Kontent qismiga oʻtish

Jahonoro begim

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Jahonoro begim
Tavalludi 1614
Vafoti 1681
Dehli, Boburiylar imperiyasi (hozirgi Hindiston)
Fuqaroligi Boburiylar imperiyasi
Kasbi Siyosatchi, shoira
Unvoni Boburiylar malikasi, Podshoh begim (Birinchi xonim, Bosh malika), Sohibat az-Zamaniy (Zamon xonimi)
Otasi Shoh Jahon
Onasi Mumtoz Mahal begim


Jahonoro begim (Jahon oro begim) (1614, Ajmir — 1681, Dehli) — Temuriylar va boburiylardan boʻlgan malika, shoira. Shoh Jahonning katta qizi. Onasi — Mumtoz Mahal begim.

Shoh Jahon davrida

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Jahonoro begim 1614-yili Ajmirda tugʼilgan. Shoh Jahonning taxtga oʼtirish marosimida Jahon Oro begim 14 yoshda edi. Otasi unga 40 ming dona yoqut javohir inʼom etib, yana yiliga 600 ming rupiya miqdorida nafaqa belgilagan edi[1]. Mumtoz Mahal begim oʼlim oldidan oʼz bolalari bilan vidolasharkan, Shoh Jahonning ahvolidan xabardor boʼlib, unga gʼamxoʼrlik qilib turishni katta qizi Jahonoro begim zimmasiga yuklaydi[2]. Onasi vafot etganda Jahonoro Begim 17 yoshda boʻlib, onasining vasiyatiga koʻra shoh oilasini boshqarish uning zimmasiga tushgan[3]. Uning saroyda obroʼ-eʼtibori orta borib, asta-sekin onasi Mumtoz Mahal begimning mavqeini egallay boshladi[4].

Faoliyati va ijodi

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Husn-latofatda, aql-idrokda va ilmu odobda benazir boʻlgan. Jahonoro Begim oilada aka-ukalar oʻrtasidagi kelishmovchiliklar, hatto otasi bilan ukasi Avrangzeb oralarida kelib chiqadigan mojarolarni ustalik bilan bartaraf qilgan. Jahonoro Begim saltanat ishlarini boshqarish, ichki va tashqi siyosat hamda diplomatiya masalalarida otasiga oʻzining oqilona maslahatlari bilan yordamlashgan. Saltanat siyosatiga taʼsir qila olgan va katta imtiyozlarga ega boʻlgan. Meʼmorlik, obodonlashtirish ishlariga rahnamolik qilgan. Agrada qurilgan jome masjidining tarhini Jahonoro Begim chizgan. Shuningdek, Dehli, Surat, Ambola, Behal va Panipat shaharlarida karvonsaroylar qurdirgan. Lohurda katta bogʻ, Kashmirda „Pari Mahal“ (Parilar saroyi) bunyod ettirgan. Shaxdxonobodda Alimardonxon arigʻini qazdirib, naqshinkor hovuz qurdirgan. Jahonoro Begim gʻazallar, ilm-fan bobida esa „Risolayi Sohibiya“ („Doʻstlik haqida risola“) nomli asar yozgan[5].

Taxt uchun kurashlar davri

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Jahonoro begim bilan akasi Doro Shukuh bir-birlariga oʼta mehribon boʼlib, taxt uchun kurashlarda katta akasi Doro Shukuhni qoʻllab-quvvatlagan[6]. 1658-yili taxt talashgan Avrangzeb Olamgir oʼz akasi Doro Shukuhni magʼlubiyatga uchratib, ukasi Murod Baxshni zindonga tashlaydi. Bemor, xasta otasi Shoh Jahonni hibsga olib, Agradagi „Qizil qalʼa“ nomli saroyda nazoratda saqlaydi. Ukasi Avrangzebning xatti-harakatlaridan norozi boʼlgan Jahon Oro begim mamlakatni aka-ukalar oʼrtasida taqsimlashni, jumladan Doro Shukuhga — Panjobni, Murod Baxshga — Gujarotni, Shoh Shujoga — Bangolni, Avrangzebning katta oʼgʼli (zindonda edi) Muhammad Sultonga — Dekanni boʼlib berishni maslahat beradi. Ammo, Avrangzeb bu taklifni qabul qilmaydi[7].

Avrangzeb davrida

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Jahonoro begim 1658-yildan to 1666-yilgacha Qizil qalʼa qasrida mahbuslikda yotgan otasi Shoh Jahonning xizmatida boʼladi. 1666-yilda Shoh Jahon mahbuslikda Mumtoz Mahal begim uchun qurdirgan Toj Mahal maqbarasidan koʼz uzolmay, qizi Jahonoro begim qoʼlida hayotdan koʼz yumdi. Otasi vafotidan keyin Avrangzeb bilan yarashib oladi va oʻzining otasi davridagi siyosiy mavqeyi va imtiyozlarini tiklaydi. Avrangzeb Jahonoro begimni juda hurmat qilgan. Jahonoro begim siyosiy masalalarda maslahat berib, hatto oʻz eʼtirozlarini erkin bildira olgan. Jahonoro begim garchi shoh qizi boʼlsa-da, tabiatan kamtar va oliy himmatliligi tufayli boylik hamda shon-shuhratlarga qiziqmagan[8].

Jahonoro begim 1681-yilda oltmish yetti yoshida vafot etdi. Dehlidagi Zarzari Baxsh qabristoniga dafn etilgan[9]. Har holda, oʼzining vasiyatiga muvofiq boʼlsa kerak, qabriga qoʼyilgan oddiy qabr toshiga shunday bayt yozilgan:

„Ba gʼayri sabza napoʼshad kase mazori maro,
Ki qabrpoʼshi gʼaribon-hamin giyoh bas ast.“

Mazmuni: „Yashil maysadan oʼzga hech kim qabrimni yopmasin, toki gʼariblar qabrini yopmoq uchun shu giyohning oʼzi kifoyadir“[10].

  1. Fayziyev T. Temuriy malikalar. T.: Abdulla Qodiriy, 1994.
  2. Fayziyev T. Temuriylar shajarasi. T.: „Yozuvchi“, 1995. 269-bet.
  3. Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi. 3-jild: Gidrofiliya—Zebralar. T.:"Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi Davlat ilmiy nashriyoti", 2004.
  4. Fayziyev T. Temuriy malikalar. T.: Abdulla Qodiriy, 1994.
  5. Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi. 3-jild: Gidrofiliya—Zebralar. T.:"Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi Davlat ilmiy nashriyoti", 2004.
  6. Fayziyev T. Temuriylar shajarasi. T.: „Yozuvchi“, 1995. 269-bet.
  7. Fayziyev T. Temuriy malikalar. T.: Abdulla Qodiriy, 1994.
  8. Fayziyev T. Temuriy malikalar. T.: Abdulla Qodiriy, 1994.
  9. Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi. 3-jild: Gidrofiliya—Zebralar. T.:"Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi Davlat ilmiy nashriyoti", 2004.
  10. Fayziyev T. Temuriy malikalar. T.: Abdulla Qodiriy, 1994.