911-yil, Fargʻona — 1998-yil, Toshkent) — shifokor. Sheʼrlari sabab qatagʻonga uchragan. Italiya elchixonasidan boshpana soʻragan degan ayblov qoʻyilgan[1]. Davlat va siyosat arbobi, arxitektor Abduvosiq Muhammedovning turmush oʻrtogʻi.

Tarjimayi holi

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Matluba Muhammedova 1911-yil Fargʻonada tugʻilgan. Otasi Nurmuhammad Dadamuhammedov yangi usuldagi maktabda muallimlik qilgan. 1926-yilgacha Matluba Muhammedova Qoʻqonda oʻqigan. Keyinchalik Toshkentdagi ayollar bilim yurtida, undan soʻng opasi kabi Moskvadagi oʻzbek maorif institutiga oʻqishga kiradi. Talabalar orasida vatanparvarlik ruhidagi sheʼrlari tufayli mashhurlikka erishadi. Keyinchalik uning shu mavzudagi sheʼrlari komsomol tashkiloti tomonidan koʻrib chiqilib, millatchilik sifatida baholanadi va oʻqishdan haydaladi. 1927-yil Moskvada „Komsomolskaya pravda“ gazetasida unga qarshi maqola ham chiqariladi. Koʻp oʻtmay oʻziga qoʻyilgan ayblarning tuhmat ekanini isbotlab ariza yozadi va oʻqishga qaytib tiklanadi. Ammo, bu vaqtda Moskvadagi oʻzbek maorif instituti yopiladi. Matluba Muhammedova shundan soʻng musiqa texnikumiga kirib, oʻqishni davom ettiradi. 1929-yilda Said Ahmad Naziriy Matlubani Leningrad arxitektura instituti talabasi Abduvosiq Muhammedov bilan tanishtiradi[2]. 1933-yilda Abduvosiq oʻqishni bitirib Toshkentga qaytgach ular oila qurishadi.

1938-yil 5-mart kuni A.Muhammedovga teatr qurilishida katta miqdordagi davlat pulini oʻmarish aybi qoʻyiladi. Sud 5-oktyabr kuni soat 09:00 dan 09:15 gacha oʻtkaziladi va oliy jazoga hukm qilinadi. Hukm oʻsha kuniyoq ijro qilinib, Abduvosiq Muhammedov otib tashlanadi. 1938-yil 17-yanvar kuni A.Muhammedovning turmush oʻrtogʻi Matluba Muhammedova ham qamoqqa olinadi. Bu paytda u Toshkent tibbiyot institutining 3 bosqich talabasi boʻlgan. 1938-yil 17-may kuni Toshkent viloyat sudi Matluba Muhammedovani 10 yilga qamoqqa hukm qiladi. U Sibirning Usolskiy lagerida jazoni ijro etadi[3]. Sibir oʻrmonlarida daraxt kesishga majbur qilinadi.

1940-yil 26-fevralda Matluba Muhammedovaning arizasi qayta koʻrib chiqilib, aybsiz deb oqlanadi. Matluba Muhammedova ikkinchi jahon urushi yillarida Tibbiyot institutini tugatdi, shifokor boʻlib ishladi. Urushdan soʻng ukasini davolatish maqsadida Namanganga ketdi, chunki ukasiga Toshkentda yashashga ruxsat berilmagan. Stalin vafot etgandan keyin yana Toshkentga qaytdi[4]. Matluba Muhammedova 1998-yilda Toshkentda vafot etgan.

  1. Bahrom Irzayev „Nega sen qo‘zg‘olmaysan, Millatim?! – Sho‘rolar mamlakatini larzaga solgan opa-singil Muhammedovalar“. oyina.uz. Qaraldi: 26-iyun 2023-yil.
  2. Б. Ҳасанов. Tarixning noma'lum sahifalari. 7-kitob. Toshkent islom universiteti 2018 — 137-bet. ISBN 978-9943-4964-4-6. 
  3. „Шеъри учун қатағонга учраган ўзбек қизи. Матлуба Муҳаммедованинг аянчли қисмати ҳақида“. xabardor.uz. Qaraldi: 26-iyun 2023-yil.
  4. Шерапи Турдиев „Истиқполчи аёл кисмати“. press.natlib.uz (2001-yil, 15-avgust). Qaraldi: 26-iyun 2023-yil.