Toshdarvoza
Tosh darvoza | |
---|---|
Janubiy darvoza | |
Toshdarvozaning old tomondan koʻrinishi | |
Eski nomlari | Dosh darvoza, Koʻhna bozor darvozasi |
Muqobil nomlari | Tosh darvoza |
Umumiy maʼlumot | |
Maqomi | Meʼmoriy yodgorlik |
Turi | Darvoza |
Manzili | „Ichan qalʼa“ mahallasi, Pahlavon Mahmud koʻchasi, 21-uy |
Shahar | Xiva shahri |
Mamlakat | Oʻzbekiston |
Koordinatalar | 41°22′30″N 60°21′35″E / 41.375047842447266°N 60.35965569627102°E |
Qurilishi boshlangan | XVIII asr |
Qurilishi tugagan | XIX asr |
Egasi | Davlat mulkiga tegishli |
Balandligi | |
Balandligi | 10 m |
Binoning ichki maydoni | 19,7×17,0 m |
Toshdarvoza |
Toshdarvoza — Xorazm viloyati Xiva shahridagi meʼmoriy yodgorlik; Ichan qalʼaning janubiy darvozasi. Darvoza XVIII—XIX asrga tegishli boʻlib, bugungi kunda „Ichan qalʼa“ mahallasi, Pahlavon Mahmud koʻchasi, 21-uyda joylashgan.
Toshdarvoza Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarori bilan 2019-yil 4-oktyabrda Moddiy madaniy merosning koʻchmas mulk obyektlari milliy roʻyxatiga kiritilgan va davlat muhofazasiga olingan. Hozirda „Ichan qalʼa“ davlat muzey-qoʻriqxonasi operativ boshqaruv huquqi asosida davlat mulkiga tegishli[1].
Tarixi
[tahrir | manbasini tahrirlash]Xiva shahrida dunyoning toʻrt tarafiga qaratib qurilgan toʻrt darvoza bor. Darvozalardan Ichan qalʼaga kirilgan. Ular Bogʻcha darvoza, Polvon darvoza, Toshdarvoza va Ota darvoza hisoblanadi[2]. Shulardan Toshdarvoza janub tomonda joylashgan darvozadir[3]. Darvozalar ajratib olish uchun joylashgan joyiga yoki boshqa biror belgisiga qarab nomlangan. XVIII asrning ikkinchi yarmida qurilgan Toshdarvoza dastlab undan Angarik qishlogʻiga chiqish eshigi sifatida foydalanganliklari uchun Angarik darvoza nomini olgan.
1842-yilda Olloqulixon tomonidan Dishan qalʼaning devori quriladi, shu sababli bir-biriga yaqin ikkita darvoza paydo boʻladi. Ularning nomi Angarik darvoza va Toshdarvoza edi. Bu paytda eski qalʼaning janubiy darvozasi boʻlgan Angarik darvozasi ichkarida qolib, yangi nom — Toshdarvoza (yoki Dosh darvoza) nomi bilan atala boshlagan. XX asr boshida darvoza joylashgan hudud oldida bozor boʻlganligi sababli ushbu maydon „Koʻhna bozor“, darvoza esa „Koʻhna bozor darvozasi“ nomi bilan mashhur boʻldi[4].
Bogʻcha darvoza ichki tuzilishi shimoldan janubga choʻzilgan koʻp xonali imorat boʻlib, u shahar himoyasi vazifasini bajargan va kechalari berkitib qoʻyilgan. Darvozani qadimda oʻnga yaqin mirshablar qoʻriqlashgan va ularning maoshi toʻrt tilladan oʻn tillagacha etib tayinlangan. Bogʻcha darvozaning ichki qismi ikkita katta gumbaz va oʻrta yoʻlak chekkalaridagi toʻrtta xonasi kichik gumbazlar bilan bostirilgan. Bu xonalar qadimda bojxona va qorovulxona vazifalarini bajargan[4].
Qurilish uslubi
[tahrir | manbasini tahrirlash]Darvoza 6 boʻlmali, tarhi 19,7×17,0 m, balandligi 10 m, oʻtish yoʻlida 2 gumbazli boʻlma, 2 yon tomonlarida kichik gumbazli xonalar (3,2×3,2 m) oʻzaro ravoqlar orqali burjlar bilan (janubiy yon xonalar) birlashtirilgan. Burjlarda soqchilar xonasi bor. Darvoza peshtogʻidagi qanos va ikki yonidagi burjlar tepasi tenglashtirilgan. Darvoza tabaqalari yogʻochdan. Tashqi va ichki tomonlari bezaksiz, sodda, gumbazlari buzilgan. Darvozaning oʻtish yoʻli kengligi 4,83 m. Burjlar tepasiga shimoliy peshtoqdagi buramasimon zinapoya orqali chiqilgan. Toshdarvozaning bosh tarzi mahobatli. Tarzi va ichki tomoni bezaksiz[5].
Yana qarang
[tahrir | manbasini tahrirlash]Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- ↑ „MODDIY MADANIY MEROSNING KO‘CHMAS MULK OBYEKTLARI MILLIY RO‘YXATINI TASDIQLASH TO‘G‘RISIDA“. 2023-yil 13-oktyabrda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2023-yil 16-oktyabr.
- ↑ „Hali ham odamlar yashaydigan tirik qadimiy shahar – Ichan-qal’adan fotoreportaj“ (2022-yil 23-aprel). Qaraldi: 2023-yil 17-oktyabr.
- ↑ „Ichan Qal’a – shahar ichidagi shahar“. Qaraldi: 2023-yil 18-oktyabr.
- ↑ 4,0 4,1 „Tosh darvoza“. Qaraldi: 2023-yil 18-oktyabr.
- ↑ OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil
Adabiyotlar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- Mankovskaya L..Bulatova V., Pamyatniki zodchestva Xorezma, T., 1978.
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |