Vara

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Vara — (arab. الورع — biron narsadan o‘zini tiyish va tortinish) — shubhali narsani tark qilmoq, eng ishonchlisini olib, nafsni mashaqqatga solmoq.

Ushbu so‘z ayrim hadis to‘plamlarida uchraydi. Ularga ko‘ra, vara — 1) tiyilish; 2) shubhalarni tark qilish; 3) shuningdek, taʼqiqlangan ishlarga olib borishi mumkin bo‘lgan mubohlardan qaytish maʼnolarinii anglatadi. Kengroq maʼnoda vara taqvoga yetishtiruvchi muhim vositadir.

Hakim Termiziy va Tabaroniy keltirgan rivoyatda „Ibodatning afzali fiqh. Dinning afzali vara“, deyiladi. Tushunchaning taqvodan farqi shundaki, u taqvoning ichki va ish bajaruvchi muhim tarkibiy qismi sifatida ham namoyon bo‘ladi. Uni taqvoning amalga oshgan, yaʼni, amaliy qismi desa ham bo‘ladi. Taqvo — qalbni himoyalash, uni ehtiyot qilib saqlash bo‘lsa, vara — Alloh taʼqiqlagan narsalardan tiyilishdir.

Vara qiluvchining alomati narsaning, gapning va yeyishning ozligini yaxshi ko‘rishidir. Ularning amali, bu kalomining meʼyor, hujjat va xavf bilan bo‘lishi, doimiy hazirlik va odamlarning aybi bilan emas, o‘zi bilan mashg‘ul bo‘lishidir. Bunda ularning odamlar aybi bilan mashg‘ul bo‘lishi imkoni qolmaydi. Kishi toki Allohning ulug‘ligini, qudrati, haybati va sultoni to‘g‘risida tafakkur qilmagunicha varaga yeta olmaydi. Shunda undan qo‘rqadi va hayo qiladi. Undan hayo qilganda esa varaga qodir bo‘ladi.

Vara ko‘plab olimlar tomonidan talqin qilingan, jumladan, mashhur sufiy Hakim Termiziyga ko‘ra, vara besh narsa bilan bo‘ladi: ilm, varaning foydasini yodda tutish, Allohning ulug‘ligini yodda tutish, hayo, Allohning g‘azabidan qochishdir.

Abdulloh ibn Muborakdan rivoyat qilinishicha, vara- qalblarni sof qilish, tilni saqlash va ishlardan o‘ziga tegishli bo‘lmaganini tark qilishdir. Qutayba ibn Sa’id esa „Agar Sufyon Savriy bo‘lmaganda vara o‘lar edi“, degan. Abulfavoris Kirmoniy „Taqvoning alomati vara, varaning alomati esa shubhalardan tiyilish“, degan. Sarrojga ko‘ra, vara ahli uch toifa ajratilib, bular: 1) shubhalardan vara qiluvchi, bu ommaning darajasi; 2) bu borada, hadisda kelganidek, qalbiga va nafsiga nazar qilib, unga qarab ish ko‘ruvchi, bu qalb arboblari va mutahaqqiqlar darajasi; 3) Allohni unutdiruvchi narsalardan chetlanish. Bu oriflarning darajasidir. Bu siddiqlar varasi ham deyiladi. Sarroj va Suhravardiylarga ko‘ra, vara solih bosib o‘tadigan maqomlarning biri. Yahyo ibn Muozga ko‘ra, vara ilm va shariat chegarasida (zohirida) ta’vilsiz to‘xtash.

Suhravardiyga ko‘ra, vara — xavfning, xavf esa ma’rifatning, maʼrifat esa qurbatning dalili. Ibn Arabiy esa varaning harom va shubhalardan chetlanish maʼnosini keltirish bilan cheklangan. Lisoniddin Xatib va yana baʼzilarga ko‘ra, vara — omma zuhdining oliy darajasi bo‘lsa, muridlar uchun uning boshlang‘ich bosqichidir. Varaning faqat mubohlarga tegishli ekani, yana Abdulloh ibn Muborak, Fuzayl ibn Iyoz va Junayd Bag‘dodiydan uning eng qiyini kasbdan ham ko‘ra, til bilan ekani rivoyat qilinadi. Sariy Saqatiyga ko‘ra varani mahkam tutish abdollar to‘rt sifatining birinchisidir. „Vara“ arablar kalomida „vaqf“ (to‘xtamoq)dir, deyiladi: „Ey yigit, vara qil“, yaʼni „to‘xta!“ U halol va harom orasida (yaʼni, shubhali narsalar borasida) to‘xtashdir[1].

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. Usmonov, Olimov, Yo'ldashxo'djayev, Faxriddinov, To'ychiyeva, Jabborov, Cho'tmamatov, Rahimov, Komiljonova, Karimova, Nurmuhammedov, Erkaboyeva, Jurayev 2015, s. 58.

Adabiyotlar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  • Usmonov I, Olimov S, Yo'ldashxo'djayev H, Faxriddinov Z, To'ychiyeva N, Jabborov N, Cho'tmatov J, Rahimov K, Komiljonova Z, Karimova S, Nurmuhammedov D, Erkaboyeva F, Jurayev O Turdiyeva D.. Tasavvuf atamalari. Movarounnahr nashriyoti, 2015 — 360 bet. ISBN 978-9943-12-346-5.