Kontent qismiga oʻtish

Shohnomayi Nusratpayom

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Shohnomayi Nusratpayom (Gʻalabadan darak beruvchi shoh kitob) — nomli tarixiy asar, muallifi XIX asr tarixchisi Mirzo Qalandar Mushrif Isfaragiydir.


„Shohnomayi nusratpayom“ asari Qo‘qon xonligi tarixi, xususan, Umarxon hukmdorligi tarixiga (1810—1822) bag‘ishlangan. Fazliy Namangoniy „Umarnoma“ asarini nazmda yozgan bo‘lsa, Mirzo Qalandar Mushrif xon buyrug‘i bilan unga o‘zgartirishlar kiritib, nasrda yozgan. „Shohnomayi nusratpayom“ning Rossiyada saqlanayotgan nusxasida, Fazliy asaridan farqli o‘laroq, Umarxonning sayidlardan ekanini bildiruvchi shajara, „Oltin beshik“ voqeasi, Umarxon vafoti va unga yozilgan tarixlar ham berilgan. Asar to‘g‘risida ilk ilmiy maʼlumotni V. A. Romodin beradi. Qo‘qon xonligi tarixi tadqiqotchilaridan Rashid Nabiyev esa, Mushrifning ushbu asarini haqli ravishda hozirgi vaqtgacha saqlanib qolgan manbalardan eng qadimgisi deb baholagan. N.Terletskiyning „Umarnoma“ va „Shohnomayi nusratpayom“ asarlari to‘g‘risidagi fikrlari diqqatga sazovor. U ikkala asar boblarini solishtirib, Mushrif „Umarnoma“ni kengaytirib, voqelik va sanalarni nisbatan aniq bergan, deb xulosa qilgan. Shodmon Vohidov doktorlik ishida „Shohnomayi nusratpayom“ asarini manbashunoslik nuqtai nazaridan tadqiq etdi. „Qo‘qon xonligi tarixnavisligi“ nomli monografiyasida esa, Qo‘qon tarixshunoslari qatorida Mirzo Qalandar Mushrif va uning „Shohnomayi nusratpayom“ asari haqida maʼlumotlar keltirgan[1]. Asar fors tilida, 1822-yilda yozib tugallangan bo‘lib, bugungi kungacha chop etilgan kataloglarda uning uch nusxasi mavjudligi maʼlum. Birinchi nusxa Rossiya Fanlar akademiyasi Sharqshunoslik institutining Sankt-Peterburg filiali fondida S 471 raqam ostida saqlanadi. Tadqiqotchilarning fikricha, ushbu qo‘lyozma „Shohnomayi nusratpayom“ asarining avtograf nusxasi hisoblanadi. Ikkinchi va uchinchi nusxalar Tojikiston Respublikasi Fanlar akademiyasi qo‘lyozmalar fondida 1088 va 1026 raqam bilan saqlanadi. Ulardan biri XIX asr oxirida, ikkinchisi esa 1937-yili ko‘chirilgan[2].


  1. Vohidov Sh. Qoʻqon xonligida tarixnavislik. Toshkent: Akademnashr, 2010 — 315-bet. 
  2. Masʼul muharrir Habibullayev N.N. Oʻzbekiston tarixi (xrestomatiya) 3-jild. Toshkent: Fan va texnologiya, 2014 — 380-bet.