Noʻmon ibn Bashir

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
(Noʻman ibn Bashirdan yoʻnaltirildi)

Noʻmon ibn Bashir ibn Saʼd al-Ansoriy (arabcha: نُّعْمَانُ بْنُ بَشِيرٍ بْنُ سَعْدٍ الأَنْصَارِيِّ; tax. 622) — Islom paygʻambari Muhammadning sahobalaridan, Damashq xalifaligi sarkardasi va davlat arbobi. Noʻmon ibn Bashir birinchi fitna davomida Muoviya I ning tarafdorlaridan biri boʻlib, 678-680-yillarda Kufa hokimi, keyinchalik xalifa Yazid I (h. 680–683) tomonidan Hims hokimi etib tayinlangan. Yazid I ning vafotidan keyin makkalik xalifa Abdulloh ibn az-Zubayrga bay’at qilgan. Umaviylar tarafdori boʻlgan kuchlar Suriyada ibn az-Zubayr tarafdorlarini tor-mor qilgach, Noʻmon ibn Bashir Himsdan qochib ketayotgan chogʻida oʻldirilgan.

Hayoti[tahrir | manbasini tahrirlash]

Noʻmon ibn Bashir Madinada tugʻilgan arab qabilalaridan tashkil topgan ansorlarga mansub boʻlib, baʼzi musulmon manbalariga koʻra, u ansorlar orasida Islom paygʻambari Muhammadning Madinaga hijrat qilganidan keyin tugʻilgan ilk shaxs hisoblanadi. Otasi Bashir ibn Saʼd Muhammadning koʻzga koʻringan sahobalaridan, onasi Amro binti Ravoha yana bir mashhur ansoriy sahoba Abdulloh ibn Ravohaning singlisi boʻlgan[1].

Noʻmon ibn Bashir xalifa Usmon ibn Affon (h. 644–656) oʻlimi uchun qasos olishga ahd qilgan va xalifa Alining (h. 656–661) ashaddiy raqiblaridan biri boʻlgan[1]. U Ali bilan boʻlgan toʻqnashuvida Suriya hokimi Muoviya ibn Abu Sufyonning tarafdorlaridan boʻlgan va uni qoʻllab-quvvatlagan. 657-yildagi Siffin jangida qatnashgan va shu sababli ham Ali bilan hamfikr hisoblangan koʻpchilik ansorlardan ajratib turgan[1]. Noʻmon ibn Bashir 659-yilda Hit shahridan janubda, Furot daryosining gʻarbiy qismidagi choʻl mintaqasida joylashgan Ayn at-Tamrda hududida Ali qoʻshinlarining garnizoniga qarshi amalga oshirilgan yurishga rahbarlik qilgan[2][3], biroq ushbu yurish oxiriga yetkazilmasdan ortga qaytarilgan[3]. 666-yilda Muoviyaning Hims harbiy boʻlinmasi hokimi Abdurrahmon ibn Xolid ibn al-Validning vafotidan soʻng, 661-yilda xalifa boʻlgan Muoviya Noʻmonni Hims hokimi etib tayinlagan[4].

678-yilda Noʻmon Muoviya tomonidan Kufaga hokim etib tayinlangan[2]. 680-yilda Muoviya vafot etgach, uning oʻrniga oʻgʻli Yazid I oʻtirgan. Keyinchalik 680-yilda Noʻmonning oʻrnini Ubaydulloh ibn Ziyod egallagan, bunga Noʻmonning Muslim ibn Oqilning Umaviylarga qarshi harakatlariga sust munosabatda boʻlishi sabab boʻlgan[1]. 682-yilda Yazid I ansorlarni oʻz xalifaligi bilan yarashtirish maqsadida Noʼmonni Madinaga joʻnatgan, biroq ansorlar Yazid I ning ushbu taklifini rad etishgan[2]. Yazid I vafotidan keyin Noʻmon Makkadagi Umaviylarga qarshi xalifa Abdulloh ibn az-Zubayr hukmronligini tan olgan, shundan keyin Abdulloh uni Himsdagi eski viloyat hokimi lavozimiga tayinlagan[4]. Buning natijasida Noʻmon ibn Bashir Suriya shimolida hukmronlik oʻrnatgan Qaysiy qabilalari hamda Damashq va Falastin hokimlari al-Dahhok ibn Qays al-Fihriy va Natil ibn Qays al-Juzamiy bilan oʻz kuchlarini birlashtirgan[2]. Ikki tomon 684-yilda Marj Rahit jangida uchrashishgan va bu jangda Noʻmon Shorahbil ibn Zil-Kala va uning Him’yariylar podsholigi qabilalarini Hims garnizonidan Dahhokka yuborgan[5]. Dahhok boshchiligidagi Qaysiy qabilalari Umaviylar tarafdori Banu Kalb tomonidan tor-mor etilgani haqidagi xabarlarni olgach, Noʻmon xotini Noila binti Umara (u Noʻmondan avval Muoviya I ga turmushga chiqqan edi) va farzandlari bilan birgalikda Himsdan qochib ketgan, ammo Noʻmonning oʻzi Hims garnizoni aʼzolari tomonidan taʼqib qilinib oʻldirilgan[2][6], xotini va bolalari esa tirik qolishga muvaffaq boʻlishgan va ularni Banu Kalb qabilasi oʻz himoyasiga olgan[5].

Avlodlari va merosi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Noʻmon ibn Bashirning qizlaridan biri Amra Kufaning Alilar tarafdori boshligʻi al-Muxtor at-Saqafiyga turmushga chiqqan. 687-yilda al-Muxtor at-Saqafiy Zubayriy qoʻshinlari tomonidan oʻldirilganidan soʻng, Amra erini qoralamagani sababli qamoqqa tashlangan va qatl etilgan. Onasining oʻlimi haqidagi xabarni eshitgan oʻgʻli Abon qotilga hujum uyushtirgan va hibsga olingan, ammo keyinchalik Zubayriylar tomonidan qoʻyib yuborilgan[7]. Noʻmonning yana bir qizi Ummu Abon Hajjoj ibn Yusufga turmushga chiqqan[5].

Noʻmon ibn Bashirning avlodlari VIII asr oʻrtalarida hadis ilmi rivojiga katta hissa qoʻshishgan. Shuningdek, 744-yilda ular uchinchi musulmon fuqarolari urushi paytida Yazid III ga qarshi xalifa al-Volid ibn Yazidga harbiy tomondan yordam berishgan[4]. Noʻmonlar oilasi asli Yazid III ga qarshi boʻlishganiga qaramay, 744-yilda Valid II ning oʻlimidan keyin[4] xalifalikka tayinlangan Yazid III Abdusamad ibn Abonni Iroqdagi Umaviylar gubernatori Abdulloh ibn Umar ibn Abdulaziz qoʻl ostidagi Kufa leytenant gubernatori etib tayinlangan.

Oʻrta asr arab geograflarining fikricha, Maʼarrat al-Noʼmon shahri aynan Noʼmon ibn Bashir sharafiga nomlangan[1].

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. 1,0 1,1 1,2 1,3 1,4 Zettersteen 1995.
  2. 2,0 2,1 2,2 2,3 2,4 Wellhausen 1927.
  3. 3,0 3,1 Hawting 1996.
  4. 4,0 4,1 4,2 4,3 Crone 1980.
  5. 5,0 5,1 5,2 Hawting 1989.
  6. Morony 1987.
  7. Fishbein 1990.

Adabiyotlar[tahrir | manbasini tahrirlash]