Kontent qismiga oʻtish

Oʻzbek yozuvi islohoti

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Bugungi kungacha oʻzbek alifbosi yoki imlo qoidalarini isloh qilish boʻyicha bir qancha takliflar ilgari surilgan.

VIII-IX asrlar oraligʻida oʻzbeklarning ajdodlari qadimgi uygʻur, xorazm va Oʻrxun-Enasoy yozuvlarini qoʻllagan. Oʻrta Osiyo arablar tomonidan egallanganidan soʻng, arab alifbosi isteʼmolga kirdi.1928-1940-yillarda lotin alifbosi amalda boʻlib, 1940-yilda sobiq Ittifoqdagi boshqa koʻplab tillar singari oʻzbek tili ham kirill yozuviga oʻtkazildi.[1] Oʻzbekiston mustaqil boʻlganidan keyin, 1993-yilda lotin alifbosiga qaytildi.

Eski oʻzbek yozuvi

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Eski oʻzbek yozuvi arab grafikasiga asoslangan boʻlib, u quyidagi harflarni oʻz ichiga olgan: ى ﻩ و ن م ل ک ق ف غ ﻉ ﻅ ﻁ ﺽ ﺹ ش س ژ ز ر ﺫ د خ ﺡ چ ﺝ ت ﺕ پ ب آ ا. XIX asrda /g/ tovushi uchun گ hamda /ŋ/ tovushi uchun ڭ harflari kiritilgan.[1] Biroq oʻshanda oʻzbek yozuvining aniq meʼyorlari boʻlmagan va turli nashrlar har xil imlo qoidalaridan foydalanishgandi. Qoʻqonlik maʼrifatchi Ashurali Zohiriy oʻzining 1916-yilda nashr etilgan „Imlo“ darsligida shunday deydi:

Bizning hozirgi (eski) imlomizda qoida degan narsa aslo rioya etilmagʻonligidan har kim oʻzicha qanday yozmoqni xohlasa, oʻshanday yoza bergʻon; bu adabiyotimizning kengayishiga sad boʻlib, yoshlarimizning qiynalishidan boshqa ajnabiy millatlarning qoshida tilimizning masxara qildirib, madaniy tillarga baho qoʻygʻonda, qimmati hech boʻlishiga sabab boʻldik. Shunga binoan bul „Imlo“ risolasini yozdim. Eng zarur qoidalarni darj etdim… „hoye rasmiya“ni imlomizgʻa kirgʻizdim.. [2]

1919-yilda Toshkentda Fitrat boshchiligida til-imlo va adabiyot masalalari bilan shugʻullanuvchi toʻgarak-seminar - „Chigʻatoy gurungi“ jamiyati tashkil topadi. Bu haqda „Ishtirokiyun“ gazetasi shunday yozgan edi:

Toshkentda yosh buxoroliklarning faol aʼzolaridan Fitrat afandi ila oʻzbek yoshlari tarafidan „Chigʻatoy gurungi“ nom(li) yangi bir jamiyat tuzilgan. Milliy ishlar komissariati tarafindan tasdiq etilib ishka kirishkan. Bu jamiyatning maqsadi: Turkistondagi eski va yangi turkiy asarlarni jam qilib, turkiy tilini ixyo qiluv haqinda materiyol hozirlamok, lugʻat va adabiyot dunyosin boyitmoqdir".[3]

„Chigʻatoy gurungi“ jamiyati faoliyatida alifbo va imlo masalalari alohida oʻrin tutadi. Bunga quyidagi omillar sabab boʻlgan:

1) eski oʻzbek tilidagi 8-9, yangi oʻzbek tilidagi 6-7 unli fonema faqat 3 ta harf — ا (alif), و (vov), ي (yo) bilan ifodalangan;

2) ayrim harflar polifonemali grafema tarzida qoʻllangan: و (vov) harfi „v“ undoshini va „u“, „oʻ“ unlilarini (demak, uchta fonemani), ي (yo) harfi ham uchta fonemani — „i“, „e (ye)“ unlilarini va „y“ undoshini ifodalagan;

3) „t“ undoshi uchun ikkita harf — ت (te), ط (to); „s“ undoshi uchun uchta harf — ث (se), س (sin), ص (sod); „z“ undoshi uchun esa toʻrtta harf — ذ (zol), ز (ze), ض (zod), ظ (zo) qoʻllangan;

4) har bir harfning toʻrt xil shakli — soʻz boshida, oʻrtasida, oxirida yoki yolgʻiz holda qoʻllanadigan allograflari boʻlgan.

Bunday holat maorif-taʼlim ishlarida va yozuv amaliyotida qator qiyinchiliklarni yuzaga keltirgan, ravon oʻqish koʻnikmalarining shakllantirilishiga halaqit bergan. „Chigʻatoy gurungi“ jamiyati ayni shu qiyinchiliklarni hisobga olib, alifbo va imlo muammolari bilan shugʻullanishga majbur boʻlgan. Jamiyatning „Imlo toʻdasi“ aʼzosi Elbek tomonidan „Bitik yoʻllari“ kitobchasi yaratiladi, unda arab yozuvini oʻzbek tili tovushlari tizimiga moslashtirish lozimligi aytiladi, shu maqsadda alifboga „u“ unlisi uchun, „oʻ“ unlisi uchun), „o“ unlisi uchun, „a“ unlisi uchun, „i“ unlisi uchun, „e“ unlisi uchun harflarini kiritish tavsiya etiladi.[4]

1920-yilning 18-sentabrida matbuotda eʼlon qilingan „Imlo masalasi“ nomli maqolasida Elbek (Mashriq Yunusov) shunday deydi:

Eski imlo atagʻon imlomiz burun choqlardan beri bir yoʻsunsiz, negizsiz yozilib kelmakda boʻlgʻon bir imlodurkim, buning bilan bir narsani ochiq onglov juda qiyindir. Chunki bir soʻzni bir necha turli oʻqimoq mumkin boʻlgʻonlikdan kishi koʻb yanglishadir… Demak, eski imlo yoʻlsizligi uchun tashlanmoqdan boshqa chora qolmaydir.[5]

Shuningdek, Elbek alifboda faqat arab-fors oʻzlashmalarida qoʻllaniladigan va turkiy soʻzlarda uchramaydigan harflar borligi yozuvni oʻrganish uchun qiyinchilik tugʻdirishini aytadi:

Goʻyo ularning tutqon qoidalarida yozmoq uchun yosh bolalarning ham turkcha, arabcha, forscha soʻzlarni oyraturgʻon boʻlmoqlari kerak boʻladur. Oʻzbek tilini yaxshi anglamagan yosh bolalar uchun bu yoʻlning qiyin ekanligi oʻz-oʻzidan anglashilib turadir. Shuning uchun toʻgʻridan-toʻgʻri yot harf degan shul toʻqqiz harflarni butunlay oradan chiqarib, qoʻnoqlarga ham turkcha kiyim kiyintiru va olarga turkcha odat (qiliq)larni tushuntiru kerakdir. Bu choqda bizning imlodagi yoʻl bir daraja qulaylashqon boʻladur.[5]

1921-yilning 1-5-yanvarida Toshkentda birinchi oʻlka oʻzbek tili va imlosi qurultoyi boʻlib oʻtadi. Unda quyidagi masalalar koʻriladi:

1) harf va imlo masalasi;

2) adabiyot masalalari;

3) Maorif komissarligi yonida „Ilmiy hay’at“ tuzish masalasi.

Harf (alifbo) va imlo masalalari boʻyicha Fitrat, Ashurali Zohiriy va Botu (M. Hodiyev) maʼruzalari tinglanadi.[4]

Fitrat:

Uzun soʻzning qisqasi: yozumiz qoidasiz, imlomiz buzuqdir. Eski yozumizda bu qadar qiyinlik, buzuqliklar bor ekan, biz hukumatimizning maorif programmasidan boshqa millatlar qatorida foydalana olmaymiz, unlardan keyin qolamiz. Boshqalar bir yarim oyda savod chiqarsalar, biz yarim yilda chiqaramiz, boshqalar bir yarim oyda butun sinp bolalarining savodini chiqarsalar, biz yarim yilda bir sinp bolalarining yuzdan elliktasining ham savodini chiqara olmaymiz. Mana yangi imlochilarimizning mantiqi: bunlarni yangi imloga majbur qilgʻon sabablar shulardir… Yangi imlochilarimiz huzuringizga chiqib, oʻz asoslarini arz etdilar hamda aytalarkim: eski imlo blan yoxud eski imlosizlik blan savodsizlikni bitirish, blimni umumlashtirish mumkin emasdir. Savodsizlikni bitirmak istasalar qoidali boʻlgon asoslarimiz qabul etilsin![6]

Abdurauf Fitrat quyidagi amaliy takliflarni ilgari suradi:

  • 6 ta unlili imlo qabul qilish;
  • oʻzlashma soʻzlarni ham shu 6 ta unli bilan yozish;
  • har bir harf va har bir unli uchun maxsus shakl kiritish;
  • soʻzlarning ingichkaligi-qalinligi (unlilar uygʻunligi)ga eʼtibor berish;
  • har bir harfning 4 ta shaklidan faqat bittasi (bosh harf)ni qoldirish;
  • oʻzlashma soʻzlarni turkiy soʻzlar qaysi harflarda yozilsa, shu harflar bilan yozish.[7]

Ashurali Zohiriy oʻz nutqida Fitratning yot arabcha va forscha oʻzlashmalar yozilishini turkiy imloga moslash taklifiga eʼtiroz bildiradi:

… biz yot soʻzlarni oʻz harp va choʻzgimiz bilan yozsoq biz eng yaqin turgan totorlardan ham uzoqlashgon va musulmon olamidan ajragʻon boʻlamiz. Agar biz yangi imlo bilan dars berishga odatlanib turganda chet yerlarga (chunonchi, „Qashqar“ga) borsoq, onda muallimlik qilar boʻlsak, biz yozgʻonni hech kim oʻqiy olmaydir. Bu imloda yozu yozmoqchi boʻlsoq hech kim oʻqiy olmaydir. Bu imloda yozu yozmoqchi boʻlsak hech kim bilmaydir. Hozirgʻa qadar tuzilgan panni va adabiy kitoblarni oʻqiy olmaymiz. Shuning uchun bu toʻgʻrida mening pikrim: ajnabiy soʻzlarni oʻz xarpi bilan yozayliq. Mayli, olorni oʻz choʻzgimiz bilan ham yozaylik, lekin soʻngidan yana kavsayin orasida oʻz yozuvi blan koʻrsatilsun.[8]

Qurultoyda Botu lotin yozuviga oʻtish gʻoyasini ilgari surdi.[9]

Koʻpchilik ovoz bilan amaldagi (arabcha) harflarni ayrim tuzatishlar bilan saqlab qolish haqida qaror qabul qilinadi. Quyidagi oʻzgarishlar tasdiqlandi:

  • Alifbo 23 ta undosh va 6 ta unli uchun harflardan iborat boʻladi;
  • Har bir harfning faqat bir shakli (bosh harf) qoldiriladi;
  • Oʻzlashmalar turkiy soʻzlardagi harflar bilan yoziladi.[4]
Birinchi oʻlka oʻzbek tili va imlosi qurultoyi qatnashchilari[4]
Ism-sharifi Qaysi shahardan Tashkilot
1 Aʼloxoʻja Mansurxoʻjayev Samarqand Maorif shoʻbasi
2 Qoriahror Gʻoyibnazar Samarqand Maorif shoʻbasi
3 Maʼruf Mahmudiy Samarqand Maorif shoʻbasi
4 Ashurali Zohiriy Qoʻqon Maorif shoʻbasi
5 Salohiddin Majidiy Qoʻqon Maorif shoʻbasi
6 Nurulla Murodiy Kattaqoʻrgʻon Maorif shoʻbasi
7 Nurulla Sayfulla Kattaqoʻrgʻon Maorif shoʻbasi
8 Shukrulla Holmuhammad Mirzachoʻl Maorif shoʻbasi
9 Bahriddin Aziziy Oʻratepa Maorif shoʻbasi
10 Xayrulla Aliboy Xoʻjand Maorif shoʻbasi
11 Mamad Amin Avaz Xoʻjand Maorif shoʻbasi
12 Vavud Mahmud Jizzax Maorif shoʻbasi
13 Nizomiddin Ahmad Chorjoʻy Maorif shoʻbasi
14 Shamsiddin Naymiy Andijon Maorif shoʻbasi
15 Toʻraxon Rahmonberdi Avliyoota Maorif shoʻbasi
16 Vahob Murod Avliyoota Maorif shoʻbasi
17 Abdusami Qori Ziyaboy Toshkent (eski shahar) Maorif shoʻbasi
18 Akbarxoʻja Qosimxoʻja Toshkent (eski shahar) Maorif shoʻbasi
19 Saidullaqori Shomuhammad Toshkent (eski shahar) Maorif shoʻbasi
20 Nasrullaqori Qodiriy Toshkent (eski shahar) Maorif shoʻbasi
21 Miyon qozi Rahmonboqiyev Toshkent Maorif shoʻbasi
22 Nuriddin Karimiy Toshkent Imlo konferensiyasidan vakil
23 Abdulla Avloniy Toshkent Imlo konferensiyasidan vakil
24 Abdulla Ahmadiy Toshkent Eski shahar rastasidan
25 Hamid Sulaymon Toshkent Chigʻatoy gurungi
26 Abdulgʻani Yoqub Toshkent Chigʻatoy gurungi
27 Sanjar Siddiq Toshkent Chigʻatoy gurungi
28 Shahid Ahmad Toshkent Maorif komissarligi (dokladchi)
29 Tohir Fathulla Toshkent Maorif komissarligi
30 Shokirjon Rahimiy Toshkent Shahar maorif shoʻbasi
31 Mannon Ramziy Toshkent Shahar maorif shoʻbasi
Birinchi oʻlka oʻzbek tili va imlosi qurultoyiga maxsus chaqirilgan kishilar[4]
Ism-sharifi Qaysi shahardan Maqomi
1 Murodxoʻja Solihiy Toshkent
2 Abdurauf Fitrat Toshkent dokladchi
3 Elbek Toshkent
4 Saidali Usmon Toshkent dokladchi
5 Abduqayum Ramazon Toshkent
6 Mahmud Maqsud Toshkent
7 Shorasul Zunnun Toshkent
8 Majid Qodiriy Toshkent
9 Sadriddin Ayniy Samarqand kelmadi
10 Hoji Moʻyin Shukrulla Samarqand kelmadi
11 Ashurali Zohiriy Qoʻqon dokladchi
12 Husanxon Mahzum Andijon kelmadi

1923-yilning 9-10-oktabrida Buxoroda Oʻrta Osiyo oʻzbeklarining alifbo va imlo masalalariga bagʻishlangan birinchi konferensiyasi boʻlib oʻtadi. Konferensiya qaroriga koʻra alifbodan ث ح ذ ص ض ط ظ ع harflari chiqariladi.[10] Konferensiyada yangi alifbo bilan birga imlo qoidalari ham qabul qilinadi. Ular (aifbo va imlo) Turkiston Respublikasi Xalk Maorifi Komissarligi tomonidan 1923-yilning 18-oktabrida tasdiqlanib, 1929-1930-yillargacha (lotin oʻzbek grafikasiga toʻla oʻtgunga qadar) amalda qoʻllanib keladi.[1]

Lotin yozuvi (1928-1940)

[tahrir | manbasini tahrirlash]

1924-yilning 11-aprelida Maorif Xalq Komissarligida alifbo masalalariga bagʻishlangan maxsus majlis oʻtkaziladi. Unda Moskvadan yuborilgan lotin alifbosi (turkiy xalqlar uchun tavsiya etilgan loyiha) muhokama qilinadi.[11] Shu yilining oʻzida Y.D. Polivanov tomonidan lotin harflari asosida tuzilgan oʻzbek alifbosining yana bir loyihasi muhokama uchun eʼlon qilinadi. Loyiha tarkibi quyidagi 28 harfdan iborat edi: undoshlarni ifodalovchi harflar - в, c, d, f, g, y, h, z, j, k, l, m, n, ŋ, p, q, r, s, S, t, x, Z; unlilarni ifodalovchi harflar - ɔ, a, o, u. i, e.[12]

Shuningdek, 1924-yilda Yangi turk alifbosi komiteti raisi Samad ogʻa Ogʻamali oʻgʻli boshchiligidagi maxsus delegatsiya Toshkent, Simferopol, Orenburg, Ufa va Qozonda boʻlib, madaniyat va maorif xodimlari bilan til hamda alifbo masalalarini muhokama qilgan.[5]

1925-yilning birinchi yarmida Maorif Komissarligining ilmiy markazi qoshidagi oʻzbek qoʻmitasi majlisi boʻlib oʻtadi. Unda «Lotin alifbosi toʻgʻrisida matbuot vositasi blan mubohasa ochishga va umumiy fikrlar blan tanishmoqqa qaror beriladi».[13]

1925-yilning 29-30-noyabrida Samarqandda til mutaxassislari va oʻzbekshunoslar kengashi oʻtkaziladi. Unda til va istiloh (termin) masalalari boʻyicha Gʻozi Olim Yunusov, Y.D. Polivanov maʼruzalari tinglanadi. Kengashda quyidagi qaror qabul qilinadi[14]:

Bugun ishlatilmoqda boʻlgʻon imlomizning yetishmovchiliklariga qaramasdan aytish mumkinki, koʻp imlolardan mukammaldir. Bu imlo yetishmovchiliklarini bir imlo kengashi yigʻish bilan toʻddirish mumkindir. Shuning uchun-la boshqadan bir lotin harf va imlosi masalasini koʻtarish ortiqchadir.

Butun turk olamining koʻpchiligi tomonidan arab harflari asrlardan beri ishlatilib kelib, turklarning aksariyatining tarix va adabiyoti bilan bogʻlanganligini e’tiborga olib, biz turklar uchun arab harflarini olishni muvofiq topamiz

1926-yilning 26-fevral - 6-mart kunlari Bokuda turkologlarning Butunittifoq qurultoyi boʻlib oʻtadi. Qurultoyda sobiq ittifoqdagi turkiy respublikalar va viloyatlardan, shuningdek turkiy boʻlmagan boshqa respublikalardan kelgan 131 ta vakil qatnashadi, qurultoyning 17 ta yigʻilishida 38 ta maʼruza tinglanadi: N.F. Yakovlev (Rossiya), L.G. Jirkov (Rossiya), J. Mahmudzoda (Ozarbayjon), Olimjon Sharof (Tatarston), Nazir Toʻraqulov (Oʻzbekiston), U.D. Aliyev (Ozarbayjon), B. Berdiyev (Turkmaniston) va boshqalarning maʼruzalari.[15] Qurultoyda Qirgʻiziston, Dogʻiston, Shimoliy Kavkaz va Turkmaniston vakillari lotin yozuviga oʻtish taklifini maʼqullashgan boʻlsa-da, Tatariston vakillari arab yozuvida qolish istagini bildirishadi. Tataristonlik Olimjon Sharof arab alifbosi "yosh shoirlar va oʻqishni oʻrganayotgan yosh bolalar uchun qulay", "rus va lotin harflarida yozilgan kitoblarni oʻqish koʻzoynak taqishga majbur qiladi" degan gaplarni aytadi. Bu fikrlarga qolgan qatnashchilar eʼtiroz bildiradi. Oʻzbekiston vakili Bekjon Rahmon arab madaniyati, arab harflari va umuman arab taʼsiri natijasida "Oʻrta Osiyo xalqlarining umumiy madaniyat ishlarida boshqa madaniy xalqlardan necha yuz yillar keyinga qolgʻonliklarini, yangi oyoqqa bosib keladurgʻon yosh oʻzbek madaniyatining baynalxalq madaniyatga yaqinlashish maqsadila u eski ta’sirlardan ozod boʻlishqa tayyor ekanligini" aytib, Oʻzbekiston vakillari nomidan yangi turk (lotin) alifbosiga oʻtish taklifini maʼqullaydi.[16]

Qurultoyda koʻpchilik ovoz bilan (tarafdorlar - 101 ta, qarshilar- 7 ta) quyidagi qaror qabul qilinadi:

1. Qurultoy yangi turk (lotin) alifbosining arab alifbosidan, shuningdek isloh qilingan arab alifbosidan ham ustunligini va texnik jihatdan afzalliklarini, bu alifboning joriy etilishi benihoya katta madaniy-tarixiy va progressiv ahamiyatga molik boʻlishini qayd etgani holda, uni amalga kiritish, shu bilan bogʻliq chora-tadbirlarni belgilash ishlari har bir respublika va xalq uchun ixtiyoriydir deb hisoblaydi.

2. Qurultoy Ozarbayjonda, shuningdek SSSR ning ayrim respublika va viloyatlarida (Yoqutiston, Qirgʻiziston, Ingushetiya, Qorachay-Cherkessiya, Kabardin, Bolqor, Osetiya va Chechenistonda) yangi alifboning qabul qilinganligini, Boshqirdiston, Turkiston, Adigey-Cherkessiyada yangi alifboga oʻtish jarayoni ommaviy tus olganligini katta ijobiy harakat sifatida baholaydi, bu sohada amalga oshirilgan ishlarni qizgʻin tabriklaydi, ayni paytda qolgan turkiy-tatar va boshqa xalqlarni yangi alifbega oʻtishda Ozarbayjonda, boshqa Respublikalarda toʻplangan tajribalardan unumli foydalanishga da’vat etadi.[17]

Lotinlashtirishni davlat miqyosida muvofiqlashtirib turuvchi yagona markaz tuzish kerakligi qayd etiladi va bunday markaz tuzilgunga qadar shu sohaga oid ishlarni boshqarib borish Ozarbayjon Yangi turk alifbosi komitetiga (1922-yilning 21-iyulida Bokuda tashkil topgan) va uning raisi Samad Ogʻamali oʻgʻli zimmasiga yuklanadi.[5]

1926-yilning 19-21-mayida Samarqandda oʻzbek ziyolilarining alifbo muammolariga bagʻishlangan ilmiy kengashi boʻlib oʻtadi va kengash qaroriga binoan yangi alifbo loyihasi tuziladi, bu loyiha Oʻzbekiston Maorif xalq komissarligi tomonidan tasdiqlanadi.[14] Loyihada koʻrsatilgan 33 ta harfdan 10 tasi (A, a, ə, e, ө, ye, u, y, ь, i harflari) unli tovushlarni ifodalash uchun belgilangan, ruscha Г harfi «Gʻ» tovushi uchun, З harfi esa «SH» tovushi uchun, lotincha Z harfi «j» tovushi uchun, ŋ harfi esa «ng» tovushi uchun olingan. Bundan tashqari, loyihaga apostrof belgisi ham kiritilgan. Loyihada bosh harflar berilmagan, shu sababli A harfining kuchsiz lablangan «a° » unlisini ifodalashi («ota» soʻzining Ata deb yozilishi) nazarda tutilgan; a harfiga orqa qator lablanmagan «a» unlisini (qalam soʻzida), ə harfiga old qator «a» ni (kəttə soʻzida), ь harfiga orqa qator, yoʻgʻon «i» unlisini (qьz soʻzida), i harfiga old qator, tor, ingichka «i»ni (kir soʻzida), e harfiga oʻrta keng lablanmagan «e» unlisini (sen soʻzida), y harfiga esa «uv» diftongini (sy - «suv», qy- «quv» soʻzlarida) ifodalash vazifasi yuklangan.[14]

1926-yilning 10-iyunida Oʻzbekiston Ijroiya Shoʻrolar Jumhuriyati Kengashining 1-chaqiriq 4-sessiyasi boʻlib oʻtadi. Unda yangi alifboga oʻtishni rejali ravishda amalga oshirish maqsadida Ijroiya Kengash huzurida Oʻzbekiston Yangi Alifbe Markaziy Qoʻmitasini tashkil etish toʻgʻrisida qaror qabul qilinadi, shu qarorga koʻra Yangi Alifbe Markaziy Qoʻmitasining 44 kishidan iborat quyidagi tarkibi ham belgilanadi: I. Oxunboboyev (Rais), R. Inomov (Rais muovini), Moʻmin Xoʻjayev (Rais muovini), A. Ikromov, Fayzulla Xoʻjayev, Poʻlatov, A. Mavlonbekov, Rizayev, Inoyatov, Nazarov, Burxonov, Nazirqulov, Burnashev, Alimov, Elbek, Hamidxonov, Majidov, Odiliy, Qoriyev, Karimov, Rahmatullayev, Abdujabborov, Xoʻja Moʻmin, Tojiyev, Ramziy, Karimov, Azimov, Oxunov, Zohirov, M. Alimov, Holmurodov, Sadriy, Mavlonbekov, Shirinov, Roʻziboyev, Dilovarxonov, Masaidov, Boltayev, Bekjon Rahmonov, Fitrat, D. Alimov, A. Qodiriy, Runbayev.[18]

1926-yilning 11-avgustida Samarqandda Oʻzbekiston Ilmiy Markazining maxsus majlisi chaqiriladi. Unda lotin grafikasiga asoslanib tuzilgan alifboning yangi loyihasi koʻriladi. Loyihada unlilar uchun 12 ta shakl olingan boʻlib, shulardan 10 tasi juft, 2 tasi toq unlilarni ifodalash kerak edi: a - ä, o - ö, u - ü, i - ï, iy - ïy (yoʻgʻonlik va ingichkalik bilan farqlanadigan juft unlilar uchun); e, uv (juftsiz, toq unlilar uchun). Undoshlar uchun belgilangan harflarning 18 tasi dastlabki loyihada qanday boʻlgan boʻlsa, shunday qoldirilgan, qolgan 5 tasi oʻzgartirilgan: j (portlovchi "j" tovushi uchun), y ("yuk" soʻzidagi Y uchun), ƣ (gʻ uchun), Š (sh uchun).

1926-yilning 27-29-avgustida Samarqandda ilmiy kengash boʻlib oʻtadi. Unda shu yilning may oyida boʻlgan kengash va 11-avgustdagi ilmiy markaz loyihalari atroflicha tekshirilib, quyidagi qaror qabul qilinadi. Unlilar uchun harflar: a - Ə, o - ө, u - y, i - Ь, e. Undoshlar uchun: ƣ (hozirgi Gʻ), g, h, j (hozirgi Y), q, k, L, m, v, x, Z, b, c (hozirgi CH), Z (hozirgi portlovchi J), d, f, n, ŋ, p, r, S, З (hozirgi SH), t. Chet soʻzlarining aytilishini saqlash uchun apostrof (ʼ) qabul qilindi: məsʼul, məʼlum.[19]

1926-yil sentabrida imlo qoidalari ham qabul qilinadi. Ularda shunday deyiladi[20]:

Imloda iki usul blan foydalanish mumkin: savtiy (funetiq) ham sarfiy (etimuluyi) usul. Savtiy usulda asos eshitilishicha yozish boʻlib, sarfiy usulda asos - sarfiy qoʻshmachadirlar. Bizning tilimizda bir qancha shevalar boʻlgʻonidan ta’lim-tarbiya ishlarida yengillik uchun har iki usuldan ham foydalanishga qaror berildi. Soʻzning tomiri eshitilgancha yoziladir. Qoʻshmachalar sarfiy usul blan yoziladir. Bularning haqqida izohat va misollar quyida yozilgandir...

1926-yilning 16-oktabrida Oʻzbekiston Shoʻrolar Jumhuriyati Markaziy Qoʻmitasi oʻzining 88-sonli qarori bilan Yangi Alifbo Markaziy va Mahalliy qoʻmitalari nizomini tasdiqlaydi. Bu nizomda Markaziy va mahalliy qoʻmitalar strukturasining huquq va vazifalari belgilanadi.[21]

1927-yilning 28-29-mayida Samarqandda oʻzbek, qozoq va qirgʻiz jumhuriyatlari vakillarining birlashgan kengashi boʻlib oʻtadi, unda Oʻrta Osiyo turkiy xalqlari uchun umumiy boʻlgan alifbo ishlab chiqiladi.[22]

1927-yilning 1-iyunida Bokuda sobiq SSSR ning Yangi Turk Alifbosi Markaziy Qoʻmitasi (ВЦК НТА) oʻzining birinchi plenumini oʻtkazadi. Plenumda lotin grafikasi asosida tuzilgan birlashgan turk alifbosi qabul kilinadi. Bu loyiha quyidagi 33 ta harf va tutuq belgisini oʻz ichiga oladi (oʻng tomonda bosh harf, chap tomonda kichik harf koʻrsatilgan): a α, B в, C c (hozirgi CH), Ç ç (hozirgi portlovchi J), D d, E e, Ə ə, f f, G g, Ƣ ƣ (hozirgi Gʻ), h h, İ i, J j (hozirgi Y), K k, L l, m m, n n, ŋ ŋ (hozirgi NG), O o (hozirgi Oʻ), Ө ө, P p, q q, r r, S s, Ş ş, t t, u u, V v, X x, Y Y (yumshoq U), Z z, Z z, b b, apostrof ʼ.[23]

1928-yilning 17-yanvarida Oʻzbekiston Markaziy Ijroiya Qoʻmitasi hayʼati rayosatining majlisi boʻlib oʻtadi, unda Yangi Alifbo Markaziy Qoʻmitasining yangi tarkibi belgilanadi. Bu tarkibga Y. Oxunboboyev (rais), Ramz (rais muovini), Tojiyev, Oxundiy, Ikromov, Fayzulla Xoʻjayev, Inoyatov, Botu, Qoshimov, Bosit Qoriyev, Yusupov, Nazirqulov, Shirinov, Hoji Moʻmin, Elbek, Vayis Raximiy, Olimjon Orif, Ismoil Sadriy, Bekjon Rahmonov, Abdurauf Fitrat,Gʻozi Olim, Qayum Ramazon, Ahmadjan Yoqubov, Devonov, Hamid Gʻoziyev, Samiʼ Qosimov, Shodiyeva, Iso Xoʻjayev, Niyozova, Nabi Qodirov, Olimjonov, Otaullayev, Homidov, Nizomboyev, Tohirbekov, Abdulla Xoʻjayev, Hojimatov, Umarov, Rahimboyev, Husan Karimiy, Abdujabborov Uygʻur kiritiladi. Yangi Alifbo Qoʻmitasi rayosatining hayʼati Oxunboboyev, Ramz, Tojiyev, Oxundiy, Botu, M.Shirinov va Orif Olimjonovdan tarkib topadi.[24]

1928-yilning 7-martida Oʻzbekiston Markaziy Ijroiya Qoʻmitasi yangi oʻzbek alifbosini davlat alifbosi deb tan oladi.[25]

1928-yilning baрorida «Maorif va oʻqitgʻuchi» jurnalining 3-sonida Abdurauf Fitratning «Imlo konferensiyasi munosabati bilan» nomli maqolasi chop etiladi. Unda Fitrat lab ohangi va tovush ohangi (singarmonizm)ga tobe boʻlmagan soʻzlarni aniq belgilab chiqishni taklif etadi.[26]

1929-yilning 15-23-mayida Samarqandda Respublika til-imlo konferensiyasi boʻlib oʻtadi. Unda asosan 3 ta masala - adabiy til, istiloh (termin) va imlo masapalari koʻriladi. Konferensiya singarmonizmli qishloq shevalarining xususiyatini, shuningdek oʻzbek tilining boshqa turkiy tillar bilan uygʻunligini taʼminlash zaruratini hisobga olib, adabiy tilning 9 unliga asoslanishini, shunga muvofiq alifboda ham unli tovushlar uchun 9 ta harf boʻlishini maʼqul deb topadi hamda shu meʼyorlarga tayanib tuzilgan imlo qoidalari loyihasini tasdiqlaydi. Shuningdek, alifboga bosh harflar qoʻshildi va harflarning alifbodagi tartibi belgilandi.[14]

1929-yilning 7-avgustida SSSR hukumatining yangi alifboni amalga kiritish toʻgʻrisidagi qarori eʼlon qilinadi.

1929-yilning 10-avgustida Oʻzbekiston Xalq maorifi komissarligi kollegiyasining yigʻilishi boʻladi. Unda may oyida Samaraqandda boʻlib oʻtgan til-imlo konferensiyasi tavsiya qilgan yangi imlo qoidalari tasdiqlanadi.[1]

1934-yilning yanvarida Toshkentda Respublika qurultoyi oʻtkaziladi. Qurultoyda alifbodan 3 ta harf (ө, у, ь) chiqariladi: «ө» va «o» oʻrnida bitta «o» ning, «у» va «u» oʻrnida bitta «u» ning, «i» va «ь» ning oʻrnida bitta «i» ning qoʻllanishi qoidalashtiriladi, shu asosda unlilar sonini 9 tadan ( a - ə, o - ө, u - у, ь - i, e dan ) 6 taga ( a, ə, o, u, i, e ) keltirish haqida qaror qabul qilinadi; alifbo quyidagi tarkibda tasdiqlanadi: a, в, c, ç, d, e, ə, f, g, ƣ, h, i, j, k, l, m, n, ŋ, o, p, q, r, s, ş, t, u, v, x, z, z, ’ (apostrof).

Alifbodagi «ə» harfining vazifa doirasi ancha qisqartiriladi: bu harf shaklan bir-biriga yaqin (oʻxshash), ammo maʼnosi har xil soʻzlarni farqlash kerak boʻlgan oʻrindagina ishlatilishi nazarda tutiladi: bəs («yetarli», «boʻldi») - bas («bosmoq» feʼlining buyruq maylidagi shakli), sən («sen») - san («miqdor son»), ənə (koʻrsatish olmoshi) - anə («ona») kabi. Boshqa barcha holatlarda «a»ning oʻzigina ishlatiladi.[1] Respublika qurultoyida alifbo va imloga kiritilgan bu oʻzgarishlar shu yilning oʻzida Oʻzbekiston Jumhuriyati Markaziy Ijroiya Qoʻmitasi Prezidiumining maxsus qarori bilan tasdiqlanadi.[27]

1938-yilning 9-dekabrida lotin grafikasidagi oʻzbek alifbosi va imlosini qayta koʻrish va takomillashtirish boʻyicha shu yilning boshlarida tuzilgan mualliflar guruhi (A.K. Borovkov, Olim Usmonov, Faxri Kamolov, Barot Avizov) tomonidan tayyorlangan «Oʻzbek tilining yangi orfografiyasi proyekti» matbuotda muhokama uchun eʼlon qilinadi. Loyihada imlo qoidalaridan tashqari, alifbo ham koʻrsatilgan boʻlib, uning tarkibiga quyidagi oʻzgarishlar kiritilganligi maʼlum boʻladi:

1) «ə» harfi alifbodan chiqarilgan, uning vazifasi «a» harfiga yuklangan;

2) kuchsiz lablangan quyi keng [ɔ] unlisi uchun alifboga usti chiziqli «ā» harfi kiritilgan;

3) alifbodagi harflar tartibi qisman oʻzgartirilgan: ç, q, ƣ, h, ŋ harflari alifbo oxiriga olingan.

Loyihaning imlo qoidalariga oid qismida quyidagi oʻzgarishlar borligini koʻramiz:

1) -gan/-ƣan, -gac/-ƣac, -gunca/-ƣunca, -ga/-ƣa, -mak/-māq, -rak/-rāq kabi juft (ingichka va yoʻgʻon) qoʻshimchalardan faqat bittasi (-gan, -gac, -gunca, -ga, -māq, -rāq variantlari) imlo uchun standart shakl tarzida belgilanib, kolganlari grafik tizimdan chiqarilgan;

2) kşi (kishi), pçaq (pichoq) kabi soʻzlarning birinchi boʻgʻinida qisqa «i» ning yozilishi (kişi, piçāq kabi), jāzuci (yozuvchi), toquci (toʻquvchi) soʻzlari tarkibidagi -uci qoʻshimchasi tarkibida «V» tovushining orttirilishi (jāzuvci, toquvci kabi), ruscha oʻzlashmapar tarkibidagi -cheskiy qoʻshimchasi oʻrnida -tik yoki -ik qoʻllanishi (sotsialisticheskiy oʻrnida sotsialistik, texnicheskiy oʻrnida texnik yozilishi) qoidalashtirilgan.[28]

Kirill yozuvi

[tahrir | manbasini tahrirlash]

1935-yilning 1-iyunida SSSR Markaziy Ijroiya Komiteti Prezidiumida Butunittifoq Yangi Alifbe Markaziy Komiteti (ВЦКНА)ning faoliyati masalasi koʻriladi. Unda RSFSR da yashovchi va avvaldan rus grafikasi asosidagi yozuvda ish koʻrib kelgan bir qator xalqlarning yozuvlari lotin grafikasiga koʻchirilganligi qoralanadi.[5]

1936-yilning avgust oyida RSFSR tarkibidagi avtonom respublikalar Xalq Maorifi Komissarliklarining birinchi Butunrossiya kengashi boʻlib oʻtadi, unda Butunittifoq Yangi Alifbe Markaziy Komiteti (ВЦКНА) ning Rossiya avtonom respublikalari va oʻlkalariga berayotgan yordami qoniqarsiz deb topiladi. Rossiyaning shimolida yashovchi xalqlarning yozuvlarini rus alfavitiga koʻchirish maqsadga muvofiqligi taʼkidlanadi.[5]

1936-1938-yillarda RSFSR tarkibida yashovchi 30 ga yaqin xalqning (abazin, avar, adigey, bolqor, buryat, dargʻin, yoqut, ingush, cherkas, koryak, lak, lezgin, nanay, nenes, noʻgʻay, oltoy, osetin, tatar, xakas, chechen, chukcha, shor, even (tungʻus), evenk (lamut), eskimos, qorachoy, qrimtatar, qoʻmiq xalqlarining) yozuvlari rus grafikasi tizimiga koʻchiriladi.[29]

1938-yilning boshida rus grafikasi asosidagi oʻzbek alifbosi va orfografiya qoidalarini tuzish ishi A.S. Pushkin nomli Til, adabiyot va tarix institutining lingvistika sektori planiga kiritiladi, uni bajarish esa F. Kamolov, O. Nosiroova va Z. Maʼrufovlarga topshiriladi.[30]

1938-yilning 12-dekabrida A.S.Pushkin nomli Til-adabiyot va tarix institutining ilmiy kengashida Olim Usmonov oʻzbek adabiy tili va orfografiya masalalari boʻyicha qilingan ishlar yuzasidan hisobot beradi. Hisobot jarayonida yozuvni rus grafikasi asosidagi yangi alifboga koʻchirish haqida takliflar yangraydi.[31]

1939-yilning 13-oktabrida Toshkentda (Hukumat uyining majlislar zalida) poytaxt ziyolilarining shahar partiya komiteti tomonidan uyushtirilgan yigʻilishi boʻladi. Unda rus grafikasi asosidagi yangi oʻzbek alifbosiga koʻchish masalasi koʻriladi. Majlisda Usmon Yusupov, Yoʻldosh Oxunboboyev, A. Abdurahmonov, Poʻlatov, Storojev, Fedotov, Isamuhamedov, professor Brodskiy, Qori Niyozov, professor A.K. Borovkov va yana bir qator ziyolilar (fan va sanʼat xodimlari, matbuot vakillari, yozuvchi va shoirlar, maorifchilar) qatnashadi.[4]

1939-yilning 22-oktabrida Oʻzbekiston Xalq Komissarlari Soveti Raisining oʻrinbosari Qori Niyozov huzurida rus grafikasi asosidagi yangi oʻzbek alifbosining loyihasini muhokama qilishga bagʻishlangan yana bir muhim kengash boʻlib oʻtadi. Kengashda A.S. Pushkin nomidagi Til va adabiyot ilmiy tekshirish instituti xodimlari, Toshkent tilchilari, matbuot, nashriyot xodimlari ishtirok etadi. Kengashda Faxri Kamolov loyiha haqida doklad qiladi. Muzokaraga chiqqan oʻrtoqlar loyihani asosan maʼqullab, uni tezroq omma muhokamasiga qoʻyish va joriy qilish zarurligini aytishadi, shu munosabat bilan loyihani yaqin orada respublika matbuotida keng muhokama uchun eʼlon qilish lozim deb topiladi.[32]

1939-yilning noyabrida respublika matbuotida «Rus grafikasi asosida tuzilgan yangi oʻzbek alifbesi»ning Pushkin nomidagi Til va adabiyot instituti tomonidan tayyorlangan loyihasi muhokama uchun eʼlon qilinadi. U quyidagi harflarni oʻz ichiga oladi: Аа, Бб, Вв, Гг, Дд, Ее, Жж, Зз, Ии, Йй, Кк, Лл, Мм, Нн, Оо, Пп, Рр, Сс, Тт, Уу, Фф, Хх, Цц, Чч, Шш, Щщ, Ъъ, Ыы, Ьь, Ээ, Юю, Яя, Өө, Ҷҷ (hozirgi portlovchi J), Ққ, Ғғ, hh, Ӊӊ.[33]

1940-yilning 26-martida SSSR Fanlar Akademiyasi O‘zbekiston filialining majlislar zalida yangi o‘zbek alfaviti va orfografiyasi masalalariga bag‘ishlangan Respublika ilmiy kengashi ochiladi. Unda quyidagi qarorlar qabul qilindi:

1) Ы va Щ harflari o‘zbek tilida kam qo‘llanadigan tovushlarni ifodalagani uchun alifbe tarkibidan chiqarilsin;

2) portlovchi «j» tovushi uchun belgilangan diakratik belgili Ҷ harfi diakritik belgili Җ bilan almashtirilsin;

3) bo‘g‘iz undoshi lotincha h bilan emas, diakritik belgili ruscha Ҳ bilan ifodalansin;

4) «o» va «u» unlilari orasidagi tovush fita (Ө) bilan emas, ustida qisqalik belgisi bo‘lgan У harfi bilan ifodalansin;

5) Ё mustaqil harf sifatida berilsin.[34]

1940-yilning 5-mayida O‘zbekiston Oliy Sovetining I chaqiriq III sessiyasi ochiladi. Sessiyaning 7-maydagi yigʻilishida deputat Qori Niyozov «O‘zbek yozuvini lotinlashtirilgan alifbedan rus grafikasi asosidagi yangi o‘zbek alifbesiga ko‘chirish haqida» doklad qiladi. Ma’ruzachi loyihaning yangi varianti shakllantirilganligini, bu loyiha 35 harfni o‘z ichiga olganligini aytadi: Аа, Бб, Вв, Гг, Дд, Ее, Жж, Зз, Ии, Йй, Кк, Лл, Мм, Нн, Оо, Пп, Рр, Сс, Тт, Уу, Фф, Хх, Цц, Чч, Шш, Щщ, Ъъ, Ыы, Ьь, Ээ, Юю, Яя, Ўў, Ққ, Ғғ, Ҳҳ.[35]

  1. 1,0 1,1 1,2 1,3 1,4 S. I. Ibragimov. Uzbekskiy alfavit i voprosi ego sovershenstvovaniya // Voprosi sovershenstvovaniya alfavitov tyurkskix yazikov SSSR. — M.: Nauka, 1972. — S. 157—173.
  2. Ashurali Zoxiriy. Imlo — Qozon: „Umid“ tipo-litografiyasi. 1916 — V 3
  3. "Chigʻatoy gurungi. Ishtirokiyun — 1919, 4-fevral (№ 66).
  4. 4,0 4,1 4,2 4,3 4,4 4,5 H. Jamolxonov, Q. Sapayev. Imlo muammolari. — Toshkent davlat pedagogika universiteti, 2007
  5. 5,0 5,1 5,2 5,3 5,4 5,5 Elbek. Imlo masalasi. Ishtirokiyun. — 1920 — 18-sentabr. № 192. Manba xatosi: Invalid <ref> tag; name ":1" defined multiple times with different content
  6. 1921-yil yanvarida boʻlgʻon birinchi oʻlka oʻzbek til va imlo qurltoyining chiqargʻon qarorlari. — T: Turkiston Jumhuriyatining davlat nashriyoti, 1922.- B. 13-16.
  7. 1921-yil yanvarida boʻlgʻon birinchi oʻlka oʻzbek til va imlo qurltoyining chiqargʻon qarorlari. — T: Turkiston Jumhuriyatining davlat nashriyoti, 1922.- B. 16.
  8. 1921-yil yanvarida boʻlgʻon birinchi oʻlka oʻzbek til va imlo qurltoyining chiqargʻon qarorlari. — T: Turkiston Jumhuriyatining davlat nashriyoti, 1922.- B. 19-20.
  9. 1921-yil yanvarida boʻlgʻon birinchi oʻlka oʻzbek til va imlo qurltoyining chiqargʻon qarorlari. — T: Turkiston Jumhuriyatining davlat nashriyoti, 1922.- B. 22
  10. Туркистон Жумҳурияти маориф комиссарлигининг Туркистон ўзбекларининг имлолари тўғрисидаги берган буйруғи. - 1923 йил. 18 октябрь. № 18 - Тошкент. 1923 // Сб: Вопросы соеершенствования алфавитов тюркских языков СССР - М Наука, 1972 - с. 160
  11. Йўлдош Абдуллаев. Мозий ва янги алифбо. // Ўзбекистон овози. - 1995 йил 25 январь
  12. Е.Д. Поливанов. Проект латинского шрифта узбекской письменности. // Бюллетень 1-го Средне-Азиатского Государственного университета - Ташкент, 1924, № 6, - с. 158
  13. Илмий марказда. Лотин алифбоси масаласи. // Маориф ва ўқитғучи. - 1925, №4 - б. 76.
  14. 14,0 14,1 14,2 14,3 Фахри Камол. Ўзбек орфографияси: Филология фанлари номзоди диссертацияси. - Тошкент, 1946 - б. 3-4
  15. Первый Всесоюзный тюркологический съезд, 26 февраля - 5 марта 1926 г. Стенографический отчет. - Баку, 1926
  16. Усмон М. Туркиёт қурултойида алифбо масаласи. // Маориф ва ўқитғучи - 1926, № 3. - Б. 30- 31
  17. Ф. Агазаде, К. Каракашлы. Очерки по истории развития движения нового алфавита и его достижения. - Казань, 1928. - с. 78-79
  18. Постановление 4-сессии ЦИК Советов УзССР 1-го созыва "О необходимости введения ново-узбекского (латинского) алфавита, об образовании Комитета по введению ново- узбекского алфавита" // Центральный Архив АН Республики Узбекистан, фонд № 4, опись № 2. ед. хр. 14 - с. 1-3
  19. Маориф ва ўқитғучи, 1926. №7-8 - Б. 41-42
  20. Маориф ва ўқитғучи, 1926. №7-8 - Б. 43-46
  21. Центральный Архив АН Республики Узбекистан, фонд № 4, опись №2, ед. хр. 14. - с. 6-8
  22. Ғози Олим. Ўрта Осиё туркларининг янги апифбоси. // Маориф ва ўқитғучи - 1927. - № 6, б. 39-40
  23. Исаев М.И. Языковое строительство в СССР - М.: Наука. - 1979. - с. 71
  24. Янги алифбе Марказий қўмитасининг янги состави. // Маориф ва ўқитғучи, 1928 - № 2, б. 64
  25. По докладу о пятилетнем плане введения нового узбекского (латинского) алфавита. // Центральный Архив АН Республики Узбекистан, фонд № 4, опись № 2, ед. хр. 14 - с. 14-16.
  26. Фитрат. Имло конференцияси муносабати билан. // Маориф ва ўқитғучи, 1928 - № 3, б. 6-7
  27. Ўзбек тилининг бирлашган имлоси тўғрисида 1-имло ва терминология қурултойи резолюцияси ва ЎзССР МИҚ қарорлари. - Т.: Қизил Ўзбекистон, 1934. - б. 27
  28. Ўқитувчилар газетаси. - 9 декабрь 1938.
  29. Р.С. Гиляревский, В.С. Гривнин. Определитель языков мира по письменностям. - М.: Наука, 1964. - с. 375
  30. Тематический план работ Института языка и литературы на 1939 г. // Центральный Архив АН Республики Узбекистан, фонд № 4, опись № 2, ед хр. № 32. - с. 87
  31. Протокол совещания научных работников УзНИИЯЛ им. А.С. Пушкина. // Центральный Архив АН Республики Узбекистан, фонд № 4, опись № 2, ед. хр, № 30. - с. 9-10
  32. Фахри Камолов. Рус графикаси асосидаги янги ўзбек алифбеси проекти ҳақида (1939 йилнинг 22 октябрида Ўзбекистон Халқ Комиссарлиги Совети Раиси ўринбосари Қори Ниёзов ҳузурида қилинган маъруза). // Қизил Ўзбекистон - 1939, 24 октябрь.
  33. Рус графикаси асосида тузилган янги ўзбек алифбеси (проект). // Ўқитучилар газетаси - 1939, 23 ноябрь.
  34. Стенографический отчет научной сессии, посвященной новой узбекской орфографии (проект). - 26, 27 и 28 марта1940 г. // Центральный Архив Республики Узбекистан, фонд № 4, опись № 1., ед хр №19 (инвенторь № 40) - с. 313-314
  35. Стенографический отчет 3-ей сессии Верховного Совета УзССР на узб. языке с приложением, т.6 // Центральный Государственный Архив Республики Узбекистан, ОФОР, фонд 2454. опись. ед. хр. 359, т.г. - с. 50-64; т2. сд. хр. 360 - с. 231-254; т. в. ед хр. 361 - с. 1-91.