Kontent qismiga oʻtish

Nigor xotun

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Nigor xotun

Yivli minorasidagi maqbarada joylashgan Nigor xotunning qabri
Tavalludi 1450
Vafoti 1503-yildan keyin
Antaliya, Usmonli imperiyasi
Fuqaroligi Usmonli imperiyasi
Turmush oʻrtogʻi Boyazid II
Bolalari Fotma sulton
Shahzoda Korkut
Otasi Abdulloh Vahbiy

Nigor xotun (turkcha: Nigâr Hatun; 1503-yildan keyin Antaliyada vafot etgan) – Usmonli imperiyasi sultoni Boyazid II ning xotinlaridan biri, Fotma sulton, shahzoda Korkut va katta ehtimol bilan sulton Boyaziddan boʻlgan yana bir qancha farzandlarning onasi. Nigor xotun oʻsha davrda anʼanaviy ravishda Usmonli sultonlari xotinlari dafn etiladigan qabriston tashqarisiga dafn etilgan boʻlib, ushbu qabristonga dafn etilgan Sulton Boyazidning ikki xotinidan biri boʻlgan.

Nigor xotun turbesi Antaliyaning Yivli minorasida joylashgan

Nigor xotunning nasl-nasabi, kelib-chiqishi, tugʻilgan yili va joyi haqida aniq maʼlumotlar mavjud emas. Turk tarixchisi Chagʻatoy Uluchay tomonidan berilgan maʼlumotlarga koʻra, Nigor xotunning otasining ismi Abdullah Vahbiy[1][2] boʻlgan.

Nigor xotun qachon va qanday sharoitda sulton haramiga tushgani nomaʼlum. Boyazid II hali shahzoda boʻlgan vaqtdayoq unga Nigorga uylangan. 1481-yilda Mehmed II Fotih vafotidan soʻng, Nigor eri bilan Istanbulga borgan. Boyazid II Istanbulda Mehmed II Fotih vafotidan keyin Usmonli imeriyasining navbatdagi sultoni etib tayinlangan. Usmonli anʼanalariga koʻra, shahzodaning onasi oʻgʻli bilan birgalikda sanjaklarga borishi kerak boʻlgan, u yerda shahzodalarga imperiyani boshqarish koʻnikmalari oʻrgatilgan. Chagʻatoy Uluchayning yozishicha, Nigor oʻgʻli Korkut bilan dastlab Manisaga, keyinchalik Antaliyaga[1] borgan. Turk tarixchisi Nejdet Sakaoʻgʻli shahzoda Korkutning 1503-yilda Antaliyaga sanjakbey qilib yuborilganini va Nigor xotunning ham u bilan birga borganligini aygan[2].

Yivli minorasidagi Nigor xotunning turbesi haqidagi maʼlumot lavhasi

1502-yilda Nigor xotun Yivli minorasida saljuqiylar uslubida maqbara qurishni buyurgan, oʻlimidan keyin uning oʻzi ham aynan shu yerga dafn qilingan. Nigor xotunning aniq oʻlim sanasi maʼlum boʻlmasa-da, uning 1503-yildan keyin vafot etganligi haqida maʼlumotlar bor. Uning oʻlimi haqida tarixchi Sakaogʻlu qiziq bir tafsilotni qayd etgan. Unga koʻra, odatda, sultonlarning xotinlari Bursa yoki Istanbulda dafn etilgan. Biroq Boyazid II ning xotinlari orasida ikki ayol anʼanaviy ravishda Bursa yoki Istanbulda dafn etilmaganligi bilan boshqalardan ajralib turadi. Uardan biri Gulbahor xotun Qora dengizining Trabzon portida, ikkinchisi Nigor xotun Oʻrta yer dengizi boʻyidagi Antaliya portida dafn etilgan[2].

Nigor xotunning farzandlarining soni va ismi aniq manbalar bilan tasdiqlanmagan. Biroq u Fotma Sultonning onasi ekanligi haqida maʼlumotlar mavjud[3][1][2]. Antony Oldersonning taʼkidlashicha, Aynishoh sulton ham Nigor xotunning qizi boʻlgan[3]. Biroq Chagʻatoy Uluchay Aynishoh sultonning dafn etilgan yiliga asoslanib, uning onasi Nigor xotun emas, balki Shirin xotun boʻlganligini aytgan[1]. Olderson, shuningdek, Boyazidning boshqa bir qizi Oysha Sultonning onasi Nigor xotun, Bulbul xotun yoki Muhyurnaz xotun[3] boʻlishi mumkinligi haqida ham bir qancha maʼliumotlar keltirib oʻtgan.

Turli manbalarda Nigor xotun Boyazid II dan ikki nafar oʻgʻil farzand dunyoga keltirgan boʻlishi mumkinligi aytib oʻtilgan. Uluchayning yozishicha, Yivli minorasida joylashgan Nigor xotunning turbesida keltirilgan bir lavhga koʻra, shahzoda Korkutning[1] onasi aynan Nigor xotun boʻlgan[2]. Biroq tarixchi Alderson shahzodaning onasi Muhyurnaz xotun boʻlgan deya maʼlumot bergan. Shuningdek, Alderson shahzoda Abdullohni Nigorning oʻgʻli desa[3], Uluchay shahzodaning onasi Shirin xotun[1] boʻlgan deya takidlagan.

  1. 1,0 1,1 1,2 1,3 1,4 1,5 Uluçay 1988.
  2. 2,0 2,1 2,2 2,3 2,4 Sakaoğlu 2015.
  3. 3,0 3,1 3,2 3,3 Alderson 1956.
  • Alderson Anthony Dolphin. The Structure of the Ottoman Dynasty. – Oxford: Clarendon Press, 1956.
  • Sakaoğlu, Necdet. Bu mülkün kadın sultanları: Vâlide sultanlar, hâtunlar, hasekiler, kadınefendiler, sultanefendiler (tur.). – Oğlak Yayıncılık, 2015. – S. 675—676. – ISBN 978-9-753-29623-6.
  • Uluçay M. Çağatay. Padişahların kadınları ve kızları. – Türk Tarih Kurumu, 1988.