Kontent qismiga oʻtish

Poʻlat Moʻmin

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Poʻlat Moʻmin
Tavalludi 24-dekabr 1922-yil
Vafoti 2-mart 2004-yil(2004-03-02)
(81 yoshda)
Toshkent
Fuqaroligi SSSR va Oʻzbekiston
Taʼlimi Toshkent Davlat pedagogika instituti (1944)
Kasbi shoir, yozuvchi, tarjimon
Unvoni Oʻzbekiston xalq yozuvchisi
Mukofotlari Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan sanʼat arbobi

Poʻlat Moʻmin (taxallusi; asl ism-sharifi Poʻlat Moʻminov) (1922.24.12 – Toshkent – 2004.2.3) — bolalar shoiri. Oʻzbekiston xalq yozuvchisi (1992). Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan sanʼat arbobi (1983). Dastlab pedagogika bilim yurtini (1939), soʻng Nizomiy nomidagi Toshkent pedagogika institutini tugatib (1944), oʻqituvchilik bilan shugʻullangan (1944–1947). "Lenin uchquni" gazetasida adabiy xodim (1948–50), Oʻzbekiston davlat nashriyotida boʻlim mudiri (1951–1952), respublika Yozuvchilar uyushmasida adabiy maslahatchi (1954–60), Madaniyat vazirligi qoshidagi Sanʼat ishlari boshqarmasida dramaturgiya boʻyicha bosh muharrir (1962–64).

Ilk sheʼrlar toʻplami – "Sayrang, qushlar" (1949). Shundan keyin uning "Tong kuylari" (1949), "Oltin boshoqdor" (1951), "Tish choʻtkasi ertagi" (1955), "Hunardan unar" (1958), "Toʻgʻri oʻsgan gul boʻlur" (1960), "Aql qayerda boʻlar" (1962), "Oltin nay" (1967), "Yaxshilarga oʻxshasam" (1975), "Rahmatga rahmat!" (1969), "Eson va Omon" (1973), "Ertaqdan ertakka" (1989), "Ertaklar yaxshilikka yetaklar" (1984), "Yurak zavqu dardlarim, aytar baytu fardlarim" (1993), "Bugʻdoy bobo" (1995), "Bolajon, bolajonim" (2003) va boshqa bolalarga bagʻishlangan sheʼr va ertaklardan iborat toʻplamlari, "Kul-di xiyol" (1964), "Gul va piyoz" (1971), "Qoʻshiq aytib" (1985) singari qoʻshiqlardan tashkil topgan kitoblari nashr etilgan. Poʻlat Moʻmin mumtoz oʻzbek adabiyoti anʼanalarini davom ettirib, gʻazal, tuyuq, fard janrlarida ham koʻplab asarlar yaratgan. Uning 500 dan ziyod qoʻshiqlari gʻazal janrida yozilgan. Poʻlat Moʻminning bolalar hayotidan olingan "Qovoqvoy bilan Chanoqvoy", "Suqatoy va Konfetvoy" (1970), "Bahodirning botirligi" (1972), "Ona bolam deydi, bola onam deydi" (1975), "Oq fil yoʻqoldi" (1983), "Tuyakush-boyaqish" (1987) pyesalari respublika teatrlarida sahnalashtirilgan. A.S. Pushkin, V. V. Mayakovskiy, S. Marshak, S. Mixalkov, A. Barto va boshqa rus yozuvchilarining bolalarga bagʻishlangan asarlarini oʻzbek tiliga tarjima qilgan. "El-yurt hurmati" ordeni bilan mukofotlangan (1998).[1][2][3]

people.ziyonet.uz (Wayback Machine saytida 2016-03-13 sanasida arxivlangan)