Kontent qismiga oʻtish

Navoiy tumani

Vikipediya, erkin ensiklopediya

Navoiy tumani — avvaliga Buxoro oblasti, keyinchalik Navoiy viloyati tarkibida 1962—2003-yillarda mavjud boʻlgan tuman. (1926—1958-yillarda Karmana, 1962-yildan 2003-yigacha Navoiy tumani deb atalgan. 1980-yilda Navoiy tumanidan Navbahor tumani ajralib chiqqan. 1988-yilda qayta qoʻshilgan, 1992-yilda yana ajralgan. 2003-yilda tuman nomi Karmana tumani deb qayta nomlangan). 2003-yilda Navoiy tumani tugatilgan va uning oʻrnida Karmana tumani tashkil etilgan.

1999-yilda Karmana shahri Navoiy shahri tarkibiga qoʻshilganligi munosabati bilan, tuman markazi Malikrabot shaharchasiga koʻchirilgan. Navoiy tumani Zarafshon daryosining chap sohilida joylashgan. Shimoldan Navbahor tumani, gʻarbdan Qiziltepa tumani, sharkdan Samarqand viloyatining Paxtachi tumani, janubtan Qashqadaryo viloyati bilan chegaradosh. Maydoni 0,95 ming km². Aholisi 69,5 ming kishi (2003). Tumanda 6 qishloq fuqarolar yigʻini (Doʻrmon, Jaloyir, Narpay, Uyrat, Yangiariq, Hazora), 1 shaharcha (Malikrabot) bor.

Tabiati. Tuman hududi Zarafshon vohasida joylashgan. Janubiy hududlari adirlarga tutashib ketadi. Iqlimi keskin kontinental, yozi issiq, qishi sovuq. Yanvarning oʻrtacha temperaturasi 0,4°, iyul oyining oʻrtacha temperaturasi 28,9°. Tuman hududidan Zarafshon daryosi oqib oʻtadi (65 km masofada). Tuproklari, asosan, madaniylashgan oʻtloki, oddiy boʻz tuproqlar. Tabiiy oʻsimliklardan jiyda, shuvoq, oq va qora saksovul, juzgʻun, cherkez, quyonsuyak, segin, iloq, yantoq, capsazan, yetmak, jingil, tol, qamish, yulgʻun, yovvoyi jiyda va boshqa bor. Yovvoyi hayvonlardan tulki, yumronqoziq, turli xil kaltakesaklar, oʻrgimchaklar, qoʻshoyoq, tipratikan, ilonlar, qushlardan loyxoʻrak, oʻrdak, xoʻjasavdogar, chumchuq, mayna, qargʻa kabilar uchraydi.

Aholisi, asosan, oʻzbeklar (99,7%); shuningdek, tojik, rus, tatar, qozoq va boshqa millat vakillari ham yashaydi. Aholining oʻrtacha zichligi 1 km²ga 73 kishi.

Xoʻjaligi. Tuman asosan, qishloq xoʻjaligi ga ixtisoslashgan. Xalq xoʻjaligida band boʻlgan 25,1 ming aholining asosiy qismi qishloq xoʻjaligida ishlaydi. Malikrabot shaharchasida meva-sabzavot konservalash sexi (quvvati 3 mln. t shartli banka) mavjud. Navoiy tumanida 740 ga yaqin kichik, 55 qoʻshma, 10 shirkat korxonalari, parrandachilik fabrikasi faoliyat koʻrsatmoqda. Tuman yer fondi 94,9 ming ga, shundan 22,5 ming ga yer sugʻoriladi, 16,7 ming ga ekinzor, 27,7 ming ga qishloq xoʻjaligida foydalanmaydigan yerlar, 469 ga bogʻ, 390 ga tokzor, 264 ga tutzorlar, 735 ga boʻz yerlar, 45 ming ga yaylov, 2 ming ga tomorka yerlari, 762 ga bogʻ va sabzavotchilik uyushmalari yerlari, 720 ga meliorativ yerlar mavjud. Navoiy tumanida 8 shirkat xoʻjaligi, 2 agrofirma, 2 ta fermer uyushmasi bor. 8,9 ming ga yerga paxta, 6,6 ming ga yerga boshokli don, 195 ga yerga sabzavot va poliz ekinlari ekiladi. Ekinzorlarini sugʻorish uchun suv, asosan, Zarafshon daryosidan magistral kanallar va nasos kurilmalari yordamida olinadi. Tuman jamoa va xususiy xoʻjaliklarida 23,7 ming kora-mol, 46,1 ming qoʻy va echki boqiladi. Tumanda oʻrmon xoʻjaligi bor. Qorakoʻlchilik, ipakchilik bilan ham shugʻullaniladi. Asosiy transport vositasi — avtomobil transporti. Avtomobil yoʻllarining uz. 600 km dan ziyod (shundan 98 km respublika ahamiyatiga molik). Jami avtomobil yoʻllarining 215 km asfalt bilan qoplangan. Navoiy — Uchquduq temir yoʻl tuman hududini 11 km masofada kesib oʻtadi. Navoiy tumanida Navoiy shahar aeroporti joylashgan.

Tumandagi 24 umumiy taʼlim maktabida 17169 oʻquvchi taʼlim oladi, 6 qishloq madaniyat uyi, 1 markaziy, 24 tarmoq, 1 bolalar kutubxonasi (kitob fondi 242139 nusxa) faoliyat koʻrsatmoqda. Markaziy kasalxona (295 oʻrin), 13 ambulatoriya-poliklinika, 8 dorixona va boshqa tibbiy muassasalarda 125 vrach, 517 oʻrta tibbiy xodim ishlaydi (har 10 ming aholiga 16,1 vrach, 69,9 tibbiy hamshira, 9,3 davolanish joyi toʻgʻri keladi). 1931-yildan „Navoiy ovozi“ gaz. chop etiladi (adadi 710 nusxa).[1]

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil