Kontent qismiga oʻtish

Abdurrahmon ibn Xolid ibn al-Valid

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Abdurahmon ibn Xolid
Asl ismi عَبْدُ الرَّحْمَن بْنِ خَالِد بْنِ الْوَلِيد
Tavalludi 10-iyun 616-yil
Vafoti 21-avgust 666-yil(666-08-21)
(50 yoshda)
Fuqaroligi
Xizmatdagi yillari 644–666
Unvoni Commander
Jang/urush
Otasi Xolid ibn Valid
Onasi Asmo bint Anas ibn Mudrik
Bolalari Xolid ibn Abdurrahmon

Abdurrahmon ibn Xolid ibn al-Valid (arabcha: عبد الرحمن بن خالد بن الوليد) (616-yil 10-iyun – 666-yil 21-avgust) – sahoba, xalifalar Usmon ibn Affon (h. 644–656) va Muoviya I (h. 661–680) davrida Suriyaning Hims tumani hokimi. Toʻliq ismi – Abdurrahmon ibn Xolid ibn al-Valid ibn al-Mugʻiyra al-Maxzumiy al-Qurashiy. Muoviya I ning Suriyadagi hukmronligi davrida (639–661) Abdurrahmon Vizantiya imperiyasiga qarshi bir qancha yurishlarni boshqargan, shuningdek, Yuqori Mesopotamiya chegarasini Alining (h. 656–661) Iroqdagi kuchlaridan himoya qilgan. 657-yilda Siffin jangida ishtirok etgan, 661-yilda Muoviya xalifa boʻlganidan keyin ham Suriyaning Hims hokimligini va Vizantiyaga qarshi yurishlarini davom ettirgan. Jang maydonlarida koʻrsatgan jasorati, shuningdek, taniqli sarkarda Xolid ibn Volidning farzandi ekanligi bois Suriya arablari orasida, ayniqsa, mashhur boʻlgan. Keyinchalik, Muoviya Abdurahmonni oʻziga voris sifatida tayyorlab kelayotgan oʻgʻli Yazid I ga raqib sifatida koʻradi va 666-yilda oʻgʻliga Abdurrahmonni zaharlattirishni buyruq beradi.

Abdurrahmon ibn Xolid ibn al-Valid Abu Muhammad kunyasi bilan tanilgan. Otasi mashhur musulmon sarkardasi va Quraysh qabilasining Banu Maxzum urugʻi aʼzosi Xolid ibn Valid[1]Sayfulloh“ („Allohning qilichi“) laqabini olgan mashhur sahoba Xolid ibn al-Validdir. Onasining ismi Asmo bint Asad ibn Mudrik Xas’amiy, islomdan oldingi davrda faol shaxs, 620-yillarda islom dini kirib kelganidan bir necha yil oʻtib, vafot etgan Xasam qabilasining taniqli boshligʻi va shoiri Anas ibn Mudrikning qizi boʻlgan[1]. Bolalik chogʻida paygʻambarni koʻrgan sahobalardan. Oʻn sakkiz yoshida Yarmuk jangida qatnash­gan va 30–40 kishilik suvoriy boʻlinmaga boshliq boʻlib, katta muvaffaqiyat qozongan. Xalifa Umar va Usmon davr­larida Shom voliysi Muoviya tomonidan Vizantiyaga qarshi olib borilgan jangda Islom qoʻshiniga qoʻmondonlik qilgan. Ushbu janglardagi muvaffaqiyati bois, Shomda kattagina obroʻga ega boʻlib, shuhrat qozonadi va Muoviyaga tobe holda Hims voliyligini yuritadi. Siffiyn jangida Muoviya tomonida turadi. 664 va 665-yillari unga Vizantiyaga qarshi Onadoʻliga qishki yurishlarni tashkillashtirish vazifasi topshirilgan.

Abdurrahmon ibn Xolid taxminan 616-yilda tugʻilgan[1]. Katta ehtimol bilan u Usmon ibn Affon (h. 644–656) xalifaligi davrida harbiy xizmatga kirgan[1]. Suriya hokimi Muoviya I tomonidan Jund Hims (Hims harbiy okrugi) hokimi etib tayinlangan[2]. Abdurrahmon Muoviya tomonidan Onadoʻlida Vizantiya imperiyasiga qarshi bir qancha harbiy yurishlarga qoʻmondonlik qilish uchun yuborilgan[3]. U 657-yilda Muoviyaning Jaziradagi (Yuqori Mesopotamiya) hududlarini iroqlik xalifa Ali (h. 656–661) qoʻshinlaridan himoya qilgan[3]. Oʻsha yilning oxirida Muoviya Abdurrahmonni Suriya qoʻshini tarkibida Ali qoʻshiniga qarshi boʻlib oʻtgan Siffin jangida qoʻmondon etib tayinlagan[1]. Abdurrahmon jangda ajralib turgan holda suriyaliklar bayrogʻini tutib turgan[4]. Uning ukasi Muhojir xuddi shu jangda, biroq Ali tarafida turib jang olib borgan va halok boʻlgan[4]. 658 yoki 659-yillarda Azru yoki Dumat al-Jandalda Ali va Muoviya vakillari oʻrtasida boʻlib oʻtgan keyingi muzokaralarda Abdurrahmon arbitraj hujjatiga guvoh boʻlish uchun ikkinchi fraksiyadagilar qatorida boʻlgan[5].

Abdurrahmon 661-yilda Muoviya xalifaligi davrida Jund-Hims hokimi lavozimini davom ettirgan[1]. 664 yoki 665 va 665 yoki 666-yillarda Onadoʻli jabhasida Vizantiyaga qarshi qishki yurishlarga boshchilik qilgan[6]. Islomiy manbalariga koʻra, Muoviya oʻgʻli Yazid I ni oʻz vorisi etib tayinlash niyatida boʻlgan, biroq Abdurrahmon ularning hukmronligiga tahdid sola boshlaganligi sabab Muoviya oʻgʻliga Abdurrahmonni oʻldirtirishini buyurgan[3]. Abdurrahmon Xolid ibn Validning omon qolgan soʻnggi oʻgʻli boʻlib, obroʻli shaxsning vorisi ekanligi, shuningdek, vizantiyaliklarga qarshi kurashda oʻzining jasorati va samaradorligi sabab suriyalik arablar unga mehr qoʻygan[6]. Muoviya 666-yilda Vizantiya yurushidan Himsga qaytganida, oʻzining nasroniy tabibi Ibn Utal Abdurrahmonni zaharlagan[3]. Keyinroq tabib Abdurrahmonning qarindoshi, oʻgʻli yoki ukasi Muhojirning oʻgʻli Xolid tomonidan oʻldirilgan[4]. Shundan soʻng, Muoviya Xolidni Ibn Utalni oʻldirganligi bois qamoqqa olgan va shu yoʻl orqali oʻzini himoyalagan[3]. Asosan, Hijozda (Gʻarbiy Arabiston) toʻplangan nufuzli Banu Maxzum urugʻi vakillari va Muoviya oʻrtasidagi munosabatlar Abdurrahmonning zaharlanishi iddaosi natijasida yomonlashadi[4]. Sharqshunos tarixchi Henri Lammens oʻsha paytdagi Himsdagi nasroniylarga qarshi zoʻravonliklarga oid maʼlumotlarning ishonchliligiga shubha bildiradi[3]. Abdurrahmonning oʻgʻli Xolid 668 yoki 669-yillarda vizantiyaliklarga qarshi dengiz yurishida qoʻmondonlik qilgan[7].

The Khalid ibn al-Walid Mosque in Homs, where Abd al-Rahman is believed to have been buried

Xolid ibn Validning avlodi, yaʼni Abdurrahmonning qirq nafarga yaqin erkak avlodi Damashq xalifaligi davrining oxirlarida (661-750) Suriyada tarqalgan vabo natijasida halok boʻlgan[4]. Abdurrahmon Himsda otasi va otasining ayollaridan biri Fadda yoniga dafn etilgan[8]. 1908-yilda Suriyadagi Usmonli imperiyasi vakillari kamida 12 asrdan buyon daʼvo qilingan joy atrofida Xolid ibn al-Valid masjidini qurdirganlar[8].

Abdurrahmon ibn Xolid ibn al-Valid hadislarni mursal tarz­da rivoyat qilgan. Undan Xolid ibn Salama, az-Zuhriy, Amr ibn Qays ash-Shomiy, Yahyo ibn Abu Amr as-Sayboniy va Abu Xozinlar hadis rivoyat qilganlar[9].

Oʻzbekistondagi ikkita masjidga ushbu sahobaning nomi berilgan boʻlib, bular Toshkent shahridagi Xolid ibn Valid masjidi va Asaka shahridagi Xolid ibn Valid masjidlaridir.

  1. 1,0 1,1 1,2 1,3 1,4 1,5 Blankinship 1993.
  2. Humphreys 1990.
  3. 3,0 3,1 3,2 3,3 3,4 3,5 Gibb 1960.
  4. 4,0 4,1 4,2 4,3 4,4 Hinds 1991.
  5. Hawting 1996.
  6. 6,0 6,1 Morony 1987.
  7. Crone 1978.
  8. 8,0 8,1 Blackburn 2005.
  9. Ислом энциклопедияси (oʻzbekcha,), 2020-yil. ISBN 978-9943-59-267-4.