Kontent qismiga oʻtish

Mavlona Qutbiddin sadr madrasasi

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Madrasa
Mavlona Qutbiddin sadr madrasasi
Mamlakat  Oʻzbekiston
Hudud Samarqand viloyati
Shahar Samarqand
Maktab yoʻnalishi sunniy
Meʼmoriy uslub Oʻrta Osiyo meʼmorchiligi
Binokorlik tashabbuschisi Qutbiddin sadr
Homiylar Qutbiddin sadr
Binokorlik XIV asr oxiri—XV asr boshlari
Holati Saqlanib qolmagan
Qurilish materiali Pishiq gʻisht


Mavlona Qutbiddin sadr madrasasi — Samarqand madrasasi. Madrasa XIV asr oxiri—XV asr boshlarida Temuriylar sulolasi davrida Qutbiddin sadr tomonidan qurilgan. Tadqiqotchi olim Abdusattor Jumanazar ushbu madrasaga oid bir qator hujjatlar va manbalarni oʻrgangan boʻlib, madrasa bilan bogʻliq maʼlumotlar keltirgan. Shayboniyxon madrasasiga oid vaqf hujjatida ushbu madrasaga oid maʼlumotlar mavjud. Samarqanddagi kigiz va namat bozori masjidi yonida vaqf qilingan doʻkonlar toʻgʻrisida quyidagi maʼlumot berib oʻtilgan: „Gʻarbi mavlona Qutbiddin sadr madrasasi vaqf doʻkoni, shimolida bozor, sharqida omma foydalanadigan yoʻl, sharqi koʻcha, janubida guzar masjidi mavjud boʻlgan“. Tadqiqotchi Botirxon Valixoʻjayev mazkur dargohni joylashgan joyini Mavlona Qutbiddin Haydarning shahardagi kigiz-namat bozorida, Amir Temur jomeyining orqasida va shahzoda Abdulla madrasasining yonida joylashganligini yozgan[1]. Xoja Ahror Valiy ushbu madrasada tahsil olgan. Uning togʻasi Xoja Ibrohim 1427-yili jiyani Toshkentdan Samarqandga ilm olish uchun boshlab kelgan va shu madrasaga joylashtirgan. Faxriddun Ali Safiy asarida bu toʻgʻrisida ustozi Xoja Ahror Valiy soʻzlab berganini yozgan. U asarida shunday yozgan: „Samarqandda Mavlona Qutbiddin Haydar oʻqib yurgan kezlari edi. Ikki-uch nafar talaba qizamiq bilan xastalanib yotib qoldi. Ularning holidan xabar olib, qarashib yurardim. Men ham qizamiqni yuqtirib oldim“. Ushbu hikoya bir talabaning madrasada boshidan kechirgan voqeasidir. Madrasa bunyodkori mavlona Qutbiddin sadr oʻzi ham mudarrislik qilib, talabalarga bilim bergan. Mavlona Qutbiddin Amir Temurning ishongan kishilaridan biri boʻlgan. Mavlona Qutbiddin madrasasi yuqori darajadagi oliy madrasalardan biri boʻlgan[2]. Mavlona Qutbiddin sadr madrasasi Oʻrta Osiyo meʼmorchiligi uslubida bunyod etilgan. Madrasa pishiq gʻisht, yogʻoch, tosh va ganchdan qurilgan. Madrasa hozirgi kunda saqlanib qolmagan.

  1. Valixoʻjayev B. Samarqadda oliy taʼlim-madrasayi oliya-universitet tarixidan lavhalar. Samarqand: Abdulla Qodiriy nomidagi xalq merosi nashriyoti, 2001 — 180-bet. 
  2. Abdusattor Jumanazar. Samarqand taʼlim tizimi va madrasalari tarixi. Toshkent: Fan, 2021 — 520-bet.