Kontent qismiga oʻtish

Sardor Komilov

Vikipediya, erkin ensiklopediya
Sardor Komilov
Tavalludi 14-avgust 1978-yil (1978-08-14) (46 yosh)

Sardor Komilov — oʻzbekistonlik jurnalist, blogger, rejissor, „Sayyod“ koʻngilochar blogi asoschisi va muharriri. Sayyod taxallusi bilan ijod qiladi. 2003-yildan beri onlayn faoliyat yuritib keladi.

Komilov 1978-yil 14-avgustda Toshkent shahrida tugʻilgan. Ilk jurnalistlik faoliyatini uzforum.com forumida boshlagan, keyinchalik „Darakchi“ gazetasida ishlagan. 2008-yil Sayyod vebsaytiga asos solgan. Ortiq Otajonov, Ulugʻbek Otajonov, Ali Otajonov va boshqa xonandalarning bir necha klipiga rejissyorlik qilgan. Komilov xayriya ishlari bilan ham shugʻullanib keladi.

Sardor Komilov 1978-yil 14-avgustda Toshkent shahrida tugʻilgan.[1] 2012-yil oila qurgan.

Komilov ilk jurnalistlik faoliyatini uzforum.com forumida boshlagan, keyinchalik „Darakchi“ gazetasida ishlagan. Komilov „Darakchi“ gazetasining „Chuv tushdi“ hamda „Sugʻdiyona“ gazetasining „Koʻngil“ loyihasi muallifidir.

Komilov 2008-yil Sayyod vebsaytiga asos solgan. Hozirgi kunga kelib Sayyod oʻzbek tilidagi koʻngilochar vebsaytlarning biriga aylangan.[2] Oʻzbekistonda .uz domenini muvofiqlashtiruvchi UZINFOCOM tashkiloti mulozimi Nozim Daliyevga koʻra, 2011-yil davomida Sayyod.uz saytiga har oy 26 829 ziyoratchi kirgan. Ammo Komilov bu raqamlar notoʻgʻriligini, aslida tashriflar soni bundan ancha yuqori ekanligini bildirdi.[3]

2013-yil oxirida ismi ochiqlanmagan oʻzbek qoʻshiqchisi va uning produseri oʻrtasidagi kelishmovchilik boʻyicha jinoiy ish ochildi, bu ishga Sayyod saytining aloqasi borligi aytildi. Buning ortidan Komilov Internetdagi faoliyatini toʻxtatishini bildirdi. 2014-yilning yanvar oyida bir guruh yoshlar Komilovning uyi oldida uni qoʻllab namoyish oʻtkazdi.[3]

2013-yilning noyabr oyida Komilov Twitterda Oʻzbekiston Prezidenti Islom Karimovning qizi Gulnora Karimova bilan bahslashdi. 2-noyabr kuni Komilov Karimovadan intervyu berishini soʻradi. Bunga Karimova „Soxta piar ortidan quvmang…yana eksklyuziv intervyu soʻrab…buning uchun professional darajaga yetish lozim“, deb javob berdi.[4] Muhokama davomida Karimova turli muammolarga duchor boʻla boshlagan paytda Sayyod saytida uni qoʻllab yozilgan maqola keyinroq gʻoyib boʻlganini aytildi. Karimova bunga salbiy munosabat bildirdi. Pirovardida Komilov Karimovadan kechirim soʻradi va Sayyod saytida avval chop etilgan maqola qayta tiklandi.[4]

Rejissorlik faoliyati

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Komilov 2008—2009-yillarda Ulugʻbek Otajonovning produseri sifatida faoliyat yuritgan. Otajonovning „Labingda“, „Turnalar“, „Ona“, „Sen baxtli boʻlasan“ kliplariga rejissorlik qilgan. Bundan tashqari, Ali Otajonovning „Sevdim“, „Kelinchak“ va „Masalan“ kliplariga, Ortiq Otajonovning „Kuylar“ klipiga rejissorlik qilgan.

Human Rights Watch xodimi bilan insident

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Sardor Komilov 2019-yilda Human Rights Watch tashkiloti xodimi Steve Swerdlovni Toshkent mehmonxonasida agressiv ohangda soʻroqqa tutdi. Tashkilot voqeani „agressiv ogʻzaki hujum“ deb atab, Komilov harakatlarini qoraladi.[5] Komilov hodisa aks etgan videoni YouTubeda eʼlon qildi. Ammo keskin tanqidlar ortidan videoni platformadan oʻchirib tashladi.

Hayriya fondi

[tahrir | manbasini tahrirlash]

2012 yildan beri leykemiyaga chalingan bemorlarga yordam beradigan Faxrli inson fondi rahbari O'zbekistonda ilk qon topshirish aksiyasini yo'lga qo'ygan birinchi o'zbek blogeri https://www.youtube.com/watch?v=rtqfTEN7RnY

Uzreport: https://www.youtube.com/watch?v=qAaV82ZpVpI

Telekanaldagi badiiy rahbarlik

[tahrir | manbasini tahrirlash]

2019y 1 avgustdan beri "Milliy Telekanali"da badiiy rahbar - bosh prodyusser va bosh muharrir Telekanaldagi "Baxtlimiz" va "Super kuyov" loyihalari va ularning saundtreklari muallifi https://www.youtube.com/watch?v=YgKEcbf84OE https://www.youtube.com/watch?v=ZdJl97B2-Xs&t=993s

II darajali «Sog‘lom avlod uchun» ordeni

[tahrir | manbasini tahrirlash]

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoni

Mamlakatimizda so‘z va matbuot erkinligi, ochiqlik  va oshkoralikni mustahkamlash, xalqimizning axborot sohasidagi konstitutsiyaviy huquqlarini ta’minlashga qo‘shayotgan munosib hissasi, global axborot maydonida milliy manfaatlarimizni himoya qilish, yurtimizdagi yangilanish jarayonlari, erishilayotgan yutuqlarni keng targ‘ib etishdagi katta xizmatlari, zamonaviy jurnalistika yo‘nalishlari uchun yuksak malakali kadrlarni tayyorlash, yosh avlodni ona Vatanga muhabbat va sadoqat ruhida tarbiyalash borasidagi samarali faoliyati hamda ijtimoiy hayotdagi faol ishtiroki uchun quyidagilar mukofotlansin:  

II darajali «Sog‘lom avlod uchun» ordeni bilan

Kamilov Sardor Abduraximovich - «Milliy telekanal» mas’uliyati cheklangan jamiyatining bosh muharriri va prodyuseri

  1. „Oʻzbekistondagi shou-biznesga bagʻishlangan Sayyod.uz sayti asoschisiga savol bering“. Bi-Bi-Si oʻzbek xizmati (2012-yil 11-dekabr). Qaraldi: 2015-yil 22-iyun.
  2. „Sayyod: Men hamma narsaga adolatli yondoshaman, haqiqatni aytishdan qoʻrqmayman!“. Bi-Bi-Si oʻzbek xizmati (2012-yil 18-dekabr). Qaraldi: 2015-yil 22-iyun.
  3. 3,0 3,1 „Toshkentda Sayyod.uz himoyasiga namoyish oʻtkazildi“. Ozodlik radiosi (2013-yil 8-yanvar). 2015-yil 22-iyunda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2015-yil 22-iyun. (Wayback Machine saytida 2015-06-22 sanasida arxivlangan)
  4. 4,0 4,1 „Gulnora bilan tvit „jangi“da Sayyod yengildi“. Ozodlik radiosi (2013-yil 20-noyabr). Qaraldi: 2015-yil 22-iyun.
  5. Хьюман Райтс Уотч ўз тадқиқотчиси Тошкентда "оғзаки ҳужумга" нишон бўлганини билдирди