Said ibn Abdulloh al-Hanafiy
Shaxsiy maʼlumotlar | |
---|---|
Vafoti |
milodiy 680-yil 10-oktyabr (hijriy 61-yil Muharram oyining 10-kuni) |
Oʻlim sababi | Karbalo jangida shahid boʻlgan |
Dini | Islom |
Tanilgan sohasi | Husayn ibn Alining hamrohi |
Said ibn Abdulloh al-Hanafiy (arabcha: سعید بن عبد الله الحنفی) Karbalo jangida shahid boʻlgan Husayn ibn Alining hamrohlaridan biri. Koʻzga koʻringan shia ahli va Kufaning zodagonlaridan biri sifatida Imom al-Husaynni Kufaga chaqirishda katta rol oʻynagan. U kufaliklarning bir qancha muhim maktublarini Imom al-Husaynga yetkazgan. Said ibn Abdulloh yetkazgan oxirgi maktub Muslim ibn Oqilning imomga yozgan maktubi boʻlgan. Shu paytdan boshlab u Makkadan Karbalogacha imomga hamrohlik qilgan. Said Ashuro kechasidagi nutqi bilan Ahli Baytga muhabbatini hamda Imom Husaynni qoʻllab-quvvatlashini isbotlagani bilan esga olinadi.
Said (yoki Saʼd) ibn Abdulloh al-Hanafiy Banu Hanifa ibn Lajim qabilasi, Adnon boʻlimi, Banu Bakr ibn Voil urugʻiga mansub boʻlgan[1]. U Kufada koʻrsatgan jasorati va taqvodorligi bilan tanilgan boʻlgan mashhur zodagonlaridan hisoblangan[2].
Husayn ibn Aliga qoʻshilishi
[tahrir | manbasini tahrirlash]Kufaliklarning maktubini yetkazib berishi
[tahrir | manbasini tahrirlash]Muoviya ibn Abu Sufyon vafotidan keyin Kufa shialari Husayn ibn Aliga bir necha marta xat yozib, uni oʻz shaharlariga taklif qilishgan. Uchinchi maktub Said ibn Abdulloh al-Hanafiy va Hani ibn Hani as-Sabiyiy tomonidan yetkazilgan[3]. Said shu qadar mashhur ediki, u Husaynni Kufaga kelishga ishontira olgan[4]. Maktubni Shabat ibn Rib’iy, Hajjar ibn Abjar, Yazid ibn al-Horis ash-Shayboniy, Yazid ibn Ruvaym, Uzra ibn Qays, Amr ibn Hajjoj va Muhammad ibn Umayr yozganlar[5].
Maktub shunday boshlangan edi: „Mehribon va rahmli Allohning nomi bilan. Shia musulmonlaridan Husayn ibn Aliga. Iltimos, tezroq keling, chunki xalq sizni kutmoqda va ularning qalblari siz bilan. Iltimos, shoshiling. Assalomu alaykum. Har yer yam-yashil, mevalar pishgan, suv quduqlari toʻla. Iltimos keling. Sizning qoʻshiningiz tayyor, sizga tinchlik boʻlsin“.
Husayn bu xatga javob yozgan, Said esa uni Kufa ahliga yetkazgan. Oʻsha vaqtda Muslim ibn Oqil Kufaga vakil etib tayinlangan edi. Muslim Kufaga kirgach, Muxtor Saqafiyning uyida qolib, odamlar uchun nutq soʻzlagan. Imom Husaynni Kufaga chaqirishni Muslim ibn Oqil Saidga vazifa qilib topshirgan. Said Makkaga qaytib, Muslim ibn Oqilning maktubini Husaynga yetkazgan va Husaynga Makkadan Karbalogacha hamrohlik qilgan[6].
Ashuro kunidan oldingi kecha
[tahrir | manbasini tahrirlash]Husayn barcha hamrohlarini qarorgoh orqasiga yigʻishga chaqirdi va nutq soʻzladi. Yigʻilganlardan bay’at olib, tun qorongʻusida u yerdan ketishlarini soʻradi. Soʻngra: „Bu odamlar mening orqamdan yuribdi, shuning uchun sizlar haqingizda tashvishlanadigan hech narsa yoʻq, men barchangizni kechiraman“, dedi.
Said oʻrnidan turib Husaynga javob berdi: „Ey paygʻambarning avlodi! Allohga qasamki, biz sizlarga yordam berishdan hech qachon toʻxtamaymiz, shunda Alloh bilsinki, biz paygʻambarning zurriyotlari haqidagi vasiyatlariga itoat qilganmiz. Allohga qasamki, agar meni oʻldirishsa-yu, keyin tirilsam ham, jasadim 70 marta kuyib, kulim shamolda sochilib ketsa ham, men hech qachon sizdan voz kechmayman. Men sizga fido boʻlaman“[7].
Karbalo jangi
[tahrir | manbasini tahrirlash]Said ibn Abdulloh Ashuro kuni peshin namozidan keyin Husaynning huzuriga kelib, jang maydoniga borishga ruxsat soʻragan. Karbalo jangida shahid boʻlguniga qadar jang maydonida mardanovor kurashib, dushman qoʻshiniga koʻp talofatlar yetkazgan.
Boshqa bir rivoyatda Saidning peshin namozidan keyin Husaynni himoya qilib shahid boʻlganligi aytiladi[8]. Husayn peshin namozini oʻqiyotganda, dushman qoʻshini unga yaqinlashgan. Said ibn Abdulloh Husayn va boshqa sahobalar namoz oʻqiyotgan kishilarning ustiga yogʻdirilgan oʻqlardan ularni qalqon qilib turgan. Uning yuziga, koʻkragiga, yon tomonlariga va qoʻllariga oʻqlar sanchilgan[9].
Maʼlumotlarga koʻra, Said Husaynga yuzlanib: „Ey Paygʻambarning avlodi, ahdimni bajardimmi?“ – deb soʻraydi. Husayn unga: „Ha, sen mening oldimda jannatdasan“, deb javob beradi. [10]
Yana boshqa manbalarda keltirilishicha, Said shahid boʻlganida uning tanasida qilich va nayza jarohatlaridan tashqari 13 ta oʻq ham boʻlgan[11].
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- ↑ Shams al-Dīn. Anṣār al-Ḥusayn — 76-bet.
- ↑ Majlisī. Bihar Al-anwar — 70-bet.
- ↑ Muhammad ibn Jarir al-Tabari. Tarikh Tabari — 262-bet.
- ↑ Kamaraʾī. ʿUnṣur-i shujāʿ, عنصر شجاعت يا هفتاد و دو تن و يك تن. دار العرفان, 1389 — 158-bet.
- ↑ Kamaraʾī. Unṣur-i shujāʿat, عنصر شجاعت يا هفتاد و دو تن و يك تن. دار العرفان, 1389 — 158–160-bet.
- ↑ Samāwī, Muḥammad ibn Ṭāhir. Ibṣār al-ʻayn fī inṣār al-Ḥusayn. Najaf, Iraq.: al-Maṭbaʻah al-Ḥaydarīyah, 1922 — 216-bet.
- ↑ Muhammad ibn Jarir al-Tabari. Tarikh Tabari — 216-bet.
- ↑ Muhammad ibn Jarir al-Tabari. Tarikh Tabari — 318-bet.
- ↑ Abu Mikhnaf. Maqtal al-Husayn. al-Kharsan Foundation for Publications, 4 November 2013 — 266-bet.
- ↑ Abd Allah Mamaqani. Tanqīḥ al-maqāl fī aḥwāl al-rijāl. Qom, Iran.: Al al-Bayt li Ihya' al-Turath — 28-bet.
- ↑ Amīn. Aʿyān al-Shīʿ — 241-bet.