Kontent qismiga oʻtish

Shimoliy Amerika Kordilyera togʻlari

Vikipediya, erkin ensiklopediya
Shimoliy Amerikaning gʻarbiy qismida "kordilyera" togʻlari joylashgan.

Shimoliy Amerika Kordilyera togʻlariKordilyera togʻlarining Shimoliy Amerika materigining gʻarbiy chekkasi boʻylab choʻzilgan qismi. Uzunligi 9000 km, eni 800 km dan (Kanadada) 1600 km gacha (AQShda). Turli yosh va jinsli geologik tuzilmalardan tuzilgan: Kolorado platosi va Qoyali togʻlar qattiq tokembriy massivlaridan, Yukon va Makenzi togʻ massivlari choʻkindi va metamorfik paleozoy jinslarining qalin qatlamidan, Syerra Nevada togʻlari mezozoy batolitlari, Gʻarbiy mintaqa tizmasi vulkanogen jinslardan tashkil topgan. Rangli metallar, simob, oltin, neft, toshkoʻmir konlari bor. Shimoliy Amerika Kordilyera togʻlari 3 ta boʻylama orografik mintaqaga boʻlinadi. Sharqiy yoki Qoyali togʻlar mintaqasi Bruks, Makenzi, Sharqiy SyerraMadre va Qoyali togʻlarning baland tizmalaridan iborat boʻlib, Tinch okean, Meksika qoʻltigʻi havzasi va Shimoliy Muz okeani havzalari orasida suvayirgʻichdir. Eng baland joyi 4399 m (Qoyali togʻlardagi Elbert choʻqqisi). Gʻarbiy yoki Tinch okean mintaqasi okeanboʻyi tizmalari va togʻ oraligʻi depressiyalaridan iborat. Unga Alyaska tizmasi (MakKinli togʻi, 6193 m, materikning eng baland choʻqqisi), Aleut, Qirgʻoqboʻyi, Kaskad togʻlari, SyerraNevada, Gʻarbiy Syerra Madre, Koʻndalang Vulqonli Syerra (Orisaba (5700 m), Popokatepetl (5452 m) vulqonlari), Janubiy Syerra Madre togʻlari kiradi. Materikning chekka gʻarbiy sohili boʻylab choʻzilgan tizmalar kuchli parchalangan va asosan, oʻrtacha balandlikdagi togʻlardan iborat. Ichki mintaqa Tinch okeani tizmalaridan sharkda joylashgan Yukon, Freyzar, Kolumbiya, Katta Havza, Kolorado plato va yassitogʻlaridan, Meksika togʻligidan iborat boʻlib, ular chuqur tektonik depressiyalar bilan ajralgan.

Shimoliy Amerika Kordilyera togʻlari turli tektonik elementlardan tashkil topgan. Baʼzi joylarda vulkanizm, seysmik va hozirgi zamon tektonik harakatlar kuchli. Tinch okeanboʻyi tizmalarining oʻq qismida intruziv jinslar yer yuzasiga chiqib qolgan. Vulqonli tizmalar ham bor. Shimoliy Amerika Kordilyera togʻlarining shim. qismi arktika va subarktika, 40° sharqigacha boʻlgan hududlar moʻʼtadil, undan janubida subtropik, Kaliforniya yarim orol va Meksika togʻligi tropik mintaqalarda joylashgan. Tizmalarning Tinch okeanga qaragan yon bagʻirlarida yumshoq, okean iqlimi, ichki hududlarda kontinental iqlim. Yogʻin taqsimoti notekis. Eng kam yogʻin ichki yassitogʻliklarda yogʻadi. Alyaskadagi tizmalarda yillik yogʻin 3000–4000 mm, Amerika Qoʻshma Shtatlarining ichki platolarida 400–200 mm, Moxave choʻlida 50 mm. Eng qalin qor qoplami Alyaska janubda, Qirgoqboʻyi tizmasi va Kanadaning Kolumbiya togʻlarida kuzatiladi. Qor chizigʻining eng past chegarasi (300–450 m) Janubiy Alyaska togʻlarining okeanga qaragan yon bagʻrida. Janubiy tomon qor chizigʻining bal. 4500 m dan ham oshadi. Muzliklarning umumiy maydoni 67,000 km², asosan, Alyaska va Kanada gʻarbidadir. Yukon, Makenzi, Missuri, Kolumbiya, Kolorado, Rio Grande kabi yirik daryolar Shimoliy Amerika Kordilyera togʻlaridan boshlanadi. Shimolda muzliktektonik yoʻl bilan va daryo oʻzanining toʻsilib qolishi natijasida vujudga kelgan chuchuk suvli koʻl koʻp. Yirik va sersuv daryolar gidroenergiya resurslariga boy. Shimoliy Amerika Kordilyera togʻlarida landshaftlarning balandlik mintaqalari aniq ajralgan. Tinch okean sohili bilan ichki hududlar landshaftlari oʻzaro farq qiladi. Shimoliy Amerika Kordilyera togʻlarining shim. qismidagi tizmalarning yon bagʻirlari igna bargli oʻrmonlar bilan qoplangan. Ichki yassitogʻliklarning jan. qismini quruq dasht va choʻllar egallaydi. Meksika togʻligini oʻrab turgan togʻlarning tashqariga qaragan yon bagʻirlari doim yashil tropik oʻrmonlar bilan qoplangan. Markaziy Amerika Kordilyera togʻlarining Tinch okeanga qaragan yon bagʻirlarida barg toʻkuvchi tropik oʻrmonlar, nisbatan quruq hududlar va ichki soyliklarda tikanli siyrak oʻrmonlar, kaktus va savanna oʻsimliklari oʻsadi. Hayvonot dunyosi xilma-xil: tundra qismida shimol bugʻusi, qutb tulkisi, quyon, lemming, los va boshqalar, oʻrmonlarda karibu, grizli ayigʻi, boʻri, togʻ qoʻyi, bizon, antilopa, moʻynali hayvonlar, chala choʻl va choʻllarda kemiruvchilar va sudraluvchilar, tropik oʻrmonlarda maymunlar, yaguar, tapir, puma va boshqalar yashaydi. Juda katta maydonlar oʻzlashtirilgan, qishloq xoʻjaligi ekinlari ekiladi.