Kontent qismiga oʻtish

Keniya

Vikipediya, erkin ensiklopediya
(Quenia - Kenyadan yoʻnaltirildi)
Kenya Respublikasi
Republic of Kenya
Jamhuri ya Kenya
ShiorHarambee
(Suaxili: Ketdik, birga ishlaymiz)
Madhiya: Ee Mungu Nguvu Yetu
Location of Keniya
Poytaxt Nayrobi
Rasmiy til(lar) Ingliz tili
Suaxili tili
Hukumat Prezidentlik Respublika
• Prezident
Mvai Kibaki
Mustaqillik (Birlashgan Qirolligidan)
• Sana
12-dekabr 1963
Maydon
• Butun
582,650 km2 (47-oʻrin)
• Suv (%)
2.3
Aholi
• 2002-yilgi roʻyxat
33,829,590 (34-oʻrin)
• Zichlik 58/km2
YIM (XQT) 2005-yil roʻyxati
• Butun
AQSh$39,600 mil. (88-oʻrin)
• Jon boshiga
AQSh$1,171
Pul birligi Kenyan Shilling (KES)
Vaqt mintaqasi UTC+3
• Yoz (DST)
UTC+3
Qisqartma KE
Telefon prefiksi 254
Internet domeni .ke

Keniya yoki Kenya (inglizcha: Kenya), Kenya Respublikasi (inglizcha: Republic of Kenya) — Sharqiy Afrikadagi davlat. BMT aʼzosi. Maydon 582,6 ming km2. Aholisi 30,7 mln. kishi (2001). Poytaxti Nairobi shahri. Maʼmuriy jihatdan 7 viloyat (province)ra va poytaxt okrugiga boʻlinadi.

Davlat tuzumi

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Kenya — respublika. Buyuk Britaniya boshchiligidagi Hamdoʻstlikka kiradi. Amaldagi konstitutsiyasi 1969-yilda qabul kilingan, keyinchalik tuzatishlar kiritilgan. Davlat boshligʻi — prezident (1978-yildan Daniel arap Moi). U umumiy toʻgʻri ovoz berish yoʻli bilan 5 yilga saylanadi va qayta saylanishi mumkin. Qonun chiqaruvchi hokimiyatni prezident va Millat majlisi (bir palatali parlament), ijroiya hokimiyatni prezident, vitse-prezident va hukumat amalga oshiradi.

Kenya Sharqiy Afrika yassitogʻligi (sharqda bal. 500 m va gʻarbda bal. 1500 m) Shimoli-sharqiy chekkasida joy-lashgan. Hind okeani sohili uzilma togʻlardan iborat, tik va kam parchalangan. Jan.dan shim.ga tomon kengayib (50–200 km) boradigan tekislik bor. Unga tutash botiqning atrofi togʻ tizmalari (sharqda Aberder, bal. 400 m gacha, gʻarbda May va Elgeyo, bal. 3000 m gacha) va soʻngan vulkanlar (Kenya togʻi, 5199 m — Kenyadagi eng baland choʻqqi), Viktoriya koʻli boʻylari kambar tekislik bilan oʻralgan. Trona, oltin, kianit, diatomit, ohaqtosh, grafit, polimetall ruda konlari topilgan. K. ekvator iqlim mintaqasidajoylashgan. Sohilda harorat issiq (iyulda oʻrtacha temperatura 24—25°, yanvarda 27°), yassitogʻlikda salqinroq. Yillik yogʻin miqdori Shimoli-sharqda 250 mm dan janubi-gʻarbda 1500–2000 mm gacha. Ekvator yaqinida seryomgʻir mavsum: mart—aprel va noyabr—dekabr Daryolari kam suvli, qisqa, ayrimlaridagina kema qatnaydi. Yiriklari: Tana, Galana. Oqmas koʻl koʻp (eng kattasi — Rudolf). Mamlakatning sharqi va Shimoli-sharqi jigarrang-qizil lateritlashgan, toshloq, kamhosil, aksar shoʻr tuproqli. Shim.-gʻarbi va janubi-sharqi qizil-qoʻngʻir, Viktoriya koʻli boʻylari oʻtloqi qizil-qoʻngʻir, Hind okeani sohili qora va boʻz tuproqli. Kenya shimolida tikanli oʻrmonlar va butazorlar, choʻlga aylanayozgan savannalar, gʻarbida boʻydor oʻtli savannalar, togʻ etaklarida sernam tropik oʻrmonlar, togʻlarda oʻtloqlar bor. Yovvoyi hayvonlardan fil, karkidon, zebra, buyvol, jirafa, arslon, maymunlar, daryolarda timsoh, begemotlar uchraydi. Kenyada qoʻriqxona va milliy bogʻlar (Savo, Sibilon, Maun-Kenya, Meru, Aberder va b.) koʻp.

Aholisining 66% ni benue-kongo tillarida soʻzlashuvchi xalqlar tashkil etadi. Ularning yiriklari: kikuyyu, luxya, kamba, kisii, meru va boshqa. Kenyada hindlar, yevropaliklar, arablar va b. ham yashaydi. Rasmiy tillar — suaxili va ingliz tillari; aholining 1/2 qismi mahalliy dinlarga eʼtiqod qiladi, qolganlari xristianlar, musulmonlar va b. Jami aholining 25,3% shaharlarda yashaydi. Yirik shaharlari: Nayrobi, Mombasa, Nakuru, Kisumu.

Kenya hududida ilk paleolit davrida manzilgohlar boʻlgani maʼlum. Ayrim tadqiqotchilar dastlabki odamzot shu yerda paydo boʻlgan, deb hisoblaydilar. Hoz. aholisining koʻpchiligi 14—19-asrlarda Afrikaning turli joylaridan kelgan bantu va nilot qabilalaridan tarqalgan. Mil. av 5—6-asrlarda K.ga yunon, misr, xitoy, arab dengiz sayyohlari va savdogarlar kelib ketib turgan. 7—8-asrlarda qishloqlar, 11 — 15-asrlarda shahar-davlatlar paydo boʻldi. 16-asrda portugallar Kenyaning sharqiy qismini bosib oldi. 18-asrda bir necha arab sultonliklari vujudga keldi va qul savdosi rivojlandi. Buyuk Britaniya qul savdosiga qarshi kurash bahonasi bilan K.ga suqilib kela boshladi. 19-asr oxirida K. Buyuk Britaniya qoʻl ostiga oʻtdi. Mustamlakachilar mahalliy aholidan unumdor yerlarni tortib oldi. Afrikaliklar maxsus ajratilgan joylarda yashashga majbur etildi, irqiy kamsitildi. 1920-yilda K. Buyuk Britaniya mustamlakasi deb eʼlon qilindi. Shundan keyin mustamlakachilikka qarshi harakat qiluvchi siyosiy tashkilotlar (Kikuyyu tashkiloti va b.) tuzilib, ular majburiy mehnat bekor qilinishi, soliqlar qisqartirilishini, maorif tizimi yaxshilanishi va tortib olingan yerlar qaytarib berilishini talab qildi. Ikkinchi jahon urushi davrida K. oziq-ovqat va qishloq xoʻjaligi xom ashyosi yetkazib beruvchi manbaga aylantirildi, kenyalik askarlar Buyuk Britaniya mustamlaka qoʻshinlari safida Yaqin Sharq va Birma (hoz. Myanma)dagi urushda qatnashdilar. 40-yillar oxirida ozodlik harakati yanada kuchaydi. 1952-yilda qurolli qoʻzgʻolon boshlandi. Qoʻzgʻolon 4 yil davom etdi. Mustamlakachilar qoʻzgʻolonni bostirib vatanparvarlardan 11 ming kishini oʻldirdi, 100 mingga yaqin kishini qamoqqa oldi. 1960-yil tuzilgan K. afrikaliklar milliy ittifoqi (KANU) K. mustaqilligini talab qildi. 1961-yil Krnun chiqaruvchi kengashga oʻtkazilgan saylovda KANU 67% ovoz oldi. 1963-yil mayda yangi Millat majlisiga oʻtkazilgan saylovda ham KANU gʻolib chiqib, J. Keniata boshchiligida birinchi milliy hukumat tuzildi. 1963-yil 12-dekabrda K. mustaqil davlat, 1964-yil 12-dekabrda esa respublika deb eʼlon qilindi Kenya — 1966-yildan BMT aʼzosi. Milliy bayrami — 12-dekabr — Mustaqillik kuni (1963).

Siyosiy partiyalari, kasaba uyushmalari

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Demokratik partiya, 1992-yilda tuzilgan; K. afrikaliklar milliy ittifoqi (KANU), 1960-yilda asos solingan; Milliy rivojlanish partiyasi, 1994-yilda tuzilgan; Sotsial-demokratik partiya, 1992-yilda asos solingan; Ford-Asili va Ford-K. partiyalari, 1992-yil oktabrda tuzilgan. K. kasaba uyushmalari markaziy tashkiloti, 1965-yilda tuzilgan.

Kenya — agrar mamlakat. Yalpi ichki mahsulotda qishloq, oʻrmon xoʻjaligi va baliqchilikning ulushi — 24%, sanoatning ulushi — 10% gayaqin. Iktisodiyotining asosi - q.h., uning mahsuloti mamlakat eksportining 3/4 qismini tashkil etadi. Kenya mustaqillikka erishgach, yalpi ichki mahsulot tarkibida qishloq xoʻjaligining ulushi tobora pasayib, sanoat va savdoning ulushi oshib, natural ishlab chiqarish ulushi kamaydi.

Qishloq xoʻjaligida aholining 70% band. Asosiy ekinlari — kofe, choy, sizal, piretrum, paxta, sholi, bugʻdoy, shakarqamish; ichki ehtiyojlar uchun makkajoʻxori, maniok, tariq, joʻxori, arpa yetishtiriladi. Sut chorvachiligi, parrandachilik, choʻchqachilik rivojlangan. Qoramol, qoʻy, echki boqiladi. Baliq ovlanadi va yogʻoch tayyorlanadi.

Sanoati, asosan, qishloq xoʻjaligi xom ashyosini qayta ishlovchi korxonalar va hunarmandchilik ustaxonalaridan iborat. Oziq-ovqat, toʻqimachilik, avtomobil yigʻuv, koʻnchilik, kimyo, neftni qayta ishlash, taxta tilish va metallsozlik, qogoz sanoati korxonalari, sement zavodlari ham bor. Konchilik sanoatida flyuorit, tabiiy soda, diatomit, kaolin, gips, kianit, asbest, osh tuzi qazib chiqarish ustun. Birmuncha miqdorda mis, qoʻrgʻoshin, kumush qazib olinadi. Yirik sanoat markazlari: Nayrobi, Mombasa, Kisumu, Nakuru, Tika, Eldoret shahri Energetika soxasida gidroelektr stansiyalariningsalmogʻi katta. Tana daryosi boʻyida Gitaru, Kamburu, Kindaruma GESlari qurilgan. Yiliga oʻrtacha 3,1 mlrd. kVt-soat elektr energiyasi hosil qilinadi.

3 ming km temir yoʻl, 62 ming km avtomobil yoʻli bor (shundan 4,5 ming km asfaltlangan). Asosiy dengiz porti — Mombasa. Nayrobi va Mombasada xalqaro aeroportlar bor.

Kenya chetga kofe, choy, neft mahsulotlari, tamaki, piretrum, sizal, meva va sabzavot, kalsinirlangan soda, goʻsht, teri, sement va hokazo chiqaradi. Chetdan sanoat va transport uskunalari, oziq-ovqat va kimyo mahsulotlari, qora va rangli metall, neft, dori-darmon va hokazo oladi. Tashqi savdodagi asosiy mijozlar — Buyuk Britaniya, Germaniya, AQSH, Yaponiya, Niderlandiya. Tashqi sayyohlik rivojlangan. Pul birligi — Kenya shillingi.

Tibbiy xizmat

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Sogʻliqni saqlash tizimiga davlat rahbarlik qiladi. Yuqumli kasalliklar (bezgak, ichburugʻ, yuqumli gepatit, ich terlama va b.) keng tarqalgan. Xususiy shifoxonalar ham bor. Vrachlar Nayrobi universitetida, oʻrta malakali tibbiy xodimlar Tibbiy tayyorgarlik markazi va tibbiyot maktablarida tayyorlanadi.

Maorifi, madaniy-maʼrifiy va ilmiy muassasalari

[tahrir | manbasini tahrirlash]

K.da boshlangʻich maktab 7 yillik va bepul. Bolalar 6 yoshdan ingliz tilida oʻqitiladi. 4-sinfdan boshlab suaxili tili.oʻrgatiladi. Oʻrta maktab 6 yillik. Mamlakatda 16 ming boshlangʻich, 2,5 ming oʻrta maktab bor.. Ilk hunar-texnika taʼlimi boshlangʻich maktab negizida 2—6 yillik savdo, tijorat, hunarmandchilik, qishloq xoʻjaligi, oʻrmon va veterinariya hunar bilim yurtlari va maktablarida, shuningdek, korxonalarda amalga oshiriladi. Oʻrta texnika taʼlimi kichik oʻrta maktab negizida kollejlarda tashkil etilgan. Oliy oʻquv yurtlari: Nayrobidagi Milliy universitet, Egerton universiteti, Nayrobidagi universitet kolleji. Yirik kutubxonalari: Milliy universitet kutubxonasi, Nayrobidagi Yodgorlik kutubxonasi, universitet kolleji kutubxonasi, Mombasadagi ommaviy kutubxona; muzeylari: Nayrobidagi K. milliy muzeyi, Kitale sh.dagi Gʻarbiy K. milliy muzeyi, Mombasadagi muzey va b.

Kenyada 20 ga yaqin ilmiy muassasa, jumladan, Nayrobida K. industrial tadqiqot instituti, Milliy qishloq xoʻjaligi laboratoriya, Tibbiyot tadqiqotlari laboratoriya, Sil kasalliklari tadqiqot markazi, Q.x. tadqiqot markazi, Tibbiy tadqiqot instituti, Sharqiy Afrika instituti, Afrika tarixini oʻrganuvchi xalqaro institut, Nyanza viloyatida paxta tadqiqoti stansiyasi, Ru-iruda kofe tadqiqoti markazi, Kerichoda choy tadqiqoti instituti va b. bor.

Matbuoti, radioeshittirishi va telekoʻrsatuvi

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Kenyada 60 ga yaqin gaz. va jurnal nashr etiladi. Eng muximlari: „Deyli neyshn“ („Millatning kundalik gazetasi“, ingliz tilida, 1960-yildan), „Kenya leo“ („Bugungi Kenya“, suaxili tilidagi kundalik gaz., 1983-yildan), „Kenya tayme“ („Kenya vaqti“, ingliz tilidagi kundalik gaz., 1982-yildan), „Pipl deyli“ („Xalq kundalik gazetasi“, ingliz tilida, 1998-yildan), „Standard“ („Bayroq“, ingliz tilidagi gaz., 1902-yildan), „Taifa leo“ („Hozirgi millat“, suaxili tilidagi kundalik gaz., 1960-yildan), „Dram“ („Doʻmbira“, ingliz tilidagi oylik jurnal, 1956-yildan), „Target“ („Maqsad“, ingliz tilidagi jurnal, 1964-yildan).’ K. axborot agentligi (KNA) 1963-yil dekabrda tashkil etilgan. K. radioeshittirish korporatsiyasi 1989-yilda tuzilgan. Radioeshittirishlar 1927-yildan, telekoʻrsatuvlar 1962-yildan olib boriladi.

Adabiyoti asosan, ingliz tilida, shuningdek, kikuyyu, masai, suaxili va b. mahalliy tillarda folklor negizida rivojlanib kelayotir. Umuman K.da yozma adabiyot 17-asrda suaxili tilida yuzaga keldi. Unda qahramonlik, diniy va b. mavzudagi dostonlar muhim oʻrin tutadi. Etnograf olim, milliy-ozodlik harakatining rahbari J. Keniata xalq afsonalari, ertaklari, rivoyatlarini qayta ishlab eʼlon qildi. Oʻzi ham „Kenya togʻiga qarab“ (1936) va „Mening xalqim — kikuyyu“ (1942) kitoblarini yozib nashr ettirdi. 19— 20-asrlarda ham, asosan, nazm rivojlandi. Nasriy asarlar 50-yillar oxirida yuzaga kela boshladi. M. Gikaruning „Quyosh oʻlkasi“, V. Itotening „General May May“, J. Kariukaning „May May hibsda“, M. Gateruning „Ikki olam farzandi“ qissalarida inglizlarning K.ni mustamlakaga aylantirishi va demokratik kuchlarning ozodlik uchun kurashi koʻrsatilgan. J. Ngugining ingliz tilidagi romanlari („Yigʻlama, boʻtam“, „Oramizdagi daryo“) va „Qora darvish“ pyesasi eʼlon kilingan. Keyingi yillarda B.O.Vandera, E.Xinga, M.Alot, M.Mvangi, A.Kadambe, D.Karoka, L.Kibera, M.Ruxena kabi yosh yozuvchilar adabiyot maydoniga oʻz ovozlari va yangi mavzular bilan kirib keldilar. Ngugi Va Txiongoning „Qonli yaproklar“ va „Sanamdagi iblis“ romanlari ayniqsa diqqatga sazovor.

Meʼmorligi va tasviriy sanʼati

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Kenya hududida ilk oʻrta ayerlarga oid mahalliy madaniyat yodgorliklari: doyra tosh devorlar, sagʻana ehromlari, arikdarning qoldiqlari saqlangan. Dengiz sohilida Gedi, Malindi, Ungvana, Mnarani, Takva, Mombasa kabi shaharlar paydo boʻlgan. 14— 15-asrlarda arab meʼmorligi uslubida mudofaa istehkomlari, masjidlar, bozorlar barpo etilgan. 16-asrda portugʻallar meʼmorligiga xos uslubda qurilgan qasr va Vasko da Gama tosh kolonnasi saqlangan. 20-asrdan shaharlar ingliz va nemis meʼmorlari loyiqasi asosida temir-beton konstruksiyalar va yangi qurilish metallaridan foydalanib qurila boshladi. Binolarda lentasimon deraza, peshayvon, oftob toʻsqichlar, rangli sopol plitalar keng qoʻllangan (mas, Milliy teatr, texnika kolleji va b.). Kishlok, larda doyra qilib loy bilan suvalgan, usti xashak bilan yopilgan sinchli uylar koʻproq uchraydi. Keyingi yillarda qurilgan inshootlardan Mombasadagi „Okeanik“ mehmonxonasi, Nayrobidagi gospital, koʻp qirrali 26 qavatli minorasi va aylanuvchan restorani boʻlgan Keniata majlislar zalini koʻrsatish mumkin.

Badiiy hunarmandchilikda yogʻochni oʻyib va kuydirib naqsh solish, marosim raqslari uchun teridan niqob, mis va jezdan zeb-ziynat buyumlari, loy va qovoqsan idishlar, yogʻoch qoʻgʻirchoqlar, sopoldan jonivorlar haykalchalarini yasash, poxoldan savat toʻqish keng avj olgan.

Kenya musiqiy madaniyati mamlakatda yashovchi turli elatlar musiqasini oʻz ichiga oladi. Shu tufayli ohanglar, uslublar, cholgʻu asboblari ham xilma-xil. Xalq udumlari va ma-rosimlarida ashula, raqs va musiqa boʻlishi shart. Cholgʻu asoboblari orasida turli-tuman nogʻora, doyra va surnayni eslatuvchi asboblar, oʻziga xos arfa, litungu, nay va b. bor. Koʻpincha xonandaning oʻzi arfa chalib ashula aytadi va badihachilik usulida qoʻshiq toʻqiydi. 20-asr oxirida yevropacha musiqaning taʼsiri kuchaydi. K. mustaqillikka erishgach, havaskorlik ijodiyoti ayniqsa rivoj topdi, musiqa tashkilotlari tuzildi. Sharqiy Afrika konservatoriyasi, Nayrobi musiqa jamiyati, „Bomas“ ashula va raqs guruhi, radio va televideniyening cholgʻu asboblari orkestri musiqa madaniyatini rivojlantirishda, milliy kadrlar tayyorlashda katta rol oʻynay boshladi.

Tub aholi tomoshalarida raqs sanʼati qadimdan rivojlangan. 20-asr boshlarida Kenyada ingliz havaskor teatri truppalari vujudga keldi. 1948-yildan Nayrobida ingliz professional teatri, 1952-yildan Milliy teatr ishlaydi. Kenya mustaqillikka erishgach, afrika va hind teatrlari paydo boʻldi. Teatrni xalq ommasiga yaqinlashtirishga intilgan J. Mpaxlele „Chemchemi“ („Chashma“) truppasini tuzib, unga rahbarlik qildi va bir qancha pyesalarni muvaffaqiyatli sahnalashtirdi. „Tausi“ drama klubi (1963) mahalliy mualliflarning maishiy mavzudagi pyesalarini qoʻyish bilan shuhrat qozondi. Milliy teatrning kenyaliklardan birinchi direktori — Set Adagala rahbarligida drama maktabi ochildi. Uning talabalari ishtirokida tashkil etilgan Milliy teatr truppasi mamlakat boʻylab tomosha koʻrsatib yuradi[1].

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil