Kontent qismiga oʻtish

Niderlandiya

Vikipediya, erkin ensiklopediya
(Niderlandlardan yoʻnaltirildi)
Niderlandlar Qirolligi
Koninkrijk der Nederlanden
ShiorJe maintiendrai, Ik zal handhaven
Madhiya: Wilhelmus van Nassouwe
Location of Niderlandiya
Poytaxt Amsterdam
Rasmiy til(lar) Niderlandcha
Hukumat Konstitutsiyaviy monarxiya
• Monarx
Qirolicha Beatriks
Dick Schoof
Mustaqillik (Ispaniyadan)
Maydon
• Butun
41,526 km2 (135-oʻrin)
• Suv (%)
18,41
Aholi
• 2012-yilgi roʻyxat
16 743 507[1] (63-oʻrin)
• Zichlik 394/km2
YIM (XQT) 2008-yil roʻyxati
• Butun
AQSh$862,9 mlrd[2] (15-oʻrin)
• Jon boshiga
AQSh $ 51 657
Pul birligi Yevro (EUR)
Vaqt mintaqasi UTC+1
• Yoz (DST)
UTC+2
Qisqartma NL
Telefon prefiksi 31
Internet domeni .nl

Niderlandlar (niderlandcha: Nederland), Niderlandlar Qirolligi (Koninkrijk der Nederlanden) (norasmiy nomi — Gollandiya) — Gʻarbiy Yevropada, Shimoliy dengiz sohilida joylashgan davlat. Maydoni 41.543 km² (18,41% suv). Aholisi 18854788 kishi (2023). Poytaxti — Amsterdam shahri. Hukumat qarorgohi Gaaga shahrida. Maʼmuriy jihatdan 12 provinsiya (provincie)ra boʻlinadi. Niderlandiya Antil orollari, Aruba oroli Niderlandiya mulki hisoblanadi. Niderlandiya rivojlangan davlat hisoblanadi.Uning umumiy yer maydoni 960000 gektarga teng.

Davlat tuzumi

[tahrir | manbasini tahrirlash]
Qirolicha Beatriks rasmiy turda davlat boshligʻi hisoblanadi

Niderlandiya — konstitutsiyaviy monarxiya. Amaldagi konstitutsiyasi 1983-yilda qabul qilingan. Davlat boshligʻi — qirol (qirolicha) (1980-yildan V.A.Beatriks xonim). Uning huzuridagi Davlat kengashi aʼzolari qirol tomonidan tayinlanadi[3]. Qonun chiqaruvchi hokimiyatni qirol va ikki palatali Bosh shtatlar (parlament), ijroiya hokimiyatni qirol bilan hukumat amalga oshiradi[4].

Niderlandiya Oʻrta Yevropa tekisligining gʻarbiy qismida joylashgan. Shimoldan sayoz qoʻltiq va buxtalar oʻrab turadi. Sohili 56 m gacha balandlikdagi doʻngliklardan iborat, toshqindan saqlanish uchun toʻgʻon va dambalar qurilgan. Yer yuzasi, asosan, payettekislik. Niderlandiya hududining 40 % dengiz sathidan pastda, faqat 2 % 50 m dan yuqori. Eng baland joyi 321 m. Niderlandiyaning payettekislik qismlari doim dengiz suvi bosish xavfi ostida. 1282-yilgi kuchli suv toshqini natijasida Zeyder-Ze qoʻltigʻi hosil boʻlgan. 33 km li damba qurilgach, Zeyder-Zening janubiy qismi chuchuk suvli berk koʻlga aylangan. Niderlandiyaning sharqi morenali tepalik; shimoliy qum va gilli dengiz va daryo yotqiziqlaridan, sharqi muzlik yotqiziqlaridan, daryo deltalari esa allyuvial yotqiziqlardan tuzilgan. Koʻmir, neft va gaz, torf, osh tuzi, kaolin konlari bor.

Iqlim — dengiz iqlimi, qishi yumshoq, yozi iliq. Atlantika okeanidan yil boʻyi shamol esadi. Yanvarning oʻrtacha harorati 1—3 °C, iyulniki 16—17 °C. Yillik yogʻin 650-750 mm. Tez-tez tuman tushadi. Qattiq sovuqlar ahyon-ahyonda boʻladi. Qor kam, yomgʻir koʻproq yogʻadi. Daryolar yil boʻyi sersuv; yiriklari: Reyn, Maas, Shelda. Sohil tuprogʻi unumdor, daryo vodiylariniki allyu-vial-oʻtloqi tuproq. Niderlandiyaning shimol va sharqida, asosan, chimli podzol, ayrim joylarida botqoqlangan tuproq. Niderlandiya hududining 70 % madaniy landshaft, 8 % oʻrmon. Qumli joylari butali vereyekzor (archagul), daryolar sohili tolzor. Hayvonot dunyosi juda kambagʻal. Yovvoyi quyon, tiyin, suvsar, sassiq-koʻzan, yelik yashaydi. Niderlandiyada qushlarning 180 turi bor. Daryo deltalaridagi suzuvchi qushlar qishlaydigan joylar qoʻriqlanadi. Velyuzom, Kennemer doʻngliklari, Xoge-Velyuve milliy bogʻlari va 8 ta qoʻriqxonasi bor.

Niderlandiya aholisi (ming kishi) 1961—2003

Aholisining aksariyati gollandlar[5]. Yirik etnik guruhlardan flamandlar[6], frizlar bor[7]. Olmonlar, yahudiylar[8], indonezlar va boshqalar ham yashaydi[9]. Dindor aholining 50 % ga yaqini katolik, 37 % protestant. Rasmiy til — niderland (golland) tili. Niderlandiya dunyoda aholisi eng zich joylashgan mamlakatlardan. Aholisining 89 % shaharlarda yashaydi. Yirik shaharlari: Amsterdam, Rotterdam, Gaaga, Utrext[10].

Niderlandiya hududida odamlar neolit davridan yashaydi; miloddan avvalgi 1-ming yillikning 2-yarmida bu yerda kelt qabilalari yashagan. 1-asr boshida bu qabilalarni olmonlar siqib chiqargan. Miloddan avvalgi I asrda Niderlandiya hududining bir qismini rimliklar bosib olgan. Milodiy III-IV asrlarda Niderlandiya hududiga franklar va sakslar hamda frizlar kelib oʻrnashdilar. Franklar davlati tuzilgach (V asr), Niderlandiya hududi uning tarkibiga, 843-yilgi Verden shartnomasiga binoan, „Mukaddas Rim imperiyasi“ tarkibiga kirdi. XX-XI asrlarda Niderlandiya hududida bir necha mustaqil yer-mulklar (Flandriya, Gollandiya, Geddern, Zelandiya, Utrext grafliklari va hokazo) tashkil topdi. XII asrdan shahar rivojlana boshladi. XV asrning 2-choragigacha Niderlandiyada feodal tarqoqlik hukm surdi. 1433-yilda Gollandiyani, soʻngra Niderlandiyaning boshqa knyazliklarini Burgundiya gersoglari bosib oldilar. Karl V imperiyasi parchalangach, Niderlandiya (1556-yildan keyin) Ispaniyaga qaram boʻlib qoldi. XVI asr Niderlandiya inqilobi natijasida mamlakat ispanlar zulmidan ozod boʻldi va Birlashgan viloyatlar respublikasi tuzildi. XVII asrda savdo va dengizchilik rivojlanishi natijasida Niderlandiya Yevropaning rivojlangan davlatlaridan biriga aylanib, Osiyo, Amerika, Afrikada yangi yer-mulklarni qoʻlga kiritdi, Indoneziya, Gviana, Kichik Antil orollarini va Kap viloyatini oʻziga qaram qilib oldi. 1795—1813-yillarda Gollandiya qirolligi Fransiya tarkibiga kirdi. 1815-yilda Belgiya bilan birlashib, Niderlandiya qirolligi tashkil etildi. 1830-yil inqilob natijasida Belgiya Niderlandiyadan ajralib chiqdi.

Vilgelm I Oranskiy Niderlandiya mustaqilligining asoschisi hisoblanadi

1848-yilda Niderlandiya konstitutsiyasi qabul qilindi. 1840—1870-yillarda sanoat tez oʻsdi. 1860-yildan davlat temir yoʻl qurishni oʻz qoʻliga oldi. 1876-yilda Amsterdam — Shimoliy dengiz, 1882-yilda Rotterdam — Shimoliy dengiz kanallari qurildi. Rotterdam Olmoniya uchun tranzit portga aylandi. 1861-yilda birinchi kasaba uyushmasi tashkil topdi. Niderlandiyada XIX asrning soʻnggi choragida sanoatlashuv jarayoni, asosan, nihoyasiga yetdi. Sanoatning yetakchi tarmoqlari (kemasozlik, toʻqi-machilik va oziq-ovqat sanoati) modernizatsiya qilindi. Neft monopoliyalari tuzildi. Qishloq xoʻjaligida ekstensiv dehqonchilik va chorvachilikdan zamonaviy ishlab chiqarishga oʻtildi. Yangi temir yoʻllar qurildi.

Niderlandiya birinchi jahon urushi davrida

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Birinchi jahon urushi (1914—1918)da Niderlandiya oʻzining betarafligini maʼlum qildi. 1917-yil iqtisodiy qamal natijasida Niderlandiyada ishlab chiqarish va savdo susayib ketdi. 1918-yil bahordan dengizda kema qatnovi ham toʻxtadi. 1925—1929-yillarda Niderlandiyada sanoatning yangi tarmoqlari (radioapparatlar ishlab chiqarish, neftni qayta ishlash) vujudga keldi. Jahon iqtisodiy boʻhroni davri (1929—1933)da Niderlandiyada sanoat mahsuloti ishlab chiqarish, eksport va import 2 baravar kamaydi.

Niderlandiya ikkinchi jahon urushi davrida

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Ikkinchi jahon urushi boshlanishi bilan Niderlandiya betaraflik eʼlon qildi. 1940-yil 10-mayda fashistlar Olmoniyasi toʻsatdan bostirib kirdi va 14-mayda Niderlandiya taslim boʻldi. Qirolicha Vilgelmina va hukumat Buyuk Britaniyaga koʻchib ketdi. Niderlandiyani natsistlar idora qila boshladi. 1944-yil sentabr — 1945-yil martda Ittifoqchi davlatlar qoʻshinlari Niderlandiyaning janubini, 1945-yil aprelda sharqini ozod qildilar. 1945-yil may oyi boshlarida Olmoniya qurolli kuchlarining Niderlandiyadagi qismlari taslim boʻldi.

Urushdan keyingi yillarda

[tahrir | manbasini tahrirlash]

1948-yilga kelib, Niderlandiyada ishlab chiqarish urushdan avvalgi darajaga yetdi. Chetga sarmoya chiqarish keskin koʻpaydi. Ishlab chiqarishning konsentratsiyalashuvi tezlashdi. 1950-yillarda milliy ozodlik harakati kuchayishi natijasida Niderlandiya mustamlakalaridan mahrum boʻldi. Niderlandiya — 1945-yildan BMT aʼzosi. Milliy bayrami — 30-aprel (Qirolicha kuni). Niderlandiya 1991-yil 31-dekabrda Oʻzbekiston Respublikasi suverenitetini tan oldi va 1992-yil 10-iyulda diplomatiya munosabatlari oʻrnatdi.

Asosiy siyosiy partiyalari, kasaba uyushmalari

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Davlat islohot partiyasi, 1918-yilda tuzilgan; Markaz demokratlari, 1993-yilda tashkil etilgan; Demokratlar-66, 1966-yilda asos solingan; „Soʻl koʻkatparvarlar“, 1991-yilda tuzilgan; Ozodlik va demokratiya uchun xalq partiyasi, 1948-yilda tashkil etilgan; Mehnat partiyasi, 1946-yilda tuzilgan; Islohotchi siyosiy federatsiya, 1975-yilda asos solingan; Islohot siyosiy ittifoqi, 1948-yilda tuzilgan; Sotsialistik partiya, 1972-yilda tashkil etilgan; Ittifoq 55+, 1994-yilda tashkil etilgan; Xristian-demokratik daʼvat, 1976-yilda asos solingan; Keksalar umumiy uyushmasi, 1994-yilda tuzilgan. Niderlandiya kasaba uyushmalari federasiyasi, 1976-yilda tashkil etilgan; Kasaba uyushmalari xristian milliy uyushmasi, 1909-yilda tuzilgan.

Niderlandiya — yuqori darajada rivojlangan industrial agrar mamlakat. Yalpi ichki mahsulotda sanoat ulushi 24,4 %, qishloq xoʻjaligi ulushi 4,3 %. Niderlandiya muhim dengiz va quruqlikdagi transport yoʻllari kesishgan yerda joylashgan.

Sanoatining texnika darajasi yuqori, malakali ishchi kuchi bilan taʼminlangan. Tabiiy gaz Niderlandiyaning asosiy kon boyligidir. Neft, toshkoʻmir ham qazib chiqariladi. Ishlab chiqarish sanoatining yetakchi tarmoqlari — kemasozlik, qora va rangli metallurgiya, metallsozlik va mashinasozlik, kimyo, neftni qay-ta ishlash va neft kimyosi, elektrotexnika, radioelektronika, oziq-ov-qat, toʻqimachilik. Aviasozik va avtomobilsozlik ham rivojlangan. Rangli metallurgiya sanoatida alyuminiy, rux va qalay eritiladi. Amsterdam, Rotterdam, Utrext, Harlem va boshqa shaharlarda umumiy mashinasozlik, Rotterdam, Sxidam, Dordrext, Amsterdamda yirik kemasozlik, Born va Eyndxovenda avtomobilsozlik, Rotterdam, Amsterdam va Flissingen atroflarida neftni qayta ishlash korxonalari bor. Plastmassa, oʻgʻit hamda sintetik tola uchun xom ashyo ishlab chikariladi. Gaz va osh tuzi xom ashyo bazasida kimyo sanoati rivojlangan. Farmatsevtika sanoati, lok, boʻyoq va boʻyovchi moddalar ishlab chiqarish juda taraqqiy qilgan. Xengelo shahrida katta tuz zavodi bor. Niderlandiyaning qadimgi sanoati — olmosga sayqal berish, asosan, Amsterdam shahrida joylashgan. Oziq-ovqat sanoati mahsulotining 1/3 qismini goʻsht-sut korxonalari beradi. Meva-sabzavot konservalari, pivo, kakao, shokolad ishlab chiqarish rivojlangan. Toʻqimachilik sanoatida, asosan, ip gazlama va sunʼiy ipakdan shoyi ishlab chiqariladi. Yiliga oʻrtacha 74 mlrd. kVt-soat elektr energiyasi hosil qilinadi.

Qishloq xoʻjaligi

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Qishloq xoʻjaligi koʻp miqdorda tovar mahsulot ishlab chiqarib, mamlakat eksport qiymatining 1/4 qismiga teng. Qishloq xoʻjaligida foydalanishga yaroqli yerlar (2,2 mln. ga)ning 60 % oʻtloq, 35 % haydaladi, 3 % bogʻ, poliz va gulchilik xoʻjaliklari. Niderlandiya — chetga eng koʻp sut mahsulotlari, tuxum, parranda goʻshti, goʻsht konservalari, choʻchqa goʻshti chiqaruvchi mamlakatlardan. Qishloq xoʻjaligi mahsulotlari qiymatining 2/3 qismiga yaqinini chorvachilik va parrandachilik beradi. Bogʻdorchilik, sabzavotchilik va gulchilik dehqonchilikdan olinadigan mahsulot qiymatining 60 % ni beradi. Niderlandiya — issiqxonalarda yetishtirilgan sabzavot, meva va uzumni eksport qilishda dunyoda 1-oʻrinda. Niderlandiya koʻp miqdorda kartoshka eksport qiladi. Bundan tashqari, qand lavlagi, donli ekinlardan bugʻdoy, arpa, suli ekiladi. Yiliga 2 mlrd. donadan koʻproq lola piyozi yetishtiriladi. Baliq ovlanadi[11].

Savdo flotining tonnaji jihatidan Yevropa Ittifoqi mamlakatlari orasida 3-oʻrinda turadi. Yuk aylanmasi boʻyicha dunyoda eng katta portlardan biri — Rotterdam porti yiligi 280 mln. tonna yuk oʻtkazadi. Mamlakat ichkarisida tashiladigan yuklarning 80 %i avtomobil transportiga, 17,1 %i suv transportiga, 2,9 %i temir yoʻl transportiga toʻgʻri keladi. Temir yoʻl uzunligi — 2850 km, avtomobil yoʻllari uzunligi — 118,2 ming km. KLM aviakompaniyasi yoʻlovchilar tashish boʻyicha dunyoda 7-oʻrinni egallaydi. Amsterdamda xalqaro aeroport bor.

Eksport va import

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Niderlandiya chetdan poʻlat, transport vositalari, kimyoviy mahsulotlar, mineral yoqilgʻi sotib oladi. Chetga tayyor buyumlar, oziq-ovqat mahsulotlari, roʻzgʻor bop elektr asbob-uskuna va ashyolar chiqaradi. Niderlandiya, asosan, Yevropa mamlakatlari bilan savdo-sotiq qiladi. Chet el sayyoxligi rivojlangan (yiliga 3 mln. sayyoh kelib ketadi). Asosiy mijozi boʻlgan GFR ga importning salkam 33 % va eksportning 22 % toʻgʻri keladi. Pul birligi — yevro.

Ijtimoiy soha

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Aholiga yuqori darajali tibbiy xizmat koʻrsatiladi. Davlat kasalxonalari bilan bir qatorda xususiy shifoxonalar ham mavjud. Vrachlar universitetlar huzuridagi 8 ta tibbiyot fakultetida tayyorlanadi.

1950-yildan mamlakatda 8 yillik bepul majburiy taʼlim toʻgʻrisidagi qrnun kuchga kirgan. 7 yoshdan 12 yoshgacha boʻlgan bolalar 6 yillik maktabga qatnaydilar. Oʻrta maktablar ikki turda: universitetga kirish huquqini beradigan 6 yillik gimnaziya, atenium (real oʻrta maktab) va litseylardir. Umumiy oʻrta taʼlim maktablari tarkibiga kichik, oraliq va yuqori oʻrta maktablar kiradi. Niderlandiyadagi boshlangʻich va oʻrta maktablarning faqat 30 % davlat qaramogʻida. Boshlangʻich maktab negizida hunar va oʻrta maxsus taʼlim tizimi tashkil etilgan. Ularda oʻqish muddati bir necha oydan 5-yilgacha.

Niderlandiyada toʻliq oliy maʼlumot beradigan 9 ta universitet, 3 ta texnika universiteti, universitet darajasidagi 4 ta kollej, shu jumladan, Vageningendagi oliy qishloq xoʻjaligi maktabi bor. Davlat universitetlari: Leyden (1575-yilda asos solingan), Utrext (1636), Groningen (1614), Amsterdam (1877), Rotterdam universitetlari va boshqa Davlatga qarashli va xususiy ilmiy muassasalar mavjud. universitetlar huzuridagi institutlar, Amaliy tadkikrt markaziy tashkilotining institutlari, Niderlandiya qirollik fanlar akademiyasi va vazirliklarning, Niderlandiya fundamental tadqiqotlarni rivojlantirish tashkilotining institutlari, Yadro energiyasi markaziy kengashi, Xalqaro munosabatlar instituti va boshqa mavjud.

Yirik kutubxonalari: Amsterdam, Leyden universitetlarining kutubxonalari, Gaagadagi Qirollik kutubxonasi va boshqa Amsterdamda Davlat muzeyi (1808-yilda asos solingan), Van Gog milliy muzeyi (1972), Rembrandt uy-muzeyi (1907), Qirollik tropik institutining muzeyi, Gaagada munitsipal muzey, Qirollik rassomchilik maskani (1820), Pochta muzeyi (1929), Leydenda Milliy etnografiya muzeyi (1837), Milliy geologiya va mineralogiya muzeyi bor.

Matbuoti, radioeshittirishi va telekoʻrsatuv

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Eng yirik gazeta va jurnallari: „Alxemeyn daxblad“ („Kundalik umumiy gazeta“, 1946-yildan), „Bin-nenxof“ („Ichki hovli“, oqshom gazetasi, 1945-yildan), „Gaagse kurant“ („Gaaga gazetasi“, 1883-yildan), „Telegraf“ (kundalik gazetasi, 1893-yildan), „Trau“ („Sadoqat“, kundalik gazetasi, 1943-yildan), „Folkskrant“ („Xalq gazetasi“, kundalik gazetasi, 1920-yildan), „Fray Nederland“ („Erkin Niderlandiya“, haftalik gazetasi, 1940-yildan), „Fraye folk“ („Ozod xalq“, kundalik gazetasi, 1900-yildan), „Frayxeyd en demokrati“ („Ozodlik va demokratiya“, xaftalik gazetasi, 1949-yildan), „Xrune amsterdammer“ („Koʻkatparvar amsterdamlik“, haftalik gazetasi, 1877-yildan), „Demokrat“ (oylik jurnali), „Politik en kyul-tyur“ („Siyosat va madaniyat“, oylik jurnali, 1940-yildan). Alxemeyn Nederlands Persbyuro — ANP, Niderlandiya axborot agentligi, 1943-yilda tuzilgan. Gollandiya gazetalari noshirlarining kooperativ uyushmasi. Niderlandiya radioeshittirish korporatsiyasi radioeshittirish va telekoʻrsatuv tashkiloti boʻlib, hukumat nazoratida ishlaydi, 1969-yilda tashkil etilgan.

Golland tilidagi eng qad. adabiy yodgorlik XIX asrda dunyoga kelgan. Niderland va olmon adabiyotida G. van Feldeks (1140—1200) saroy eposini yaratib shuhrat qozondi. „Reynard haqida qoʻshiq“ deb atalgan xalq dostoni xalqchil sheʼriyat va dramaturgiyaning rivojlanishiga zoʻr taʼsir oʻtkazdi. XIII asrda diniy adabiyot rivojlandi. Niderlandiya adabiyetining yirik namoyandasi Erazm Rotterdamskiyning „Bemaʼnilik madxi“ hajviy asari (1509) Uygʻonish davri ruhida yozilgan. XVII asr Niderlandiya madaniyatida „oltin asr“ boʻldi. Bu davrda turli oqimlarga mansub adiblar ijtimoiy va axloq-odob masalalariga oid asarlar yaratdilar, gumanistik, demokratik gʻoyalar rivojlandi. Shoir va dramaturg yil van den Vondel (1587— 1679-yil)ning „Mariya Styuart“, „Lyusifer“ tragediyalari jahon adabiyetining nodir asarlaridan boʻlib qoldi. XVIII asr adabiyotida milliy-demokratik anʼanalar susaydi. XIX asrda yashab, ijod qilgan adiblar — A. Staring, E.Y.Potgiter, Niderlandiya Bets va boshqa golland mustamlakachiligini tanqid qildilar va umuman, oʻtkir ijtimoiy muammolarni koʻtarib chikdilar. XIX asr 2-yarmi va XX asr boshlarida adabiyotda sotsialistik goyalar xukmronlik qildi. 30-yillarda „Forum“ jurnali atrofida uyushgan adiblar fashizmga qarshi kurashdilar. 50-yillarda L. Froman, P.Rodenko, Lyusebert, R.Kampert, XLampo Yevropa adabiyoti oqimida bordi. 80—90-yillarda V.Ryuislink, X. Xeresm, J. Gamelink, Ya. Kremer va boshqa realistik tamoyillarni kuchaytirdi.

Meʼmorligi va tasviriy sanʼati

[tahrir | manbasini tahrirlash]
Rembrandt van Reyn — jahondagi mashhur rassomlardan biri

Qadimgi Niderlandiya hududida neolit davrining sopol idishlari, toshdan qurilgan megalitik inshootlari, miloddan avvalgi 1-ming yillikka mansub kelt manzilgoxlari, milodiy I-III asrlar qadimiy Rim binolarining qoldiqlari, olmonlarning metall, zargarlik buyumlari saqlangan. Oʻrta asr meʼmorligi namunalari Amsterdam, Gaaga va boshqa shaharlarda mavjud (shahar devorlari, saroy, qalʼa, uylar). Mamlakatda tuproqning botqokligi, tosh tanqisligi binolarning gʻisht va yogʻochdan qurilishiga sabab boʻlgan.

XVI-XVII asrlar tasviriy sanʼatida turmush manzaralari, natyurmort, portret janri rivojlandi (yana qarang Niderland sanʼati). XVII asr oʻrtalarida klassitsizmning golland badiiy maktabi rivoj topdi (binolarning sodda va qulay boʻlishiga koʻproq eʼtibor berildi). XVII asr 2-yarmida fransuz klassitsizmining boy saroy va park meʼmorligi taʼsiri kuchaydi. Jamoat, savdo va ishlab chiqarish binolari (ratusha, birja, savdo rastalari va boshqa) qurildi (meʼmorlar Ya. van Kampen, P. Post, aka-uka F. va Yu.Vingbons va boshqa). XVII asrda haykaltaroshlik unchalik rivojlanmadi (binolar haykal bilan kamdankam bezatildi, portret haykallar juda kam ishlandi). Rassomlik va grafika esa keng rivoj topdi. Realistik rassomlik yuksalib, butun Yevropa tasviriy sanʼatiga samarali taʼsir oʻtkazdi. Golland rassomlari, odatda, biror janrga ixtisoslashgan. Portret (F. Xals), dehqonlar hayoti (A. van Ostade) va shahar hayoti (Ya. Sten, G. Terborx va boshqa), ifodali maishiy janr, manzara (Ya. Porsellis, Ya. van Ryoysdal) va boshqa janrlarda qim-matli asarlar yaratildi. Rembrandt, F. Xale, K. Fabritsius kabi buyuk rassomlarning ijodida demokratik kayfiyatlar mohirona ifodalandi.

XIX asrda shaharlarda aholi tigʻizlashdi, ixcham, tejamkor meʼmorlik shakllariga eʼtibor kuchaydi. Tasviriy sanʼatda oddiy mehnatkash kishilar hayotiga ahamiyat berildi. Ikkinchi jahon urushidan soʻng Amsterdam, Gaaga, Rotterdam va boshqa shaharlarda binolarning oqilona joylashishiga erishildi, milliy romantik tamoyillar bilan sugʻorilgan funksionalizm yetakchi oqim boʻlib qoldi. XIX asr 2-yarmida Gaaga rang tasvir maktabi, XX asrda golland haykaltaroshlik maktabi shakllandi. Hozirgi zamon Niderlandiya tasviriy sanʼatida turli modernistik okimlar yoyilgan, ammo demokratik tamoyillar ham (Charli Torop, X. Shabo, P. Alma ijodida) sezilib turadi[12].

Niderlandiyaning musiqa madaniyatiga doir dastlabki maʼlumotlar ilk oʻrta asrlarga mansub. XII asrdan ritsarlik lirikasi rivoj topdi. XIV asrda menestrellar deb atalgan sayoq sozanda va xonandalar xalq qoʻshiqchiligini professional sanʼat darajasiga koʻtardilar. Bayram, yarmarka, turli musobaqalarda musiqa asboblari joʻrligida ashula va raqslar ijro etish odat tusiga kirdi. XV-XVI asrlarda musiqa sanʼati, ayniqsa, yuksaldi. Xususan, Uygʻonish davrida vujudga kelgan Niderland maktabi Yevropaning kompozitorlik ijodiyotiga taʼsir oʻtkaza boshladi. XVII asrda musiqa asboblarini ishlab chiqarish ham rivojlandi. XVII asr oxirlaridan Niderlandiyada ingliz, fransuz, italyan musiqalari taʼsiri oshdi, komik operalar sahnaga qoʻyiddi. K. Haquartning „Ishq tantanasi“ (1678) klassitsizm uslubidagi birinchi golland operasidir. Shu yillarda musiqa jamiyatlari tashkil etildi. XIX asrning 1-yarmidan milliy-demokratik musiqa madaniyati rivoj topa boshladi. Amsterdam konservatoriyasi (1884), Niderlandiya musiqachilari qirollik jamiyati (1875), Milliy opera (1916—23), Niderlandiya kompozitorlari jamiyati (1911) va boshqa tashkilotlar mamlakatda musiqa madaniyati rivojida muhim ahamiyatga ega boʻddi. Amsterdamda 1948-yildan yozgi musiqa festivallari oʻtkazib turiladi. Mamlakatda bir necha opera va balet teatrlari, 12 simfonik orkestr, 7 konservatoriya (baʼzilarida Sharq musiqasi oʻrganiladi), 3 musiqa litseyi, Amsterdam, Leyden va Utrext universitetlarida musiqa tarixi va nazariyasi fakultetlari bor. Kompozitorlardan G.Landre, S.Bessem, K. van Baren, dirijyorlardan P. Xyupperts, B.Xaytink, musiqa ijrochilaridan K.de Grot, L.Ponse, G.Leonhardt, T.Olof, T.Bayle va boshqa mashhur.

Baleti oʻrta asrlardan vujudga kela boshlagan, bayram va karnavallarda raqslar koʻp ijro etilgan. 1959-yilda Amsterdam balet truppasi tuzilgan. Uning S.Gaskell truppasi (1954) bilan qoʻshilishi (1961) tufayli Niderlandiya milliy baleti tashkil topgan. Gaagada 1961-yildan Niderlandiya rake teatri ishlaydi. 1945-yildan bolalaruchun spektakllar qoʻyadigan „Skapino“ truppasi ishlab turibdi. O.de Xaye, Ya.Fliyer, I.Sanders Niderlandiya operasini rivojlantirishga katta hissa qoʻshdi.

XII asr oxiridan boshlab dramatik asarlar sahnalashtirila boshladi. XIV asrda adabiyot va teatr shinavandalari jamiyati tuzildi. 1638-yilda Amsterdam shahri teatriga asos solindi. Koʻplab sayyor truppalar mamlakat boʻylab tomoshalar koʻrsatardi. 1870-yilda tuzilgan „Niderland teatr uyushmasi“ milliy teatr sanʼati rivojiga katta hissa qoʻshdi. Niderlandiyada havaskorlik teatrlari keng tarqalgan. Teatrlarda U. Shekspir, F. Shiller, F. Dostoyevskiy, Niderlandiya Gogol, A. Chexov, M.Gorkiy asarlari koʻrsatilgan. Keyingi yillarda mahalliy mualliflardan Ya. Stal, S. Notebom, Ya. van der Merve va boshqalarning asarlari koʻplab sahnalashtirildi. Arnem, Rotterdam shaharlarida teatrlar mavjud. Zamonaviy sahna ustalari orasida A. van Dalsyum, K. van Deyk, E. van Lingen, V. Fos mashhur. Amsterdamda Teatr muzeyi bor.

1898-yildan hujjatli, 1910-yildan badiiy filmlar ishlab chiqarilgan. 1927-yil Amsterdamda kino sanʼatini targʻib qiluvchi „Filmliga“ kino klubi tashkil qilindi. Uning tarkibiga kirgan kino xodimlari „Ulik suv“ (rejessor G.Ryutten) va boshqa filmlarni yaratdilar. Fashistlar okkupatsiyasi yillarida ekranlarda, asosan, olmon filmlari namoyish qilindi. Mamlakat fashistlardan ozod qilingandan keyin Qarshilik harakati toʻgʻrisida koʻplab hujjatli filmlar suratga olindi (rejessor R.Xorneker, J.Fernu, O. van Neyenxof va boshqa), badiiy filmlar yaratish keng yoʻlga qoʻyildi. Keyingi yillarda „Amsterdam, suv shahri“ (rejessor M.Xas) ilmiy-ommabop filmi, „Suv ovozi“ (rejissor B.Xanstra), „Kasbdoshlar, shovqin qilmang“ (rejissor F.Rademakers), „Turk mevasi“ (rejissor P.Ferxuven) kabi badiiy filmlar chiqarildi. Kinematografiya kadrlari Amsterdam kino instituti va kino akademiyasida tayyorlanadi.

Oʻzbekiston — Niderlandiya munosabatlari

[tahrir | manbasini tahrirlash]
  1. CBS StatLine — Population and population dynamics; month, quarter and year
  2. Международный валютный фонд (апрель 2008)
  3. Vorgezogene Neuwahl in den Niederlanden(olm.)
  4. Regierung zerbricht an Afghanistan-Streit(olm.)
  5. CBS StatLine — Population and population dynamics; month, quarter and year (ingl.)
  6. Protestantism by country statistics — countries compared — NationMaster
  7. CIA — The World Factbook (Wayback Machine saytida 2011-08-16 sanasida arxivlangan) (ingl.)
  8. 5, 2012-01-11da asl nusxadan arxivlandi, qaraldi: 2013-04-26
  9. 4, 2020-05-21da asl nusxadan arxivlandi, qaraldi: 2013-04-26
  10. %29-l&LA=EN&VW=T 3
  11. 1, 2020-05-21da asl nusxadan arxivlandi, qaraldi: 2013-04-26
  12. 1, 2016-03-30da asl nusxadan arxivlandi, qaraldi: 2013-04-26