Kontent qismiga oʻtish

Mangʻishloqxon

Ushbu maqola yil maqolalaridan biridir
Ushbu maqola yaxshi maqolalar sarasiga kiradi.
Vikipediya, erkin ensiklopediya
Mangʻishloqxon
(Man Qishloq, Mangʻishloq sulton)
chigʻatoycha: منغیشلاق
Tavalludi
Mangʻishloq

1454-yil
Vafoti 1528-yil
Shayboniylar davlati
Fuqaroligi Ashtarxon xonligi
Temuriylar imperiyasi
Shayboniylar davlati
Dini Islom
Bolalari Yor Muhammad
Tursunbeka xonim
Otasi Chavoq (Juvoq) sulton

Mangʻishloqxon (chigʻatoycha: منغیشلاق‎; 1454-yil, Ashtarxon xonligi – 1528-yil, Shayboniylar davlati) – chingiziy shahzoda. Toʻqay Temuriylar xonadoni vakillarining Ashtarxon xonligidan Turkistonga koʻchib kelib oʻrnashgan tarmogʻi boshchisi. Buxoro xonligida hukmronlik qilgan Ashtarxoniylar oʻzbek sulolasi vakillarining ajdodi – bobokaloni.

Mangʻishloqxon shaxsi, uning tarjimayi holi va ijtimoiy faoliyati, tarixdagi oʻrni fanda yetarlicha oʻrganilmagan. U haqida batafsil naql qilingan yagona oʻrta asr manbasi bu Mahmud ibn Valining Bahr ul-asror asaridir. Boshqa yilnomachilarning bitiklarida u faqat genealogik boʻgʻin sifatida koʻrsatilgan. Shunday boʻlsa-da, Bahr ul-asrorda ham anaxronizmlarga yoʻl qoʻyilgani kuzatilgan.

Aksariyat tadqiqotchilar tomonidan Mangʻishloqxon Bahr ul-asrorda aytilgan maʼlum bir hududda hukmronlik qilgani haqidagi maʼlumot inkor etiladi.

Mangʻishloqxon Ashtarxon xonligi hududidanTurkistonga temuriy sulton Husayn Boyqaro (1470–1506) yoki shayboniy hukmdor Koʻchkunchixon (1512–1530) saroyiga tashrif buyurgan. Shayboniy Jonibek sultonning avlodlari tarbiyasi bilan shugʻullangan va uning xonadoni bilan yangi qarindoshchilik rishtasini oʻrnatgan. Keyinchalik Mangʻishloqxonning avlodlari boʻlmish Ashtarxoniylar Buxoro xonligi taxtini Shayboniylardan meros qilib olib, qariyb 150 yil davomida davlatda hukmronlik qilishgan.

Mangʻishloqxon Turkistonda vafot etgan, qabrtoshi oʻz davrida Jonibek sultonga meros boʻlgan Miyonqol hududidan topilgan.

Shaxsining oʻrganilishi

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Mangʻishloqxon shaxsi, uning tarjimayi holi va ijtimoiy faoliyati, tarixdagi oʻrni fanda yetarlicha oʻrganilmagan. U haqida batafsil naql qilingan yagona oʻrta asr manbasi bu Mahmud ibn Valining „Bahr ul-asror“ asaridir. Boshqa yilnomachilarning bitiklarida u faqat genealogik boʻgʻin sifatida koʻrsatilgan[1][2]. Bahr ul-asror asari asosida Toʻqay Temuriylarning siyosiy tarixi boʻyicha izlanishlar olib borgan Anton Alekseyev, Ashtarxon xonligi mavzusida monografiya yaratgan Ilya Zaytsev, Ashtarxoniy hukmdorlar mavzusida monografiya yozgan Akbar Zamonov, bir qancha tarixiy shaxslar genealogiyasini oʻrgangan tarixchi-epigraf Bobur Aminov kabi tadqiqotchilarning kitobida va turkiyshunos Vadim Trepalovning ilmiy maqolasida Mangʻishloqxon haqida fan uchun yangi boʻlgan bir qancha maʼlumotlar manbalar tahlili va ilmiy farazlar orqali keltirilgan[3][4][5][6][1][2].

Kelib chiqishi

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Mangʻishloqxon nasabining tarmogʻi Chingizxonga yetadi va Joʻjixonning 13-oʻgʻli Toʻqay Temurga borib taqaladi. Tarixdan maʼlumki, Toʻqay Temurga 14 ulus mulk qilib berilgan. Uning ulusi tarkibiga Mangʻishloq, Hoji Tarxon va Shimoliy Kavkazdagi aslar yeri kirgan[7].

Quyida Mangʻishloqxon nasabining kelib chiqishi Abulgʻozi Bahodirxonning „Shajarayi turk“[sharh 1][8], Abdurahmon Tolening „Tarixi Abulfayzxon“, Hoji Mir Muhammad Salimning „Silsilat as-salotin“, Shahobiddin Marjoniyning „Mustafad al-axbor fi ahvoli Qozon va Bulgʻor“ asarlarida qay tarzda keltirilgani koʻrsatilgan[1][2]. Jadvalda shuningdek Abdusattor Jumanazar tomonidan Abdulqodir ibn Muhammad Aminning „Majmaʼ al-ansob va-l-ashjar“ asariga asosan, lekin, asarda Shayboniylar va Ashtarxoniylar shajarasi chalkashib ketgan oʻrinlar uchraydi uchun, aynan asardan koʻchirma boʻlmagan va asardagi maʼlumotlar boshqa manbalar bilan qiyoslab borilib aniqlangan nasabnoma halqasi ham keltirilgan[sharh 2][9]:

Abulgʻozi Bahodirxonda Abdurahmon Toleda Hoji Mir Muhammad Salimda Shahobiddin Marjoniyda Abdusattor Jumanazarda
Joʻchixon Joʻchixon Joʻchixon Joʻchixon Joʻchixon
Toʻqay Temur Toʻqay Temurxon Toʻqay Temurxon Toʻqay Temur Toʻqay Temur
Oʻztemur Oʻztemur Oʻztemurxon Oʻztemur Oʻztemur
Abay Temur Qutlugʻxon Abay sulton Abay Abay
Numgʻan Qutlugʻ Temurxon Numgan Tumgan Tumagʻan
Qutluq Temur oʻgʻlon Oʻztemurxon Temurbekxon Qutlugʻ Temur Qutlugʻ Temur
Temur Qutluqxon Toʻqay Temurxon Qutlugʻxon Gali Temur Ali Temur
Temur sulton Qutlugʻ Temurxon Temur Temur Qutlugʻ Temur Qutlugʻ
Muhammadxon Ahmadxon Temurxon Temur sulton Temur sulton
Chavaq sulton Juvak Muhammad Muhammadxon Muhammad Muhammadxon
Manqishloq sulton Bogʻlishdodxon Chavoqxon Chuvok Chavoq
Mangʻishloqxon Mangʻishloq Mangʻishloq

Nasabnomalardan maʼlum boʻlishicha, Temur-Qutlugʻdan keyingi xronologik oraliqqa XV va XVI asrlar toʻliq mos keladi. Jadvaldagi maʼlumotlar asos qilib olinsa, bu ikki asrda faqat toʻrt kishi – Temur, Muhammad, Chavoq va Mangʻishloqning yashagan davri boʻlib chiqadi[1][2].

Nasabnomalarda Mangʻishloqxon Chavoqning (Juvoq, Chuvok, Chavaq) oʻgʻli sifatida koʻrsatilgan boʻlsa[1][9], Mahmud ibn Valining Bahr ul-asror asarida u Ahmadxon va Mahmudxonlarning ukasi va Kichik (Kuchuk) Muhammadning oʻgʻli deb berilgan. Nasabnomalarda Kichik Muhammadning ismi Muhammad tarzida yozilgan[10][11].

Mahmud ibn Valiga koʻra Oltin Oʻrdaning soʻnggi rasmiy xoni boʻlgan Kichik Muhammad (1432–1459) 1449-yilda[sharh 3] vafot etganida uning oʻgʻillari Mahmudxon 11 yoshda, Ahmadxon 8 yoshda, Mangʻishloqxon 5 yoshda va Boshbek sulton hali onasining qornida boʻlgan[12]. Anton Alekseyev Bahr ul-asrordagi ushbu maʼlumotga asoslanib „1459-yili Kuchuk Muhammad vafot etgan deb qabul qilsak, unda Mangʻishloqxonning tugʻilgan yili 1454-yil boʻladi“, deb aniq bir yilni koʻrsatgan[12][1][2].

Akbar Zamonov oʻzining „Buxoro xonligining Ashtarxoniy hukmdorlari“ deb nomlangan monografiyasida Mangʻishloqxonning ismi tarixiy asarlarda turli variantlarda yozilganini, bu ism Abdurahmon Tolening „Tarixi Abulfayzxon“ asarida Bogʻlishdodxon ibn Juvoq Muhammadxon koʻrinishida ham kelishini taʼkidlaydi[11].

Ilya Zaytsev Abulgʻozi Bahodirxon, Abdurahmon Tole, Shahobiddin Marjoniy, Murat Ramziy bergan maʼlumotlarga asoslanib, Ashtarxoniylar nasabnomasi haqida fikr yuritadi va uni „notoʻgʻri talqin qilingan shajara“, deb taʼkidlaydi[10][11].

Bahr ul-asrorda yozilishicha, Mangʻishloqxonning onasi mangʻitlar (noʻgʻaylar) ulusidan va qoʻngʻirotlar qabilasi boshchisining qizi boʻlgan. Bu ikki qabila juda koʻpchilikni tashkil qilib, Mangʻishloqxonga hukmronlik qilishi uchun berilgan hududda boshqa urugʻ va qabilalarga nisbatan yuqori ustunlikka ega boʻlgan[13].

Hukmronlik qilgani haqidagi fikrlar

[tahrir | manbasini tahrirlash]
Ashtarxon xonligi xaritada

Mangʻishloq ismi Oʻrdaning siyosiy liderlari orasida uchramaydi uchun Anton Alekseyev Mangʻishloqxon Quyi Volgaboʻyida hech qachon boʻlmagan va hech qachon hukmronlik qilmagan, degan xulosaga keladi[12]. Undan tashqari Ilya Zaytsev „Abulgʻozi Bahodirxon yozib qoldirgan nasabnomadagi xonlar orasida Astraxanda amalda hukmronlik qilgan birorta ham hukmdor yoʻq“, deb yozadi[10]. Bobur Aminov tadqiqot olib borgan Man Qishloqning (Mangʻishloqning) qabrtoshidagi maʼlumotlarga koʻra, Mangʻishloq hamda uning otasining ismidan soʻng hukmdorlarga xos „xon“ unvoni emas, aksincha, sulola vakili ekanligini bildiruvchi „sulton“ unvoni koʻrsatilgan[11][14].

Mahmud ibn Valining „Bahr ul-asror“ asarida esa Mangʻishloqxonga hukmronlik qilishi uchun maʼlum bir yerlar ajratilgani haqida soʻz boradi. Asarga koʻra, Mangʻishloqxon Ahmadxon va Mahmudxonning ukasi boʻlgan. Oʻzbek ulusi hukmdori Abulxayrxon (1428–1468) vafotidan keyin Kichik-Muhammadning bu uch avlodi Joʻji ulusining hokimiyati va hududini oʻzaro taqsimlashgan. Mahmudxon oliy hukmdorga aylangan; Ahmadxon Xorazmni va Dashti qipchoqning „ayrim viloyatlarini“ egallagan; Mangʻishloqxon Oʻrdu-Bozor, Hoji Tarxon va „butun Itil (Volga) qirgʻogʻini“ boshqara boshlagan[13][1][2].

Mangʻishloqxonning onasi mangʻitlar (noʻgʻaylar) ulusidan va qoʻngʻirotlar qabilasi boshchisining qizi boʻlgani, u boshqargan hududda bu ikki qabila juda koʻpchilikni tashkil qilib, boshqa urugʻ va qabilalarga nisbatan yuqori ustunlikka ega boʻlgani tufayli Mangʻishloqxonga aynan shu yerlar berilgan. Uning hukmronligini tan olgan qabilalar sirasiga naymanlar, qushchilar, sariqlar, qarluqlar, tarxonlar, uyshunlar, oyrotlar va minglar ham kirgan deyiladi[13].

Yosh va tajribasiz boʻlgan Mangʻishloqxon oʻziga meros qilib berilgan yerlarda qola olmagan. Baʼzi bir „muammolar va qoʻzgʻolonchilar“ tufayli, shuningdek, „faqatgina mangʻitlar yurti bilan qanoatlanish xato boʻlar erdi“ uchun u joyni tark etib, koʻchib ketgan[15][1][2].

Turkistonga koʻchib kelishi

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Tarixshunoslikda Ashtarxoniylar ajdodlarining Turkistonga koʻchib kelishi turlicha talqin etiladi. Aksariyat mualliflar buni rus qoʻshinlarining Ashtarxon xonligini bosib olishi bilan bogʻlab, uni shu zabtning natijasi deb hisoblashsa[16][17][18], boshqa, yangi davr tadqiqotchilari, bu undan ancha oldin sodir boʻlgan, deb hisoblashadi[19][3][20][11].

„Bahr ul-asror“dagi naql va uning tahlili

[tahrir | manbasini tahrirlash]
Temuriy sulton Husayn Boyqaroning tasviri

Mahmud ibn Valiga koʻra, Mangʻishloqxon oʻziga meros hududdan chiqib ketadi. Unga 100 ga yaqin bahodir ergashadi[21]. Mangʻishloqxon Tura tomon yoʻl olgan, uni Kuchumxon kutib olgan. Keyin esa Movarounnahrga, sulton Husayn Boyqaro saroyiga koʻchib oʻtgan. Sulton Mangʻishloqxonni samimiy qabul qilib, unga meros qilib berilgan yerlarini qaytarib olishi uchun 12 ming qoʻshin bergan. Biroq shimolga qilingan harbiy yurish muvaffaqiyatsiz tugagan. Mangʻishloqxon Temuriylar mulkiga qaytib, Turkistonda vafot etgan[22][1][2].

Mangʻishloqxonning Turkistonda turishi davri naql qilingan matnda uning ismi bilan bir qatorda toʻngʻich oʻgʻli Yor Muhammad haqida ham soʻz boradi. Yor Muhammadning Volgaboʻyi va Mangʻishloq yarim oroliga qaytib borganligi haqida asarda hikoya qilinmaganligi sababli, Anton Alekseyev Ashtarxoniylarning Turkistonga koʻchishi Ashtarxon xonligi qulashidan ancha ilgari sodir boʻlgan va ular sulola nomini inersiyaga koʻra, ularning Volgaboʻyidagi oʻtmishidan xotira sifatida olganlar, degan xulosaga keladi. Tadqiqotchi Mangʻishloqxonning sulton Husayn Boyqaro (1470–1506) bilan uchrashuvi 1476-yilda boʻlib oʻtganligini taʼkidlaydi[22].

Anton Alekseyev Ashtarxoniylarning Turkistonga ancha ilgari koʻchishining yana bir dalili sifatida „Bahr ul-asror“da Mangʻishloqxon Shayboniy Jonibek sultonning avlodlari tarbiyasi bilan shugʻullanganligini koʻrsatadi[22] va unga maʼlum manbalar ichida „Bahr al-asror“dan tashqari hech bir qoʻlyozmada Toʻqay Temuriylarning Shaybon xonadoni mulklariga koʻchishi va yashashi holatlarining tavsifi berilmaganligini yozadi[3].

Vadim Trepalovga koʻra, „Bahr ul-asror“da keltirilgan naqlda yaqqol anaxronizmlar kuzatiladi[1][2]. Uning taʼkidlashicha:

Agarda Abulxayrxon vafot etgan yil (1468) va Husayn Boyqaro hukmronlik qilgan yillar (1470–1506) inobatga olinsa, asarda tasvirlangan voqealar XV asrning ikkinchi yarmida sodir boʻlgani maʼlum boʻladi (Anton Alekseyev hatto aniq bir yilni ham koʻrsatadi – 1476)[22]. Kuchumxon 1563–1598-yillarda (aslida 1582-yilgacha) Sibir xonligida hukmronlik qilgan. Katta xronologik boʻshliq mavjud: xuddi shu Mangʻishloq personaji XV asrning ikkinchi yarmida va keyingi asrning ikkinchi yarmida faol. Shunga qaramay, bu chalkash naqlda baʼzi real voqealarning izlarini topishga harakat qilish mumkin. … … Mahmud ibn Valida Mangʻishloq Volgadan avval Turaga, Kuchumxon oldiga boradi. Turani shu nuqtai nazardan Chimgi-Tura shahri yoki Chingi-Tura (Tyumen) – Sibir xonligining poytaxti deb talqin qilish mumkin[1][2].

Vadim Trepalovning ilmiy farazicha, Temur Qutlugʻning avlodlari Sibirdan Turkistonga koʻchishni afzal deb bilishgan. Bu ish taxminan 1550-yillarning 2-yarmida amalga oshirilgan. Mahmud ibn Valida yuqorida tilga olingan barcha voqea va harakatlarda Mangʻishloqqa nisbat berilgan[1][2].

Tadqiqotchi ilmiy farazini davom ettirib, shunday yozadi:

… Shubhasiz, Mahmud ibn Vali naqlida XVI asrning 1-choragida yashagan Ashtarxoniylarning bu ajdodi haqidagi turli tarixiy davrlarda yashagan bir qancha hukmdorlar haqidagi maʼlumotlarni aralashtirib yuborgan. Taxmin qilish mumkinki, ajdodlarni sanab oʻtishda yilnomachi oʻzining toj kiygan homiylari xonadonining haqiqiy va batafsil maʼlumotlarini koʻrsatish vazifasini oʻz oldiga maqsad qilib qoʻymagan. Muallifning maqsadi – notinch va uning uchun deyarli maʼlum boʻlmagan davrlar haqidagi buzib koʻrsatilgan maʼlumotlar bilan ularning hukmdor avlodidan kelib chiqishini Joʻjixon va Toʻqay Temurning qarindoshligi orqali oqlash edi[1][2].

Anton Alekseyev Mahmud ibn Valining Bahr ul-asror asarida Mangʻishloqxonning vafoti yili maʼlum qilinmaganligini taʼkidlaydi. Shunday boʻlsada, uning vafot etgan yili tadqiqotchilarning izlanishi natijasida keyinchalik aniqlanadi[11].

Mangʻishloqxonning avlodi, Ashtarxoniy hukmdor Imomqulixonning tasviri

Tarixchi-epigraf olim Bobur Aminovning tadqiqotlari natijasida Miyonqol hududidan Mangʻishloqxonga atab oʻrnatilgan yodgorlik toshi aniqlangan. Qabrtoshi Kattaqoʻrgʻon tumaniga qarashli (sobiq Oxunboboyev kolxozi) Shammi qishlogʻi, Xon Avliyo mozoridan topib oʻrganilgan[sharh 4][14][5]. Taʼkidlanishicha, qabrtoshda Mangʻishloqxonning vafot etgan sanasi aniq koʻrsatilgan. Akbar Zamonovga koʻra, toshdan olingan tarixiy faktlar Ashtarxoniylar shajarasini toʻldirishga va ularning Turkistonga kelib qolishiga doir ayrim oydinliklarni kiritishga xizmat qiladi[11].

Geneologik manbada (qabrtoshda) Man Qishloq[14] ibn Juvax ibn Muhammad Buxoro xonligi hukmdori Imomqulixonning (1611–1642) bobosi Joni Muhammadning bobosi boʻlib, u asl nasabiga koʻra Chingizxonning oʻgʻli Joʻjixonga bogʻlanadi. Toshdagi maʼlumotlarga koʻra, Man Qishloq (Mangʻishloq) 1528-yilda vafot etgan va uning hamda otasining ismidan soʻng sulton unvoni mavjud[11].

Qabrtoshidagi maʼlumotlarga asoslanib Bobur Aminov Mangʻishloqxonning Turkistonga koʻchishi Koʻchkunchixon (1512–1530) davrida, chor Rossiyasining Ashtarxon va Qozon xonliklarini ishgʻol etishidan ilgari sodir boʻlgan, deb taxmin qiladi[23] va bu ilmiy faraz Akbar Zamononov tomonidan qoʻllab-quvvatlanadi[11].

Jonibek sultonning nevarasi va Iskandarxonning oʻgʻli, Shayboniy hukmdor Abdullaxonning tasviri

Tarixiy manbalarda Mangʻishloqxonning farzandlari: oʻgʻli Yor Muhammad[22] hamda qizi Tursunbeka xonim haqida maʼlumot beriladi[19].

Yor Muhammad Mangʻishloqxonning toʻngʻich oʻgʻli boʻlgan[22]. U otasining vafotidan soʻng 14 yoshida xonadon boshchiligini oʻz boʻyniga olgan[24]. Unga shayboniy Iskandarxon (1561–1583) oʻzining Masʼuma sulton xonim ismli qizini uzatgan[19][25]. Vafotidan soʻng Buxorodagi Hazrati Xojayi Buzurg mozoriga dafn etilgan va undan keyin toʻngʻich oʻgʻli Joni Muhammad xonadonning asl boshchisi boʻlgan[24]. Keyinchalik ularning avlodlari boʻlmish Ashtarxoniylar Buxoro xonligi taxtini Shayboniylardan meros qilib olib, keyingi qariyb 150 yil davomida davlatda hukmronlik qilishgan[26].

Mangʻishloqxon qizi Tursunbeka xonimni oʻzining tarbiyasidagi Jonibek sultonning toʻngʻich oʻgʻliga uzatgan. Ushbu nikohdan Jon Qora sulton va yana bir oʻgʻil farzand[sharh 5] dunyoga kelgan[19]. Mahmud ibn Valining „Bahr ul-asror“ hamda Muhammadyor ibn Arab Qatagʻonning „Musaxxir al-Bilod“ asarida Jonibek sultonning Jon Qora sulton ismli oʻgʻli boʻlgan toʻngʻich zurriyodi sifatida Kistan Qora sulton koʻrsatilgan[27]. Kistan Qora sultonning ikkinchi oʻgʻli Qilich Qora sulton boʻlgan[28][29]. „Bahr ul-asror“da Tursunbeka xonim shayboniy Iskandarxondan[sharh 6] avval vafot etganligi yozib qoldirilgan[19].

Shu tariqa ikki Joʻjiylar xonadoni, Joʻjining 5-oʻgʻli Shaybon va 13-oʻgʻli Toʻqay Temur avlodlari orasida yangi qarindoshchilik rishtasi oʻrnatilgan. Abdullaxon oʻzining singlisi Zuhra xonimni Yor Muhammadning oʻgʻli Joni Muhammadga uzatganidan soʻng bu rishta yanada mustahkamlangan[19] va keyinchalik Ashtarxoniylar sulolasi Buxoro xonligida hukmronlikni qoʻlga kiritishi uchun zanjir vazifasini oʻtagan[25].

Ashtarxoniylar sulolasi

[tahrir | manbasini tahrirlash]
Yor Muhammad
 
 
 
 
Joni Muhammad
 
 
 
 
 
 
 
 
 
 
 
 
 
 
 
 
 
 
 
 
 
 
 
 
 
 
 
 
 
 
 
Din Muhammad
 
Boqi Muhammad
 
Vali Muhammad
 
Alim Muhammad
 
 
 
 
 
 
 
 
 
 
 
 
 
 
 
 
 
 
 
 
 
 
 
 
 
 
 
 
Imomqulixon
 
Nadr Muhammad
 
Rustam sulton
 
Muhammad Rahim sulton
 
 
 
 
 
 
 
 
 
 
 
 
 
 
 
 
 
 
 
 
 
 
Abdulazizxon
 
Subhonqulixon
 
 
 
 
 
 
 
 
 
 
 
 
 
 
 
 
 
 
 
 
 
 
 
 
Ubaydullaxon II
 
Abulfayzxon
 
 
 
 
 
 
 
 
 
 
 
 
 
 
 
 
 
 
 
 
 
 
 
 
Abdulmoʻminxon
 
Ubaydullaxon III
 
 
  1. Mazkur nasabnoma Mangʻishloqxonning avlodi boʻlmish Abdulazizxonning nasabnomasida koʻrsatilgan.
  2. Bu nasabnoma ham Abdulazizxonning nasabnomasida koʻrsatilgan.
  3. Tarixshunoslikda Kichik Muhammad 1459-yilda vafot etgan deb qaʼbul qilingan.
  4. Bobur Aminovning qayd etishicha, mazkur tosh bitigining informatori 1964-yilda tugʻilgan Rustam Musayev ismli shaxs boʻlgan.
  5. Anton Alekseyev Tursunbeka xonimning ikkinchi oʻgʻlining ismini Kalx?-qora-sulton koʻrinishida, aniq qilib yozmaydi
  6. Iskandarxon 1583-yilda vafot etgan.
  1. 1,00 1,01 1,02 1,03 1,04 1,05 1,06 1,07 1,08 1,09 1,10 1,11 1,12 Трепавлов 2009, s. 370–395.
  2. 2,00 2,01 2,02 2,03 2,04 2,05 2,06 2,07 2,08 2,09 2,10 2,11 „Родоначальники Аштарханидов в Дешт-и Кипчаке (заметки о предыстории бухарской династии)“ (ruscha). Secrethistory.su (10-noyabr 2015-yil). Qaraldi: 10-mart 2023-yil.
  3. 3,0 3,1 3,2 Алексеев 2006, s. 211.
  4. Зайцев 2006, s. 50–51.
  5. 5,0 5,1 Zamonov 2021, s. 22–23.
  6. Aminov 2021, s. 109–110.
  7. Zamonov 2021, s. 20–21.
  8. Abulgʻoziy 1992, s. 111.
  9. 9,0 9,1 Jumanazar 2017, s. 146.
  10. 10,0 10,1 10,2 Зайцев 2006, s. 50.
  11. 11,0 11,1 11,2 11,3 11,4 11,5 11,6 11,7 11,8 Zamonov 2021, s. 23.
  12. 12,0 12,1 12,2 Алексеев 2006, s. 84.
  13. 13,0 13,1 13,2 Алексеев 2006, s. 85.
  14. 14,0 14,1 14,2 Aminov 2021, s. 109.
  15. Алексеев 2006, s. 85–86.
  16. Алексеев 2003, s. 64.
  17. Кляшторный–Султанов 2009, s. 335.
  18. Кушева и др. 1958, s. 582.
  19. 19,0 19,1 19,2 19,3 19,4 19,5 Алексеев 2006, s. 87.
  20. Зайцев 2006, s. 51.
  21. Алексеев 2006, s. 92.
  22. 22,0 22,1 22,2 22,3 22,4 22,5 Алексеев 2006, s. 86.
  23. Aminov 2021, s. 110.
  24. 24,0 24,1 Алексеев 2006, s. 88.
  25. 25,0 25,1 Sangirova 2018, s. 34.
  26. YouTube logotipi Oʻzbekiston tarixi telekanali / „Tarixiy savol“. Buxoro xonligida Ashtarxoniylar davlati tarixi YouTubeda
  27. Muhammadyor ibn Arab Qatagʻon 2009, s. 190.
  28. Muhammadyor ibn Arab Qatagʻon 2009, s. 192.
  29. „Махмуд бен Вали. Море тайн, относительно доблестей благородных (Бахр ал-асрар фи манакиб ал-ахйар)“ (ruscha). Vostlit.info. Qaraldi: 4-aprel 2023-yil.
  • Abulgʻoziy. Shajarayi turk. Toshkent: Choʻlpon, 1992 — 188-bet. ISBN 5-8250-0234. 
  • Aminov B. Markaziy Movarounnahr qabrtosh bitiklari va ulardagi tarixiy shaxslar genealogiyasi (XV–XIX asrlar). Toshkent: Bayoz, 2021 — ?-bet. 
  • Jumanazar A. K. Buxoro taʼlim tizimi tarixi. Toshkent: Akademnashr, 2017 — 592-bet. ISBN 978-9943-4728-2-2. 
  • Muhammadyor ibn Arab Qatagʻon. Musaxxir al-Bilod. Toshkent: Yangi asr avlodi, 2009 — 429-bet. ISBN 978-9943-08-496-4. 
  • Zamonov A. Buxoro xonligining Ashtarxoniy hukmdorlari: monografiya. Toshkent: Bayoz, 2021 — 136-bet. ISBN 978-9943-6372-1-4. 
  • Алексеев А. К. Политическая история Тукай-Тимуридов: По материалам персидского исторического сочинения Бахр ул-асрар (ruscha). СПб: Изд-во С.-Петерб. ун-та, 2006 — 229-bet. ISBN 5-288-03987-9. 
  • Зайцев И. В. Астраханское ханство (ru). Москва: Ин-т востоковедения РАН, 2006 — 303-bet. ISBN 5-02-018538-8. 
  • Кляшторный С. Г., Султанов Т. И. Государства и народы Евразийских степей. Древность и средневековье (ruscha). СПб: Петербургское Востоковедение («Orientalia»), 2009 — 432-bet. ISBN 978-5-85803-411-7. 
  • Кушева Е. Н., Аполлова Н. Г., Ромодин В. А.. Народы Кавказа и Средней Азии в XVI и в первой половине XVII в. // Всемирная история. Энциклопедия. Том IV. (ruscha). Москва: Изд-во социально-экономической литературы, 1958 — 432-bet. 
  • Sangirova D. Bir sulola shajarasi haqida. — Toshkent: Sharq mashʼali, 2018.
  • Алексеев А. К. Золотоордынские элементы в официальной исто­рии аштарханидских государств в Средней Азии. «Бахр ал-асрар фи манакиб ал-ахйар» Махмуда б. Вали (XVII в.) / Дешт-и Кипчак и Золотая Орда в ста­новлении культуры евразийских народов (ruscha). Москва: МГУ, 2003 — 229-bet. ISBN 5-288-03987-9. 
  • Трепавлов В. В. Родоначальники Аштарханидов в Дешт-и кипчаке (заметки о предыстории Бухарской династии // Тюркологический сборник. — СПб: Институт восточных рукописей РАН, 2009.