Toshkent davlat yuridik universiteti
Xalqaro nomi |
Tashkent State University of Law |
---|---|
Shiori | Kuch - adolatda |
Asos solingan sanasi | 1991-yil |
Rektori | Rustambekov Islambek v.v.b. |
Bakalavriat | 4 yil |
Magistratura | 1 yil |
Manzili |
100047. Toshkent sh., Sayilgoh ko‘ch., 35 uy |
Veb-sayti | tsul.uz |
Toshkent davlat yuridik universiteti — Oʻzbekistondagi davlat oliy oʻquv yurti va yuridik fan markazlaridan biri. Universitet Oʻzbekistonning yuridik fanlar va yuridik taʼlim milliy markazlaridan biri sifatida eʼtirof etilgan yetakchi oliy taʼlim muassasasi hisoblanadi. Uning nufuzi, obroʻ-eʼtibori respublikadan tashqarida ham keng tarqalgan. Universitet tarkibiga 16 ta mutaxassislik va 3 ta umumtaʼlim kafedralari, Yurist kadrlar malakasini oshirish markazi, Huquqbuzarliklar profilaktikasi va jamoat xavfsizligi sohasida yuridik kadrlarni tayyorlash va qayta tayyorlash boʻyicha ixtisoslashgan filial hamda akademik litsey kiradi. Universitet, shuningdek, Adliya vazirligining oʻquv muassasalari tizimiga kiritilgan 14 ta yuridik kollej (texnikumlar) faoliyati boʻyicha uslubiy rahbarlik va muvofiqlashtirish ishlarini olib boradi.
Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 10-dekabr 746-sonli qarori bilan Toshkent davlat yuridik universitetiga yangi rektor etib, Toshqulov Akbar Joʻraboyevich tayinlandi. Toshqulov Akbar Joʻraboyevich 2022-yilning 16-noyabr sanasidan Adliya vaziri lavozimiga tayinlandi.
Lavozimiga koʻra, universitet rektori adliya vazirining oʻrinbosariga tenglashtirilgan.
Universitet tarixi
[tahrir | manbasini tahrirlash]Universitet tarixi 1918-yil 21-aprelda, Turkiston xalq universitetida ijtimoiy-iqtisodiy fakultet negizida yuridik kafedra tashkil etilgan paytdan boshlanadi. Bu Markaziy Osiyoda, xususan, Oʻzbekistonda yuridik maktabni yaratishdagi birinchi qadam boʻlgan.
Ushbu yuridik maktab 1918-yildan 1990-yillargacha OʻzSSR Adliya Xalq komissarligi qoshidagi muassasa sifatida qator oʻzgarishlarni boshidan kechirdi.
1991-yil 15-avgustda OʻzSSR Ministrlar Sovetining qarori bilan Toshkent davlat universitetining yuridik fakulteti negizida Toshkent davlat yuridik instituti tashkil etildi.
Oʻshandan buyon mazkur oʻquv dargohi taʼlim, fan va amaliyot birligi konsepsiyasini oʻzida mujassam etgan yuridik sohaning ajralmas qismiga aylandi.
Yillar davomida muassasada yirik huquqshunoslar B.Manelis, M.Lutskiy, S.Avrux, K.Sarimsoqov, X.Qurbonov, N.Kapustyanskiy, T.Eshonbekov, D.Arrenbek, akademiklar S.Radjabov va X.Sulaymonova kabi mashhur yuristlar pleyadasi faoliyat olib bordi.
Universitet tarixi Oʻzbekistonda milliy huquq maktabining taraqqiyoti hamda oʻzbek yurisprudensiyasi rivojiga beqiyos hissa qoʻshgan taniqli olimlar — akademiklar Xojiakbar Rahmonqulov va Shavkat Urazayev, fan dargʻalari Boris Blind, Georgiy Sarkisyans, Shoakbar Shoraxmetov, Gʻafur Abdumadjidov, Ikrom Zokirov va boshqa koʻplab huquqshunoslarning nomlari bilan chambarchas bogʻliqdir.
2013-yilda Toshkent davlat yuridik institutining universitetga aylantirilishi hamda yangi modulli oʻqitish tizimiga oʻtish yuridik taʼlimga sifat jihatdan mutlaqo yangi turtki berdi.
Professor-oʻqituvchilari tarkibi
[tahrir | manbasini tahrirlash]Bugungi kunda universitet professor-oʻqituvchilari tarkibi 309 kishidan (bundan asosiy — 278 ta, ichki oʻrindosh — 9 ta, tashqi oʻrindosh — 22 ta) iborat boʻlib, shundan ilmiy darajaga ega boʻlganlar soni 129 nafarni tashkil etadi. Ulardan 35 nafari fan doktori (DSc), 94 nafari fan nomzodlari (shundan falsafa fanlari doktori (PhD) ilmiy darajalariga), 25 nafari professor, 44 nafari dotsent ilmiy invonlariga ega. Umumiy ilmiy salohiyat 42% ni tashkil etadi.
Talabalar soni
[tahrir | manbasini tahrirlash]Universitet davlat hokimiyatining barcha boʻgʻinlari, shuningdek, xususiy tuzilmalar uchun yurisprudensiya sohasida mutaxassislar tayyorlaydi. Bugungi kunda universitetda 7 mingdan ziyod talaba bakalavriat bosqichida, 200 dan ortiq magistrant magistratura bosqichida tahsil olmoqda.
Oʻquv-uslubiy faoliyati
[tahrir | manbasini tahrirlash]2020/2021-oʻquv yilidan boshlab TDYUda oʻquv jarayoni kredit toʻplash va koʻchirishning Yevropa tizimi — ECTS asosida tashkil qilingan. Huquq davlat taʼlim standarti, oʻquv reja va oʻquv dasturlar (sillabuslar) ECTS tizimi talablaridan kelib chiqqan holda ishlab chiqilgan, zamon talablariga mos yangi fanlar kiritilib, fanlarni oʻqitish soatlarining qayta koʻrib chiqilishi taʼminlangan.
Talabalar tomonidan tanlov fanlarni tanlash imkoniyati yaratilgan, ularning mustaqil oʻzlashtirishi masalasiga alohida eʼtibor qaratilib, oʻquv rejalarida talabalarning mustaqil taʼlim olishiga oʻquv yuklamalarning 60% ajratilishi taʼminlangan.
Fan dasturlari (sillabuslar) xalqaro reytinglarda yuqori 300 talikda boʻlgan oliy taʼlim muassasalari tajribasi asosida 3 ta tilda (oʻzbek, rus, ingliz) tayyorlanib, oʻquv jarayoniga joriy etilgan.
Nomutaxassislik fanlari ulushi 22% dan 10% foizga kamaytirildi.
2020/2021 oʻquv yilida xorijiy tilda oʻqitilayotgan mutaxassislik fanlar soni 35 tani tashkil etdi. Barcha fanlar ingliz tilida dars mashgʻulotlari olib boriladigan 23 ta maxsus akademik guruhlar tashkil etildi.
Bakalavriat taʼlim yoʻnalishlari va magistratura mutaxassisliklari boʻyicha 35 ta mutaxassislik fanlari va 5 ta nomutaxassislik fanlari xorijiy tilda oʻqitilmoqda. Mazkur mutaxassislik fanlar amalda oʻqitilayotgan barcha (104 ta) mutaxassislik fanlarga nisbatan 34 foizini tashkil etadi (2019-yilda 2 ta yoki 6,9% ni tashkil etgan).
Oʻquv jarayonini bevosita amaliyot bilan bogʻlash maqsadida Oliy sud, Bosh prokuratura (Bosh prokuratura Akademiyasida), Ichki ishlar vazirligi (IIV Malaka oshirish institutida) hamda Intellektual mulk agentligida amaliy huquqshunoslik kafedralari tashkil etilgan.
Oʻquv jarayonini tashkil qilishda axborot-kommunikasiya texnologiyalari imkoniyatlaridan foydalanishga alohida eʼtibor qaratilib kelingan. Jumladan, 2020/2021 oʻquv yilidan boshlab MOODLE-obyektga yoʻnaltirilgan dinamik taʼlim muhiti asosida distant.tsul.uz (Wayback Machine saytida 10-dekabr 2021-yil sanasida arxivlangan) masofaviy taʼlim platformasi ishga tushirilgan.
Rektorlar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- 1991-1993 — Anvar Aʼzamovich Aʼzamxoʻjayev
- 1993-1994 — Akmal Saidov
- 1994-1995 — Shavkat Zakariyevich Oʻrazayev
- 1995-2001 — Boboyev Halimboy
- 2001-2012 — Mirzayusuf Rustamboyev
- 2012-2013 — Omonulla Muhammadjonov
- 2013-2019 — Yesemurat Kanyazov
- 2019-2021 — Rahim Hakimov
- 2021-2021 — Islombek Rustambekov (v.v.b.)
- 2021-2022 — Akbar Toshqulov
- 2022-yildan — Islombek Rustambekov (v.v.b.)
Qabul qoidalari
[tahrir | manbasini tahrirlash]2023/2024 oʻquv yili uchun Toshkent davlat yuridik universiteti bakalavriatining kunduzgi taʼlim shakli boʻyicha kirish imtihonlari 5 ta fandan topshirilgan.
Fanlar majmuasi 2 qismdan iborat.
- Birinchisi — barcha test topshiruvchilar uchun majburiy uchta fan — Ona tili (oʻzbek, rus, qoraqalpoq va boshqa tillar) fanidan 10 ta test topshirigʻi uchun har bir toʻgʻri javob uchun 1,1 balldan (jami 33 ball), Matematikafanidan 10 ta test topshirigʻi uchun har bir toʻgʻri javob uchun 1,1 balldan (jami 33 ball), Oʻzbekiston tarixifanidan 10 ta test topshirigʻi uchun har bir toʻgʻri javob uchun 1,1 balldan (jami 33 ball) baholanadi.
- Ikkinchisi — bakalavriat taʼlim yoʻnalishiga mos ikkita fan — Huquq fanidan 30 ta test topshirigʻi uchun har bir toʻgʻri javob uchun 3,1 balldan (jami 93 ball) va Chet tili fanidan 30 ta test topshirigʻi uchun har bir toʻgʻri javob uchun 2,1 balldan (jami 63 ball) baholanadi.
5 ta fan boʻyicha maksimal ball — 189
TDYU bakalavriatiga xorijiy fuqarolarni qabul qilish test sinovlarisiz, universitetda oʻtkaziladigan suhbat natijalariga koʻra va reyting tizimiga muvofiq toʻplangan ballarni hisobga olgan holda amalga oshiriladi (oʻqish faqat shartnoma asosida boʻladi).
Universitetdagi taʼlim
[tahrir | manbasini tahrirlash]TDYUda yagona 2021/2022 oʻquv yilidan 5 ta fakultet, 19 ta kafedra va 2 ta chet el huquqi markazlari faoliyat olib bormoqda. Magistraturada 11 ta mutaxassisliklar mavjud.
Universitetda taʼlim uch tilda olib boriladi: oʻzbek, rus, ingliz. Ingliz tilida taʼlim olish uchun talaba ingliz tilini bilish darajasini belgilovchi IELTS sertifikati yoxud universitetning oʻzida ingliz tilidan imtihon topshirgan boʻlishi kerak.
Universitetning bakalavriat darajasida quyidagi taʼlim dasturlari (yoʻnalishlari) boʻyicha kadrlar tayyorlanadi:
- Davlat huquqiy faoliyat
- Fuqarolik va Biznes huquqi
- Jinoiy huquqiy faoliyat
- Xalqaro huquq va qiyosiy huquqshunoslik
- Davlat Boshqaruvi
- Yurisprudensiya (Sirtqi)
Universitet Oʻzbekiston Milliy universitetining harbiy kafedrasi bilan hamkorlik qiladi. OʻzMU harbiy kafedrasida taʼlimni oʻtaganidan keyin talabalar zaxiradagi leytenant harbiy unvoniga ega boʻladilar.
Taʼlim jarayoni
[tahrir | manbasini tahrirlash]Universitet zamonaviy standartlarga muvofiq ikki bosqichli taʼlim jarayonini amalga oshiradi:
- Birinchi bosqich — bakalavrlarni tayyorlash (kunduzgi boʻlimda 4 yil);
- Ikkinchi bosqich — tanlangan magistrlik dasturi boʻyicha magistrlarni tayyorlash (1 yil).
Bakalavriat
[tahrir | manbasini tahrirlash]Yurisprudensiya kunduzgi taʼlim shakli boʻyicha yoʻnalish nomlari:
- 5240100 — Yurisprudensiya: davlat-huquqiy faoliyat
- 5240100 — Yurisprudensiya: jinoyat-huquqiy faoliyat
- 5240100 — Yurisprudensiya: biznes huquqi
- 5240100 — Yurisprudensiya: xalqaro huquq va qiyosiy huquq-shunoslik
- 5240300 — Davlat boshqaruvi
Sirtqi taʼlim:
- 5240100 — Yurisprudensiya
Yurisprudensiya yoʻnalishi boʻyicha taʼlim dasturi talabalari oʻqishning birinchi yilida davlat va huquq sohasidagi asosiy nazariy bilimlarni kompleks oladilar. Taʼlimning ikkinchi yilidan boshlab huquqning tanlangan sohalari boʻyicha (kasbiy mutaxassislikka qarab) hamda baʼzi yondosh fanlar: iqtisodiyot, siyosatshunoslik, axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini ham oʻzlashtiradilar. Bundan tashqari, bitiruvchilar amaliyot oʻtash davomida kelgusida qonunchilik va huquqni muhofaza qilish sohalarida, advokaturada, davlat hokimiyati organlari va yuridik kompaniyalarda ishlash uchun zarur amaliy koʻnikmalarga ega boʻlishadi.
Oʻqitiladigan asosiy fanlar: Konstitutsiyaviy huquq, Maʼmuriy huquq, Fuqarolik huquqi, Jinoyat huquqi, Mehnat huquqi, Ekologik huquq, Fuqarolik-protsessual huquqi, Jinoyat-protsessual huquqi, Moliya huquqi, Kriminologiya, Soliq huquqi, Xalqaro huquq, Tijorat huquqi, Yer huquqi, Shaxsiy rivojlanish, Huquqni tadqiq qilish metodi, Yuristning yozma nutqi va boshqalar.
Qoʻshma taʼlim dasturlari:
- M. S. Narikbayev nomidagi KAZGYU universiteti (Qozogʻiston, Nur-Sulton sh.) (5240100 — Yurisprudensiya: xalqaro huquq va qiyosiy huquq-shunoslik);
- Y. Kupala nomidagi Grodno davlat universiteti (GrDU, Belarus, Grodno sh.) (5240100 — Yurisprudensiya: xalqaro huquq va qiyosiy huquq-shunoslik).
Magistratura
[tahrir | manbasini tahrirlash]Toshkent davlat yuridik universiteti magistraturasiga qabul „Yurisprudensiya“ taʼlim yoʻnalishi hamda Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi tomonidan belgilangan turdosh (magistraturaga qabul boʻyicha) oliy taʼlim yoʻnalishlari roʻyxati boʻyicha bakalavr darajasiga yoki diplomli mutaxassis malakasiga ega boʻlishi kerak.
Magistratura taʼlim yoʻnalishlari nomi:
- 5A240101 — Advokatlik faoliyati
- 5A240102 — Xalqaro arbitraj va nizolarni hal etish
- 5A240107 — Sport huquqi
- 5A240108 — Davlat boshqaruvi huquqi
- 5A240110 — Biznes huquqi
- 5A240115 — Mehnat huquqi
- 5A240116 — Jinoyat qonunchiligini qoʻllash nazariyasi va amaliyoti
- 5A240127 — Intellektual mulk va axborot texnologiyalari huquqi
- 5A240129 — Mediatsiya va nizolarni muqobil hal etish usullari
- 5A240130 — Korrupsiyaga qarshi kurashish va komplayens nazorati
- 5A240131 — Ommaviy axborot vositalari huquqi
Taʼlim jarayonini yuksak salohiyatli professor-oʻqituvchilar olib boradi, jumladan, yuridik fanlar doktori, akademik A.Saidov, Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan fan arbobi, yuridik fanlar doktori, professor X.Boboev va boshqalar.
Fakultet va kafedralar
[tahrir | manbasini tahrirlash]Ommaviy huquq fakulteti tarkibidagi kafedralar:
- Davlat va huquq nazariyasi
- Konstitutsiyaviy huquq
- Maʼmuriy va moliya huquqi
- Ekologiya huquqi
Jinoiy odil sudlov fakulteti tarkibidagi kafedralar:
- Jinoyat huquqi, kriminologiya va korrupsiyaga qarshi kurashish
- Jinoyat-protsessual huquqi
- Sud, huquqni muhofaza qiluvchi organlar va advokatura
- Kriminalistika va sud ekspertizasi
Xususiy huquq fakulteti tarkibidagi kafedralar:
- Fuqarolik huquqi
- Fuqarolik-protsessual va iqtisodiy protsessual huquqi
- Mehnat huquqi
- Biznes huquqi
- Intellektual mulk huquqi
Xalqaro huquq va qiyosiy huquqshunoslik fakulteti tarkibidagi kafedralar:
- Xalqaro huquq va inson huquqlari
- Xalqaro xususiy huquq
- Xorijiy tillar
- Yapon huquqni tadqiq qilish markazi
Magistratura va sirqti taʼlim fakulteti tarkibidagi kafedralar:
- Umumtaʼlim fanlar
- Oʻzbek tili va adabiyoti
- Jismoniy tarbiya va sport
Axborot-resurs markazi
[tahrir | manbasini tahrirlash]Kutubxona oliy oʻquv yurtining alohida tarkibiy boʻlinmasi boʻlib, koʻplab faoliyat sohalarini (oʻquv, ilmiy va maʼnaviy-maʼrifiy) qamrab oladi hamda universitetning taʼlim, ilmiy va madaniy jarayonlarida faol ishtirok etadi. Toshkent davlat yuridik universiteti Axborot-resurs markazi (TDYU ARM)ning yuzaga kelishi va rivojlanishi Oʻzbekistonda yuridik taʼlimning shakllanishi va taraqqiy etishi bilan bevosita bogʻliqdir.
Hozirgi kunda kutubxona respublikamiz ilmiy axborot tizimining muhim boʻgʻini boʻlib, u 300 ming nusxadagi milliy va xorijiy mualliflar kitoblari hamda davriy nashrlardan iborat boy fondga ega.
ARMda gʻoyat nodir fond ham mavjud. Unda 3000 nusxadagi kitoblar, jumladan, rus professori Ivan Neymanning 1814-yildagi „Jinoyat huquqining ilk asoslari“ asari, buyuk mutafakkir, fiqh — islom qonunshunosi Burhoniddin al-Margʻinoniyning „Al-hidoya fi sharhi Bidoya al-mubtadi’“ yoki qisqacha „Kitob ul-hidoya“ nomli musulmon huquqiga oid sharhlarining 1893-yilda koʻchirilgan nusxasi, shuningdek, Rossiya imperiyasining 100 jilddan ortiq qonunlar majmuasi mavjud.
2019-yildan eʼtiboran universitet Axborot-resurs markazi Dyusseldorf shahridagi Germaniya universitet kutubxonalari Xalqaro assotsiatsiyasi aʼzosi hisoblanadi.
Ilmiy faoliyat
[tahrir | manbasini tahrirlash]Universitet huzurida 13 ta ixtisoslik boʻyicha fan doktori (DSc) va falsafa doktori (PhD) ilmiy darajalarini beruvchi ilmiy kengashlar tuzilib, muvafaqqiyatli faoliyat yuritmoqda.
Universitetda 2020-yilning oʻzida ilmiy salohiyat koʻrsatkichi 32% dan 42% ga koʻtarildi. Kelgusi 5 yil ichida ilmiy-tadqiqot ishlarini qoʻllab-quvvatlash orqali ilmiy salohiyat kamida 70 foizga yetkazilishi kutilmoqda (aniq amaliy choralar koʻrilmoqda).
2019-yilda 15 ta, 2020-yilda 37 ta, 2021-yilning oʻtgan davri davomida 18 ta, doktorlik dissertasiyalari himoyasi oʻtkazildi.
Ilmiy-tadqiqot bilan shugʻullanuvchi yoshlarni birlashtirish, ularni ilmiy-tadqiqot faoliyatiga tizimli asosda yoʻnaltirish orqali taʼlim sifatini oshirish maqsadida „Yosh olimlar klubi“ (Young Scholars Club) tashkil etildi.
Scopus va Web of Science kabi ilmiy bazalarda indekslanadigan ilmiy jurnallarda universitet professor-oʻqituvchilari muallifligida 2019-yilda jami 19 ta maqola, 2020-yilda esa 56 ta maqola chop etildi.
2019-yilda 28 ta, 2020-yilda esa 45 ta, 2021-yilning oʻtgan davri davomida 15 ta monografiya chop etildi.
Universitetda 2019-yilda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi hamda Niderlandiyaning „Elsevier“ kompaniyasi bilan hamkorlikda „Ilm-fan — 2020“ dasturi doirasida „Research transformation: Global outlook“ xalqaro © Diyorbek_Boboqulov forumi oʻtkazildi.
Universitetning „Yuridik fanlar axborotnomasi — Vestnik yuridicheskix nauk — Review of Law Sciences“ jurnali RINS (E-library) va Cyberleninka (cyberleninka.ru) maʼlumotlar bazasiga joylashtirilgan boʻlib, ushbu jurnalda chop etilgan barcha maqolalar uchun DOI raqam olingan hamda jurnal yetakchi ilmiy bazalar (RINS, DOI, Cyberleninka)ga kiritildi.
2020-yilda birinchi marotaba mazkur jurnalning alohida sonini xorijiy davlatlardagi nufuzli ilmiy yuridik jurnallari bilan hamkorlikda nashr etish amaliyoti joriy qilindi.
Oliy attestatsiya komissiyasining doktorlik dissertasiyalari asosiy ilmiy natijalarini chop etish tavsiya etilgan ilmiy nashrlar 2019-yilda 230 ta maqola, 2020-yilda esa 381 ta maqola chop etildi. 2021-yilning oʻtgan davri davomida 248 ta maqola chop etildi.
2020-yilda universitetda yangi „Yurisprudensiya“ ilmiy amaliy jurnali va „TSUL Legal Report“ — huquqshunoslik sohasida ingliz tilida chop etiladigan yangi va innovasion turdagi elektron xalqaro ilmiy jurnali faoliyati yoʻlga qoʻyildi. Ushbu jurnal faoliyati universitetning legalreport.tsul.uz (Wayback Machine saytida 2022-08-14 sanasida arxivlangan) platformasida faoliyat yuritadi. 2021-yilda huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashishning ilmiy asoslarini tadqiq etish natijalarini chop etish, ilm va amaliyot integrasiyasini taʼminlashga moʻljallangan universitet muassisligidagi Kriminologiya va jinoiy odil sudlov" ilmiy-amaliy jurnali taʼsis etildi.
Ilgari birorta Xalqaro indekslar maʼlumotlariga koʻra professor-oʻqituvchilarning nashrlariga iqtiboslik koʻrsatkichi Xirsh indeksi mavjud boʻlmagan boʻlsa, hozirda Xirsh indeksi yuqori boʻlgan professor-oʻqituvchilar 30 nafardan ortiqni tashkil etmoqda.
Universitetning xalqaro eʼtirof etilgan tashkilotlar hisoblangan QS (Quacquarelli Symonds World University Rankings), THE (Times Nigher Education) veb-sahifalarida profillari ochilib, ushbu profillarga universitetning oʻquv va ilmiy sohadagi faoliyati hamda koʻrsatikichlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlari joylashtirildi.
TDYUning 2021-yilda Times Higher Education (THE)ning High Impact Ranking reytingida ishtirok etish uchun jami quyidagi 7 ta yoʻnalish buyicha arizalar taqdim etildi. Va natijada Buyuk Britaniyaning Times Higher Education tashkilotining 2021-yilgi THE Impact Ranking reytingi natijalariga koʻra Toshkent davlat yuridik universiteti TOP-500 oʻrindan joy oldi.
2020-yil davomida universitet professor-oʻqituvchilari tomonidan markazlashgan holda 6 ta qonun loyihasi (tushuntirish xati — „dokladnaya“, xorijiy tajribani oʻrganish boʻyicha jadval, taqqoslama jadvallar ilova qilingan holda) va 47 ta qonun hujjatlari loyihalari tayyorlandi.
2021-yilning oʻtgan 8 oyi davomida jami 20 ta axborot-tahliliy maʼlumotnoma (loyihani qabul qilish zarurati asoslangan maʼlumot, qonun loyihasining matni, taqqoslash jadvali va xorijiy davlatlar qonunchiligini oʻrganish boʻyicha jadval) tayyorlandi hamda Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligiga koʻrib chiqish uchun kiritildi.
2020-yil va 2021-yilning oʻtgan davri davomida Adliya vazirligidan tomonidan taqdim etilgan jami 169 ta (jumladan, 19 ta qonun, 68 ta qaror, 11 ta farmon, 4 ta farmoyish, 14 ta kodeks, 4 ta nizom, 10 ta chora-tadbir va b.) normativ-huquqiy hujjat loyihasi huquqiy ekspertizadan oʻtkazishda ishtirok etildi.
Universitetda huquq sohasidagi xalqaro maʼlumotlar bazalaridan (LexisNexis, Westlaw, JSTOR va b.) foydalanish imkoniyati yaratildi.
Xalqaro hamkorlik
[tahrir | manbasini tahrirlash]TDYUda jami 58 ta, shundan 52 ta xorijiy oliy taʼlim va ilmiy tadqiqot muassasalari hamda 6 ta xalqaro va xorijiy tashkilotlar bilan amalda boʻlgan shartnoma, kelishuv va memorandumlar mavjud.
TDYUning hamkor oliy oʻquv yurtlari qatorida Osaka va Nagoya universitetlari (Yaponiya), Boston kolleji huquq maktabi (AQSh), Buyuk Britaniya huquq universiteti, Shpayer shahridagi maʼmuriy fanlar Germaniya universiteti va Ommaviy-huquqiy boshqaruv Germaniya tadqiqot instituti, Regenburg universiteti (GFR), Shanxay siyosat va huquq universiteti (XXR), Ural davlat yuridik universiteti (RF), Polots davlat universiteti (Belarus Respublikasi), Narikbayev nomidagi Qozoq davlat yuridik universiteti (Qozogʻiston) va boshqa ilm dargohlarini alohida ajratib koʻrsatish mumkin.
2005-yil 7-sentyabrda universitet huzurida Yapon huquqi va tili tadqiqoti markazi ochilgan edi. Markazning maqsadi — talabalarga Yaponiya huquqini yapon tilida oʻrganish imkoniyatini yaratish va oʻzbek-yapon huquq tizimini qiyosiy tahlil qilish orqali Oʻzbekiston qonunchiligini, milliy xususiyatlarni hisobga olgan holda, takomillashtirish boʻyicha takliflar ishlab chiqish.
Hozirda TDYUning xalqaro eʼtirof etilgan tashkilotlar hisoblangan QS (Quacquarelli Symonds World University Rankings), THE (Times Nigher Education) veb-sahifalarida profillari ochilgan.
TDYUda 2030-yilga qadar xalqaro reytinglariga kirish yuzasidan kompleks chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqilgan.
TDYUning 2021-yilda Times Higher Education (THE)ning High Impact Ranking reytingida ishtirok etishi boʻyicha kelishuvga erishilgan.
Soʻnggi bir yil ichida TDYU professor-oʻqituvchilari muallifligidagi 76 ta maqola Scopus va Web of Science kabi ilmiy bazalarda oʻrin olgan jurnallarda chop etilgan.
Akademik mobillik borasida 43 nafar professor-oʻqituvchilar xorijiy mamlakatlarda stajirovka va xizmat safarlarga yuborilgan.
19 nafar talabalar akademik almashinuv dasturi va xalqaro tadbirlarda ishtirok etgan. 34 nafar xorijiy talabalar TDYUda taʼlim olmoqda.
2020/2021 oʻquv yili davomida TDYUda 41 nafar xorijiy (AQSh, Buyuk Britaniya, Fransiya, Italiya, Shveysariya, Sloveniya, Avstraliya, Polsha, Turkiya va boshq.) professor-oʻqituvchilar dars mashgʻulotlarini olib borishdi. Hozirda, 10 nafarga yaqin professor oʻqituvchilar TDYUga anʼanaviy shaklda dars oʻtishlari uchun ishlar olib borilmoqda.
3 ta xorijiy sherik-universitetlar bilan hamkorlikda 6 ta qoʻshma taʼlim dasturi (double degree) yoʻlga qoʻyildi.
Qozogʻiston Respublikasining M. S. Narikbayev nomidagi KAZGYU universiteti bilan „Xalqaro huquq“ ixtisosligi boʻyicha va Belarus Respublikasining Yanka Kupala nomidagi Grodno davlat universiteti bilan shartnomalar imzolandi va 2020-2021 oʻquv yilida talabalar qabuli boʻlib oʻtib, Yanka Kupala nomidagi Grodno davlat universiteti 2020/2021 oʻquv yili uchun 33 talaba hamda Qozogʻiston Respublikasining M. S. Narikbayev nomidagi KAZGYU universitetiga 52 talaba qabul qilindi. 2021/2022 oʻquv yilida yuqoridagi universitetlar bilan qoʻshma taʼlim dasturlari ilk bor offlayn shaklda tashkillashtirilib, hozirda talabalar Belarus Respublikasiga hamda Qozogʻistonga yuborilmoqda. Shuningdek, joriy oʻquv yilidan boshlab yuqoridagi ikki universitet bilan Adliya vazirligi huzuridagi yuridik texnikumlar bitiruvchilari uchun qisqartirilgan qoʻshma taʼlim dasturi (3 yillik) yoʻlga qoʻyildi. Rossiyaning N. I. Lobachevskiy nomidagi NNDU bilan 4 yillik va 3 yillik qoʻshma taʼlim dasturlari ishga tushurildi.
TDYU tomonidan Buyuk Britaniyaning Bruk Xaus kolleji bilan hamkorlikda qoʻshma tayyorlov (University foundation) kursi yoʻlga qoʻyildi.
2020-yil noyabr oyidan Germaniyaning Regensburg universiteti bilan hamkorlikda TDYUda Nemis huquqi markazi ishga tushirildi hamda Markazda oʻquv mashgʻulotlari onlayn tarzda boshlangan.
TDYU Xalqaro universitetlar assosiatsiyasi (International Association of Universities — IAU), Xalqaro yuridik maktablar assosiatsiyasi (International Association of Law Schools — IALS) va Yevropa huquq fakultetlari assosiatsiyasi (European Law Faculties Association — ELFA), Xalqaro universitetlar uyushmasi (Observatory Magna Charta Universitatum) va Yevropa oliy taʼlim muassasalari assosiatsiyasi (European Association of Institutions in Higher Education — EURASHE)ning toʻlaqonli aʼzoligiga qabul qilindi.
AQShning Sirakyuz universiteti, Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuratuasi akademiyasi, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat xizmatlarini rivojlantirish agentligi qoshidagi „El-yurt umidi“ jamgʻarmasi va TDYU oʻrtasida TDYUning yuridik klinikasi tarkibida nogironlarga xizmat koʻrsatadigan yuridik klinika boʻlimini tashkil etish loyihasi joriy etish belgilandi.
Niderlandiya Qirolligining „Grotius Chambers“ xalqaro advokatlik firmasi bilan oʻzaro aloqalarni yanada mustahkamlash va samarali hamkorlikni yoʻlga qoʻyish maqsadida Hamkorlik memorandumi loyihasi imzolandi va ushbu hamkorlik doirasida talabalarga ilk marotaba xalqaro tashkilotlarga stajirovka oʻtash imkoniyati yaratib berildi. 2021-yildan boshlab TDYU talabalari uchun „Xalqaro yuridik konsalting firmasini ochish“ tartibini oʻrgatuvchi maxsus kurs joriy etish rejalashtirilgan.
TDYU Nippon dasturi orqali ARMga yapon mualliflarining 100 dan ortiq ingliz tilidagi kitoblarini olish boʻyicha dasturda gʻolib boʻlgan.
15 ta xalqaro konferensiyalar, davra suhbatlari va seminar-treninglar oʻtkazildi. TDYU tomonidan „TDYU Ekspertlar Kengashi“ tuzilib, guruh tarkibi 25 nafar vatandoshimizdan iborat etib belgilandi.
Imzolangan Memorandumlar doirasida talaba va oʻqituvchilar almashinuvi olib borilmoqda, qoʻshma ilmiy tadqiqotlar va malaka oshirish ishlari amalga oshirilmoqda.
Univeritetda taʼlim olish sharoitlari
[tahrir | manbasini tahrirlash]Universitet talabalarga oʻqish, shuningdek, sport bilan shugʻullanish, ijodiy oʻsish va oʻzini oʻzi takomillashtirishi uchun barcha sharoitlarni yaratib beradi. Jumladan, universitetning zamonaviy Fitnes zali, Sport zali, Kovorking zonasi, Axborot-resurs markazi va 30 dan ortiq turli klublari mavjud.
Bosh oʻquv binosi 3504 ming kv.m maydonni egallagan boʻlib, Sayilgoh koʻchasi 35-uy manzilida joylashgan. Binoda 5 kafedra, 26 maʼruza va seminar xonalari, rektorat, Universitet kengashi zali, universitetning maʼmuriy boʻlinmalari, shuningdek, Yuridik klinika faoliyat olib boradi.
Universitetning ikkinchi oʻquv binosi 6927 ming kv.m maydonni egallagan boʻlib, unda 5 ta kafedra, 43 ta maʼruza va seminar mashgʻuloti xonalari, Sud yigʻilishlari xonasi (Moot court), kriminalistik laboratoriya joylashgan. Shuni taʼkidlash kerakki, ushbu oʻquv binolari meʼmoriy yodgorliklar boʻlib, 1875-yilda qurilgan.
Universitetning Amir Temur koʻchasi 13-uyda joylashgan va 9557 ming kv.m maydonga ega uchinchi oʻquv binosi 2013-yilda TDYU tasarrufiga berilgan. Kapital rekonstruksiya qilingandan keyin binoda 5 ta kafedra, 21 ta maʼruza va seminar mashgʻulotlari xonasi, 2 ta kompyuter xonasi joylashgan. Talabalarning dam olishi va sport bilan shugʻullanishini tashkil qilish maqsadida zamonaviy sport kompleksi jihozlangan.
Ushbu binoda, shuningdek, ikkita konferens-zal, kitoblar xazinasi, oʻquv zallarini oʻz ichiga olgan Axborot-resurs markazi ham joylashgan.
TDYU ixtiyorida umumiy maydoni 8972 kv.m va 488 oʻrindan iborat ikkita 4 qavatli yotoqxona mavjud. Talabalar bir kishili va ikki kishili shinam xonalarda yashashadi. Yotoqxona tomonidan talabalarga barcha oʻrin-toʻshak jihozlari beriladi. Binoda, shuningdek, oshxona, kir yuvish xonasi, fitnes zal, kutubxona va Wi-Fi zonasi mavjud.
Universitetning alohida tarkibiy tuzilmalari
[tahrir | manbasini tahrirlash]TDYU ixtisoslashtirilgan filiali
2019-yil fevralida Toshkent davlat yuridik universitetining Toshkent shahri va Toshkent viloyatida jinoyatlarning oldini olish va jamoat xavfsizligini taʼminlash sohasi yuridik kadrlarini tayyorlash va qayta tayyorlash boʻyicha Ixtisoslashtirilgan filiali tashkil etildi.
Ushbu filial IIV tizimi va Oʻzbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi uchun kadrlar tayyorlab beradi.
Xalqaro standartlar boʻyicha yuridik kadrlarni kasbiy oʻqitish markazi.
Huquqiy taʼlimga keng yoʻl ochadigan mazkur markaz respublika va mamlakat tashkilotlari manfaatlarini xalqaro maydonda munosib taqdim eta oladigan, yuridik kadrlarni xalqaro standartlar asosida oʻqitish maqsadida 2017-yilda tashkil etilgan.
Markaz oʻz faoliyatini uch yoʻnalishda olib boradi:
- xalqaro standartlar asosidagi yuridik kadrlar qisqa muddatli kasbiy taʼlimini tashkil qilish
- oliy noyuridik maʼlumotga ega boʻlgan shaxslar uchun 6 oylik yuridik qayta tayyorlash kurslari
- „Huquqshunoslik“ va „Yurisprudensiya“ yoʻnalishlari boʻyicha pedagog kadrlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish
Yuridik kadrlarning xalqaro standartlar asosidagi kasbiy taʼlim kurslari qatʼiy ravishda hamkorlik toʻgʻrisidagi kelishuvlar asosida White&Case, Foley Hoag, Dentons, Sidley Austin, Vinson&Elkins, Willkie Farr&Gallagher, Hogal Lovels and Glassgow University singari xalqaro yuridik firmalar ekspertlari tomonidan olib boriladi.
Kurslarni muvaffaqiyatli tugatgan tinglovchilar dunyoga mashhur yuridik kompaniyalar va xalqaro arbitraj muassasalariga malaka oshirish uchun yuboriladi.
Universitetni bitirgan mashhur shaxslar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- Mirzo-Ulugʻbek Abdusalomov
- Malik Hakimov
- Mamlakat Vosiqova
- Hamid Vohidov
- Shavkat Zakariyevich Oʻrazayev
- Yakov Yefimovich Pesin
- Ikrom Jalilov
- Fuat Xatipovich Sayfullayev
- Anvar Aʼzamovich Aʼzamxoʻjayev
- Maxmud Musayev
- Haydar Poʻlatov
- Baxrom Rahmonov
- Qoriyev Maqsud
- Muzrob Ikromov
- Otabek Murodov
- Xadicha Sulaymonova
- Hojiakbar Rahmonqulov
- Berdiyor Ahmedov
- Toʻxtasin Boboyev
- Gʻafur Abdumajidov
- Saida Mirziyoyeva
- Murodjon Azimov
- Xushnud Xudayberdiev
Yana qarang
[tahrir | manbasini tahrirlash]Oʻzbekistondagi universitetlar