Kontent qismiga oʻtish

Vikipediya:Yil maqolalari

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
(Vikipediya:YILdan yoʻnaltirildi)

Yil maqolalari — har yili oʻtkaziladigan maqolalar tanlovi boʻlib, gʻoliblar yil yakunida ovoz berish yoʻli bilan aniqlanadi. Oʻz turkumida gʻolib boʻlgan maqolalar Vikipediya foydalanuvchilari tomonidan oʻtgan yil davomida yozilgan yoki toʻldirilgan eng yaxshi maqolalar deb topiladi. „Yil maqolalari“ tanlovi 2022-yildan buyon o‘tkazib kelinmoqda.

Yilning barcha maqolalari sahifasining yuqori o‘ng burchagida „dafna novdalari bilan bezatilgan oltin yulduzcha bilan belgilab qoʻyiladi. Maqolani status uchun nomzodlikka qoʻygan foydalanuvchiga „Yil maqolasi“ ordeni topshiriladi.

Ushbu havola orqali oʻtib, avvalgi yillarda kimlar „Yil maqolasi“ ordeni sovrindoriga aylanganini bilib olishingiz mumkin.

Yil maqolasi uchun ovoz berish natijalari:

2023-yil gʻolib boʻlgan maqolalar

[manbasini tahrirlash]

2023-yilning 20–29-dekabr kunlari ovoz berish natijalariga koʻra, quyidagi maqolalar „Yil maqolasi“ sifatida tanlangan:

2023-yilning tanlangan maqolasi

Arman genotsidini inkor etish

Iğdır genotsidi yodgorligi va muzeyi turklar armanlarga qarshi emas, balki armanlar turklarga qarshi genotsid qilgan degan fikrni ilgari suradi.

Arman genotsidini inkor etish Usmonli imperiyasi va uning hukmron partiyasi Ittifoq va taraqqiyot qoʻmitasi (IJP) Birinchi jahon urushi davrida arman fuqarolariga qarshi genotsid qilmaganligi haqidagi daʼvodir. Shunday boʻlsa-da, ushbu jinoyat juda koʻp dalillar toʻplamida hujjatlashtirilgan va olimlarning katta qismi tomonidan tasdiqlangan. Genotsidni amalga oshirgan jinoyatchilar Usmonlilar imperiyasidagi armanlar qirib tashlangan emas, balki harbiy sabablarga koʻra koʻchirilganini iddao qilib, buni inkor etdi. Genotsiddan keyin ayblovchi hujjatlar muntazam ravishda yoʻq qilib kelinadi. 2023-yilga qadar Turkiya Respublikasini boshqarib kelgan hukumatlar tomonidan asosan „inkor etish“ siyosati olib borilgan. Bu siyosat bugungi kunda ham davom ettirilmoqda. Inkor etish siyosati 1991-yilda Ozarbayjon Respublikasi tomonidan ham qabul qilingan.

Partiya oʻz harakatlarini oqlash uchun foydalanadigan dalillar hamda arman genotsidini inkor etish armanlarning „koʻchirilishi“ urush davrida imperiyaning mavjudligiga tahdid soladigan sodir boʻlgan yoki ehtimoliy arman qoʻzgʻoloniga javoban qonuniy davlat harakati boʻlgan degan taxminga asoslanadi. Inkor etuvchilarning taʼkidlashicha, partiya armanlarni qirib yuborish emas, balki koʻchirishni maqsad qilgan. Ular oʻlganlar soni boʻrttirilgan deb taʼkidlashadi. Shuningdek, oʻlimlar sonini fuqarolar urushi, kasallik, yomon ob-havo sharoitlari, qallob mahalliy amaldorlar yoki kurdlar va qonunbuzar guruhlar kabi boshqa omillar bilan bogʻlaydilar. Tarixchi Ronald Grigor Suny asosiy argumentni „hech qanday genotsid boʻlmagan va bunga armanlar aybdor“ degan umumiy qarash ostida umumlashtiradi. Inkor etish odatda „armanlar xiyonati, bosqinchilik, jinoyatchilik va hududiy ambitsiyalar ritorikasi“ bilan birga taʼkidlanadi.

Genotsidga nisbatan inkor etish siyosati olib borilishining asosiy sabablaridan biri milliy Turkiya Respublikasi tashkil etilishida bu genotsidning oʻrni boʻlganligidir. Genotsidni tan olish Turkiyaga asos solinishi haqidagi afsonalarga zid boʻlardi. 1920-yillardan beri Turkiya genotsidning boshqa mamlakatlarda rasman tan olinishi yoki hatto eslatilishining oldini olishga harakat qilib keladi. Ushbu harakatlar lobbichilik, tadqiqot institutlari yaratish, qoʻrqitish va tahdidlarga sarflangan millionlab dollarlarni oʻz ichiga oladi. Inkor qilish Turkiyaning ichki siyosatiga ham taʼsir qiladi va turk maktablarida oʻqitiladi. Genotsidni tan olgan baʼzi turk fuqarolari „turklikni haqorat qilish“ aybi bilan sudga tortilgan. Turk davlatining genotsidni inkor etishga qaratilgan bir asrlik harakatlari uni tarixdagi boshqa genotsid holatlaridan ajratib turadi. Ozarbayjon ham genotsidni inkor etib, xalqaro miqyosda tan olinishiga qarshi kampaniyalar olib boradi. Turkiyadagi aksariyat turk fuqarolari va siyosiy partiyalar davlatning inkor qilish siyosatini qoʻllab-quvvatlamoqda. Genotsidning inkor etilishi Togʻli Qorabogʻ mojarosiga hamda Turkiyada kurdlarga qarshi davom etayotgan zoʻravonlikka ham hissa qoʻshadi. 2014-yilda Turkiyaning EDAM tadqiqot markazi tomonidan 1500 kishi ishtirokida oʻtkazilgan soʻrov natijalariga koʻra, turk fuqarolarining 9 foizi genotsidni tan oladi.

2023-yilning yaxshi maqolasi

Mangʻishloqxon

Mangʻishloqxon (chigʻatoycha: منغیشلاق‎; 1454-yil, Ashtarxon xonligi – 1528-yil, Shayboniylar davlati) – chingiziy shahzoda. Toʻqay Temuriylar xonadoni vakillarining Ashtarxon xonligidan Turkistonga koʻchib kelib oʻrnashgan tarmogʻi boshchisi. Buxoro xonligida hukmronlik qilgan Ashtarxoniylar oʻzbek sulolasi vakillarining ajdodi – bobokaloni.

Mangʻishloqxon shaxsi, uning tarjimayi holi va ijtimoiy faoliyati, tarixdagi oʻrni fanda yetarlicha oʻrganilmagan. U haqida batafsil naql qilingan yagona oʻrta asr manbasi bu Mahmud ibn Valining Bahr ul-asror asaridir. Boshqa yilnomachilarning bitiklarida u faqat genealogik boʻgʻin sifatida koʻrsatilgan. Shunday boʻlsa-da, Bahr ul-asrorda ham anaxronizmlarga yoʻl qoʻyilgani kuzatilgan.

Aksariyat tadqiqotchilar tomonidan Mangʻishloqxon Bahr ul-asrorda aytilgan maʼlum bir hududda hukmronlik qilgani haqidagi maʼlumot inkor etiladi.

Mangʻishloqxon Ashtarxon xonligi hududidanTurkistonga temuriy sulton Husayn Boyqaro (1470–1506) yoki shayboniy hukmdor Koʻchkunchixon (1512–1530) saroyiga tashrif buyurgan. Shayboniy Jonibek sultonning avlodlari tarbiyasi bilan shugʻullangan va uning xonadoni bilan yangi qarindoshchilik rishtasini oʻrnatgan. Keyinchalik Mangʻishloqxonning avlodlari boʻlmish Ashtarxoniylar Buxoro xonligi taxtini Shayboniylardan meros qilib olib, qariyb 150 yil davomida davlatda hukmronlik qilishgan.

Mangʻishloqxon Turkistonda vafot etgan, qabrtoshi oʻz davrida Jonibek sultonga meros boʻlgan Miyonqol hududidan topilgan.

2023-yilning xushsifat maqolasi

Odina masjidi

Odina masjidi
Odina masjidi (Nasaf Katta jomeʼ masjidi) — Qashqadaryo viloyati Qarshi shahrida saqlanib qolgan eng qadimiy meʼmoriy yodgorlik. Masjid 1380-yillarda bunyod etilgan. Odina masjidi Registon majmuasiga kirgan meʼmoriy inshootlardan biri hisoblangan. Masjid Qarshi qal’asining markazida joylashgan.

Amir Temur 1385—1386-yillardagi yurishi paytida Samarqanddan kelishda Qarshining markazida usbu masjidni bunyod ettirgan.

Hozirda masjid Qarshi shahrining „Eski shahar“ qismidagi Odina bog‘ida joylashgan.

Meʼmoriy yodgorlik Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining „Moddiy madaniy meros obyektlarini muhofaza qilish sohasidagi faoliyatni tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida“ 2018-yil 19-dekabrdagi PQ-4068-son qaroriga muvofiq Oʻzbekiston moddiy va madaniy merosining koʻchmas mulk obyektlari milliy roʻyxatiga kiritilgan — davlat muhofazasiga olingan.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 8-oktyabrdagi farmoyishiga muvofiq, 2021-yil Odina masjidida Qatagʻon qurbonlari xotirasi muzeyi tashkil etilgan.

Masjid tarixiy manbalarda „Nasaf Katta jomeʼ masjidi“ (Masjidi Kalon) nomi bilan ham tilga olingan. Xalq orasida Odina masjidi deb ataladi. Ushbu masjidda 1924—1925-yillarda yozilgan uchta vaqf hujjati saqlanib qolgan. Mazkur vaqf hujjatida masjid „Odina masjidi“ sifatida qayd etilgan.