Tohir Mullajonov
Mullajonov Tohir Ohunovich | |
---|---|
Tavalludi |
10-oktyabr 1950-yil Margʻilon, Fargʻona, Oʻzbekiston SSR |
Fuqaroligi | Oʻzbekiston |
Xizmatdagi yillari | 1969—1971-yillar |
Unvoni | General-mayor |
Mukofotlari | |
Bilimi | Oliy maʼlumotli |
Otasi | Mullajon Oxunov |
Onasi | Robaxon Oxunova |
Mullajonov Tohir Ohunovich (1950-yil 10-oktabr, Margʻilon, Fargʻona viloyati, Oʻzbekiston SSR) – davlat arbobi, uzoq yillar ichki ishlar organlarida turli lavozimlarda xizmat qilgan, general-mayor.
Biografiyasi
[tahrir | manbasini tahrirlash]Tohir Mullajonov 1950-yil 10-oktyabrda Margʻilonda, dehqon oilasida dunyoga keldi. Otasi – Mullajon Oxunov, onasi – Robaxon Oxunova. Tohir Mullajonov oilada besh farzandning kenjasi hisoblanadi[1].
Taʼlim
[tahrir | manbasini tahrirlash]Margʻilon shahridagi oʻrta maktabning 8-snfini tamomlab, Tohir Mullajonov 1965-yilda Margʻilondagi tibbiyot bilim yurtida oʻqishni davom ettiradi. Bilim yurtidagi oʻqishini tugatishi bilanoq 1969–1971-yillarda Tinch okeanidagi harbiy flotda muddatli harbiy xizmatni oʻtaydi. 1973-yilda Toshkent Oliy militsiya maktabiga oʻqishga kiradi. 1982-yilda Moskva shahridagi sobiq Ittifoq Ichki ishlar vazirligi Akademiyasida oʻqiydi.
Ish va xizmat faoliyati
[tahrir | manbasini tahrirlash]Tohir Mullajonov muddatli harbiy xizmatdan qaytgach, Oltiariq tumanidagi Fayziobod mahalliy kasalxonasida feldsher boʻlib ishlaydi. Toshkent Oliy militsiya maktabini tamomlab, yoʻllanma orqali Fargʻona viloyati Ichki ishlar boshqarmasi shtabida inspektor, katta inspektor, keyinchalik Fargʻona shahar Ichki ishlar boʻlimi boshligʻi oʻrinbosari lavozimlarida xizmat qiladi. Moskva shahridagi sobiq Ittifoq Ichki ishlar vazirligi Akademiyasini tamomlab Fargʻona viloyati Oʻzbekiston tumani Ichki ishlar boʻlimi boshligʻi lavozimida xizmatni davom ettiradi va keyinchalik Qoʻqon shahar ichki ishlar boʻlimi boshligʻi hamda viloyat ichki ishlar boshqarmasida boshqa turli lavozimlarda xizmat qiladi. Tohir Mullajonov 1992-yilda Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Jinoyat-qidiruv bosh boshqarmasi boshligʻi oʻrinbosari lavozimiga tayinlandi. 1997-yildan boshlab xizmatni Jizzax viloyati Ichki ishlar boshqarmasi boshligʻi lavozimida davom ettiradi. Tohir Mullajonov rahbarligi davrida Forish va Baxmal tumanlari ichki ishlar boʻlimlarining yangi binolari foydalanishga topshirildi. Jizzax shahri va Zomin tumanlarining ichki ishlar boʻlimlari binolari taʼmirlandi. Tohir Mullajonov 2001—2002-yillarda Buxoro viloyati, 2002—2004-yillarda Namangan viloyati Ichki ishlar boshqarmalariga rahbarlik qildi. 2002-yilda viloyat Ichki ishlar boshqarmasi boshligʻi Tohir Mullajonov buyrugʻi bilan „Mehnat va shuhrat“ muzeyi tashkil etilgan[2]. 2004—2006-yillarda Ichki ishlar vazirining birinchi oʻrinbosari lavozimida xizmat olib bordi. 2005-yil may oyida Andijon viloyatida sofdir etilgan tartibsizliklarni bartaraf etishda faol ishtirok etadi. 2006–2007-yillarda Ichki ishlar vazirligi Akademiyasiga rahbarlik qildi. 2007—2016-yillar davomida Toshkent harbiy bilim yurti boshligʻining oʻrinbosari, 2017—2018-yillarda Jizzax viloyati Xalq qabulxonasi mudiri sifatida faoliyat olib bordi. 2018-yildan boshlab faoliyatini Toshkent shahar Xalq qabulxonasi mudiri sifatida davom ettirmoqda[3][4].
General-mayor
[tahrir | manbasini tahrirlash]Tohir Mullajonov Oʻzbekiston Respublikasi birinchi Prezidenti Islom Karimovning 2003-yil 11-yanvardagi Farmoniga muvofiq „General-mayor“ unvoniga sazovor boʻldi.
Mukofotlari
[tahrir | manbasini tahrirlash]Oʻzbekiston Respublikasi birinchi Prezidenti Islom Karimovning 2000-yil 27-avgustdagi PF-2703-son Farmoniga asosan 2-darajali Shon-sharaf ordeni bilan mukofotlangan[5]. 2018-yilda Doʻstlik ordeni bilan taqdirlangan[6].
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- ↑ Abdug'afur Sattorov. El-yurt osoyishtaligi generallari (O'zbek), Toshkent, 2021 — 200-203-bet.
- ↑ „GAI mototsiklidan tortib kaftdek keladigan to‘pponchagacha — Namanganda IIB muzeyi ochildi (foto va video)“ (2021-yil 2-sentyabr).
- ↑ „Тошкент шаҳар Халқ қабулхонасига янги мудир тайинланди“ (2018-yil 14-avgust). Qaraldi: 2023-yil 22-iyun.
- ↑ „Мустақиллигимизнинг 27 йиллиги байрами арафасида Бектемир туманида ижтимоий ҳимояга муҳтож, имконияти чекланган 8 нафар фуқаролар уй-жойга эга бўлди.“ (2018-yil 3-sentyabr).
- ↑ „O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI MUSTAQILLIGINING TO‘QQIZ YILLIGI MUNOSABATI BILAN HUQUQNI MUHOFAZA QILISH ORGANLARI, DAVLAT CHEGARALARINI HIMOYA QILUVCHI QO‘MITA, MUDOFAA VA FAVQULODDA VAZIYATLAR VAZIRLIKLARI XODIMLARIDAN BIR GURUHINI MUKOFOTLASH TO‘G‘RISIDA“ (2000-yil 25-avgust).
- ↑ „Ўзбекистон Республикаси мустақиллигининг йигирма етти йиллиги муносабати билан давлат хизматчилари ҳамда ишлаб чиқариш ва ижтимоий-иқтисодий соҳалар ходимларидан бир гуруҳини мукофотлаш тўғрисида“ (2018-yil 30-avgust). 2023-yil 23-iyunda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2023-yil 23-iyun.