Kontent qismiga oʻtish

Nurjahon begim

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
(Nur jahon begimdan yoʻnaltirildi)
Nurjahon begim
Tavalludi
Mehriniso

1577-yil
Vafoti 1645
Buyuk Mug'ullar imperiyasi, Lahor
Fuqaroligi Boburiylar davlati
Ota-onasi

Mirza G'iyosbek

Asmat begim

Nurjahon begim (15771645) — Hindistonda hukmronlik qilgan Boburiy shahzodalardan uchinchisi — Jahongirshoh (Salim, 15691627)ning ikkinchi xotinidir.

Nurjahon begimning haqiqiy ismi Mehriniso, asli kelib chiqishi Erondan. Uning ota-onasi yo'qchilik oqibatida o'z vatanidan Hindistonga ko'chib kelib, Akbar podshoh saroyida xizmatga yollanadi.

Kunlardan bir kun shahzoda Salim (keyinchalik Jahongir podshoh) Mehrinisoni bozorda koʻrib qoladi va unga oshufta boʻlib, firoqida oʻrtanadi. Bu davrda Mehriniso balogʻat yoshiga yetgan, sarv qomat, oʻn toʻrt kunlik oydek qiz edi. Shahzoda Salim Mehriniso ishqida kuyib, halovatini yoʻqotadi. Nihoyat, unga uylanishga qaror qiladi. U oʻz qarorini otasi Akbarshohga (15421605) aytib, undan ijozat soʻraydi. Akbarshoh esa oʻz oʻgʻlining bu qizga uylanishiga qat’iyan qarshilik koʻrsatadi. Akbarshoh oʻgʻlining koʻnglini sovutmoq uchun Mehrinisoni saroy a’yonlaridan biri — Ali Quli Istajliy (Sherafkan)ga turmushga chiqishga majbur qiladi. Sherafkan Mehrinisoga uylangach, uni qoʻshinlarga sardor etib Bengaliyaga koʻchirib yuboradi.

1605 yilda Akbarshoh vafot etadi. Taxtga uning valiahd oʻgʻli shahzoda Salim oʻtiradi va oʻzini Jahongirshoh deb ataydi. Taqdir taqozosini qarangki, 1611 yilda Sherafkanxon Bengaliya hokimi Qutbiddinning qabuliga kirganida muhim masala ustida hokim bilan janjallashib qoladi va uni pichoqlab oʻldiradi. Fojia ustiga yetib kelgan soqchilar Sherafkanxonni ham oʻldiradilar. Shundan soʻng beva qolgan Mehrinisoni Agraga — Jahongirshoh saroyiga joʻnatadilar. Shu voqeadan bir necha muddat oʻtgach, Jahongirshoh Mehrinisoni oʻz nikohiga oladi.

«Muntahab ut-tavorix» asarining muallifi Hakimxon toʻra Mehrinisoning Jahongirshoh nikohiga kirishi haqida oldindan bashorat qilingan bir qiziq tush tafsilotini keltiradi. Goʻyo Mehriniso tunlarning birida tush koʻradi. Tushida osmondan quyosh tushib kelib, koʻrpasi ichiga kiradi. Shunda uygʻonib ketadi va koʻrgan tushini eri Sherafkanxonga soʻzlab, undan ta’birinn soʻraydi. Sherafkanxon tush ta’biri boʻyicha bilimdon boʻlgani tufayli, darhol xotinining tushiga quyidagicha ta’bir aytadi: «Sening toʻshagingga podshoh kirar ekan».

Mehriniso oʻz goʻzalligi, ziyrakligi, farosatli va tadbirkorligi tufayli faqat Jahongirshohnigina emas, balki saroy ahlini ham oʻziga rom qiladi. Endilikda uni Mehriniso emas, Nurmahal (saroyning nuri) deb ataydilar. Keyinchalik esa jahonning nuri, ya’ni Nurjahon deb ataydilar. Nurjahon begim nozik ta’b shoira ham edi. U Maxfiy taxallusi bilan gʻazallar bitgan. Jahongirshoh saltanatida Nurjahonning otasi E’timod-ud Davla nomi bilan bosh vazirlik lavozimigacha koʻtarilgan. Uning oʻgʻli, ya’ni Nurjahon begimning akasi Osafxon esa saroy boshqaruvchisi mansabida qoyim boʻlgan. Nurjahon begim Jahongirshoh saltanatida dono maslahatchi edi. Nurjahon begim mamlakatning ijtimoiy, madaniy hayotiga doir koʻpgina ezgu tadbirlarni bajargan. U ixtirochi ham edi, chunonchi, gulob va «atri Jahongiriy»ni kashf etgan. Shu bilan birga, bir necha xil xush ta’m, laziz taomlaru xona bezaklarini yaratdi. Saroy a’yonlari orasida uning hurmat e’tibori kun sayin oshib borardi. Tarixiy manbalarning bergan xabariga koʻra, Jahongirshoh suyukli xotini Nurjahon begim sharafiga «Nuri Jahonin» deb atalgan 12 grammli oltin tanga zarb ettirgan.

«Muntaxab ut-tavorix» muallifi Nurjahon begimning shoh bilan qilgan mushoiralaridan (Jahongirshoh ham gʻazallar bitgan) bir nechasini koʻrsatib oʻtgan. Bu she’rlarni oʻqigan kishn Nurjahon begim zamonasining iste’dodli shoirasi boʻlganligiga shubha qilmaydi. G’azallardan biri quyidagidir:

Hadisi holi gu dar noma sabt mekardam, Sikandvor kuqat bar sari suxan mesoʻxt.

Shahidi ishqi turo shab ba xob medidam, Ki hamchu shu’layi fonus dar kafan mesoʻxt.

Zi soʻzi sinayi Maxfiy shud on qadar ma’lum, Ki hamchu xas, mijaash dar giriston mesoʻxt.

Mazmuni: Sening nomayi a’molingni yozarkanman, soʻz ustidagi nuqtalar isiriq donalaridek yonardi. Ishqingda shahid boʻlganlarni kechalari tushimda koʻrardim. Ular xuddi fonus shulasidek, oʻz kafanlari ichida yonardilar. Maxfiy qalbining yonishi shu qadar ediki, yigʻlaganda kipriklari xuddi xasdek yonardi.

Saltanat boshqaruvi

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Soʻnggi vaqtlarda Jahongirshoh bot-bot kasal boʻlib, davlat ishlariga qaramay qoʻyadi. Ana shunday paytlarda Nurjahon begim saltanat ishlarini boshqarib turadi. Nurjahon begimning saltanat ishlaridagi faoliyati va uning tutgan mavqei Jahongirshohning oʻgʻillariga, ayniqsa shahzoda Xurram (Shahobiddin Shoh Jahon)ga yoqmasdi.

Jahongirshoh salomatligi yomonlasha boshlagach, 1616 yilda shahzoda Parvez (Jahongirshohning ikkinchi oʻgʻli)ni taxtga valiahd etib tayinlaydi. Jahongirshohning toʻrtinchi oʻgʻli shahzoda Shahriyor irodasiz va qatiyatsiz kishi edi. Nurjahon begim qoʻgʻirchoq sifat shahzoda Shahriyorni taxtga valiahd etish maqsadida oʻzining avvalgi eri Sherafkandan boʻlgan qizi — Lodila begimni shahzoda Shahriyorga nikohlab beradi. Jahongirshohning uchinchi oʻgʻli shahzoda Xurram (Shoh Jahon) 1612 yilda 21 yoshida Nurjahon begimning akasi Osafxonning 19 yoshli qizi Arjumand bonuga uylangan edi. Binobarin, Osafxonning maqsadi, oʻz kuyovini shahzoda Hurramni valiahdlikka tayinlatish edi.

Shahzoda Xurram oʻz otasi Jahongirshohdan ham, valiahd akasi shahzoda Parvezdan ham, ukasi shahzoda Shahriyor va uning homiysi malika Nurjahon begimdan ham xafa edi. Otasidan soʻng taxtga oʻtirishga harakat qilarkan, bu yoʻlda asosiy gʻov deb Nurjahon begimni bilardi. 1622 yilda Nurjahon begimning otasi vazir E’timod-ud Davlat vafot etgach, Nurjahon begim bilan shahzoda Xurram orasida ayovsiz ziddiyat kuchaydi. Bu davrda kasalmand Jahongirshoh saltanat ishlariga qaramay qoʻygan, binobarin, davlatni boshqarish asosan Nurjahon begim qoʻlida qolgan edi.

Shahzoda Xurram oʻz kelajagi haqida taraddudlanib, 1622 yilda otasi Jahongirshoh tomonidan oʻz qaramogʻiga topshirilgan nogiron (koʻr qilingan) akasi — shahzoda Xusravni pinhona boʻgʻib oʻldirtiradi, otasi Jahongirshohga esa «sanchiq azobidan vafot etdi», deb xabar yuboradi. Shu zaylda saroy ichida guruhbozlik avj olib, kundan-kun saltanatdan putur keta boshlaydi. Ana shuiday qulay vaziyatni koʻpdan beri kutib turgan Eron hukmdori Shoh Abbos toʻsatdan Qandahorni qamal qiladi va qirq kunlik qamaldan soʻng shaharni qoʻlga kiritadi. Jahongirshoh shaharni qaytarib olish maqsadida shahzoda Xurram boshchiligida katta qoʻshin toʻplab, Qandahorga yubormoqchi boʻladi. Lekin shahzoda Xurram saroydagi notinch vaziyatda taxtdan uzoqlashishii istamay, Qandahorga borishdan voz kechadi va tez kunda otasi Jahongirshohga qarshi qoʻzgʻolon koʻtaradi. Qoʻzgʻolon bostiriladi. Ammo saroydagi guruhbozlik, maxfiy fitnalar mamlakatning ichki va tashqi mavqeiga salbiy ta’sir koʻrsatadi.

Saltanatni vaqtincha Nurjahon begim boshqarardi. U oʻz niyatlarini amalga oshirish maqsadida Jahongirshohga sodiq lashkarboshi Mahobatxonni saroydan chetlatib, Bengaliyaga joʻnatadi va mol-mulkini roʻyxatga oldiradi. Bundan norozi boʻlgan Mahobatxon saltanatga qarshi bosh koʻtaradi. Shu voqeadan sal vaqt oʻtgach, Jahongirshoh Nurjahon begim bilan birga poytaxtdan Qobulga qarab safarga chiqadi. Mahobatxon rajputli qoʻshini bilan yoʻlga chiqib, Shoh qofilasini (karvon) oʻrab oladi. Mahobatxonning barcha shartlari Jahongirshoh tarafidan nochor qabul qilinadi. Nurjahon begim Mahobatxonga qarshilik koʻrsatmoqchi boʻladi, lekin kuchlar teng emasligiga koʻzi yetgach, makr-xiyla yoʻlini qidiradi. Shoh karvoni Mahobatxon nazorati ostida Qobulga qarab yoʻl oladi. Qobulga kirilgach, Nurjahon begim Jahongirshohni Mahobatxon soqchilari qoʻlidan qutqarib oladi va Kobul qoʻshinini Mahobatxonga qarshi qoʻyadi. Endi Mahobatxon uchun kochishdan boshqa chora qolmaydi. U Qobuldan qochib Dekanga boradi va shahzoda Xurramga qoʻshiladi.

Ammo bu vaqtda shahzoda Xurramning ahvoli ogʻirlashib, Eronga qochib oʻtish fikrida yurardi. Biroq, 1626 yil oktyabr oyida akasi valiahd shahzoda Parvezning toʻsatdan vafot etishi uning soʻngan umidlarini yana jonlantirib yuboradi. 1627 yili Jahongirshoh Kashmir boʻylab sayohatga chiqadi. Sayohatdan qaytayotib, xastalanib yoʻlda vafot etadi va Lahorda dafn etiladi. Bu xabarni eshitgan shahzoda Xurram taxtni egallash uchun Dekandan Agraga yoʻl oladi.

Shahzoda Xurram Agraga yetib kelgunga qadar uning qaynotasi Osafxon muvaqqat ravishda marhum shahzoda Husravning oʻgʻli Dovar Baxshni taxtga oʻtqazadi. Shahzoda Shahriyorni ushlatib, koʻziga mil torttirib, koʻr qiladi. Kuyovi shahzoda Xurramning Agraga yaqinlashgani xabarini eshitgan Osafxon taxt sohibi qoʻgʻirchoq Dovar Baxshni turli-tuman vasvasalar bilan qoʻrqitib, taxtdan voz kechishi va oʻzini panaga olishini maslahat beradi. Dovar Baxsh taxtni tashlab qochadi va Eron shohi huzuriga panoh istab boradi.

Shahzoda Xurram 1628 yil fevral oyida Agraga kirib, aytarlik qarshiliksiz taxtga oʻtiradi. U saltanatni oʻz tasarrufiga kiritgach, oʻzini «Shoh Jahon» nomi bilan atashnn buyuradi. Niyatlariga yeta olmagan malika Nurjahon begim 1645 yilda vafot etadi va qabri Lahorning Shoh Dara qabristoniga qoʻyiladi. «Tazkirat ul-havotin»da yozilishicha, Nurjahon begimning qabr toshiga oʻzi bitgan quyidagi bayt yozilgan ekan:

Bar mazori mo gʻaribon na charogʻi,na guli, na par parvona yobi, na sadoyi bulbuli.

Mazmuni: Biz gʻariblarning mozorimizda, na chiroq, na gul, na bulbul sadosiyu, na biror parvonani topmaysan.

Nurjahon begim haqida ziyouz.com saytida

Nurjahon begim haqida ziyonet.uz[sayt ishlamaydi]