Kontent qismiga oʻtish

Mavlono Fasihuddin

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Mavlono Fasihuddin, Mavlono Fasihiddin Muhammad Nizomiy Hiraviy (15-asr, Hirot) – olim, faqih, Alisher Navoiyning ustozlaridan biri.

Alisher Navoiy fiqh, falsafa kabi koʻp ilmlarni Mavlono Fasihuddin huzurida oʻrgangan va uni oxund, deb ulugʻlagan. Xondamirning yozishicha, Mavlono Fasihuddin “qariyb 33 yildan beri hashamat egasi boʻlmish amir Alisherning tarbiyat va siylashlari bilan ruhoniy ostonasining oxundi, islom mashoyixlari va jahon ulamolari hamda insoniyat fozillarining murojaatgohi va panohi, balki xosu avomning majmui hisoblanadilar”.

“Majolis un-nafois”da Mavlono Fasihuddin haqida Mavlono Nizomiddin Hiraviyning nabirasi ekani, ularni nizomiylar deyilishi, Xurosonda bundan sharafliroq nasab yoʻqligi, yigirma yoshida barcha ilmni egallab, oʻttiz yildan buyon dars berishi, zohir ilmidan u saboq bermagan fan yoʻq, deb maʼlumot beriladi. Oʻqitayotgan koʻp fan boʻyicha darslik ham yozgani, ular ulamo va talabalar orasida mashhurligi, ezgu xulq va yoqimli feʼli tufayli Navoiyga doimiy hamsuhbat boʻlgani aytiladi.

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Mavlono Fasihuddin Navoiyning moddiy va maʼnaviy homiyligi va qoʻllab-quvvatlashi ostida yashab ijod qilganligidan minnatdorlik ramzi va sidq-u ixlos yuzasidan 7 ta asarini unga bagʻishlagan. Ular quyidagilar:

  1. “Hoshiyayi Muxtasar” (“Muxtasar” asari sharhi) – unda shariat qonun-qoidalari sharhlangan.
  2. “Hoshiyayi Chagʻminiy” (“Chagʻminiy asariga sharh”) – 12-asr oxiri – 13-asr boshlarida yashagan Mahmud ibn Muhammad ibn Umar Chagʻminiyning “Al-musaxxas fil-hayʼat”“Astronomiyaga oid muxtasar kitob” asariga yozilgan sharh.
  3. “Hoshiyayi sharhi hidoyayi hikmat” (“Hidoya hikmatlariga sharh”) – mashhur faqih Burhoniddin Margʻinoniyning fiqhga oid “Al-hidoya” (“Qoʻllanma”) asariga bitilgan sharh.
  4. “Hoshiyayi sharhi Ashkol” (“Ashkol” asari sharhi”) –13-asr matematik olimi Shamsiddin Samarqandiyning “Ashkol at-taʼsis fil-handasa” (“Geometriya ilmida shakllar asosi”) kitobiga sharh.
  5. “Taʼsis sharhi bist bobi usturlob” (“Astronomiyaning yigirma bobini sharh bilan asoslash”) – mashhur matematik va astronom Nasiriddin Tusiyning (1201–1273) “Bist bob dar maʼrifat ul-usturlob” (“Astronomiyani bilish haqida yigirma boblik kitob”) asari sharhi.
  6. “Hoshiyayi Mavoqif” (“Mavoqif” asari sharhi) – unda haj payti Makkada hojilar turadigan joy – Arafot togʻi atrofi, uning diniy mohiyati sharhlangan. Asarda, shuningdek, inson yashaydigan olam mohiyati ham izohlangan.
  7. “Sharhi miat ul-omil” (“Yuz amaliy ishlar sharhi”) – unda shariatda muhim hisoblangan yuzta amaliy ish sharhlangan[1][2].
  1. Alisher Navoiy: Qomusiy lug'at. 
  2. Majolis un-nafois.