Kontent qismiga oʻtish

Pop tumani

Koordinatalari: 40°52′0″N 71°12′0″E / 40.86667°N 71.20000°E / 40.86667; 71.20000
Vikipediya, erkin ensiklopediya
(Pop Tumanidan yoʻnaltirildi)
Pop tumani
Папский район
tuman
Tarkibida Namangan viloyati
Maʼmuriy markazi Pop (shahar)
Rasmiy tillar Oʻzbek
Vaqt mintaqasi UTC+5
Xaritada
Pop tumani xaritada
40°52′0″N 71°12′0″E / 40.86667°N 71.20000°E / 40.86667; 71.20000

Pop tumani — Namangan viloyatidagi tuman. U 1926-yil 28-sentabrda tashkil etilgan. 1930-yildan Chust-Pop tumani nomi bilan atalgan. 1931-yilda, Chust tumani ajralib chiqqanidan keyin, Pop tumani deb atalib kelinmoqda. 1947—1960-yillarda Namangan viloyati tarkibida, 1960—1967-yillarda Fargʻona viloyatida, 1967-yil dekabrdan yana Namangan viloyati tarkibiga kirgan.

Etimologiyasi

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Pop haqida oʻrta asrlarda yozilgan tarixiy kitoblarda maʼlumotlar uchraydi. „Pop“ atamasining dastlabki koʻrinishi „Bob“ shaklida berilgan. Tadqiqotchi olim Lur’e „Pop“ atamasini arab va soʻgʻdiy tillardagi manbalarni tahlil qilib ikki xil maʼnodagi soʻz deb ataydi. Birinchisi „daryo kechuvi“ boʻlib, Pop qal’asini oldida Sirdaryodan kechib oʻtish mumkin boʻlgan joy maʼnosida qoʻllagan. Ikkinchisi „qal’a“ degan maʼnoni anglatadi. Pop qal’asi oʻsha davrda devor bilan oʻralgan edi[1].

1876-yilning 6-aprelida Chust uyezdi tashkil qilinib, tarkibiga sakkizta boʻlis (volost) va 62 ta qishloq oqsoqolligi kiritilgan. Pop hamda Chodak volostlari ham unga qarashli boʻlgan[2].

Pop volosti tarkibida 4 qishloq jamoasi yigʻini va 12 qishloq oqsoqolligi boʻlgan.

1916-yil 18-sentyabrda mardikorlar ortilgan birinchi eshelon Pop tumanidan Podsho Rossiyasiga joʻnatilgan.

XX asrning 20-yillarida milliy ozodlik harakati yetakchilaridan Ashtning Ashoba qishlogʻidan boʻlgan Rahmonqulibek yigitlari Pop hududida bolsheviklarga qarshi kurash olib borgan.

Pop tumani dastlab 1926-yil 28-sentyabrda Fargʻona okrugi tarkibida tashkil etilgan.

1930-yilda Chust tumani birlashtirilib, Chust-Pop tumani nomi bilan atalgan.

1931-yilning iyun oyida sobiq OʻzSSR Oliy soveti Prezidiumi Markaziy qoʻmitasi Chust-Pop rayonini ikki mustaqil tumanga boʻlish haqida qaror qabul qilgan.

Chust-Pop tumani quyidagicha taqsimlangan:

  1. Chust tumani — markazi Chust shahri
  2. Pop tumani — markazi Pop pasyolkasi

Ikkinchi jahon urushida tumandan 5 ming nafarga yaqin kishi qatnashgan, ulardan 1564 tasi urushda halok boʻlgan.

Pop tumanidagi Kichikxoʻja obod jomeʼ masjidi

Pop tumani Namangan viloyati maydonining 43,8%, aholisining 9% ini va yaylovlarining asosiy qismini tashkil etadi. Tuman shimolidan Qirgʻiziston Respublikasining Jalolobod viloyati, sharqdan Namangan viloyatining Chust, Mingbuloq tumanlari, janubidan Fargʻona viloyatining Buvayda va Dangʻara tumanlari, garbdan Tojikiston Respublikasining Asht tumani, Toshkent viloyatining Ohangaron va Boʻstonliq tumanlari bilan chegaradosh. Chegarasining uzunligi 344 km boʻlib, shimolidan janubga Chatqol, Qurama tizmalaridan Markaziy Fargʻona tekisliklarigacha boʻlgan kengliklarni egallaydi. Maydoni 2,94 ming km². Aholisi 170 ming kishi (2003). Tumanda 1 shahar Pop, 4 ta shaharcha Uygʻursoy, Xalqobod, Oltinkon, Chorkesar mavjud. Uygʻur, Margʻizor, Yangiyer, Yangiobod, Gʻurumsaroy, Tepaqoʻrgʻon, Qirchin, Pungon, Xonobod, Chodak, Guliston, Maydamillat, Botir boʻtka, Chigʻanoq, Kenagas, Beshsori, Navroʻz, Iskovut, Sang, Qaynama, Xoʻjaobod, Toʻda, Orom, Doʻstlik, Madaniyat, Parda Tursun, Koʻrnos kabi qishloqlari mavjud

Tuman hududi Fargʻona vodiysining shimolida, Namangan viloyatining shimoli-gʻarbiy qismida, Qurama togʻ tizmalarining janubiy yonbagʻri va Sirdaryo vohasida, geologik faol zonada joylashgan. Relyefi tekislik, adirlar va togʻlardan iborat boʻlib, janubdan shimolga koʻtarila boradi. Janubida (Qoraqalpoq choʻlida) va Achchiqkoʻl massivida balandligi 350-400 m, shimolida, Chatqol togʻlarida esa 4000-4500 m ga yetadi. Sirdaryoning har ikki tomonidagi tekislik dehqonchilik qilinadigan asosiy yerlardir.

Iqlimi kontinental. Yozi issiq, uzoq, qishi nisbatan yumshoq va qisqa. Iyulning oʻrtacha temperaturasi 27,8°, yanvarniki −2°, −9°. Yillik yogʻin 120-330 mm. Tumanda tez-tez shamol boʻlib turadi (tezligi sekundiga 1-4 m, baʼzan 24-26 m ga yetadi). Tuman hududidan Sirdaryo, Shimoliy Fargʻona va Oxunboboyev nomidagi kanallar, tog oldi adirlaridan Chodaksoy, Gʻovasoy, Jabborsoy, Olmossoy, Uygʻursoy, Tuzliksoy, Ugrijarsoy, Selgasoy, togʻlar orasidan Kengkoʻlsoy, Sansalaksoy, Rezaksoy va boshqa soylar oqib oʻtadi. Shuningdek, Qaznoq va Tavot koʻllari bor.

Tuproq va oʻsimliklar

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Tuman hududida tuproq va oʻsimliklar janubidan shimoliy tomon oʻzgarib boradi. Sirdaryoning chap sohilidagi qoraqalpoq choʻlida koʻchma qumlar va qum barxanlari orasida shoʻrxoklar uchraydi. Oʻzlashtirilgan yerlarning tuprogʻi och tusli boʻz tuproqlardir. Bu yerlarda yovvoyi oʻsimliklardan saksovul, izen, yantoq, qamish, yulgʻun va boshqa oʻsadi. Sirdaryo va boshqa daryolarning odoq va qayirlarida oʻtloqi-botqoq va toʻq tusli boʻz tuproklar uchraydi. Shoʻrxok va shoʻrtoblar ham bor. Bu yerlarda tol, turangʻil, yulgʻun, shoʻra, yalpiz, qoʻgʻa va boshqa oʻsimliklar oʻsadi. Adir zonasida shagʻal va chagʻir toshlar, jigarrang tuproqlar tarqalgan. Oʻsimliklari, asosan, efemer va efemeroidlardir. Togʻ zonasida yer yuzasi qoyalar va togʻ oʻtloq tuproqlari bilan qoplangan. Bu yerlarda yantoq, archa, togʻterak, yovvoyi olma, doʻlana kabi turli daraxt va butalar, shirach, betaga, shuvoq, isiriq va boshqa oʻsadi. Togʻ yaylovlaridan keng foydalaniladi.

Pop tumani aholisi 231,3 ming kishi Namangan viloyati aholisining 9% ini tashkil etadi. Aholisi asosan, oʻzbeklar, shuningdek, tojik, rus, tatar, ukrain, qirgʻiz, uygʻur va boshqa millat vakillari ham yashaydi. Aholining oʻrtacha zichligi 1 km²ga 58 kishi. Shahar aholisi 131,5 ming kishi, qishloq aholisi 99,7 ming kishi (2023-yil 1-yanvar holatiga koʻra).

Sanoat tuman iqtisodiyotida muhim oʻrin tutadi. Tumanda qurilish materiallari, yengil, paxta tozalash, oziq-ovqat sanoatlari asosiy tarmoqlardan hisoblanadi. Pop tumanida 11 sanoat korxonasi, shu jumladan, 3 ta qoʻshma korxona, avtokorxona va boshqa faoliyat koʻrsatadi.

1970-yil 4-mayida Chodak maʼdan koni ochilgan. Bu yerda ishchilar shaharchasi „Oltinkon“ qurilgan. 1981-yilda Xalqaobod shaharchasi ishga tushirilgan. 2000-yilda xususiy tadbirkorlik subyektlari 772ta, 2010-yilda esa 1963 taga yetgan[3].

Qishloq xoʻjaligi

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Pop tumaniga birinchi traktor 1928-yilda keltirilgan. Popga birinchi Amerikaning „Fordzon“ traktori keltirilgan boʻlib, aholi uni „oʻt omoch“[4] deb nomlagan. 1929-yilda tumanda traktor kolonnasi, 1932-yilda Mashina-traktor stansiyasi (MTS) tashkil qilingan.

Qishloq xoʻjaligida paxtachilik yetakchi oʻrinda. Gʻallachilik, sholikorlik, mevachilik, tokchilik, polizchilik, sabzavotchilik, chorvachilik, asalarichilik, pillachilik ham muhim oʻrin tutadi. Tumanda 13 shirkat, 480 dan ziyod fermer, 13380 dexxon, 1 oʻrmon, 1 jamoa xoʻjaliklari, 3 qishloq xoʻjaligi korxonasi mavjud boʻlib, ularda 21,9 mingdan ortiq kishi meh-nat qilmoqdalar.

Pop tumanida jami sugʻoriladigan yer maydoni 39,3 ming ga, shu jumladan, 31 ming gektarga yaqini ekin maydoni boʻlib, 16,3 ming ga yerga paxta, 11,8 ming ga yerga don, 245 ga yerga kartoshka, 471,5 ga yerga sabzavot, 154 ga yerga poliz, 1922 ga yerga yemxashak ekinlari ekiladi (2002).

Tuman jamoa va shaxsiy xoʻjaliklarida 28,4 mingga yaki ni qoramol (shu jumladan, 12 ming sigir), 59,4 mingga yaqin qoʻy va echki, 9,5 mingdan ziyod par-randa, 336 ot boqiladi (2002). Tumandagi kollektor-drenaj tarmoklarining uz. 778,2 km. Pop tumanida 2002/03 oʻquv yilida 38 umumiy taʼlim maktabida 39,5 ming oʻquvchi, 2 akademik litseyda 800 oʻquvchi, 5 kasb-hunar kollejida 2 mingga yaqin talaba taʼlim oldi. Tumanda 40 jamoat kutubxonasi (kitob fondi 504,7 ming asar), 17 klub, 3 stadion, 3 suzish havzasi, 35 sport zali ishlab turibdi. 111 jismoniy tarbiy jamoalari bor, 44,2 ming kishi sport bilan muntazam shu-gʻullanadi. 11 kasalxona (810 oʻrin), 23 ambulatoriya va poliklinika, 27 dorixona, 2 feldsher-akusherlik punkti, 16 qishloq vrachlik punktlarida 324 vrach (har 10 ming kishiga 20,9 vrach), 1652 oʻrta tibbiy xodim ishlaydi.

Pop tumanida 1931-yil 20-noyabrdan „Pop tongi“ gazetasi chiqariladi.[5]

  1. Темирали Кулдошев, Шерали Кулдошев. ПОП ТУМАНИ ТАРИХИ: (Монография. Toshkent Sharq, 2020 — 290-bet. ISBN 978-9943-6606-0-1. 
  2. O'zR MDA. 1-fond, 6-ro‘yxat, 8493-ish — 59-61-bet. 
  3. Mardonova G. Истиқлолни буйлаган юрт. Toshkent Nihol, 2010 — 85-bet-bet. 
  4. Ортиков Э. Наманган область Поп районидаги Ленин номли колхознинг тарихи. Toshkent, 1975 — 12-bet-bet. 
  5. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil