Kontent qismiga oʻtish

Shoh begim

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Shoh Begim
Boburiy va Rajput malikasi Boburiy hukmdor Jahongirning xotini

Shoh Begim qabri
Tugʻilishi 1570-yil
Amer, Rajputana, Hindiston
Vafoti 1605-yil 5-may
Ollohobod, Hindiston
Dafn etilgan joy
Xusrav bog'i, Ollohobod
Turmush oʻrtogʻi Jahongir 1585-yildan
Farzandlari

Sulton un Niso xonim

Xusrav Mirzo
Otasi Raja Bhagvan Das
Dini Hinduizm

Shoh Begim (tax. 1570-yil — 1605-yil 5-may) — shahzoda Salimning (keyinchalik podsho Jahongir) birinchi turmush oʻrtogʻi boʻlgan. U Rajputlar oilasida tugʻilgan malika edi va Jahongirning podsholik taxtiga oʻtirishidan biroz oldin oʻz joniga qasd qilgan. U shahzoda Salimning xotini, Sulton-un-Niso Begim va Xusrav Mirzoning onasi edi.

Shoh Begim manbalarda yozilishicha, Manbhavati Bay, xalq orasida Man Bay[1] nomi bilan tanilgan, Amer hukmdori Raja Bhagvan Dasning qizi boʻlgan[2]. U Raja Bharmalning nabirasi va Raja Man Singx va Raja Madho Singxning singlisi edi. Qolaversa, u Mariam-uz-Zamoniyning jiyani boʻlib, oxir-oqibat Maryam xonim ogʻli Salimga qizni olib berib, unga qaynona ham boʻlgan[3]. Uning shahzoda Salim bilan nikohini xolasi va qaynonasi Mariam-uz-Zamoniy uyushtirgan.

Salim oʻn besh yoshida amakivachchasi Man Bayga unashtirilgan. Abdulqodir Badayuniy aytganidek, bu nikoh shahzoda Salimning onasi Mariam-uz-Zamoniy xohishi bilan boʻlgan. Akbar bu nikohga kelinning oilasi toza qonga mansubligi uchun rozilik bildirgan. Man Bay oʻzining goʻzalligi, yuksak xulq-atvori va odobi bilan mashhur edi. Akbarning oʻzi barcha zodagonlari bilan birga Rajaning saroyiga borgan va 1585-yil 13-fevralda toʻyni musulmon qozilari ishtirokida hindlarning oʻziga xos marosimlari bilan birga nishonladi[4].

Bhagvan Das tomonidan berilgan sepga yuzta fil, bir nechta ot, zargarlik buyumlari, qimmatbaho toshlar oʻrnatilgan koʻp va xilma-xil oltin va kumush idishlar va boshqa har xil boyliklar kirgan. Ularning miqdorini hisoblab boʻlmaydi. Podsho zodagonlariga fors, turk va arab otlari, oltin egarlari bilan sovgʻa qilingan. Kelin bilan birga hind, habash va cherkeslardan boʻlgan bir nechta erkak va ayol qullar berilgan[5]. Boburiylar saroyining eng yuqori martabali zodagonlarining qarorgohi boʻlgan saroyda kelinni Akbar, shahzoda Salimning onasi boʻlgan Mariam-uz-Zamaniy kutib olishdi[4].

Nizomuddin shahzoda Salimning birinchi xotini sifatida u eng yaxshi va eng munosib malika hisoblanganini taʼkidlaydi[6]. Abul Fazl „Akbarnoma“da uni iffat gavhari sifatida tasvirlaydi: ajoyib goʻzallik va nafosatga ega boʻlgan nihoyatda goʻzal ayol edi degan[7].

Er-xotinning birinchi farzandi Sulton-un-Niso Begim ismli qizi boʻlib, u 1586-yil 25-aprelda tugʻilgan va 1646-yil 5-sentabrda vafot etgan[8]. Malika oltmish yil yashadi. Er-xotinning ikkinchi farzandi Xusrav Mirzo ismli oʻgʻil boʻlib, u 1587-yil 16-avgustda tugʻilgan. Man Bay shahzoda tugʻilishida „shoh begim“ yaʼni „podsholik xonimi“ degan nufuzli unvonga sazovor boʻlgan[9][10].

Jahongirga boʻlgan samimiy sadoqati bilan Man Bay uning qalbidan alohida oʻrin egalladi. Jahongir uni juda yaxshi koʻrardi va shahzodalik davrida oʻzining bosh turmush oʻrtogʻi qilib tayinlagan edi. Jahongir oʻz tarjimayi holida uning oʻlimiga ishora qilar ekan, unga boʻlgan sadoqati va mehrini qayd etadi[11]. U koʻngli boʻsh ayol edi, haqoratlardan tezda xafa boʻlardi. „Xonim [Shoh Begim] haramdagi boshqa ayollar ustidan hukmronlikka intilardi va baʼzilar uning irodasiga zarracha qarshilik koʻrsatsa ham koʻngli oʻksib qolardi“, degan edi Inoyatulloh.

Shoh begim Xusravga otasiga sadoqatli boʻlishni doimo maslahat berib turardi. Buning foydasi yoʻqligini koʻrib, ota va oʻgʻilni yarashtirish yoʻlini topolmay, ota-oʻgʻil munosabatlaridan juda qiynaldi. Oʻgʻlining otasiga qilgan xiyonatlaridan toʻyib oʻz joniga qasd qilishga qaror qilgan. Bu uning eri Salimga boʻlgan sadoqatining belgisi edi[12].

Shoh Begim 1605-yil 5-mayda vafot etgan[13]. U oʻgʻli Xusrav va ukasi Madxo Singxning Jahongirga nisbatan nojoʻya xatti-harakatlariga chidab tura olmadi, bu esa uning hayotga umidini yoʻqolishiga olib keldi[14]. Salimning Akbarga Xusravdan tinmay shikoyat qilishlari uning xayolini sarosimaga solib, yuragini gʻamginlik bilan toʻldirgan edi. Xusravning otasiga mehribon va sadoqatli boʻlishi uchun hech qanday muvaffaqiyatga erisha olmagani uni qaygʻuga botirdi va xafaliklarini yanada oshirdi. Bir kuni Salim ovga ketganida, kanizaklaridan oʻgʻirlab, ortiqcha afyun isteʼmol qilib, oʻz joniga qasd qildi[11]. Jahongir uning oʻlimi haqidagi xabardan qattiq qaygʻurdi va toʻrt kun davomida ovqat yemadi.

Akbar Salimning ahvolidan xabar topgach, unga shunchalik mehr va rahm-shafqat bilan taʼziya xati yozib, oʻgʻlini tinchlantirish uchun unga sharaf libosi va sallasini joʻnatdi. Nihoyat, onasi Mariam-uz-Zamoniy uni tinchlantirishga erishdi[15].

Jahongir uning sharafiga qabrini obod qulishni buyurdi va unga atab quriladigan maqbara ishlarini Ollohobod saroyining bosh rassomi Oqo Rizoga topshirdi. Shoh Begim maqbarasi Ollohoboddagi Xusrav Bogʻda joylashgan. Uning qurilishi 1606-07-yillarda tugallangan[16].

Jahongir bilan Shoh Begimning ikkita farzandi boʻlgan:

  • Sulton-un-Niso (1586-yil 25-aprel, Boburiylar imperiyasi — 1646-yil 5-sentyabr, Boburiylar imperiyasi, Akbar maqbarasiga dafn etilgan, Sikandar, Agra)
  • Xusrav Mirzo (1587-yil 16-avgust, Lahor, Boburiylar imperiyasi — 26.01.1622, Dekan, Boburiylar imperiyasi, Xusrav Mirzo maqbarasiga dafn etilgan, Xusrav Bogʻi Ollohobod)
  • Krutika Desai Xon Doordarshanda hind teleseriali Noorjahandagi rolini ijro etdi.
  • Neta Shetti EPIC kanali Siyaasatda (Yigirmanchi xotini asosida) Shoh Begimni tasvirlagan.
  • Heli Daruwala Shohbegim rolini Colors Channelning Dastaan-E-Mohabbat Salim Anarkali filmida mahorat bilan ijro etdi.
  • Jyotsna Chandola Zee TV tomonidan suratga olingan „Jodha va Akbar“ filmida malika rolini oʻynagan.
  1. Prasad, Ishwari. The Mughal Empire. Chugh Publications, 1974 — 294-bet. 
  2. The Proceedings of the Indian History Congress - Volume 64. Indian History Congress, 2004 — 598-bet. 
  3. Flores, Jorge. The Mughal Padshah: A Jesuit Treatise on Emperor Jahangir's Court and Household. BRILL, 20-noyabr 2015-yil — 91 n. 23-bet. ISBN 978-9-004-30753-7. 
  4. 4,0 4,1 Prasad 1930.
  5. Ojha, P. N. North Indian social life during Mughal period. Oriental Publishers & Distributors, 1975 — 131-bet. 
  6. Ahmad, Nizamuddin. Tabaqat-i-Akbari — 599-bet. 
  7. Fazl, Abul. Ain-I-Akbari, 1590 — 677-678-bet. 
  8. Jahangir, Emperor. The Jahangirnama: memoirs of Jahangir, Emperor of India. Freer Gallery of Art and the Arthur M. Sackler Gallery, Smithsonian Institution; New York: Oxford University Press, 1999 — 7 n. 20, 29 n. 36-bet. 
  9. Sharma, S. R.. Mughal Empire In India: A Systematic Study Including Source Material, Volume 2. Atlantic Publishers & Dist, 1999 — 310-bet. ISBN 978-8-171-56818-5. 
  10. Nicoll, Fergus. Shah Jahan: The Rise and Fall of the Mughal Emperor. Penguin Books India, 2009 — 26-bet. ISBN 978-0-670-08303-9. 
  11. 11,0 11,1 The Tūzuk-i-Jahāngīrī or Memoirs of Jahāngīr, Volume 2 Rogers: . Royal Asiatic Society, London, 1909 — 13-bet. 
  12. Jahangir, Emperor. The Jahangirnama: memoirs of Jahangir, Emperor of India. Freer Gallery of Art and the Arthur M. Sackler Gallery, Smithsonian Institution; New York: Oxford University Press, 1999 — 51-bet. 
  13. Journal of the Royal Asiatic Society of Great Britain and Ireland. Cambridge University Press for the Royal Asiatic Society, 1907 — 604-bet. 
  14. Jahangir, Emperor. The Tuzuk-i-Jahangiri; or, Memoirs of Jahangir. Translated by Alexander Rogers. Edited by Henry Beveridge. London Royal Asiatic Society, 1909 — 56-bet. 
  15. Dutt, Guru. Ganga ki Dhara — 79-bet. ISBN 9386336065. 
  16. Asher, Catherine B.. Architecture of Mughal India, Part 1, Volume 4. Cambridge University Press, 24-sentabr 1992-yil — 104-bet. ISBN 978-0-521-26728-1. 
  • Prasad, Beni. History of Jahangir. The Indian Press, LTD, Allahbad, 1930.