Qavarish
Qavarish — turli mexanik taʼsirlar natijasida badanning biror sohasi terisiga shikast yetishi. Koʻpincha oyoq barmoqlari va tovon qavaradi. Oyoq terlashi, poyabzalni notoʻgʻri tanlash, teri parvarishiga rioya qilmaslik va boshqalar qavarishga ga sabab boʻladi. Qavarish qoʻl kaftida (yer chopganda va boshqalar xil jismoniy mehnat qilganda), qoʻltiq osti va boʻyinda (qattiq yoqali, kraxmallangan, choklari notekis ich kiyim kiyish oqibatida) ham uchrashi mumkin. Qavargan joy achishib ogʻriydi, doim namlanib turadi, terisi shilinib qizaradi, bir oz shishadi, soʻnfa ichida suyuqlik toʻla pufakcha (suvli qadoq) hosil boʻladi, keyinchalik pufakcha yorilib, yuza yaraga aylanadi; shu joy terisi suvlanib turadi. Qavargan joyni kaliy permanganatning nimrang eritmasi bilan yuvish yoki vanna qilish, soʻngra avaylab artish; pufakchalar paydo boʻlsa, brilliant yashili yoki metilen koʻki surtib, steril bogʻlov qoʻyish zarur. Qavargan joy katta boʻlsa yoki u yiring boylasa, darhol vrachga uchrashish lozim. Agar Qavarishning oldi olinmasa, teri ichiga mikroblar oʻtib, terining yiringli kasalliklari yuzaga kelishi mumkin. Qavarishning oldini olishda oyoqqa mos poyabzal tanlash, koʻp terlashni davolash, ich kiyimlarni tez-tez almashtirib turish, terini toʻfi parvarish qilish alohida ahamiyatga ega. Jismoniy ish qilganda (xaskash, bel, ketmon bilan ishlaganda) qoʻlqop kiyib olish kerak.
Adabiyotlar
[tahrir | manbasini tahrirlash]Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |