Kontent qismiga oʻtish

Sobir Mirzajonov

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Sobir Mirzajonov
Shaxsiy maʼlumotlari
Tavalludi 1903-yil
Namangan shahri
Vafoti 1938-yil

Sobir Mirzajonov (1903—1938) — davlat va jamoat arbobi. Sobir Mirzajonov 1903-yilda Namangan shahrida mehnatkash dehqon oilasida tavallud topgan. 1920-yilgacha oilasiga yordam maqsadida chorikorlik bilan shugʻullanadi. 1920—1922-yillarda savodxonlik kurslarida, 1922—1925-yillarda esa S.Pokrovskiy nomidagi birinchi Moskva davlat universiteti qoshida tashkil etilgan ishchi fakultetida oʻqiydi. Fargʻonaga qaytgach, xalq xoʻjaligining turli sohalarida maʼsul lavozimlarda ish olib boradi. Qishloq xoʻjaligi sohasida katta yutuqlarni qoʻlga kiritgani uchun Oʻzbekiston SSR hukumati tomonidan „Mehnat qizil bayroq“ ordeni bilan ham taqdirlanadi[1]. 1934-yilda Qoʻqon shahar partiya qoʻmitasining birinchi kotibi sifatida faoliyat olib boradi. 1937-yil 14-sentyabrda OʻzSSR NKVD Zavozdin Sobir Mirzajonovni OʻzSSR JKning 60, 67-moddalarini qoʻllab qamoqqa olishni qaror qilgan. 1937-yil 25-sentyabr kuni berilgan order asosida u qamoqqa olingan. 1937-yil 27-sentyabr kuni general komissar Ejov nomiga ariza yozdiriladi. Sobir Mirzajonov 1937-yil 31-oktabr kuni Akmal Ikromov bilan, 1937-yil 3-noyabr kuni Sodiq Boltaboyev bilan, 1937-yil 10-noyabr kuni Davron Iskandarov bilan yuzlashtiriladi. Sobir Mirzajonovga soxta ayblovlar qoʻyiladi. U majburiy ravishda barcha ayblovlarni tan oladi. 1937-yil 16-dekabr kuni OʻzSSR IIXK Apresyan Sobir Mirzajonovnining ayblov bayonnomasi tasdiqlanadi. U OʻzSSR JKning 58, 64, 63, 67-moddalari bilan aybdor deb topiladi. 1938-yil 4-oktabr kuni Oliy sud qaroriri bilan unga oliy jazo tayinlanadi va shu kunning oʻzidayoq otib tashlanadi. 1957-yil 1-avgust kuni SSSR Oliy sudi Harbiy kollegyasi qarori bilan SobirMirzajonov oqlanadi[2].


  1. Irzayev B. Qoʻqon tarixidan lavhalar. Toshkent: „Akademnashr“, 2020 — 240-bet. 
  2. Hasanov B. Tarixning nomaʼlum sahifalari VIII kitob. Toshkent: „Akademnashr“, 2018 — 304-bet.