Kontent qismiga oʻtish

Vikipediya:Betaraf nuqtayi nazar

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
(Vikipediya:BNNdan yoʻnaltirildi)

Betaraf nuqtayi nazar qoidasi — Vikipediyaning eng muhim qoidalaridan biri; u mualliflardan sovuqqonlik ila maqola yozishni, manbalarga ishorat berishni va mustaqil tadqiqotlardan foydalanmaslikni talab etadi va shu yoʻl bilan Vikipediyada faqat ishonchli maʼlumotlar boʻlishini taʼminlaydi. Qoida loyiha asosida yotadi va Jimmy Walesga koʻra, „mutlaq va muhokama qilinmasdir“.[1] (ingl.)

Nuqtai nazarning „betarafligi“ Vikipediyaning biror-bir nuqtai nazarga yon bosmasligini bildiradi. Maqoladagi barcha taʼkidlar haqiqat kabi emas, balki uchinchi shaxs nomidan keltirilishi kerak. Istisno sifatida faqat tan olingan ilmiy yoki oddiy faktlar („Yer Quyosh atrofida aylanadi“ yoki „Sirdaryo Orol dengiziga quyiladi“) boʻlishi mumkin, shunda ham ular mutlaq, bir maʼnoli shaklda berilish kerak. Masalan, „Quyosh — katta jism“ yoki „Hitler eng razil jinoyatchi, deb hisoblanadi“ kabi taʼkidlar betaraf emas, chunki:

  1. Nimaga nisbatan „katta“ ekanligi aytilmagan.
  2. „Hisoblanadi“ (kim tomonidan?), „eng razil“ (razillikning oʻlchovi bormi?) va „jinoyatchi“ (qaysi qonunlarni buzgan?) soʻzlarining maʼnosi aniq emas. Taʼkid haqiqat kabi keltirilmoqda, lekin baʼzilar tomonidan yolgʻon, deb qabul qilinishi mumkin („yoʻq, Stalin Hitlerdan ham razil edi“ kabi).

Obyekt haqida bir necha farqli fikr va tasavvurlar mavjud boʻlsa, Vikipediya maqolalari eng kamida ular haqida eslatib oʻtishi lozim, agar ular toʻliq bayon etilsa — nur ustiga aʼlo nur. Bunda ulardan birortasini bevosita yoki bilvosita haqiqat, deb keltirish mumkin emas.

Betaraflik va ilmiy uslub

[manbasini tahrirlash]

Vikipediya qomus boʻlishga intiladi, bundan koʻpi ham, kami ham kerak emas, shuning uchun unda betaraf ilmiy nutq uslubi qoʻllanilishi lozim. BNN qoidalari ushbu ilmiy uslub meʼyorlarini koʻrsatib beradi.

Betaraflik, ishonchlilik va manbalarga ishoratlar

[manbasini tahrirlash]

Manbalarga ishoratlar berish betaraflik siyosatini toʻldiradi, biroq uning oʻrnini bosmaydi. Masalan, barcha taʼkidlari manbalari koʻrsatilgan maqola betaraf boʻlmasligi mumkin, agarki u ushbu taʼkidlarni haqiqat kabi bersa.

Va aksincha, maqola tasdiqlanmagan va hatto, yolgʻon maʼlumotlardan iborat boʻlishi, lekin betaraf hisoblanishi mumkin: u ushbu maʼlumotlarni haqiqat sifatida yoritmasa bas.

Tarafdorlik va chalalik

[manbasini tahrirlash]

Betaraflik siyosatiga mos kelmaydigan maqolalar ikki turga ajratiladi: betaraflik qoidalarini yaqqol buzuvchi maqolalar va barcha fikrlarni yoritmaydigan maqolalar.

Birinchi holda maqola tarafdor, deb belgilanishi lozim ({{POV}}). Bunday maqoladagi betaraf boʻlmagan maʼlumotlar oʻchirilishi yoki tuzatilishi kerak. Ikkinchi holda maqolani chala, deb belgilash shart ({{stub}}).

BNN ilk taʼrifi

[manbasini tahrirlash]
Betaraf nuqtai nazar fikr va faktlarni ularning tarafdorlari ham, ularga qarshilar ham qabul qiladigan shaklda berishga harakat qiladi. Albatta, 100 % rozilik ilojsiz; oʻz nuqtai nazarlaridan boshqa qarashlarni qabul qilmaydigan insonlar ham bor. Qoʻlimizdan kelgan narsa — shunday bayon shakli izlashki, ushbu bayonotga nuqtai nazarlari baʼzi masalalarda farqlanishi mumkin sogʻlom fikrlovchi kishilar qoʻshilishsin.

[…]

Ehtimol, bayonotni ensiklopedikroq qilishning eng oddiy usuli — odamlarning qarashlari qanday ekanligi haqida yozish, bu qarashlar rost-yolgʻon ekanligi haqida emas. Agar bu sizga subyektivizm, kollektivizm yoki imperializm kabi narsalardek tuyulayotgan boʻlsa, bu haqda mendan soʻrang, chunki men bu holda siz adashyapsiz, deb oʻylayman. Odamlarning qarashlari obyektiv holatda mavjuddir, va biz ularni betaraf nuqtai nazardan osonlikcha taʼriflashimiz mumkin.

Jimmy Wales, Vikipediya asoschisi.


Sovuqqon maqolalar yozish sanʼatini egallash uchun amaliy tajriba kerak. BNN borasida mohir boʻlib ketgan istirokchilar Betaraflik darsligi yozishga taklif etiladilar.

Betaraf boʻlmagan taʼkidlarga misollar va ularni betaraf koʻrinishga keltirish usullari

[manbasini tahrirlash]

1-misol. Hissiy baholash

[manbasini tahrirlash]

Betaraf emas:

Beqiyos iqtidor egasi shoir Sheʼriy zamonamizning eng buyuk shoiridir va undan jamiki ilgʻor insoniyat hayratdadir.

Betaraf:

Shoir Sheʼriy tanqidchilar tomonidan yuqori baholangan (ishorat, ishorat), „Mushtum“ jaridasining eng yaxshi lirik sheʼr uchun mukofotini olgan. Adabiy munaqqid Tanqidiy u haqida „Xalq soʻzi“ roʻznomasida shunday degan: „Sheʼriy dahodir“ (ishorat).


2-misol. Hissiy tanqid

[manbasini tahrirlash]

Betaraf emas:

Shoir Sheʼriy oʻzining rasvo yozgi-chizgilari bilan tahririyatlar joniga tekkan noqis sharlatandir.

Betaraf:

Tanqidchilar va kitobxonlar bir necha bor shoir Sheʼriyga qarshi fikrlar bildirishgan (ishorat, ishorat). Adabiy munaqqid Tanqidiy u haqida „Xalq soʻzi“ roʻznomasida shunday degan: „Sheʼriy sheʼrlari zerikarli va tezda jonga teguvchidir“ (ishorat).


3-misol. Ilmiy yoʻnalish reklamasi

[manbasini tahrirlash]

Betaraf emas:

Anqoshunoslik — yangi ilmiy yoʻnalish boʻlib, astral proeksiyada anqoning muhim informatsion-biologik ahamiyati borligini qatʼiy isbotlaydi. Anqoshunoslik asoschisi, akademik va Butunjahon Anqoshunoslik Fanlari Akademiyasi mukofoti sovrindori Anqoyev anqoshunoslik har bir uyda, har bir maktabda va muassasada kerakligini aytdi.

Betaraf:

Anqoshunoslik tarafdorlari „astral proeksiyada anqoning muhim informatsion-biologik ahamiyati borligini“ ayniqsa urgʻulashadi (ishorat). Anqoshunoslik asoschisi, shuningdek Butunjahon Anqoshunoslik Fanlari Akademiyasini tuzgan Anqoyev anqoshunoslikni keng koʻlamda maktablar, muassasalar hamda oilalarga kiritish dasturini ishlab chiqdi.


4-misol. Soxta ilmiy yoʻnalish tanqidi

[manbasini tahrirlash]

Betaraf emas:

Anqoshunoslik — gʻirt muttahamlikning oʻzginasi, anqoshunoslik prinsiplari va xulosalari mutlaqo isbotsizdir. Anqoshunoslik asoschisi Anqoyev fanga hech qanday aloqasi boʻlmagan oʻzining Akademiyasini tuzgan.

Betaraf:

Akademik doiralarda anqoshunoslik koʻp bora tanqid qilingan (ishorat, ishorat) va uning nazariyalari hamda xulosalari shubha ostiga olingan (ishorat, ishorat). Anqoshunoslik asoschisi Anqoyev tuzgan Butunjahon Anqoshunoslik Fanlari Akademiyasi akademik muassasalar tomonidan tan olinmagan. Professor Tanqidiy anqoshunoslik tarafdorlarini muttahamlikda aybladi (ishorat).


5-misol. Oʻzaro qaytarishlar bilan kechgan siyosiy bahs va uning yechimi

[manbasini tahrirlash]

Betaraf:

Mbeki Kabumba — Targʻibot hamda Xalq Taʼlimi vaziri, korrupsiya, jinoyat, dezinformatsiya va boʻhtonga qarshi ashaddiy kurashuvchi armiya va madaniyat arbobi, Maputu mukofoti sovrindori. Xalqning cheksiz ishonchiga sazovor boʻlgan.


Qaytarilgan va yana betarafmas taʼrif bilan almashtirilgan:

Mbeki Kabumba — sharlatanlik, qoʻrqitish va firiblarda ayblangan jinoyatchi, oʻzini koʻpsonli jinoyatlar bilan qonga belagan fashist jallod. Korrupsiyaga botgan mafiya ketidan mansabga erishgan.


Betaraf matn:

Mbeki Kabumba — Targʻibot hamda Xalq Taʼlimi vaziri, Maputu mukofoti sovrindori. Kabumbaning tarafdorlari uni yetuk armiya va madaniyat arbobi, korrupsiya va jinoyatga qarshi kurashchi, deb hisoblashadi (ishorat, ishorat).

Tanqid

Kabumbaning muxoliflari uni qator jinoyat va firiblarda ayblashadi va ommaviy axborot vositalarida uni „fashist jallod“, deb atashgan (ishorat, ishorat, ishorat).


Ushbu misolda qarama-qasrhi fikrlar maqolaning turli qismlarida keltirilgan. Avvalboshda obyektiv axborot berildi. Soʻngra — tarafdorlar fikrlari. Keyin esa — raqiblar tanqidi. Bunda (ayniqsa tanqid qismida) manbalarga ishoratlar keltiriladi. Manba sifatida shaxsiy tadqiqotlar ishlatilishi mumkin emas.