Kontent qismiga oʻtish

Shamsuddin Samarqandiy

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Shamsuddin Samarqandiy
Shaxsiy maʼlumotlar
Dini Islom
Tanilgan sohasi Faqih, Qiroat olimi

Shamsuddin Samarqandiy(arabcha: شمس الدين سمرقندي — Shamsuddin Samarqandiy — Toʻliq ismi: Shamsiddin Muhammad ibn Mahmud ibn Muhammad ibn Ahmad Samarqandiy (vafoti 1378-yil)) — faqih va qiroat olimi.


Shamsuddin Samarqandiy nomi bilan mashhur boʻlgan olimning toʻliq ismi — Shamsuddin Muhammad ibn Mahmud ibn Muhammad ibn Ahmad Samarqandiy boʻlib, oʻz zamonasining mashhur Qurʼon va boshqa ilmlar olimlaridan biri sifatida butun musulmon olamida tanilgan. Uning hayoti va ilmiy faoliyati haqida, asosan, arab manbalarida maʼlumotlar keltirilgan boʻlib, allomaning tavallud topgan yili nomaʼlum. Hamadonda[1] tugʻilgan, yana boshqa manbalarda, asli Hamadonlik, Bagʻdodda[2] tavallud topgani qayd etilgan. Taxminan 780/1378-yilda vafot etgan. Shamsuddin Samarqandiy asli samarqandlik boʻlib, umrining koʻp qismi Bagʻdodda oʻtgan. Alloma hayoti haqidagi maʼlumotlar bizgacha juda ham oz yetib kelgan. Manbalarda uning biror bir mansab sohibi boʻlgani yoki hukumatda tutgan oʻrni haqida xabar berilmagan. Mavjud manbalarda qayerda vafot etgani va qayerga dafn etilgani haqidagi maʼlumotlar ham berilmagan. Keltirilgan maʼlumotlarda allomaning tarji­mai holidan koʻra, uning qoldirgan ilmiy merosi — asarlarining xabari bilan cheklanilgan. Bir qancha manbalarda u kishini fors boʻlgan deb taʼkidlangan[3]. Allomaning qiroat ilmida oʻz davrining yetuk allomasi boʻlib yetishishida ustozlarining hissalari katta boʻlgan. Alloma qiroatdagi tajvid, Qurʼon tilovatidagi tayanch, zeb berish, qatʼiyat va tartib qoidalari sirlarining har birini oʻsha davrning buyuk qorilari va qiroat borasidagi mashhur boʻlgan olimlaridan taʼlim olgan. Jumladan: Ibn Abd nomi bilan taniqli Muhammad ibn Abdulloh ibn Muhammad, Ahmad ibn Ali ibn Ahmad ibn Fasih Koʻfiy, Devoniy, Solih ibn Abdulloh Asadiy, Ahmad ibn Muhammad ibn Mahruq, Sayyid Rizo Husayn ibn Qatoda ibn Mazruʼ, Yusuf ibn Abu Jaʼfar ibn Abdurrazzoq Ansoriy[4] va boshqa ulamolar hisoblanadi. Shamsuddin Samarqandiyning bizga maʼlum boʻlgan shogirdlaridan biri Qurʼon, lugʻat, nahv, fiqh va boshqa ilmlar bilan mashgʻul boʻlgan Ahmad ibn Muhammad ibn Muhammad ibn Muhammad ibn Muhammad Jalol Abu Tohir ibn Shams ibn Jalol ibn Jalol Xoʻjandiydir (tav. 719/1319)[5]. Qurʼon tilovati va hanafiy mazhabining fiqhiy usullari boʻyicha Asʼad ibn Muhammad ibn Mahmud Jaloliddin Shiroziy[6] ham allomadan taʼlim olgan. Allomaning boshqa shogirdlari ham juda koʻp boʻlgan, ammo mavjud manbalarda ular haqida maʼlumot berilmagan.

Shamsuddin Samarqandiy qobiliyatli, oʻz ishi­­ning ustasi boʻlib, yetuk qiroat va tajvid olimi boʻlgan. Alloma asosan, qiroat va Qurʼon toʻgʻrisidagi asarlarni yod bilgan. U qoldirgan ilmiy meroslarda bizga maʼlum boʻlgan asarlari: kichik kitobcha boʻlgan „As-sanoiʼ“ („Mahorat“), jadvali bilan yozilgan „Al-qiroatu-s-sabʼ“ („Yetti xil qiroat“), „Kashfu-l-asror fi rasmi masohifi-l-amsor“ („Turli shaharlardagi mushaflarning yozuvidagi sirlarning kashf etilishi“), „At-tajrid fi-t-tajvid“ („Tajviddagi tajrid“), nazm qilib bitilgan „Al-aqdu-l-farid fi nazmi-t-tajrid“ („Tajrid nazmidagi yagona marjon“), „Al-mabsut fi-l-qiroati-s-sabʼ“ („Yetti xil qiroatdagi mufassal maʼlumot“), „Izohu-l-xavo-lif fi rasmi masohifi-s-savolif“ („Salaflar tomonidan koʻchirilgan Mushaf nusxalaridagi xatlarning turli-tumanligiga izoh“), „Izohu-l-qavoid fi-l-muammo“ („Muammo janri haqidagi qoidalarga izoh“), „Ravhu-l-mu-rid fi sharhi-l-ʼiqdi-l-farid“ („Yagona marjon sharhidagi shogirdning shodligi“), „Al-qasidatu-l-foiha fi tajvidi-l-fotiha“ („Fotiha tajvidida keng (yoqimli) qasida“) va uning sharhidan iborat boʻlgan kitoblardir. Alloma ushbu kitoblarni har tomonlama chuqur mulohaza bilan bitib, oʻz davrining yirik olimi darajasiga yetishgan. Allomaning yozgan asarlari qiroat ilmini oʻrganishlikda katta ahamiyatga ega boʻlgan. Eng zarur ilmlardan biri boʻlgan qiroat ilmi Alloh taoloning kalomini oʻz oʻrniga qoʻyib, tartib bilan toʻgʻri oʻqishga xizmat qiladi. Alloma bu tuygʻuni his qilib qiroatga tegishli boʻlgan mana shunday asarlarni bitishga jazm qilgan. Alloma temuriylar davri, aynan Amir Temur hukmronlik qilgan vaqtda yashab ijod etgan. Amir Temur allomaning asarlarini mutolaa qilib chiqqan va „As-sanoiʼ“ („Mahorat“) asari haqida: „Alloma kitobda Mus’hafni oʻqishda lozim boʻladigan yoʻl-yoʻriqlarni oʻz xati bilan yozgan. Ular bir necha mingga yetadi va u (kitobcha) qiroatga taalluqli boʻlgan muhim foydalarni oʻz ichiga olgan[7] — degan. Alloma oʻzining ilmiy meroslarida Qurʼon lugʻatlarini, kalimalarining tahriri, harflari­ni maxraj va sonlarini bilish, soʻzlar, oyatlar, suralar, boʻlimlar haqida va barcha qoidalarni oʻrganib ijod qilgan. Afsuski, bizdagi maʼlumotlarda allomaning asarlari saqlanib qolganmi, yoʻqmi va mavjudlari qayerda saqlanayotgani toʻgʻrisida keltirilmagan.[8]

  • „As-sanoi’u-l-lati iltaza-maha fi Mushaf“,
  • „Al-qiroatu-s-sab’a“,
  • „Kashfu-l-asror fi rasmi masohifi-l-amsor“,
  • „At-tajrid fi-t-tajvid“,
  • „Al-aqdu-l-farid fi nazmi-t-tajrid“,
  • „Al-mabsut fi-l-qiroati-s-sab’“,
  • „Iyzohu-l-xavolif fi rasmi masohifi-s-savolif“,
  • „Iyzohu-l-qovaid fi-l-muammo“,
  • „Ravhu-l-murid fi sharhi-l-’iqdi-l-farid“,
  • „Al-qasidatu-l-foiha fi tajvidi-l-fotiha“
  1. Zirikliy. Al-aʼlom. J. 7. Doru-l-ilm li-l-malayin, 2002. — B.87.
  2. Ibn Jazariy. Gʻoyatu-n-nihoya fi tabaqoti-l-qurro. J. 2. — Bayrut. Doru-l-kutubi-l-ilmiya, 2006. — B. 227.
  3. Qarang. Gʻoyatu-n-nihoya. J. 2. — B. 260; Kashfu-z-zunun. — B. 1152, 1582.
  4. Ibn Jazariy. Gʻoyatu-n-nihoya fi tabaqoti-l-qurro. J. 2. — Bayrut: Doru-l-kutubi-l-ilmiyya, 2006. — B. 228.
  5. Saxoviy. Az-zuʼu-l-lomiʼ. J. 2. — Bayrut: Doru-l-jiyl, 1992. — B. 194-195.
  6. Ibn Hajar Asqaloniy. Inbou-l-gʻamr bi abnoi-l-umr. J. 4. — Bayrut: Doru-l-kutubi-l-ilmiyya, 1986. — B. 263.
  7. Zirikliy. Al-aʼlom. J.7. Doru-l-ilm li-l-malayin, 2002. — B. 87.
  8. Oʻrta asr sharq allomalari va mutafakkirlarining tarixiy-falsafiy merosi ensiklopediyasi. — Samarqand. Imom Buxoriy xalqaro markazi, 2016. — B. 591-593.