Kontent qismiga oʻtish

Tojiddin Jalilov

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Tojiddin Azimovich Jalilov
Tavalludi 25-avgust 1918-yil
Andijon shahri, Turkiston ASSR
Vafoti 5-iyun 2005-yil(2005-06-05)
(86 yoshda)
Toshkent, Oʻzbekiston
Fuqaroligi

SSSR bayrogʻi SSSR
Oʻzbekiston SSR

Oʻzbekiston bayrogʻi Oʻzbekiston
Xizmatdagi yillari 19431984
Unvoni General-mayor
Mukofotlari
Bilimi Toshkent pedagogika instituti (1941)
Toshkent yuridik instituti (1951)

Tojiddin Azimovich Jalilov (1918-yil 25-avgust, Andijon shahri, Turkiston ASSR2005-yil 5-iyun, Toshkent shahri, Oʻzbekiston) — huquqshunos, general-mayor (ichki ishlar xizmati 3-rang generali, 1962), Oʻzbekiston SSR Ichki ishlar vaziri (1957—1964), yuridik fanlari doktori (1972), 80 dan ortiq ilmiy ishlar muallifi[1][2].

Tarjimayi holi

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Tojiddin Jalilov 1918-yil 25-avgust kuni Andijon shahrida tavallud topgan[2][3]. 1941-yilda Toshkent pedagogika institutini, 1951-yilda Toshkent yuridik institutini tamomlagan[1]. 1944-yildan KPSS aʼzosi. 1943—1953-yillari Oʻzbekiston SSR Ichki ishlar xalq komissarligi organlarida masʼul xodim, jumladan, 1943—1944-yillari Andijon viloyati Ichki ishlar boshqarmasi tezkor-qidiruv xodimi, 1944—1953-yillarda Oltinkoʻl tumani Ichki ishlar boʻlimi boshligʻi vazifasida ishlagan. 1953—1955-yillarda Buxoro viloyati Ichki ishlar boshqarmasi, soʻngra viloyat Davlat xavfsizlik qoʻmitasi boshqarmasi boshligʻi, 1955—1956-yillarda Oʻzbekiston Kommunistik partiyasi Gʻijduvon tumani birinchi kotibi, 1956—1957-yillari Oʻzbekiston SSR Ministrlar Soveti huzuridagi Davlat xavfsizlik qoʻmitasi raisining oʻrinbosari, 1957—1964-yillarda Oʻzbekiston SSR Ichki ishlar vaziri lavozimida faoliyat olib borgan. 1964—1967-yillarda RSFSR Ichki ishlar vazirligi oliy maktabining Toshkent sirtqi fakulteti boshligʻi boʻlgan[2][3]. 1967-yildan aynan shu fakultet negizida SSSR Ichki ishlar vazirligi Toshkent oliy maktabi tashkil qilinib, bu maktabning boshligʻi etib Jalilov tayinlanadi. Jalilov rahbarligida maktab nafaqat Oʻrta Osiyoda, balki SSSRda ham ichki ishlar organlari xodimlarini tayyorlaydigan eng yirik oʻquv muassasasiga aylanadi[1]. 1979-yilda Jalilov tashabbusi bilan maktabda ichki ishlar xodimlarining kasbiy malakasini oshirish va qayta tayyorlash maqsadida malaka oshirish fakulteti tashkil etiladi[4]. Oʻzbekiston Kompartiyasi 15—16-syezlarida Oʻzbekiston KP MK aʼzosi, 5—6-chaqiriq Oʻzbekiston SSR Oliy Soveti deputati (19591966). 1984-yilda pensiyaga chiqadi, ammo maktabda oʻqituvchilik faoliyatini davom ettiradi. Umrining oxirlarida Oʻzbekiston respublikasi Ichki ishlar vazirligi akademiyasining davlat va huquq nazariyasi, tarixi kafedrasi professori sifatida ish olib borgan[3].

Tojiddin Jalilov 2005-yil 5-iyun kuni Toshkent shahrida 86 yoshida vafot etgan va Chigʻatoy qabristoniga dafn etilgan[1].

Hoziri vaqtda Tojiddin Jalilov xotirasiga bagʻishlab anjumanlar, xotira kechalari, tadbirlar oʻtkazilib kelinmoqda[5][6]. 2018-yil 25-avgust kuni „Tojiddin Jalilov – faxrimiz , gʻururimiz“ mavzusida ilmiy-ma’rifiy anjuman boʻlib oʻtgan[7].

Jalilov Qizil Yulduz, „Hurmat Belgisi“, Mehnat Qizil Bayroq ordenlari va „Shuhrat“ medali bilan taqdirlangan[1][2][3].

  1. 1,0 1,1 1,2 1,3 1,4 „Djalilov Tadjiddin Azimovich“ (rus tilida). 2023-yil 19-iyunda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2023-yil 19-iyun.
  2. 2,0 2,1 2,2 2,3 Oʻzbek sovet ensiklopediyasi: 4-jild (Dehnav — Industriya). Toshkent: „Oʻzbek sovet ensiklopediyasi“ Bosh redaksiyasi, 1973 — 640-bet. 
  3. 3,0 3,1 3,2 3,3 „DJALILOV Tajiddin Azimovich“ (rus tilida). 2023-yil 19-iyunda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2023-yil 19-iyun.
  4. Bahodir Matlyubov. „Akademiya: 25 let po puti integratsii i progressa“ (rus tilida). Oʻzbekiston Respublikasi IIV Akademiyasining axborotnomasi. Maxsus son. (2019). 2023-yil 19-iyunda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2023-yil 19-iyun.
  5. „Faxriylar doimo eʼzozda“ (2022-yil 7-may). 2023-yil 19-iyunda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2023-yil 19-iyun.
  6. „Mehrdan ko‘ngillar obod“ (3-sentyabr 2021-yil). 2023-yil 19-iyunda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2023-yil 19-iyun.
  7. Oʻ. X. Muxamedov. „Xalqparvar va vatanga sodiq ichki ishlar organlari xodimlarini tayyorlash – bosh maqsadimiz“. Oʻzbekiston Respublikasi IIV Akademiyasining axborotnomasi. Maxsus son. (2019). 2023-yil 19-iyunda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2023-yil 19-iyun.