Kontent qismiga oʻtish

Urgut tumani

Koordinatalari: 39°24′0″N 67°15′0″E / 39.40000°N 67.25000°E / 39.40000; 67.25000
Vikipediya, erkin ensiklopediya
(Urgut Tumanidan yoʻnaltirildi)
Urgut tumani
Ургутский район
tuman
Tarkibida Samarqand viloyati
Maʼmuriy markazi Urgut
Yirik shahari Urgut
Asos solingan sanasi 1926-yil 29-sentabr
Botir Jabborov Hokim
Rasmiy tillar Oʻzbek
Aholi (2021-yil 1-oktyabr) 528,900 kishi
Millatlar tarkibi oʻzbeklar
Dinlar tarkibi musulmonlar
Vaqt mintaqasi UTC+5
Pochta indeksi 141600
Internet domeni .uz
Avtomobil raqami kodi 30
Xaritada
Urgut tumani xaritada
39°24′0″N 67°15′0″E / 39.40000°N 67.25000°E / 39.40000; 67.25000
Samarqand viloyati xaritasi. Urgut tumani 14 raqami bilan belgilangan.
Urgut markaziy jome masjidi – Samarqand viloyatida faoliyat koʻrsatayatgan eng katta masjid (Mergancha mahallasi)

Urgut tumani – Oʻzbekiston Respublikasi Samarqand viloyatidagi tuman. 1926-yil 29-sentabrda tashkil etilgan. Aholisi 2021-yil 1-oktyabr holatiga koʻra 528,900 kishi.[1] Samarqand viloyatining janubiy-sharqiy qismida joylashgan. Shimoliy sharqda Zarafshon daryosi orqali Bulungʻur tumani, shimolda Toyloq, shimoliy gʻarbda va gʻarbda Samarqand tumanlari, sharqda Tojikiston Respublikasi, janubda Qashqadaryo viloyati bilan chegaradosh. Maydoni 1120,3 km². Aholisi 564 ming kishi (2022). Tumanda bitta shahar (Urgut), 14 ta qishloq fuqarolari yigʻini (Baxrin, Beshbuloq, Jartepa, Ilonli, Ispanza, Mirzaqishloq, Beshkapa 1 va Beshkapa 2, Sanchiqul, Uramas, Yangiariq, Qoratepa, Gʻoʻs, Buloqboshi) bor.

Markazi – Urgut shahri.

Buxoro amirligi hukmronligi davrida Urgut bekligi amirlik tarkibiga kirgan. XVIII asrdan 1868-yilgacha Urgutni Qoʻqon minglari bilan bogʻliq boʻlgan mahalliy oʻzbeklarning Ming sulolasi boshqargan. Mashhur tarixchi va shoir Xumuliy Urgut viloyatidan chiqqan.

1868-yilda Buxoro amirligi hududlari Rossiya imperiyasi tomonidan bosib olingandan soʻng Rossiya imperiyasining Oʻrta Osiyo mulklari tarkibida maʼmuriy birlik – Zarafshon okrugi tashkil etdi. Bu tumanga Samarqand, Urgut, Kattaqoʻrgʻon, Chelak, Payshanba shaharlari kirgan[2].

1887-yil 1-yanvarda Zarafshon okrugi tugatilib, uning hududi yangi tashkil etilgan Samarqand viloyati tarkibiga kiritildi.

Bu viloyat 4 ta tumanga boʻlingan: Jizzax, Kattaqoʻrgʻon, Samarqand va Xoʻjand. Hozirgi Urgut tumani hududi viloyatning Samarqand tumani tarkibiga kirgan.

1918-yil 30-aprelda Samarqand viloyati hududi Turkiston Muxtor Sovet Sotsialistik Respublikasi tarkibiga kiritildi. 1924-yil 27-oktyabrda SSSRda Oʻrta Osiyoning milliy-hududiy chegaralanishi natijasida Samarqand viloyati hududi yangi tuzilgan Oʻzbekiston SSR tarkibiga kirdi.

1926-yil 29-sentabrda Samarqand viloyati Oʻzbekiston SSR tarkibiga kirgandan soʻng Urgut viloyati tashkil etildi, u SSSR parchalangan paytda ham Samarqand viloyati tarkibida edi. Oʻzbekiston mustaqillikka erishgandan keyin ham Samarqand viloyati tarkibida qolgan.

Tuman hududi Zarafshon togʻ tizmalarining davomi boʻlgan Chaqilikalon va Qoratepa togʻlarining yon bagʻirlarida, oʻrtacha 1000 m balandlikda joylashgan. Sharqiy, janubiy va gʻarbiy qismlari pastbaland tekislik boʻlib, bir qancha soyliklar bor. Togʻ yon bagʻirlari slanets va ohaktosh qoyalaridan iborat, daryo vodiylari tor, chuqur, qirgʻoqlari tik. Adirlar gʻovak va boʻsh choʻkindi jinslardan tashkil topgan. Adirlardagi soylarning vodiylari keng. Ohaktosh jinslaridan tuzilgan joylarda torlar (Kiyev tri va boshqalar) bor. Chaqilikalon va Krratepa togʻlari orasidagi Taxtaqoracha dovoni (1675 m) orqali Katta Oʻzbekiston trakti oʻtadi. Urgut kuchli seysmik hududlardan biri boʻlib, 7 balli zonaga kiradi. Omonqoʻton yaqinida va Chaqilikalonda marmar, ohaktosh, marganets, mis, volfram va boshqa foydali qazilmalar bor. Iqlimi keskin kontinental. Yanvarning oʻrtacha harorati – 1,5°, eng past harorat —25°, iyulning oʻrtacha harorati 24,4°, eng yuqori harorat 49°. Yillik yogʻin 459–500 mm. Yogʻinning koʻp qismi qishda (34%) va bahorda (48%) tushadi. Oqqoʻrgʻon, Gʻijduvonsoy, Gʻussoy, Urgutsoy, Kamongaronsoy, Qoratepasoy, shuningdek, Dargʻom, Yangiariq, Yangi Urgut, Yangi Qozonariq va boshqa kanallar hamda Qoratepa va Kamongaron suv omborlari bor. Tuproqlari, asosan, boʻz tuproq. Qum, shagʻal, qoʻngʻir, kashtan tuproqlar ham uchraydi. Tabiiy oʻsimliklardan qayragʻoch, tol, qaragʻay, togʻ zarangi, pista, archa, achchiq bodom, bodom, doʻlana, naʼmatak, rovoch, togʻ piyozi, zira va boshqa oʻsadi. Yovvoyi hayvonlardan boʻri, qobon, quyon, tulki, jayra, tipratikan, har xil ilonlar, echkemar; qushlardan kaklik, mayna, chumchuq, qargʻa, jiblajibon, olashaqshaq, bedana, kaptar, musicha, qaldirgʻoch, bulbul, qizilishton, soʻfitoʻrgʻay, boyoʻgʻli, sassiqpopishak, tog zogʻchasi, bolgʻatumshuq, qorayaloq, qargʻalar va boshqa bor.

Aholisi, asosan oʻzbeklar, shuningdek rus, ukrain, tatar, turkman, tojik, ozarbayjon va boshqa millat vakillari ham yashaydi[3]. Axolining oʻrtacha zichligi 1 km² ga 300 " kishi (2002). 2012-yil 1-yanvar holatiga viloyatda 420065 nafar, jumladan, shaharlarda 182135 nafar, qishloq joylarda 237930 nafar aholi istiqomat qildi. 211 112 (shaharlarda 91 962) kishi erkaklar, 208 953 (shaharlarda 90 173) ayollar[4].

Xoʻjaligining yetakchi tarmoqlarini qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini qayta ishlash, qurilish va mahalliy sanoat tarmoqlari tashkil etadi.

Tumandagi 800 dan ziyod korxonaning 52 tasi oʻrta, 261 tasi kichik, 506 tasi mikrofirmalar. Marmarni qayta ishlash, gʻisht, shlakbeton plitalar i.ch., tamaki fermentatsiyasi, meva, goʻsht, sutni qayta ishlash, non pishirish, qandolatchilik, har xil yaxna ichimliklar i.ch. korxonalari bor. Avtomobil, muzlatkich, televizor va radioapparaturalarni taʼmirlash korxonalari ishlab turibdi. Urgut tumanida hunarmandchilik qadimdan rivojlangan. Hunarmandchilik bilan 3500 dan ziyod kishi shugullanadi.

Urgut tumanida Belgiya bilan hamkorlikdagi „UrgGazkarpet“ qoʻshma korxonasi, Oʻzbekiston – Turkiya „UrgANTET YASHAM“, „Urgut qoplon“, „Urgut SaMNegin“ gilam i.ch.ga ixtisoslashgan qoʻshma korxonalar faoliyat koʻrsatadi. Marmar toshni qayta ishlaydigan „Urgut LADO marmar“, qurilish buyumlari ishlab chiqaradigan „Samplastik“, tamakini qayta ishlaydigan „UzBAT“ qoʻshma korxonalari ishlab turibdi.

Tuman qishloq xoʻjaligi tamaki, gʻalla, sabzavot, kartoshka, meva, uzum hamda chorvachilik mahsulotlarini yetishtirishga ixtisoslashgan. Keyingi yillarda tuman uchun Pastdargʻom tumanida ajratilgan yerda paxta ham ekilmoqda. Tumandagi asosiy texnika ekini – tamaki. Urgut tumani yer fondi 112 ming ga ni tashkil etadi. 9 ming ga yerga tamaki, 14,8 ming ga yerga don ekinlari, 1,2 ming ga yerga kartoshka, 145 ga yerga sabzavot va poliz ekinlari, 2907 ga yerga yemxashak ekinlari ekiladi. 1,4 ming ga yer bog va tokzorlar bilan band, 46,8 ming ga yer yaylov.

Tuman chorvachiligida qoramolchilik, parrandachilik, pillachilik yetakchi oʻrinda. Yetishtiriladigan qishloq xoʻjaligi mahsulotlarning asosiy qismi fermer va shirkat xoʻjaliklari hissasiga toʻgʻri keladi. Urgut tumani da 381 fermer, 23 shirkat xoʻjaligi faoliyat koʻrsatadi. Chorvachilikda qoramol, qoʻy va echki, parranda, yilqi boqiladi.

2019/2020 oʻquv yilida 153 ta umumiy taʼlim maktabi (150 ming oʻquvchi), 2 ta maxsus sogʻlomlashtirish internati (4,9 ming oʻquvchi) faoliyat koʻrsatadi. 70 ta kutubxona, madaniyat uylari, 21ta sport maydoni ishlab turibdi. 8 ta kasalxona (830 oʻrin), 36 ta qishloq davolash boʻlimi, 27 ta feldsher akusherlik punkti va boshqa tibbiy muassasalarda 488 nafar vrach ishlamoqda. 14 ta dam olish maskani va yozgi oromgohlarda viloyat va qoʻshni Navoiy viloyatidan kelgan bolalar dam oladilar.

1992-yildan „Chinor“ tuman televideniyesi eshittirishlar olib boradi. 1956-yildan „Urgut sadosi“ tuman gazetasi nashr qilinadi (adadi 3000).

Taniqli kishilari

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Rajab Adashev – mashhur oʻzbek teatr va kino aktyori. Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan artist. 1944-yil 15-iyulda Urgut tumanida tugʻilgan[5].

Ablaqul Uzoqov – Sovet Ittifoqi Qahramoni, 16-gvardiya Chernigov otliq diviziyasining 1-eskadroni otryadi. 1922-yil 10-aprelda Urgut viloyatidagi Qoratepa qishlogʻida tugʻilgan.

Nasim Xasanov – „Shon-sharaf“ ordeni sohibi, 39-gvardiya oʻqchi diviziyasining 41-alohida gvardiya razvedka rotasi razvedkachisi, gvardiya serjanti[6]. 1924-yil 9-avgustda Oʻzbek qishlogʻida tugʻilgan.

  1. Urgut tumani, Urgut tumani aholisi „Urgut tumani aholsi“. Kun.uz.
  2. Абашин С.Н., Арапов Д.Ю, Бекмаханова Н.Е. Центральная Азия в составе российской империи. Москва Новое литературное обозрение, 2008 — 96-bet. ISBN 978-5-86793-571-9. 
  3. Этнический атлас Узбекистана. Ташкент: «ИООФС — Узбекистан», 2002 — 436-bet. ISBN 5-862800-10-7. 
  4. „Ургут тумани“ (uz). Хокимият Самаркандской области. 2016-yil 26-yanvarda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2015-yil 27-dekabr.
  5. „Rajab Adashev uy so‘rab Sharof Rashidovga xat yozgani, 13 yil ijarada turganida 10 ta uy almashtirgani haqida“. Qaraldi: 29-sentabr 2023-yil.
  6. Олег Кожухарь. „Хасанов Насим“ (rus tilida). 2023-yil 31-iyulda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2023-yil 12-sentyabr.