Imomqulixon
Imomqulixon | |
---|---|
chigʻatoycha: امام قلی خان | |
Imomqulixon portreti | |
Buxoro xonligi hukmdori | |
Mansab davri 1611-yil – 1642-yil | |
Oʻtmishdoshi | Vali Muhammadxon |
Vorisi | Nadr Muhammad |
Shaxsiy maʼlumotlari | |
Tavalludi |
1589-yil Buxoro xonligi |
Vafoti |
1644-yil Makka yaqinidagi Arafot togʻi, Usmoniylar imperiyasi |
Fuqaroligi | Buxoro xonligi |
Ota-onasi |
Imomqulixon ibn Dinmuhammadxon (chigʻatoycha: امام قلی خان; 1589, Buxoro xonligi — 1644, Makka yaqinidagi Arafot togʻi, Usmoniylar imperiyasi) — oʻzbeklarning Ashtarxoniylar sulolasining vakili va Buxoro xonligi hukmdori (1611—1642), sarkarda.
Imomqulixon xonlikni markazlashtirib, mamlakat mudofaasini mustahkamlashga harakat qilgan. U Buxoro xonligi hududiga shimol tomondan xavf solgan qalmoqlar, jungʻorlarga qarshi muvaffaqiyatli janglar olib borgan. Xonlik hududidagi bir qancha oʻzboshimcha amaldorlar va hokimlar harakatini bostirgan[1].
Imomqulixon hukmronligi davrida Rossiya, Turkiya, Hindiston va boshqa mamlakatlar bilan faol tashqi siyosat olib borgan. Jumladan, Turkiyada hukmronlik qilgan Usmoniylar imperiyasi hukmdori Ahmad I va Murod IV, Hindistonda Boburiylar sulolasi vakillari Jahongir va Shoh Jahon, Rossiyada Romanovlar sulolasi hukmdori Mixail Fyodorovich bilan faol diplomatik munosabatlarni oʻrnatgan.
Uning davrida mamlakatda koʻplab bunyodkorlik ishlari olib borilgan. Jumladan, Buxoroda Poyandabiy masjidi, Mavlona Miskin madrasasi[2], Nodir devonbegi xonaqohi[3], Nodir devonbegi madrasasi[4], Magʻoki Koʻrpa masjidi, Mehtar Orif madrasasi[5], Samarqandda esa Qozi Soqi madrasasi[6], Sherdor madrasasi[7], Sayyid Ahmadxoja madrasasi[8], Tillakori madrasasi[9] qurilgan.
Imomqulixonning 31 yillik[10][11] hukmronlik faoliyati davomida xonlikning mavqei koʻtarilgan va mamlakatda siyosiy, ijtimoiy va iqtisodiy barqarorlik yaxshilangan[12]. Manbalarda Imomqulixonning hukmronlik davri Husayn Boyqaro davri bilan qiyoslangan[10].
Kelib chiqishi
[tahrir | manbasini tahrirlash]Ashtarxoniylar sulolasining vakillaridan biri boʻlmish Imomquli 1589-yilda tavallud topgan. Otasi Din Muhammad shayboniylardan boʻlgan hukmdor Abdullaxon II (1556–1598) davrida harbiy sarkarda boʻlib, bir nechta shahar[13] va viloyatlarda[14][15] hokimlik qilgan.
Anton Alekseyev Iskandarbek Munshiyning „Tarixi olamoroyi Abbosiy“ asarining Rossiya Fanlar akademiyasi Sharqshunoslik institutida saqlanayotgan nusxasiga asoslanib, Imomqulixon va Nadr Muhammadxonning onasi sayyidlar avlodidan boʻlganligini yozgan[16]. Aksar manbalarda Din Muhammadxonning oʻgʻillaridan faqatgina Nadr Muhammadxon sayyidlar avlodidan ekanligi koʻrsatilgan[17][18][19][20].
Imomqulixon nasabining tarmogʻi Chingizxonga yetadi va Joʻjixonning 13-oʻgʻli Toʻqay Temurga borib taqaladi. Tarixdan maʼlumki, Toʻqay Temurga 14 ulus mulk qilib berilgan. Uning ulusi tarkibiga Mangʻishloq, Hoji Tarxon va Shimoliy Kavkazdagi aslar yeri kirgan[21]. „Imomqulinoma“ asarida muallif Imomqulixonning nasabini Amir Temur nasabiga borib bogʻlagan[22]. Quyida Imomqulixon nasabining kelib chiqishi Muhammad Tolibning „Matlab ut-tolibin“[23], Hofiz Tanish Buxoriyning „Imomqulinoma“[24] asarida keltirilgan. Bundan tashqari, Akbar Zamonov tadqiqotlarida manbalar bilan qiyoslangan nasabnoma halqasi ham keltirilgan[15].
Muhammad Tolibda | Hofiz Tanish Buxoriyda | Akbar Zamonovda |
---|---|---|
Chingizxon | Chingizxon | Chingizxon |
Joʻchixon | Joʻchixon | Joʻchixon |
Toʻqay Temurxon | Toʻqa-Temur | |
Oʻztemursulton | Oʻz-Temur | |
Aboysulton | Aban | |
Tumagʻonsulton | Tumagʻonsulton | Tumgʻan |
Qutlugʻ-Temur | ||
Ali-Temur | ||
Temurqutluqxon | Temur Qutlugʻxon | Temur-Qutluq |
Temursulton | Temurbek Sulton | Temur Sulton |
Muhammadxon | Muhammadxon | Muhammadxon |
Havoqxon | Javoqxon | Juvak |
Bobogʻishloqxon | Bobo Gʻishloqxon | Manqishlax |
Yormuhammadxon | Yormuhammadxon | Yor Muhammad |
Jonishxon | Shoxbudogʻxon | Joni Sulton |
Dinmuhammadxon | Dinmuhammadxon | Din Muhammadxon |
Imomqulixon | Imomqulixon | Imomqulixon |
Taxtga kelishigacha boʻlgan davr
[tahrir | manbasini tahrirlash]Imomquli otasi Din Muhammad 1598-yilda vafot etgach, sodiq xizmatkorlaridan biri Haq Yasovul tomonidan uning xotini va ikki oʻgʻli Imomquli va Nadr Muhammadlar jang maydonidan olib ketilgan. Imomquli va Nadr Muhammad ot ustidagi ikki xurjunda olib qochilayotgan paytda dushman tomonidan otilgan oʻqning biri Nadr Muhammadning oyogʻiga borib teggan. Nadr Muhammad shundan keyin oqsoqlanib yuradigan boʻlgan[15]. Vali Muhammadxon 1605-yil taxtga oʻtirganidan soʻng, Imomqulini Samarqand hokimi qilib tayinlagan[15]. Chunki Vali Muhammadxon Balxni oʻz nazoratida saqlab qolib, uning valiahd boʻlishini istamagan. 1606-yilda Imomquli va Nadr Muhammad[25] Chagʻoniyon, Balx va Hisorda boʻlib oʻtgan amirlarning harakatini bostirgan. Asta-sekin mamlakatda Imomqulining nufuzi oshib borgan. Vali Muhammadxon jiyani Imomquliga qarshi fitna uyushtira boshlagan. Bu fitnaga Doʻstimbiy argʻun otaliq va qatagʻon qabilasining boshliqlari boshchilik qilgan[25]. Ammo Imomquli bundan xabar topib, ishonchsiz amirlarga qarshi choralar koʻrgan. Aynan shu hodisalardan soʻng, Vali Muhammadxon va jiyani Imomquli oʻrtasidagi munosabatlar yomonlashgan[25]. Saroy amaldorlari Vali Muhammadxon Qarshiga shikorga ketgan paytda unga qarshi fitna uyushtirishgan va Imomquli taxtga koʻtarilgan[26]. 1611-yil[27] avgustda[28] boʻlib oʻtgan jangda Imomquli Vali Muhammadxonni yenggan va u asirga olinib, qatl etilgan[29].
Buxoro xonligi hukmdori
[tahrir | manbasini tahrirlash]1611-yil Vali Muhammadxon vafot etgach, Imomqulixon Buxoro xoni sifatida taxtni egallagan. Dastlab ukasi Nadr Muhammadni Balx hokimi sifatida tayinlagan. Imomqulixon davrida mamlakatda ijtimoiy, siyosiy, iqtisodiy munosabatlar taraqqiy etgan[26]. Arminiy Vamberi uning hukmronlik davri haqida shunday yozadi: „Imomqulixon nochorlar ishini yengillashtirdi, arz bilan kelganlarni qaytarmadi, uning davrida na kambagʻal, na bechora qolgandi. Chiqargan buyruqlari ijrosi borasida amaldorlarga qattiq turardi, qorongʻi tushishi bilan oddiy kiyim kiyib, vaziri va qoʻriqchi bilan bozor aylanib, oddiy xalqning haqiqiy turmush ahvolidan boxabar boʻlib turardi. U ulamo va abado hamda shoirlar bilan suhbatdan lazzat topib, koʻp vaqtini hukmdor libosini yechib, darveshlik xirqasini kiyib yurib oʻtkazar, har narsani oʻzi darhol bilishi uchun vaziri Nodir devonbegi va yaqin mahrami Abdulvoseʼ bilan shahar aylanar edi“[30]. Imomqulixon hukmronligi davrida Buxoro xonligida biror marotaba ham isyon koʻtarilmagan[31]. U muhtojlarga yordam bergan va shikoyat qilganlarning mushkulini oson qilgan. Imomqulixon davrida mamlakatda tilanchi va kambagʻal boʻlmagan[32]. Muhammad Yusuf Munshiy oʻz asarida u haqida shunday yozgan: „Imomqulixon oyoqlari davlat uzangisida boʻlgan paytda, na Balxda, na Buxoroda qoʻzgʻolon va tartibsizliklar boʻlmadi“[18]. U asarida Imomqulixonni Husayn Boyqaro hukmronlik davri bilan qiyoslagan[32].
Mamlakat mudofaasi uchun olib borgan yurishlari
[tahrir | manbasini tahrirlash]Imomqulixon xon sifatida koʻtarilgach, dastlab mamlakat mudofaasini mustahkamlashga kirishgan. Bu davrda Buxoro xonligining shimoliy tomoniga qozoqlar va qalmoqlar tahdid solayotgan edi. U Buxoro xonligining shimoli-sharqiy chegaralari uchun qozoqlar, qalmoqlar va jungʻorlarga qarshi kurashlar olib borgan[32]. Imomqulixon Xuroson va Xorazmni qayta egallab olmagan boʻlsa-da, Andijon, Turkiston va Toshkent hududlariga xavf solgan qalmoqlar va qozoqlarga qarshi kurash olib borgan[33]. 1613-yilda Imomqulixon Turkiston chegaralaridan to Ashpara va Qoratovning chekka hududlarigacha qoraqalpoqlar, qozoqlar va qalmoqlarga qarshi jang qilib, ularni yenggan[33].
Toshkent hududining qaytarilishi
[tahrir | manbasini tahrirlash]1612–1613-yillardagi yurishlar natijasida Toshkent mamlakat hududiga qoʻshib olingach, Imomqulixon oʻgʻli Iskandar Sultonni hokim qilib tayinlagan[33]. Iskandar Sulton Toshkentda Buxoro xonligi boshqaruvini joriy qilgan va qattiqqoʻl siyosat yuritgan. U shahardagi ijtimoiy hayotni yaxshilash maqsadida xiroj va boshqa turdagi soliqlarni joriy qilgan. Bundan gʻazablangan Toshkent aholisi qoʻzgʻolon koʻtargan va Iskandar Sulton oʻldirilgan[33]. Ushbu xabarni eshitgan Imomqulixon ukasi Nadr Muhammadga xat yozib, qoʻshin bilan Toshkentga borishini bildirgan va oʻzi ham katta qoʻshin bilan Toshkent tomon yoʻl olgan. Nadr Muhammad Balx va Badaxshondagi qoʻshinlari bilan Toshkentga yordamga borishga shoshilgan. Imomqulixon va Nadr Muhammad qoʻshinlari bir joyga toʻplanib, bir oy davomida Toshkentni qamal qilgan. Imomqulixon jang davomida: „Qasam ichamanki, shaharni olgach, uning aholisini qilichdan oʻtkazaman, toki dushmanning qoni otimning uzangisigacha yetmaguncha, qirishni toʻxtatmayman“, – deb qasam ichgan[34]. Toshkent shahri aholisi ogʻir ahvolga tushgan, shahar darvozalari portlatilib, aholi qilichdan oʻtkazilgan. Buxoro qoʻshinlarining boshliqlari xonga begunoh aholini qirib tashlashni toʻxtashini aytgan. Ammo Imomqulixon shunday degan: „Men qasam ichdim va odamlarning qoni mening uzangimga yetmaguncha, qatlni toʻxtatmayman“[35]. Ushbu qirgʻinni toʻxtatish uchun imomlar shunday fatvo bergan: „Janobi oliylari oʻz otini suvi uning uzangisiga yetadigan hovuzga tushirsin, undan keyin suv bilan oʻldirilganlarning qonini aralashtirsinlar, shul zafarli oʻzangigacha yetib boradi“[35]. Amirlar Imomqulixonga fatvoni yetkazgan va u xuddi shunday qilib, qasamini ado etgan[35].
Qozoq xonlari bilan munosabatlari
[tahrir | manbasini tahrirlash]Imomqulixon 1612–1613-yillarda Talas vodiysida qozoqlarni magʻlubiyatga uchratib, ularning mazkur hududlarda taʼsirini kamaytishga harakat qilgan. U Toshkentni oʻz tasarrufiga oʻtkazgan boʻlsa-da, koʻp vaqt oʻtmay 1613-yilda qozoq xoni Tursunxon shaharni egallagan[36]. 1621-yilda Shoxruxiya qaʼlasidagi daryo boʻylarida Tursunxon va Ashtarxoniylar oʻrtasida jang boʻlib oʻtgan. Jang natijasida Ashtarxoniylar magʻlubiyatga uchrab, 20 ming jangchisidan ayrilgan[37]. 1623-yilda Shoxruxiya qalʼasi yaqinida navbatdagi jang boʻlib, Tursunxon qoʻshini gʻolib boʻlgan. Imomqulixon vaziyatdan kelib chiqib, sulh tuzishni maʼqul koʻrgan. Imomqulixon joʻyboriylardan Hoshim Xoja Joʻyboriyni Tursunxon huzuriga yuborgan. Shartnomaga koʻra, Buxoro xonligi chegarasi Shoxruxiyadan oʻtishi belgilangan. Ushbu shartnomadan keyin Buxoro xonligi shimoldagi hududlarga daʼvo qila olmas edi[35]. 1626–1627-yillarda Eshimxon va Tursunxon oʻrtasidagi jang natijasida Tursunxon oʻldirilgan[38], Buxoro xonligi hududi oldingi chegarasigacha kengaygan. 1628-yilda Imomqulixon buyrugʻi bilan Yalangtoʻsh Bahodir qozoq xoni Abulay Sulton bilan jang qilib, Toshkentda uni magʻlub etgan[35]. 1628-yilda Fargʻona vodiysida Ashtarxoniylar hokimiyati toʻliq oʻrnatilgan[39]. Imomqulixon Toshkentda Boqi Muhammadxonning oʻgʻli Abdulloh sultonni hokim qilib tayinlagan. Imomqulixonning ushbu gʻalabasidan soʻng, Buxoro xonligining shimoliy-sharqiy chegaralari qayta tiklangan[39]. 1636-yilda Yalangtoʻsh Bahodir boshchiligidagi qoʻshin Sayramga yurish qilgan. Harbiy yurishlar Dashti Qipchoq hududlarigacha davom etgan[40].
Nadr Muhammad bilan munosabatlari
[tahrir | manbasini tahrirlash]1611-yil Imomqulixon taxtga koʻtarilganidan keyin, Nadr Muhammadni Balx hokimi qilib tayinlagan. Nadr Muhammadxon Balx viloyatini 1642-yilgacha hokim sifatida boshqargan. Aka-ukalarning ikkalasi ham xon hisoblanib, Imomqulixon „katta xon“, Nadr Muhammad „kichik xon“ deb eʼtirof etilgan[28][27][41]. Nadr Muhammad 30 yildan ortiq Balxni boshqarib, akasi Imomqulixon bilan birgalikda bir nechta yurishlarda ishtirok etgan. Imomqulixon va Nadr Muhammad oʻrtasida oqibat va samimiyat boʻlib, bir-biriga qurol koʻtarmagan[42][43]. Imomqulixon boburiy hukmdor Shoh Jahonning Balxga yurishini oldini olish maqsadida askarlari bilan birga Balx viloyatiga tashrif buyurganida, Nadr Muhammadxon 12 oʻgʻli bilan shahardan yarim chaqirim piyoda yurib, uni kutib olgan. Imomqulixon bundan taʼsirlanib „Siz sayyidsiz ulovingizga miningiz“[18] deb otiga mindirgan. Imomqulixon Balxga kelgach, qabul marosimi tashkil etilgan. Nadr Muhammadxon akasiga turkiy odatlar boʻyicha toʻqqizta sovgʻa bergan. Toʻqqizinchi hadya sifatida sakkiz nafar quldan keyin Nadr Muhammad oʻzi turgan[18].
Tashqi siyosati
[tahrir | manbasini tahrirlash]Usmoniylar imperiyasi bilan diplomatik aloqalari
[tahrir | manbasini tahrirlash]Usmoniylar sultoni Ahmad I va Imomqulixon oʻrtasida Safaviylar davlatiga qarshi kurashish maqsadida 1616–1617-yillarda elchilik aloqalari olib borilgan[44]. Lekin ushbu harakat Usmoniylar sultoni Ahmad I ning vafot etishi bilan toʻxtab qolgan[45].
Usmoniylar sultonligi Eron bilan munosabatlari buzilishini istamagan boʻlsa-da, Murod IV (1623–1640) Bagʻdod va Revonga yurish qilgan. Usmoniylar sultoni Murod IV Imomqulixonga Safaviylar davlatiga qarshi birgalikda kurashish maqsadida maktub yuborgan. Imomqulixonning bu maktubga javob yoʻllagani toʻgʻrisida maʼlumotlar uchramaydi. Tarixiy manbalarda koʻra, mazkur davrda Imomqulixon va Eron shohi Abbos I oʻrtasida doʻstona munosabatlar oʻrnatilgan[46]. Usmoniylar imperiyasi elchilari 1624–1625-yillarda Buxoroga kelgan. Ushbu elchilikdan asosiy maqsad Safaviylardan Bagʻdod shahrini qaytarib olish boʻlgan. Usmoniylar imperiyasi hukmdori Imomqulixonni moʻgʻul va Safaviylarga qarshi kurashishga daʼvat qilgan[47].
Boburiylar sulolasi bilan tashqi aloqalari
[tahrir | manbasini tahrirlash]Imomqulixon 1614-yilda oʻz elchilarini boburiy hukmdor Jahongir saroyiga yuborgan. Imomqulixon maktubida shayboniy hukmdor Abdullaxon II va boburiy Akbarshoh davrida Buxoro xonligi va Hindiston mamlakati oʻrtasida ittifoq tuzilganini, bu ittifoq natijasida Eronning bir qismi va Iroq, Xurosonning bosib olingani haqida yozgan[48]. „Tarixi Muqimxoniy“ asarida yozilishicha, oradan bir qancha vaqt oʻtgach, Imomqulixon huzuriga Jahongir podshoh Hakim Hoziqni elchi sifatida yuborgan[49]. 1624–1625-yillarda Hakim Hoziq Buxoroga borgan[48].
Ashtarxoniylar va Boburiylar oʻrtasida siyosiy aloqalar toʻxtab qolmagan. Manbalarga koʻra, Buxoroga Hakim Hoziq elchi sifatida kelishidan oldin, Birka boshchiligidagi elchilar tashrif buyurgan[48]. Ular bir necha yil Buxoroda turgan, soʻng Buxoro xoni Hindistonga Abdurahimxoʻja boshchiligidagi elchilarni yuborgan. 1626-yilda Imomqulixon Jahongir huzuriga Abdurahimxoʻja Joʻyboriyni yuborib, Xurosonni qaytarib olish maqsadida yordam berishini soʻragan[50]. Imomqulixon elchisi Abdurahimxoʻja sovgʻa-salomlar bilan birga hukmdorga bir „laʼl“ toshini hadya qilgan. Boburiy hukmdor Jahongir esa Abdurahimxoʻjaga 40 ming rupiya pul va har biri 1000, 1500 va 500 misqol ogʻirlikdagi uchta oltin „kavkabi tole“ sovgʻa qilgan[51]. Hind tarixchisi Banarsi Prasad Saksena yozishicha, Hindistonga elchi sifatida kelgan Abdurahimxoʻjaga Buxoro xonligining Xurosonni Hindiston va Buxoro oʻrtasida boʻlib olish haqidagi taklifni bergan va Jahongirshohning vafoti sababli taklif amalga oshmagan[52]. Tarixiy manbalarga koʻra, Jahongirshohning xotini Nurjahonbegim va Imomqulixonning onasi bir-biri bilan maktublar almashib, turli qimmatbaho sovgʻa-salomlar yuborib turishgan[53].
Romanovlar sulolasi bilan diplomatik aloqalari
[tahrir | manbasini tahrirlash]1613-yilda Imomqulixon Moskvaga Navroʻzxoʻja boshchiligidagi elchilarni yuborgan. Elchilik karvoni 300 kishidan iborat boʻlib, Samara, Qozon va boshqa mahalliy hokimliklar tomonidan qabul qilingan. Imomqulixon oʻz yorligʻida Romanovlar sulolasi hukmdoriga elchilik va savdo munosabatlarini davom ettirishni taklif qilgan. Navroʻzxoʻja rus hukmdoridan shunqor, sovut, moʻyna va boshqa mollarni sotib olinishini va rus yerlarida bojsiz savdo qilishga ruxsat soʻragan. Rus hukumati Buxoro xonligidan kelgan savdogarlar uchun erkin savdo qilishga ijozat bergan. 1615-yilda Navroʻzxoʻja boshchiligidagi elchilik Buxoroga qaytgan[54]. 1618-yil 11-avgustda Imomqulixonning Odambiy boshchilidagi elchilari Romanovlar sulolasi hukmdori Mixail Fyodorovich huzuriga Moskvaga borishgan. 1620-yilda ushbu elchilikka javoban Mixail Fyodorovich Ivan Xoxlov boshchiligidagi elchilarni Buxoroga yuborgan. Ivan Xoxlov Buxoro xonligiga kelganda Imomqulixon Samarqandda boʻlgan. Xoxlov Samarqandga borib, xon qabulida boʻlgan. Mazkur elchilik yorligʻida Mixail Fyodorovich Buxoro hukmdorining savdo-sotiq toʻgʻrisidagi taklifini qabul qilingani, Imomqulixonga toʻrtta ovchi qushi sovgʻa qilingani va Buxoroda asirga olingan ruslarni ozod qilib, Rossiyaga yuborishini yozgan[55]. Ivan Xoxlov esdaliklariga koʻra, u Buxoroga borishda juda koʻp qiyinchiliklarni yengib oʻtishiga toʻgʻri kelgan. Yoʻl davomida unga turkmanlar hujum qilgan. Xivada esa Xiva xoni Imomqulixonga olib borayotgan shunqorni tortib olmoqchi boʻlgan. Buxoro xonligida Xoxlov yaxshi kutib olingan, ammo baʼzi amaldorlar xon tomonidan berilgan pullarni maʼlum bir qismini olgan. Aynan shu hodisadan soʻng Rossiya va Buxoro oʻrtasida munosabatlar yomonlashgan[56]. Ushbu vaziyatdan soʻng Mixail Fyodorovich 20 yil, Imomqulixon esa 11 yil bir-biriga elchilar yubormagan. Faqatgina Xovlov bilan boʻlgan munosabatlargina emas, balki ikki davlat oʻrtasidagi ichki va tashqi sharoit ham elchilik aloqalarining uzulishiga olib kelgan[57].
Joʻybor shayxlari bilan munosabatlari
[tahrir | manbasini tahrirlash]Imomqulixon hukmronligi davrida joʻybor shayxlari bilan yaxshi munosabatda boʻlgan va ulardan davlat ishlarini boshqarishda maslahat olib turgan. U joʻyboriy Xoʻja Tojiddindan davlat lavozimlarida kishilarni tayinlashda maslahat olgan. Imomqulixon Xoʻja Tojiddinga oʻz singlisi Poyanda sulton xonimni nikohlab bergan. Xoʻja Tojiddin xonlik maraka va marosimlarida doimo ishtirok etib, davraning toʻridan joy olgan va u koʻproq ushbu davralarda beʼmani gaplarni gapirmaslikni, davlat ishlari haqida gapirishni maʼqul koʻrgan[58]. 1644-yil Imomqulixon vafot etgach, Xoʻja Tojiddin uning fotiha marosimini oʻtkazishni oʻz vazifasi deb bilgan va oʻz zimmasiga olgan. Xoʻja Tojiddin 100 ta qoʻy va 10 ta ot soʻyib, Buxorodagi Volidaxon madrasasida xonlik va shahar nufuzli shaxslari ishtirokida xatmi Qur’on oʻtkazgan[59]. Joʻybor xoʻjalari vakillaridan yana biri Muhammad Yusuf Xoʻja (1593–1651) bilan Imomqulixon oʻrtasida munosabat boʻlgan. Imomqulixon unga koʻplab inʼomlar qilgan. Joʻybor xoʻjalarning biri Abdurahim Xoʻja (1575–1628) bilan Imomqulixon oʻrtasida ixtilof boʻlgan. Natijada Abdurahim Xoʻja hajga ketishga majbur boʻlgan va mol-mulki xon buyrugʻiga koʻra musodara qilingan[59].
Ilm-fanga munosabati
[tahrir | manbasini tahrirlash]Imomqulixon shoirlar, darveshlar, olimlar, oʻz zamonasining ulugʻ kishilari bilan suhbat qilishni xush koʻrgan. Muhammad Yusuf Munshiy maʼlumotlariga koʻra, u soʻfiyona sheʼrlar mashq qilgan. Imomqulixon shayx Mavlono Yusuf Qorabogʻiy bilan suhbat qilishni yaxshi koʻrgan. Mavloniy Yusuf Qorabogʻiy Buxoroga Xurosondan kelib, Mulloi Nav taxallusi bilan mashhur boʻlgan. U Buxoroda Mirzojon Sheroziga shogird tushgan va Imomqulixon davrida tariqatning yirik vakillaridan biri hisoblangan. Imomqulixon davrida Nahliy va Turobiy kabi shoirlar ijod qilgan[58]. Shoir Nahliy (Suhayl) taxallusi bilan tanilgan Hofiz Tanish Buxoriy[60] Imomqulixon topshirigʻi bilan masnaviy doston yozgan[61]. 1642-yilda musavvir Xoja Muhammad Imomqulixon miniatyurasini chizgan[10].
Bunyodkorlik sohasidagi siyosati
[tahrir | manbasini tahrirlash]Imomqulixon davrida mamlakatda koʻplab bunyodkorlik ishlari olib borilgan. „Imomqulinoma“ asarida muallif Imomqulixon Amir Temur davridagi kabi obodonchilik ishlari olib borganligini yozgan[22]. Imomqulixon 1614–1615-yillarda Qashqadaryodan Qarshi choʻliga kanal qazdiradi. Kanal qurilishi natijasida koʻplab qarovsiz yerlar obod qilingan. 1633-yilda Qoʻshqoʻrgʻonda ham uning buyrugʻiga koʻra kanal qazilgan[62]. Imomqulixon davrida Buxoroda 1617-yilda Registon maydonida Poyandabiy masjidi, 1611–1612-yillarda Mavlona Miskin madrasasi[2], 1620-yilda Nodir devonbegi xonaqohi[3], 1622–1623-yillarda Nodir devonbegi madrasasi[4], 1637-yilda Magʻoki Koʻrpa masjidi, Mehtar Orif madrasasi[5] bunyod etilgan. Samarqandda esa 1612–1613-yillarda Qozi Soqi madrasasi[6], 1619-yilda Sherdor madrasasi[7], 1637–1638-yillarda Sayyid Ahmadxoja madrasasi[8], 1641–1642-yillarda Tillakori madrasasi[9] qurilgan.
Oilasi
[tahrir | manbasini tahrirlash]Imomqulixon Vali Muhammadning xotini[19] yoki kanizagi boʻlgan[63] Oyxonimni Buxoro xonligi taxtini egallaganidan soʻng, xotiniga aylantirgan va buning uchun maxsus fatvo chiqargan[63]. Oyxonim qozoq sultoni Eshim sultonning qizi boʻlgan[19]. Imomqulixonning Iskandar sulton, Pir Muhammad sulton (Muhammad Ali), Bahrom mirzo ismli oʻgʻillari boʻlgan. Imomqulixon 1612–1613-yillarda Toshkentni egallagach, birinchi oʻgʻli Iskandar sultonni hokim qilib tayinlagan. Ikkinchi oʻgʻli Pir Muhammad sulton esa 1630 yoki 1631-yilda Abulay sulton tomonidan oʻldirilgan[22]. Dilorom Sangirova Imomqulixonning bir qizi boʻlganligi va Abdulazizxonga turmushga chiqqanligi toʻgʻrisida maʼlumot bergan[22].
Taxtdan voz kechishi va haj ziyorati
[tahrir | manbasini tahrirlash]Imomqulixon hukmronligining oxirgi yillarida koʻzi ojiz boʻlib qolgan. Bu davrda Imomqulixonning ojizligidan foydalangan xonlik amaldor va zodagonlari oʻzlaricha mustaqil siyosat yuritgan. Buning natijasida mamlakat zaiflashib borgan[64]. 1642-yil[65] Imomqulixon bunday vaziyatda taxtni ukasi Nadr Muhammadxonga topshirib[66], haj amallarini bajarish maqsadida Makka va Madina shaharlariga yoʻl olgan. 1642–1643-yillarda haj safari karvoniga Nodir devonbegi boshchilik qilgan va Muhammad Doʻst otaliq hamrohlik qilgan. Safar davomida Imomqulixon Eronning Isfahon va Mashhad shaharlarida boʻlib, Eron shohi qabulida boʻlgan. Imomqulixon Hijozga Isfahon va Mashhad shaharlari orqali borib, haj amallarini ado etgan. Imomqulixon Madinada bir necha yil yashab, Movarounnahrdan hajga borganlar dam olishi uchun chorbogʻ va Makkadagi Kaʼbaga kirish darvozalaridan biriga kumush va oltin tutqichli yogʻoch zina qurdirgan[67].
Vafoti
[tahrir | manbasini tahrirlash]Imomqulixon 1644-yili[12] Arafot togʻida vafot etgan[64] va Madinadagi[66] Baqiya qabristoniga dafn etilgan[67]. Dilorom Sangirova yozishicha, uning janoza marosimiga 600 ming atrofidagi odamlar qatnashgan[67].
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- ↑ Zamonov 2021, s. 41-42.
- ↑ 2,0 2,1 Jumanazar 2017, s. 323.
- ↑ 3,0 3,1 Jumanazar 2017, s. 459.
- ↑ 4,0 4,1 Ражабов 2016, s. 159.
- ↑ 5,0 5,1 Jumanazar 2017, s. 334.
- ↑ 6,0 6,1 Жуманазар 2021, s. 378.
- ↑ 7,0 7,1 Жуманазар 2021, s. 356.
- ↑ 8,0 8,1 Жуманазар 2021, s. 278.
- ↑ 9,0 9,1 Жуманазар 2021, s. 288.
- ↑ 10,0 10,1 10,2 Ражабов 2022, s. 244.
- ↑ Murad Özkan 2021, s. 54.
- ↑ 12,0 12,1 Эшов Баҳодир 2019, s. 61.
- ↑ Алексеев 2006, s. 89.
- ↑ Бўрибой Аҳмедов 1993, s. 400.
- ↑ 15,0 15,1 15,2 15,3 Zamonov 2021, s. 39.
- ↑ Алексеев 2006, s. 90.
- ↑ Мухаммад Юсуф Мунши 1956, s. 79-80.
- ↑ 18,0 18,1 18,2 18,3 Арминий Вамбери 2019, s. 123.
- ↑ 19,0 19,1 19,2 Cангирова 2017, s. 89.
- ↑ Zamonov 2021, s. 52-53.
- ↑ Zamonov 2021, s. 20—21.
- ↑ 22,0 22,1 22,2 22,3 Cангирова 2018, s. 36.
- ↑ Муҳаммад Толиб 2016, s. 210.
- ↑ Cангиров Жуманазар 2017, s. 262.
- ↑ 25,0 25,1 25,2 Алексеев 2006, s. 113.
- ↑ 26,0 26,1 Zamonov 2021, s. 40.
- ↑ 27,0 27,1 Алексеев 2006, s. 120.
- ↑ 28,0 28,1 Ахмедов 1982, s. 107.
- ↑ Муҳаммад Толиб 2016, s. 209.
- ↑ Арминий Вамбери 2019, s. 117.
- ↑ Азамат Зиё 2000, s. 272.
- ↑ 32,0 32,1 32,2 Zamonov 2021, s. 41.
- ↑ 33,0 33,1 33,2 33,3 Zamonov 2021, s. 42.
- ↑ Мухаммад Юсуф Мунши 1956, s. 87.
- ↑ 35,0 35,1 35,2 35,3 35,4 Zamonov 2021, s. 43.
- ↑ Мусаев 2021, s. 56.
- ↑ Мусаев 2021, s. 57.
- ↑ Алексеев 2006, s. 123.
- ↑ 39,0 39,1 Мусаев 2021, s. 60.
- ↑ Zamonov 2021, s. 44.
- ↑ Zamonov 2021, s. 54.
- ↑ Алексеев 2006, s. 121.
- ↑ Zamonov 2021, s. 55.
- ↑ Burton 1997, s. 145.
- ↑ Burton 1997, s. 144.
- ↑ Mehmet Saray 2017, s. 10.
- ↑ Васильев 2014, s. 91.
- ↑ 48,0 48,1 48,2 Низомиддинов 1966, s. 46.
- ↑ Мухаммад Юсуф Мунши 1956, s. 88.
- ↑ Хайруллаев 2003, s. 112.
- ↑ Низомиддинов 1966, s. 19.
- ↑ Низомиддинов 1966, s. 47.
- ↑ Низомиддинов 1966, s. 49.
- ↑ Ҳамид Зиёев 2012, s. 50-51.
- ↑ Жуковский 2022, s. 9.
- ↑ Ҳамид Зиёев 2012, s. 53.
- ↑ Ҳамид Зиёев 2012, s. 54.
- ↑ 58,0 58,1 Zamonov 2021, s. 49.
- ↑ 59,0 59,1 Zamonov 2021, s. 50.
- ↑ Cангиров Жуманазар 2017, s. 258.
- ↑ Cангирова 2008, s. 21.
- ↑ Азамат Зиё 2000, s. 270.
- ↑ 63,0 63,1 Алексеев 2006, s. 117.
- ↑ 64,0 64,1 Zamonov 2021, s. 51.
- ↑ Ахмедов 1982, s. 109.
- ↑ 66,0 66,1 Алексеев 2006, s. 128.
- ↑ 67,0 67,1 67,2 Cангирова 2019, s. 29.
Adabiyotlar
[tahrir | manbasini tahrirlash]Ilmiy adabiyotlar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- Zamonov A, Subhonov F. Buxoro xonligining ashtarxoniy hukmdorlari. Toshkent: Bayoz, 2021 — 136-bet.
- Jumanazar A.. Buxoro taʼlim tizimi tarixi. Toshkent: Akademnashr, 2017 — 592-bet. ISBN 978-9943-4728-2-2.
- Mehmet Saray. Rus işgali devrinde Osmanli Devleti ile Türkistan hanliklari arasindaki siyasi münasebetler- 2. baskı. Ankara: Turk Tarih Kurumu, 2017 — 200-bet.
- Muhammed Yusuf Münşî. Tezkire-i mukîm hânî. Şibanîler ve Astrahanlilar döneminde Maveraünnehir'in kültürel ve toplumsal tarihinin seyri. Farsça aslından çevirenler: Ahmet Özturhan ve Ahmet Korkmaz. İstambul: Repar dijital matbaası, 2022 — 149-bet. ISBN 978-625-7459-49-5.
- Murad Özkan. Buhara Hanlığı (1500—1920). İstambul: Repar dijital matbaası, 2021 — 128-bet. ISBN 978-605-4944-78-1.
- Audrey Burton. The Bukharans. A dynastic, diplomatic and commercial history 1550-1702. Curzon, 1997 — 664-bet.
- Аҳмедов Б. Тарихдан сабоқлар. Tошкент: Ўқитувчи, 1993 — 432-bet.
- Абдусаттор Жуманазар. Самарқанд таълим тизими ва мадрасалари тарихи. Тошкент: Фан, 2021 — 520-bet. ISBN 978-9943-6804-9-4.
- Азамат Зиё. Ўзбек давлатчилиги тарихи. Тошкент: Шарқ, 2000 — 368-bet.
- Арминий Вамбери. Бухоро ёхуд Мовароуннаҳр тарихи. (таржимон Сирожиддин Аҳмад). Ташкент: Info Capital Group, 2019 — 254-bet.
- Мухаммад Юсуф Мунши. Муким-ханская история / Перевод с таджикского, предисловие, примечания и указатели А.А.Семенова. Ташкент: Фан, 1956 — 303-bet.
- Муҳаммад Толиб. Матлаб ут-толибин. Форс тилидан таржима, сўзбоши ва изоҳлар муаллифлари: Ғ. Каримий, Э.Миркомилов. Тошкент: “Мovarounnahr”, 2016 — 384-bet. ISBN 978-9943-12-379-3.
- Жуковский С.В. Бухоро ва Хива хонликлари билан уч юз йилликдаги муносабатлари. Таржима ва изоҳлар муаллифлари: Ҳамроев A., Рахмонова М.. Бухоро: “Durdona”, 2022 — 152-bet.
- Зияев Ҳ. Ўзбекистонинг Россия билан элчилик ва иқтисодий алоқаларнинг ўрнатилиши, ривожланиш тарихи (қадимги даврдан то ХХ аср бошларигача) III жилд. Тошкент: Янги аср авлоди, 2012 — 499-bet.
- Низомиддинов И. XVI-XVIII асрларда Ўрта Осиё- Ҳиндистон муносабатлари. Тошкент: Ўзбекистон ССР "ФAН" нашриёти, 1966 — 117-bet.
- Хайруллаев М. Ўзбек дипломатияси тарихидан, Тошкент, 2003 — 375-bet.
- Ражабов Қ, Иноятов С.. Бухоро тарихи. Tошкент: Тафаккур нашриёти, 2016 — 460-bet. ISBN 978-9943-24-119-0.
- Ражабов Қ. Туркистон тарихида ўтган 55 сиймо. Tошкент: Фан нашриёти, 2022 — 320-bet. ISBN 978-9943-19-660-5.
- Эшов Баҳодир. Ўзбекистонда давлат ва маҳаллий бошқарув тарихи. Ташкент: Янги аср авлоди, 2019 — 404-bet.
- Ахмедов Б. А. История Балха (XVI-первая половина XVIII в). Tошкент: Фан, 1982 — 295-bet.
- Алексеев А. К. Политическая история Тукай-Тимуридов: По материалам персидского исторического сочинения Бахр ал-асрор, Санкт-Петербург, 2006 — 229-bet.
- Васильев А. Знамя и меч от падишаха. Политические и культурные контакты ханств Центральной Азии и Османской империи (середина XVI—начало XX вв.), Москва, 2014 — 353-bet.
Maqolalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- Мусаев А. Бухоро ва Қозоқ хонлиги ўртасидаги сиёсий муносабатларда Фарғона водийсининг ўрни // Водийнома. — 2021.
- Cангирова Д. Суҳаил: „Имомқулинома“ // Мозийдан садо. — 2008.
- Cангирова Д. Аштархоний ҳонимларнинг давлат бошқарувидаги ўрни // Sharqshunoslik jurnali. — 2017.
- Cангирова Д. Бир сулола шажараси ҳақида // Sharq mash’ali. Toshkent davlat Sharqshunoslk instituti ilmiy-uslubiy, ma’rifiy jurnali. — 2018.
- Cангирова Д. Ҳаж зиёрати ва ҳукмдор ҳожилар // „Ўтмишда назар“ журнали. — 2019.
- Cангиров Ж. Ҳофиз Таниш Бухорийнинг „Имомқулинома“ асари ва унинг Аштархонийлар тарихини ўрганишдаги ўрни // Actual problems of the history of Uzbekistan. — 2022.
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |