Kontent qismiga oʻtish

Vali Muhammadxon

Ushbu maqola xushsifat maqolalar sarasiga kiradi.
Vikipediya, ochiq ensiklopediya
(Vali Muhammaddan yoʻnaltirildi)
Vali Muhammadxon
Vali Muhammadxon ibn Joni Muhammad

Vali Muhammadxon portreti
 Buxoro xonligi hukmdori
Mansab davri
1605-yil – 1611-yil
Oʻtmishdoshi Boqi Muhammadxon
Vorisi Imomqulixon
Shaxsiy maʼlumotlari
Tavalludi XVI asr
Buxoro xonligi
Vafoti 2-dekabr 1611-yil
Samarqand
Oʻlim sababi Qatl etilgan
Fuqaroligi Buxoro xonligi
Turmush oʻrtogʻi Oyxonim
Bolalari Rustam sulton
Muhammad Rahim sulton
Ota-onasi

Valimuhammad ibn Jonibek sulton (XVI asr, Buxoro xonligi – 1611-yil 27-avgust, Buxoro xonligi) – Buxoro xonligi hukmdori va Ashtarxoniylar sulolasining vakili (1605–1611). Davlat arbobi va sarkarda. Oʻzbek hukmdori Abdullaxon II ning jiyani. 1601-yilda Samarqand yaqinidagi Suyohjird[1] va 1601–1605-yillarda Balx[2] noibi.

Vali Muhammadxon Balx noibi boʻlgan davrda koʻplab bunyodkorlik ishlarini amalga oshirgan. Jumladan, Xoja Ukkashoh maqbarasi, Shayx Xoja Porso maqbarasi va Xoja Hayron qadamjosi uchun vaqf yerlarini ajratib, Xoja Hayron qadamjosiga boradigan yoʻlda Xiyobon nomli koʻcha va chorbogʻlar qurdirgan[3]. Vali Muhammadxon Safaviylar davlati hukmdori Abbos I bilan diplomatik aloqalarni yoʻlga qoʻygan[4].

Vali Muhammadxon 1608-yilda Toshkentni Buxoro xonligi hududiga qoʻshib olishi va u yerda hukmronligini mustahkamlash maqsadida soliq tizimini tartibga solishi hukmronlik davrida erishgan muvaffaqiyatlaridan biri sanaladi[5].

Mirzo Salimbek oʻz asarida Vali Muhammadxonni „may va ayollarga hirs qoʻygan“ deb taʼriflagan[6]. Tarixchi Akbar Zamonov fikricha, Vali Muhammadxonning xotirjamligi, shikor va bazmlarga koʻp vaqt sarflashi xonlik hokimiyati zaiflashuviga olib kelgan[7].

Kelib chiqishi

[tahrir | manbasini tahrirlash]
Jonibek sultonning nevarasi va Iskandarxonning oʻgʻli, Shayboniy hukmdor Abdullaxonning tasviri

Buxoro xonligida hukmronlik qilgan ashtarxoniylar vakili Vali Muhammadning tugʻilgan sanasi olimlar tomonidan aniqlanmagan. Otasi Joni Muhammad, onasi shayboniy Abdullaxon II ning singlisi Zuhrabegim. Vali Muhammadning Din Muhammad, Boqi Muhammad ismli akalari va Alim Muhammad ismli ukasi boʻlgan[8]. Tarixiy manbalarda Vali Muhammadxonning shajarasi quyidagi tarzda keltiriladi: Vali Muhammadxon – Joni Sulton – Yormuhammad – Mangʻishloq Chavaq Sulton – Muhammadxon – Temur Sulton – Qutlugʻxon – Abay – Oʻz Temur – Toʻqay Temur – Joʻjixon – Chingizxon. Ashtarxoniylarning kelib chiqishi Chingiziylardan Joʻjixonning oʻn uchinchi oʻgʻli Toʻqay Temurga borib taqaladi[9].

Taxtga kelishigacha boʻlgan davr

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Vali Muhammad haqida manbalarda kam maʼlumotlar saqlanib qolgan. Vali Muhammad akasi Din Muhammadga Nishopurni idora qilishda yordamlashgan. 1598-yilda Abdulmoʻminxon oʻldirilgandan keyin kuchaygan siyosiy kurashlarda akasi Din Muhammad Marv viloyatini boshqarishni Vali Muhammadga topshirgan ammo Marvga safaviylar qoʻshini hujum qilgach, Vali Muhammad Movarounnahrga chekinishga majbur boʻlgan[10]. Akbar Zamonov tadqiqotlariga koʻra, Vali Muhammad Balxga, otasi oldiga borgan. 1599-yilda akasi Boqi Muhammad bilan qozoqlarga qarshi kurashib, ularni mamlakat hududidan quvib chiqargan[1]. Boqi Muhammadxon 1601-yilda Vali Muhammadxonni Samarqand yaqinidagi Suyohjirdga noib qilib tayinlagan[1]. Keyinchalik Vali Muhammad Balx viloyatini akasining valiahdi sifatida boshqargan. 1605-yili Boqi Muhammadxon vafot etgach, Vali Muhammad Buxoro xonligi hukmdori etib koʻtarilgan[1].

Buxoro xonligi hukmdori

[tahrir | manbasini tahrirlash]
Vali Muhammadxon shoh Abbos I qabulida. Isfahon shahridagi Chihilustun saroyi

Vali Muhammadxon hukmronligi yillarining boshlanishi jang-u jadallarda kechib, u 1605-yilda Termiz yaqinida marhum akasi Boqi Muhammadxonning ikki oʻgʻliga qarshi muvaffaqiyatli janglar olib borgan[11]. Uning hukmronligini tan olmagan jiyanlari Imomquli va Nadr Muhammad bilan kelishuvga erishib, Imomqulini Samarqandga, Nadr Muhammadni Shahrisabzga[12] noib etib tayinlagan. 1606-yilda esa ularning ikkalasini ham Balxga yuborgan[13]. Vali Muhammadxon hukmronligi yillarida uning zodagonlar bilan munosabatlari yomonlashgan. Amaldorlar oʻzlaricha siyosat yuritib, jinoyatchilar uchun shariatdan tashqari turli xil jazolar qoʻllashgan. Vali Muhammadxon shu vaziyatda Boqi Muhammadxon davrida vazirlik qilgan Doʻstum Argʻun, Shoh Kichik va Hoji Naymanlarni qatl ettirgan[14].

Oʻzbek hukmdori – Imomqulixon (1611–1642)

Asta-sekin mamlakatda Imomqulining nufuzi oshib borgan. Vali Muhammadxon jiyani Imomquliga qarshi fitna uyushtira boshlaydi. Bu fitnaga Doʻstimbiy argʻun otaliq va qatagʻon qabilasining boshliqlari boshchilik qilgan. Ammo Imomquli bundan xabar topib, ishonchsiz amirlarga qarshi choralar koʻrgan. Aynan shu hodisalardan soʻng, Vali Muhammadxon va jiyani Imomquli oʻrtasida munosabatlar yomonlashgan[15]. Bu davrda qozoq xonlari ham Buxoro xonligiga hududiga bostirib kirgan va Vali Muhammad ularga qarshi kurashlar olib boradi[16].

Safaviylar shohi – Abbos I (1587–1629)

1607-yilda Eron bilan sulh tuzgan. Shartnomaga koʻra Xuroson Safaviylar hududiga aylangan[17]. Vali Muhammadxon 1608-yilda Toshkentni xonlik hududga qoʻshib oldi. U Toshkentni qoʻldan boy bermaslik maqsadida ulamolarni oʻz tomoniga ogʻdirib, sovgʻa-salomlar bergan. Ammo Toshkent goh Buxoro xonligi tomonidan goh qozoqlar tomonidan egallab olingan. Vali Muhammadxon Toshkent masalasi toʻliq hal boʻlmagach, beklar bilan yaxshi munosabatlar oʻrnatishga intildi. Vali Muhammadxon xonlikning muhim shaharlariga bir qancha beklarni noib qilib tayinladi[18]. 1608-yilda Imomquli Baxlni tark etib, Buxoroga yoʻl olgan. Buxorodagi amirlar Imomqulini qoʻllab quvvatlaydi. Vali Muhammadxonga fitna uyushtirilib, u shikorga ketgan paytda Imomqulixon taxtga koʻtarilgan[14]. Vali Muhammadxon chorasiz qolgach, 1608-yilda 2 ta oʻgʻli bilan Eronga Abbos I huzuriga panoh istab boradi[19]. Abbos I uni kutib olish uchun, Isfahondan Davlatobodgacha 3 soatlik yoʻlga mehmonni katta ehtirom bilan kutib olgan va ikki hukmdor yoʻlida 20 ming askar safda turgan[20]. Muhammad Yusuf Munshiy oʻzining „Tarixi Muqimxoniy“ asarida 1611-yil Vali Muhammadxon Erondan 80 ming qoʻshin bilan Movarounnahrga yurish qilgan deb koʻrsatgan[21]. 1611-yil avgustda boʻlib oʻtgan jangda Vali Muhammadxonni Imomquli yengadi va u asirga olinib, qatl etiladi[22].

Bunyodkorlik sohasidagi siyosati

[tahrir | manbasini tahrirlash]
Kalabod madrasasi. 1924–1926-yillar.

Vali Muhammadxon Balxda noib boʻlgan davrda bunyodkorlik ishlarini olib borgan. Koʻplab maqbara va obidalar uchun vaqf mulklarini ajratgan. Xoja Ukkashoh maqbarasi, Shayx Xoja Porso maqbarasi va Xoja Hayron qadamjosi uchun vaqf yerlarini ajratgan. Xoja Hayron qadamjosiga boradigan yoʻlda Xiyobon nomli koʻcha va chorbogʻlar qurdirgan[3]. Akbar Zamonov oʻzining „Buxoro xonligining Ashtarxoniy hukmdorlari“ nomli monografiyasida Vali Muhammadxonni Xoja Hayron maqbarasining bosh ustasi va meʼmori sifatida tilga olgan[3]. Vali Muhammadxon davrida Buxoroda Kalobod madrasasining qurilishi yakunlangan[23].

Vali Muhammadning xotini[24] yoki kanizagi boʻlgan[25] Oyxonim qozoq sultoni Eshim sultonning qizi boʻlgan[24]. Imomqulixon Buxoro xonligi taxtini egallaganidan soʻng, Oyxonimni xotiniga aylantirgan va buning uchun maxsus fatvo chiqargan[25]. Vali Muhammadxonning Rustam sulton va Muhammad Rahim sulton nomli ikkita oʻgli boʻlgan[11]. Shoh Abbos I ularga Oba va Shoh Fulan viloyatlarini boshqarish uchun inʼom qilgan[26].

Vali Muhammadxon Imomqulixon bilan boʻlib oʻtgan jangda yengilib asirga olingan va Imomqulixon farmoniga koʻra 1611-yil 27-avgustda qatl etilgan[27].

  1. 1,0 1,1 1,2 1,3 Zamonov 2021, s. 33.
  2. Ражабов 2016, s. 260.
  3. 3,0 3,1 3,2 Zamonov 2021, s. 37.
  4. Cангирова 2018, s. 35.
  5. Murad Özkan 2021, s. 52.
  6. Мирзо Салимбек 2003, s. 276.
  7. Zamonov 2021, s. 38.
  8. Cангирова 2018, s. 34.
  9. Zamonov 2021, s. 25.
  10. Zamonov 2021, s. 32.
  11. 11,0 11,1 Zamonov 2021, s. 34.
  12. Zamonov 2021, s. 35.
  13. Муҳаммадёр ибн Араб Қатаған 2009, s. 186-187.
  14. 14,0 14,1 Zamonov 2021, s. 36.
  15. Алексеев 2006, s. 113.
  16. Алексеев 2006, s. 114.
  17. Эшов Баҳодир 2019, s. 60.
  18. Murad Özkan 2021, s. 52-53.
  19. Арминий Вамбери 2019, s. 114.
  20. Арминий Вамбери 2019, s. 116.
  21. Мухаммад Юсуф Мунши 1956, s. 80.
  22. Муҳаммад Толиб 2016, s. 209.
  23. Чехович 1987, s. 123—365.
  24. 24,0 24,1 Cангирова 2017, s. 89.
  25. 25,0 25,1 Алексеев 2006, s. 117.
  26. Muhammed Yusuf Münşî 2022, s. 53.
  27. Ражабов 2016, s. 261.
  • Muhammed Yusuf Münşî. Tezkire-i mukîm hânî. Şibanîler ve Astrahanlilar döneminde Maveraünnehir'in kültürel ve toplumsal tarihinin seyri. Farsça aslından çevirenler: Ahmet Özturhan ve Ahmet Korkmaz. İstambul: Repar dijital matbaası, 2022 — 149-bet. ISBN 978-625-7459-49-5. 
  • Murad Özkan. Buhara Hanlığı (1500—1920). İstambul: Repar dijital matbaası, 2021 — 128-bet. ISBN 978-605-4944-78-1. 
  • Zamonov A, Subhonov F. Buxoro xonligining ashtarxoniy hukmdorlari. Toshkent: Bayoz, 2021 — 136-bet. 
  • Алексеев А. К. Политическая история Тукай-Тимуридов: По материалам персидского исторического сочинения Бахр ал-асрор, Санкт-Петербург, 2006 — 229-bet. 
  • Арминий Вамбери. Бухоро ёхуд Мовароуннаҳр тарихи. (таржимон Сирожиддин Аҳмад). Ташкент: Info Capital Group, 2019 — 254-bet. 
  • Ахмедов Б. А. История Балха (XVI-первая половина XVIII в). Tошкент: Фан, 1982 — 295-bet. 
  • Ахмедов Б. А. Историко-географическая литература Средней Азии. XVI-XVIII вв. (Письменные памятники). Tошкент: Фан, 1985 — 264-bet. 
  • Мирзо Салимбек. Кашкўли Салимий Таворихи муттақадимин ва муттаахирин. (Форс-тожик тилидан ўзбекчага доцент Нарзулло Йўлдошев ўгирган), Бухоро, 2003 — 342-bet. 
  • Мухаммад Юсуф Мунши. Муким-ханская история / Перевод с таджикского, предисловие, примечания и указатели А.А.Семенова. Ташкент: Фан, 1956 — 303-bet. 
  • Муҳаммадёр ибн Араб Қатаған. Мусаххир ал-билод (мамлакатларнинг эгалланиши). Форс тилидан таржима ва изоҳлар муаллифи И.Бекжонов ва Д.Сангирова. Тошкент: Янги аср авлоди, 2009 — 429-bet. ISBN 978-9943-08-496-4. 
  • Муҳаммад Толиб. Матлаб ут-толибин. Форс тилидан таржима, сўзбоши ва изоҳлар муаллифлари: Ғ. Каримий, Э.Миркомилов. Тошкент: “Мovarounnahr”, 2016 — 384-bet. ISBN 978-9943-12-379-3. 
  • Эшов Баҳодир. Ўзбекистонда давлат ва маҳаллий бошқарув тарихи. Ташкент: Янги аср авлоди, 2019 — 404-bet. 
  • Ражабов Қ, Иноятов С.. Бухоро тарихи. Tошкент: Тафаккур нашриёти, 2016 — 460-bet. ISBN 978-9943-24-119-0. 
  • Cангирова Д. Аштархоний ҳонимларнинг давлат бошқарувидаги ўрни // Sharqshunoslik jurnali. — 2017.
  • Cангирова Д. Бир сулола шажараси ҳақида // Sharq mash’ali. Toshkent davlat Sharqshunoslk instituti ilmiy-uslubiy, ma’rifiy jurnali. — 2018.
  • Чехович О. Д. Тяжба о вакфе медресе Арслан-хана // Письменные памятники востока. (Историко-филологические исследования. Ежегодник 1978—1979). — Москва: Наука, 1987.