Kontent qismiga oʻtish

Qora dogʻli qumbaliq

Vikipediya, erkin ensiklopediya
Qora dog'li qumbaliq
Zarafshon daryosidan tutilgan qora dogʻli qumbaliq
Biologik klassifikatsiya
Olam: Hayvonlar
Tip: Xordalilar
Sinf: Shuʼlaqanotli baliqlar
Turkum: Karpsimonlar
Oila: Qumbaliqlar
Urugʻ: Qumbaliq
Tur: Qora dog'li qumbaliq
Binar nomi
Gobio nigrescens
(Keyserling, 1861)
Sinonimlari
  • Bungia nigrescens Keyserling, 1861

Qora dogʻli qumbaliq (Gobio nigrescens) — qumbaliqlar oilasiga mansub kichik baliq. Afgʻoniston, Eron va Turkmaniston hududidan oqib oʻtuvchi Hari daryosida uchraydi[1][2]. Turkmaniston janubida joylashgan Kopetdogʻ togʻidagi shimolga oquvchi togʻ daryolarida ham uchrashi mumkinligi taxmin qilinadi[2]. 2020-yilda ilk marotaba Amudaryo havzasida, jumladan Zarafshon daryosining oʻrta va quyi oqimida uchrashi aniqlandi[3]. Daryo qirgʻogʻidagi unchalik chuqur boʻlmagan, tagi qumli, loyli, oʻsimlik va ozuqa boy boʻlgan suvlarda uchraydi.

Tashqi tuzilishi

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Chuchuk suv baligʻi. Uzunligi 4,6-10,6 sm[3]. Tanasi tangachalar bilan qoplangan. Tanasining orqa tomoni zaytunrang jigarrangdan to kumushranggacha. Boshining yuqori tomoni toʻq kulrang, yon tomonlari qoʻngʻir-kulrang yoki sargʻish[1]. Tanasining yon tomonida 9-11 tagacha yumaloq yoki gorizontal choʻzilgan qora dogʻlar mavjud[1][2]. Yon chizigʻidagi tangachalar soni 38-40 ta. Orqa suzgich qanotidagi nurlangan shu’lalar soni — 7, anal suzgich qanotida esa 6 ta[1]. Halqum tishlari 3,5-5,3 ta[2]. Umurtqa pogʻonalari soni 38-39 ta[2].

Qora dogʻli qumbaliq morfologik belgilariga koʻra oʻziga geografik jihatdan eng yaqin boʻlgan Sirdaryo havzasida uchraydigan Turkiston qumbaligʻiga yaqin turadi. Undan dum bandining baland boʻlishi, koʻkrak qismida tangachalarning yoʻqligi kabi belgilar bilan farqlanadi[1].

Taksonomiyasi

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Qora dogʻli qumbaliq ilk marotaba 1861-yilda Keyserling tomonidan Hari daryosining Afgʻoniston qismidan Bungia urugʻida fanga kiritilgan. Keyinchalik bu urugʻ Gobio urugʻining sinomini deb koʻrila boshlandi. Shu bilan birga Bungia nigrescens ham oddiy qumbaliq (Gobio gobio) ning sinonimi sifatida malakalandi. Keyinchalik Hari daryosidagi qumbaliq Turkiston qumbaligʻi deb hisoblana boshlandi[2], biroq soʻnggi molekulyar tekshiruvlar natijasida ushbu qumbaliq aslida qora dogʻli qumbaliq ekanligi, u Turkiston qumbaligʻidan morfologik va molekulyar jihatdan farq qilishi maʼlum boʻldi[1].

Yangi populyatsiyasi

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Yaqinda Oʻzbekiston suv havzalariga amalga oshirilgan ekspeditsiya davomida Zarafshon daryosining oʻrta va quyi oqimida qora dogʻli qumbaliqning uchrashi aniqlandi[3]. U bilan birga avvallari Oʻzbekiston suv havzalarida uchramagan Sibir qumbaligʻining ham uchrashi qayd etildi[3]. Bungacha Oʻzbekiston suvlarida qumbaliq urugʻidan faqatgina Turkiston qumbaligʻi tarqalganligini maʼlum edi xolos[1].

  1. 1,0 1,1 1,2 1,3 1,4 1,5 1,6 Mousavi-Sabet, H.; Ganjbakhsh, B.; Geiger, M. F.; Freyhof, J. F. (2016). "Redescription of Gobio nigrescens from the Hari River drainage (Teleostei: Cyprinidae)". Zootaxa 4114 (1): 71–80. doi:10.11646/zootaxa.4114.1.4. https://www.biotaxa.org/Zootaxa/article/view/zootaxa.4114.1.4. 
  2. 2,0 2,1 2,2 2,3 2,4 2,5 Coad, B.W. (2019). "Review of the gobionids of Iran (Family Gobionidae)". Iran. J. Ichthyol 6 (1): 1–20. doi:10.22034/iji.v6i1.325. http://www.ijichthyol.org/index.php/iji/article/view/325. 
  3. 3,0 3,1 3,2 3,3 Sheraliev, B.; Allayarov, S.; Peng, Z. (2020). "First records of Gobio nigrescens and Gobio sibiricus (Cypriniformes: Gobionidae) from the Amu Darya River basin, Uzbekistan". Journal of Applied Ichthyology 36 (2): 235–239. doi:10.1111/jai.14019. https://onlinelibrary.wiley.com/doi/full/10.1111/jai.14019.