Shayboniylar daxmasi (Samarqand)
Shayboniylar daxmasi | |
---|---|
Shayboniylar daxmasi | |
Joylashuvi | Registon maydoni, Samarqand, Oʻzbekiston |
Koordinatalar | 39°39′19″N 66°58′34″E / 39.655374203833816°N 66.97621080938472°E |
Konfessiya | islom |
Turi | xilxona |
Qurilish boshlanishi | XVI asr |
Holati | davlat himoyasida |
Balandligi | 10–11 metr |
Qurilish materiali | marmar va pishgan gʻisht |
Shayboniylar daxmasi (Samarqand) |
Shayboniylar daxmasi — oʻrta asr meʼmoriy yodgorligi. Shayboniylar oʻzbek sulolasi vakillari dafn etilgan daxma — marmar sufa. XVI asrda bunyod etilgan. Oʻzbekistonda Samarqandning Registon maydonida joylashgan.
Daxmaning har bir tomoni uzunligi 10—11 metrlar boʻlib, ustida 36 qabrtosh mavjud boʻlgan. Dastlab Mehr Sulton xonim koʻrsatmasi bilan Shayboniyxon madrasasi hovlisining oʻrtasida joylashgan qabrlar alohida oilaviy daxma — baland marmar sufa koʻrinishiga keltirilgan[1]. Bibixonim masjidiga olib boriladigan yoʻl ochilganda daxma 70—80 metrlar janubi sharqqa koʻchirilgan. Uning egallab turgan maydoni ancha qisqargan. 1960—1962-yillarda shaharni qayta taʼmirlashda daxma ikkinchi marta — Registon maydoniga koʻchirilgan.
Unga avval 1504-yilda shahid boʻlgan Mahmud Sulton birinchi dafn etilgan. 1509-yilda Buxorodan Muhammad Shayboniyning onasini Oq Qoʻzi begimning jasadi koʻchirib kelib dafn etilgan. 1510-yilda Muhammad Shayboniy oʻzi, 1511-yilda Mahdiy, Hamza hamda Abulxayr sultonlar, 1514-yilda Muhammad Temur sulton, 1526-yilda Yodgor sulton, 1530-yilda Shoh Sulton xonim, 1535-yilda Shaxribonu xonim, 1545-yilda Qutlugʻ Muhammad sulton, 1586-yilda Suyunch Muhammad sulton va boshqa shayboniy sultonlar va malikalar dafn etilganlar[2].
Shayboniylar daxmasi Oʻzbekiston moddiy va madaniy meʼrosining koʻchmas mulk obyektlari milliy roʻyxatiga kiritilgan — davlat himoyasiga olingan[3].
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]Adabiyot
[tahrir | manbasini tahrirlash]- Abu Tohirxoja Samarqandiy. Samariya (Samarqand mozorlari zikri). Toshkent: Yangi asr avlodi, 2009 — 208-bet. ISBN 978-9943-08-382-0.
- Muqimov Z.. Shayboniylar davlati va huquqi (Tarixiy-huquqiy tadqiqot). Toshkent: Adolat, 2007 — 156-bet. ISBN 978-9943-332-04-2.
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |