Kontent qismiga oʻtish

Sibir qumbaligʻi

Vikipediya, erkin ensiklopediya
Sibir qumbalig'i
Biologik klassifikatsiya
Olam: Hayvonlar
Tip: Xordalilar
Sinf: Shuʼlaqanotli baliqlar
Turkum: Karpsimonlar
Oila: Qumbaliqlar
Urugʻ: Qumbaliq
Tur: Sibir qumbalig'i
Binar nomi
Gobio sibiricus
Nikolskii, 1936
Sinonimlari
  • Gobio gobio sibiricus Nikolskii 1936

Sibir qumbaligʻi (Gobio sibiricus) — qumbaliqlar oilasiga mansub kichik baliq. Mongoliya, Qozogʻiston va Rossiya hududlaridan oqib oʻtuvchi Ob, Yenisey va Nura daryolarida uchraydi[1][2]. 2020-yilda ilk marotaba Oʻzbekiston janubidagi Toʻpalang daryosida ham uchrashi qayd etildi[3]. Daryoning unchalik chuqur boʻlmagan, tubi loyqa, oʻsimliklarga boy, ozuqa topish oson boʻlgan qismlarida uchraydi.

Tashqi tuzilishi

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Chuchuk suv baligʻi. Uzunligi 5,6-13 sm[2][3]. Tanasi tangachalar bilan qoplangan. Yon chiziqlari soni 40-44 ta. Yon tomonida 7-8 ta yumaloq qora dogʻlari mavjud. Orqa va dum suzgich qanotlarida ham mayda qora dogʻlar koʻzga tashlanadi. Orqa suzgich qanotida 6 ta, anal suzgich qanotida esa 5 ta nurlangan shu’lalari mavjud[3].

Taksonomiyasi

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Sibir qumbaligʻi ilk marotaba 1936-yilda Ob, Yenisey va Nura daryolaridan oddiq qumbaliqning kenja turi sifatida kashf etilgan[2]. Shunga qaramay uzoq yillar mobaynida Gobio gobio conocephalus turining sinonimi sifatida qaralgan[4]. Boshqa tadqiqotchilar tomonidan Sibir qumbaligʻi Gobio gobio conocephalus turidan yon chizigʻidagi tangachalar sonining kamligi va orqa suzgich qanotining shakli bilan farq qilishi qayd etilgan[5]. Biroq soʻnggi oʻtkazilgan morfometrik va molekulyar tadqiqotlar Sibir qumbaligʻining alohida mustaqil tur ekanligini koʻrsatdi[1][2][3]. Genetik jihatdan Turkiston qumbaligʻiga yaqin turadi[3][6].

Yangi populyatsiyalari

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Yaqinda Oʻzbekiston janubidagi suv havzalarda amalga oshirilgan ekspeditsiya davomida Surxondaryoning irmoqlaridan biri boʻlgan Toʻpalang daryoda Sibir qumbaligʻining uchrashi aniqlandi[3]. U bilan birga avvallari Oʻzbekiston suv havzalarida uchramagan qora dogʻli qumbaliqning ham uchrashi qayd etildi[3]. Bungacha Oʻzbekiston suvlarida qumbaliq urugʻidan faqatgina Turkiston qumbaligʻi tarqalganligini maʼlum edi xolos[6]. Mutaxassislar Sibir qumbaligʻi Fargʻona vodiysi suv havzalarida ham uchrashi mumkinligini taxmin qilishadi[3]. Kelajakda Fargʻona vodiysi suv havzalarida amalga oshiriladigan ixtiologik tadqiqot ushbu masalaga oydinlik kiritib beradi.

  1. 1,0 1,1 Kottelat, M. (2006). Fishes of Mongolia: A check-list of the fishes known to occur in Mongolia with comments on systematics and nomenclature. Washington, DC: The World Bank.
  2. 2,0 2,1 2,2 2,3 Tagayev, D. A.; Zhaparova, A. T. (2019). "Variability of plastic features of Siberian gudgeon (Gobio sibiricus Nikolskii, 1936) from the Karkaraly River (Central Kazakhstan)". Bulletin of the Karaganda University 2 (94): 86–92. http://rep.ksu.kz/handle/data/7248. 
  3. 3,0 3,1 3,2 3,3 3,4 3,5 3,6 3,7 Sheraliev, B.; Allayarov, S.; Peng, Z. (2020). "First records of Gobio nigrescens and Gobio sibiricus (Cypriniformes: Gobionidae) from the Amu Darya River basin, Uzbekistan". Journal of Applied Ichthyology 36 (2): 235–239. doi:10.1111/jai.14019. https://onlinelibrary.wiley.com/doi/full/10.1111/jai.14019. 
  4. Berg, L.S. (1949). Freshwater fishes of the U.S.S.R. and adjacent countries (Vol. 2, 4th ed.). Moscow, Leningrad: Academy of Sciences of the USSR Press.
  5. Banarescu, P., & Nalbant, T. T. (1973). Pisces, Teleostei. Cyprinidae (Gobioninae). Berlin: Das Tierreich, Lieferung 93 Walter de Guryter.
  6. 6,0 6,1 Mousavi-Sabet, H.; Ganjbakhsh, B.; Geiger, M. F.; Freyhof, J. F. (2016). "Redescription of Gobio nigrescens from the Hari River drainage (Teleostei: Cyprinidae)". Zootaxa 4114 (1): 71–80. doi:10.11646/zootaxa.4114.1.4.