Kontent qismiga oʻtish

Kalabod madrasasi

Ushbu maqola yil maqolalaridan biridir
Ushbu maqola yaxshi maqolalar sarasiga kiradi.
Bu maqolani tinglang
Vikipediya, ochiq ensiklopediya
(Kalobod madrasasidan yoʻnaltirildi)
Kalabod madrasasi
Kalabod madrasasi

3-marta qayta tiklangan Kalabod madrasasi
Eski nomlari Xon madrasasi
Arslonxon madrasasi
Abdurahimxoja madrasasi
Muqobil nomlari Kalobod madrasasi
Gulobod madrasasi
Umumiy maʼlumot
Maqomi Saqlanib qolmagan
Turi Madrasa
Shahar Buxoro
Qurilishi boshlangan XVI asrning soʻnggi 1/3 qismi
(3-marta tiklanganda)
Qurilishi tugagan 1609-yil
(3-marta tiklanganda)
Buzilgan sana 1953-yil
Texnik holati
Qavatlar soni 2
Map
Kalabod madrasasining oʻrni xaritada
Kalabod madrasasi

Kalabod madrasasi — IX–XX asrlarda faoliyat yuritgan va hozirda saqlanib qolmagan Buxoro madrasasining asl nomi. Tarixiy manbalarda Arslonxon madrasasi, Xon madrasasi va Abdurahimxoja madrasasi deb ham yuritilgan. Hozirda unga nisbatan aksariyat hollarda Kalobod madrasasi, baʼzan Gulobod madrasasi nomlari qoʻllanadi. Unda Imom al-Buxoriy va koʻpgina mashhur tarixiy shaxslar ilm oʻrganishgan.

Oliy madrasa Buxoroga islom kirib kelib, mustahkam oʻrnashganidan soʻng 800–810-yillarda qurilgan boʻlib, keyingi davrlarda 3 marta qayta tiklangan: 1-marta 1124-yili, Arslonxon Muhammadning (1102–1130) ulamolaridan boʻlgan Amir kutvol tomonidan; 2-marta moʻgʻullar hukmronligi davrida, Kayxotunning onasi Suyurtuk tegina begim tomonidan; 3-marta 1609-yili, oʻzbek hukmdori Vali Muhammad (1605–1611) davrida, Joʻyboriy Abdurahimxoja tomonidan.

Kalabod madrasasi dunyodagi eng qadimiy oliy oʻquv dargohlaridan biri boʻlgan. Tadqiqotchining payqashicha, Kalabod madrasasi bunyod etilganida Yevropada hali birorta bunday maxsus oliy oʻquv dargohi boʻlmagan. Oradan yana 500 yil oʻtib, Abdurahimxoja Kalabod madrasasini uchinchi bor qayta tiklagan paytda, Rossiyada hali birorta ham oliy oʻquv yurti boʻlmagan.

Abdurahimxoja tiklagan Kalabod madrasasining binosi hajmi va koʻlami jihatidan eng yirik Buxoro madrasalaridan biri edi. U Turon madrasalari qurilishining anʼanaviy uslubida bunyod etilgan. Masjid, darsxona, kutubxona, tahoratxonalar va 79 ta yoki 100 ta hujralardan iborat boʻlgan. Madrasa meʼmorchiligining oʻziga xosligi, bosh fasadining ikki yonidagi devorlar burchagiga guldastalar oʻrnatilmagan; peshtoq ravoqlarining pastida, 2-qavat bilan teng qilib maxsus ayvoni boʻlgan. Keyinchalik bu uslub Xorazm madrasalarida qoʻllangan; hovlisining burchak kesimlari va qirrali taxmonlari boʻlmagan.

Madrasa 1920-yilgi Buxoro inqilobiga qadar faoliyat yuritgan. Uning binosidan 1930-yillarda qamoqxona, keyinchalik — shahar kommunal xoʻjaligiga qarashli turar joy sifatida foydalanilgan. 1953-yilda buzib yoʻq qilingan. Gʻishtlari avval K. Y. Voroshilov, keyinchalik A. S. Makarenko nomlari berilgan 5-sonli Buxoro maktabining qurilishida ishlatilgan. Hozirda madrasa binosining oʻrnida hovli-joylar qad koʻtarib turibdi.

Kalabod madrasasining nomi unda koʻchirilgan bir nechta qoʻlyozma kitoblarda Kalobot, Kalabon, Kalonobod madrasasi shakllarida keladi[1]. Sadri Ziyoning maʼlumot berishicha, madrasaning asl nomi Kalaboddir. XII–XVII asrlar oraligʻida Arslonxon madrasasi nomi bilan ham mashhur boʻlgan. Xon madrasasi deb ham shuhrat qozongan[2][3][4][5].

Joʻyboriy Abdurahimxoja ushbu oliy oʻquv dargohini qayta qurib, oldingi vaqf mulklarini ham tiklaydi. Shu sababdan baʼzi manbalarda u Abdurahimxoja madrasasi deb ham yoziladi[1].

Hozirda madrasaga nisbatan muqobil nom sifatida aksariyat hollarda Kalobod madrasasi, baʼzan Gulobod madrasasi nomlari qoʻllanadi[5]. S. S. Buxoriyga koʻra, Kalobod soʻzi arab tili va yozuvida „g“ tovushi va harfi boʻlmaganligi sababli shunday yozib kelingan va oʻqilgan, aslida Gulobod boʻladi[6]. Falsafa fanlari nomzodi B. B. Namozovga koʻra, Kalobod va Gulobod deb atalishlarda deyarli far yoʻq, arab tili nuqtai nazaridan Kalobod atamasi, etimologik nuqtai nazardan fors tilida Gulobod deyilishini xato demasa ham boʻladi[7].

Kalabod madrasasi Buxoroning qadimiy qalʼasi tashqarisida, Kalabod darvozasidan ichkarida, shu nomli mahallada bunyod etilgan[8].

Ilk madrasalar haqida Buxoro ilm ahli qiziqib, ular oʻrtasida bu borada bahslar boʻlib turgan ekan. Sadri Ziyo shu masalada quyidagilarni yozadi:[9][3]

Kalabod Buxoroning eng qadimiy madrasalaridandir. Tarix ahli: „Kalabod qadimiy mi yo Gʻaribiya?“ — deb hanuz ixtilofdadir. Kalabod madrasasi uch marta tiklangan. U avval Kayxotunning onasi Shoʻrtoʻqsabegim tarafidan amalga oshirilgan. U nasroniy edi. Musulmonlar eʼtiborini qozonish uchun shu madrasani bino qildi. Ulamoyu shayxlarni unga mutavalli va boshqaruvchi etib tayinladi[10][sharh 1].

Ikkinchi marta u Amir kutvol tomonidan taʼmirlangan. U hijriy 518-yilda Minorai Kalonni qurdirgan Arslonxonning umarolaridan edi.

U oxirgi marta hijriy 1018-yili Abdurahimxoja ibn Xoja Kalonxoja nomi bilan mashhur shayxulislom Nosiriddin Xoja Saʼd saʼy-harakati bilan tiklandi[11].

Oʻzbek hukmdori Vali Muhammadning surati
Kalabod madrasasi. 1924–1926-yillar.
Tashqi tasvir
Madrasaning 1937–1940-yillardagi holati
Madrasaning 1950–1953-yillardagi holati

Sadri Ziyoning taʼkidlashicha, ushbu madrasa uch marta qayta qurilgan. Ilm ahli oʻrtasida bunday bahslar boʻlib turganiga qaramay, Buxoro madrasalari tarixi manbalarda deyarli maxsus yoritilmagan[9]. O. A. Suxarevaga koʻra Buxoro aholisi Kalobod madrasasini shahardagi eng koʻhna madrasa deb hisoblashadi[8]. A. K. Jumanazar oʻzining Buxoro taʼlim tizimi va madrasalari tarixiga atab yaratgan monografiyasida Sadri Ziyo maxdum bayon qilgan Buxoro ilm ahli oʻrtasidagi bahsni hisobga olib Kalabod va Gʻaribiya madrasalarini islom olamidagi eng koʻhna ilm dargohlari qatoriga kiritadi[12]. Olimning soʻzlari Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazining rasmiy saytida keltirilib, Kalobod madrasasi Abu Hafs Kabir madrasasining tengdoshi ekanligi va u IX asr boshida, taxminan 800–810-yillarda qurilganligi taʼkidlangan[5][sharh 2].

Mazkur oliy oʻquv dargohining XI asrga mansub vaqf hujjati saqlanib qolgan[4]. Oʻzbek hukmdori Vali Muhammad (1605–1611) davrida[13], Joʻyboriy Abdurahimxoja Kalabod madrasasini qayta qurdirib, unga mulklar vaqf qilganida tuzgan hujjati oldidan Arslonxon madrasasi vaqf hujjatini ham keltiradi[14][4]. 1124-yili[3] Buxoroda tiklangan Arslonxon madrasasi haqida uning mavjud boʻlgani faktidan boshqa maʼlumot saqlanib qolmagan[15]. Joʻyboriy Abdurahimxoja ushbu oʻquv dargohini qayta qurib, oldingi vaqf mulklarini ham tiklaydi[1]. Kalabod madrasasi ilgari Arslonxon madrasasi boʻlgani toʻgʻrisida O. A. Suxareva, N. Yoʻldoshev, H. Qurbonov kabi tadqiqotchilar oʻz fikrlarini bildirib oʻtishgan[3].

Kalabod madrasasi dunyodagi eng qadimiy oliy oʻquv dargohlaridan biri boʻlgan. A. K. Jumanazar umumiy vaziyatni Yevropadagi holat bilan solishtirib quyidagilarni yozadi:

Kalabod madrasasi qurilgan IX–X asrlarda hatto Yevropada hali birorta bunday maxsus oliy oʻquv dargohi yoʻq edi. … Oradan yana 500 yil oʻtib, Abdurahimxoja Kalabod madrasasini uchinchi bor qayta tiklagan paytda, Rusiyada hali birorta ham oliy oʻquv yurti boʻlmagan ekan. …[3]

M. A. Abbasova-Yusupovaga koʻra madrasaning soʻnggi marta tiklangan binosi XVI asrning soʻnggi 1/3 qismida (1566–1599-yillar oraligʻida) qurila boshlanib, 1608–1609-yillarda qurilish yakuniga yetgan[16]. Madrasaning faoliyati 1920-yilgi Buxoro inqilobidan soʻng toʻxtilgan[8][3]. Madrasa binosidan 1930-yillarda qamoqxona, keyinchalik — shahar kommunal xoʻjaligiga qarashli turar joy sifatida foydalanilgan. 1950-yillarning boshida hali butun, ammo qarovsiz boʻlib qolgan[17]. 1953-yilda buzib yoʻq qilingan. Gʻishtlari avval K.Y. Voroshilov, keyinchalik A. S. Makarenko nomlari berilgan 5-sonli Buxoro maktabining qurilishida ishlatilgan. Hozirda madrasa binosining oʻrnida hovli-joylar qad koʻtarib turibdi[18].

Vaqf hujjati va mulki

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Madrasaga tegishli vaqf hujjatining 3 ta nusxasi mavjud. Hujjatning tepasiga „Kalabod madrasasi va Abdurahimxoja avlodlari vaqfi“ deb yozib qoʻyilgan[3]. Unda taʼkidlanishicha:

Bilimdon olimlar va fozillar davrasining eng hurmatlisi hazrat Xoja Nizomiddin Abdurahimxoja, davlati va izzati hamisha ziyoda boʻlsin, faxrli Buxoro shahrining qadimgi qalʼasi tashqarisida Kalabod darvozasi ichkarisida oliy madrasa qurishga amr etdi va u tez fursatda ushbu makonda qurib bitkazildi[3].

Vaqf hujjati hijriy 1017-yil shavvol oyida (1608-yil aprel–may oylarida) tuzilgan va 1018-yil jumad ul-oxir oyining 13-kuni (1609-yil 14-sentyabrda) rasmiylashtirilgan. Keyingi sana vaqf hujjatlarining deyarli barcha nusxalarida qayd etilgan[3]. Hujjatning asl nusxasida oʻzbek hukmdori Vali Muhammadning (1605–1611) bodomsimon muhri tushirilgan[13].

O. D. Chexovichga koʻra, Kalabod madrasasining asl vaqf hujjatida Arslonxon madrasasi ham, uning vaqf mulklariga tegishli boʻlgan qishloqlar va bogʻlar ham tilga olinmagan[13]. A. K. Jumanazar Kalabod madrasasining vaqf hujjatlari bilan tanishishi chogʻida, Abdurahimxoja oʻz vaqfini rasmiylashtirayotganida Arslonxon madrasasi vaqfini ham uning oldidan toʻliq keltirgani, bu olim koʻrgan 2 ta nusxada uchragani va u Xon madrasasi deb atalgani haqida xabar beradi. „Kalabod madrasasi ilgari Arslonxon madrasasi boʻlgan degan gaplar bejiz emas“ degan xulosaga keladi[3].

Voqif Xayrobod va Samjan tumanidagi Talli Zogʻan, Tarnov, Xalaji bolo, Xalaji poyon kabi qishloqlardagi merosiy yerlarini ushbu madrasa va avlodlari uchun vaqf qiladi. Vaqf shartiga koʻra, mutavalli voqifning oʻzi va undan keyin avlodlari orasidan eng ilmli, solih amallisi bu vazifaga tayinlanadi. Agar ular har taraflama teng boʻlib chiqsa, masala qurʼa tashlash yoʻli bilan hal etiladi. Vaqf hosili avval madrasa binosi zaruratiga sarflanadi. Ortganidan mutavalli ushr oladi. Qolgani avlodlari va madrasa faoliyati uchun ikkita teng yarim (nisf) qismga boʻlinadi. Uning madrasaga tegishli qismini mutavalli quyidagi tartibda taqsimlaydi:[3]

Ramazon oyida har kuni non uchun 1 mann un va halim tayyorlash uchun 1 man bugʻdoy sotib olinadi. Bir misqollik toʻrt kumush tangaga goʻsht va masalliqlar xarid qilinib, halim pishirishga ishlatiladi. Bu ovqatlar madrasaga kelgan kishilarning iftorligiga beriladi. Ushbu oyda har kuni oshpazga chorak (rubbi yak) tanga beriladi[19]. Mutavalli har 2 yilda madrasa masjidi va darsxonasi uchun 10 ta namat (kigiz[20]), har yili yangi boʻyra sotib oladi. Masjidga sham sotib olish uchun har oyda muazzinga 1 tanga berib boradi[20]. Ushbu nisfning qolgani 10 qismga boʻlinadi. Undan imom, muazzin va masjid xodimiga 1 hissa ajratiladi. U 5 qismga taqsimlanib, undan imom 3, muazzin 1, masjid va madrasa xodimi 1 hissa haq oladi. Mazkur xodim farroshlik vazifasini bajaradi. Qish paytlari tahorat suvini isitadi. Qolgan 9 qismning 3 hissasi ikki nafar mudarrisga va 6 hissa madrasada tahsil olayotgan talabalarga boʻlib beriladi[3].

Hijriy 1293-yili (1876-yili) rasmiylashtirilgan hujjatda soliq olinuvchi madrasalar nomlari va ulardan undiriladigan soliqlar miqdori keltiriladi. Unda Kalabod madrasasining ijarasi 7000 tanga, ushri 700 tanga deb belgilangan[21].

Taʼlim tizimi

[tahrir | manbasini tahrirlash]

1916-yilda Orenburgda chop etilgan Shoʻro jurnalining 12-soniga koʻra Kalobod madrasasi Buxoroning „oliy“ toifadagi madrasalari turkumiga kirgan va uning yillik vaqf foydasi 80 ming tangani tashkil qilga[18]. A. K. Jumanazar oʻzining Buxoro taʼlim tizimi va madrasalari tarixiga atab yaratgan monografiyasida taʼlim tizimidagi „ayrim qonuniyatlar va ijtimoiy alomatlarga“ tayanib Kalabod madrasasini shartli ravishda 3-darajali oliy toifaga mansub madrasalar safiga kiritadi. Mazkur toifadagi madrasalarda banoras toʻnli mudarrislar dars oʻtishgan[8][22][17].

Kalabod madrasasida 2 nafar mudarris dars bergan[23]. 200 nafar talaba taʼlim olgan[17]. Bir nechta tarixiy hujjatlarga koʻra mudarrislarning har biriga 45–60 tilla maosh toʻlangan[24]. Tarixiy manbada shunday mudarrislardan bir nechtasining ismi mulla Rahmatulloh, mulla Said deb keladi[22]. Madrasa faoliyati bilan bogʻliq shaxslardan hech biri madrasani ikki oy davomida uzrli sababsiz tark etmasligi lozim edi[3].

A. K. Jumanazar Kalobod madrasasida Imom al-Buxoriy, Abu Hafs al-Kabir, Abu Hafs al-Sagʻir, Isʼhoq al-Kalabodiy, Abu Ali ibn Sino kabi Oʻrta asr allomalari ilm oʻrganishgan deb taxmin qiladi[3]. Keyinchalik Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazining rasmiy saytida Kalabod madrasasida Imom al-Buxoriy va koʻpgina mashhur tarixiy shaxslar taʼlim olganligi taʼkidlab oʻtiladi[5]. Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi chop etgan kitobda Imom al-Buxoriy madrasadagi ilk taʼlimini shu oʻquv dargohida boshlagani aytiladi[17].

Meʼmorchiligi

[tahrir | manbasini tahrirlash]
Kalabod madrasasining tarhi

Kalabod madrasasi hajmi va koʻlami jihatidan eng yirik Buxoro madrasalaridan biri edi. U Turon madrasalari qurilishining anʼanaviy uslubida toʻrtburchak tarhli, 2 qavatli va 2 ayvonli qilib pishiq gʻishtdan bunyod etilgan[16][18].

Madrasaning old fasadi asosiy kirish peshtogʻidan va ikki qanotdan tashkil topgan. Peshtoq boʻylama oʻqning shimolidan janubga qarab oʻrnatilgan. Fasadda koshinli qoplamalar qoldigʻi boʻlgani haqida maʼlumotlar saqlanib qolgan. Qanotlar tarkibiga 2 qavatli hujralar kirgan. Madrasa ichkarisiga peshtoq darvozasi orqali kirilgan. Darvoza ortida miyonsaroy joylashgan boʻlib, u orqali madrasa hovlisiga eltuvchi yoʻlaklar oʻtgan va uning ikki yonida madrasa zallari (masjid va darsxona) joylashgan. Peshtoq ortidagi hovli koʻplab hujralar bilan oʻrab olingan. Hikoya qilinishicha, uning darsxonasi katta va talabalar yashashiga moʻljallangan 100 ta hujrasi boʻlgan[8]. O. A. Suxareva aniqlagan maʼlumotlarga asoslanib, tadqiqotchilar madrasa hujralari sonini 100 ta[3][17] yoki 100 ga yaqin[16] boʻlgan deb xabar berishadi. Boshqa manbalarga koʻra ularning soni 79 taga yetgan[18].

Madrasa meʼmorchiligining oʻziga xosligi, bosh fasadining ikki yonidagi devorlar burchagiga guldastalar oʻrnatilmagan; peshtoq ravoqlarining pastida, 2-qavat bilan teng qilib maxsus ayvoni boʻlgan. Keyinchalik bu uslub Xorazm madrasalarida qoʻllangan; hovlisining burchak kesimlari va qirrali taxmonlari boʻlmagan[18].

Madrasaning vaqf hujjatiga koʻra, uning tahoratxonalari ham boʻlgan. Gʻarbi va shimolida koʻcha, sharqi hamda janubiy tomoni hovlilar bilan oʻralgan[3]. Manbalarga koʻra, madrasa oldida hozirda saqlanib qolmagan Kalabod masjidi va hovuzi joylashgan[18]. Tadqiqotlarda aniqlanishicha madrasaning alohida kutubxonasi ham mavjud boʻlgan[1].

Kalabod madrasasining vaqf hujjatida kutubxona toʻgʻrisida soʻz yoʻq. Ammo A. K. Jumanazarning tadqiqotlari natijasida bir nechta qoʻlyozma kitoblar shu ilm dargohida koʻchirilgani aniqlangan. Kotib matnlarida madrasaning nomi bir nechta shakllarda kelgan[1]. Quyida shunday qoʻlyozmalardan misol keltirilgan:

Qoʻlyozma Muallifi Yozilgan yili Kotib Koʻchirilgan yili Koʻchirilgan joyi
Sharh ul-muvofiq[1] Sayyid Sharif Jurjoniy 1404-yil Kotib Hoji Qurbon ibn Sulton Muhammad Zarmitaniy 1631–1632-yillar Abdurahimxoja madrasasi
Sharh aqoid ul-auzdiya[1] Jaloliddin Davvoniy 1499-yil Kotib Toshkandiy 1812-yil Kalobot madrasasi
Hoshiya sharh al-aqoid hoshiya aʼla sharh an-Nasafiya[1] Ahmad ibn Umar al-Jandiy XIII asr Kotib Muhammad Musa ibn mulla Safiyulloh Badaxshoniy 1887–1888-yillar Kalabod madrasasi
Hall abyot va oyat va amsol sharhi mulla[1] Shamsiddin Muhammad Kotib Sayyid Alixoja Ustrushaniy 1849-yil Kalonobod madrasasi
Hoshiya bar sharhi „Tahzib“ Davvoniy[1] Abduhakim ibn Shamsiddin Kotib Muhammad Moʻmin ibn mulla Nur Muhammad 1821–1822-yillar Kalonobod madrasasi
Hoshiya aʼla sharh at-talxis[1] Mir Sayyid Sharif Kotib Yusuf ibn Jaloliddin Hisoriy 1614–1615-yillar Kalabon madrasasi

Qurilishi bilan bogʻliq rivoyatlar

[tahrir | manbasini tahrirlash]

A. K. Jumanazarga koʻra O. A. Suxareva Kalabod madrasasining qadimiy ekaniga shubha bilan qarab, uning qurilishi bilan bogʻliq ikkita ishonchsiz rivoyat keltiradi[3][8].

O. A. Suxareva ulardan biri shaksiz tojik folkloriga xos motivlarda aks etishini taʼkidlaydi. Rivoyatga koʻra, madrasa moʻjizaviy kuchlar tomonidan bir kechada qurilgan. Amir Temur Qoʻqon hukmdori bilan harbiy urush olib borib, magʻlubiyatga uchrashi aniq boʻlib borayotganda, uni bir toʻda kallar guruhi hayratomuz jasorat va matonat koʻrsatib qutqarib qoladi va dushmanni quvib yuboradi. Amir Temur mukofotiga ular uchun nima qila olishini soʻraydi. Kallar guruhi ular uchun madrasa qurib berilishini soʻrashadi va shu sababli oliy oʻquv dargohi Kalabod nomini oladi[8].

Boshqa rivoyatga koʻra, Amir Temur Fargʻona hukmdoriga qarshi taxt uchun kurashadi. Fargʻonada hech kim oʻqiy olmagan yozuvlar paydo boʻladi. Amir Temur saroyida barcha dunyo tillarini biluvchi Xoja Isʼhoq Kalabodiy xizmat qiladi. Amir Temur uni Fargʻonaga yuboradi. Xoja yozuvlarni oʻqib koʻrsa, ular yunoncha yozilgan boʻladi. Ularda taxt Amir Temurga tegishli boʻlishi kerakligi toʻgʻrisida koʻrsatma yozilgani aytiladi. Ushbu sharhdan dargʻazab boʻlgan Fargʻona hukmdori xojani oʻldirishni buyuradi. Uning murdasini Buxoroga keltirib koʻmishadi, qabrining ustiga esa Kalabod madrasasini qurishadi[8].

Soʻnggi rivoyat Buxoro ahliga maʼlum boʻlgan faktga mos kelmaydi. Abu Bakr Isʼhoq Kalabodiy mozori, Mozori Sharif darvozasi[sharh 3] tashqarisida joylashgan. O. A. Suxarevaning taxminiga koʻra, mozor shahar darvozasi oldida joylashganligi sababli, avliyo Buxoro himoyachisi sifatida izzatlanib, „Buxoro darboni“ deb nomlangan[8].

  1. Abdusattor Jumanazarga koʻra, matnda keltirilgan „Kayxotunning onasi Shoʻrtoʻqsabegim“ jumlalarida xato borligi, aslida, u „Kayxotunning onasi Suyurtuk tegina begim“ boʻlishi kerakligi taʼkidlanadi. Mirzo Ulugʻbekning Toʻrt ulus tarixida Kayxotuxon ibn Abaqayxon ibn Xulaguxon hijriy 649-yili (1295-yili) oʻldirilganligi yozib qoldirilgan.
  2. A. K. Jumanazarda Abu Hafs al-Kabir madrasasining qurilish davri VIII asr oxiri – XI asr boshlari deb koʻrsatilgan.
  3. Mozori Sharif darvozasi XIII asrgacha Kalabod deb atalgan.
  1. 1,00 1,01 1,02 1,03 1,04 1,05 1,06 1,07 1,08 1,09 1,10 Jumanazar 2017, s. 115–116.
  2. Jumanazar 2017, s. 47.
  3. 3,00 3,01 3,02 3,03 3,04 3,05 3,06 3,07 3,08 3,09 3,10 3,11 3,12 3,13 3,14 3,15 3,16 Jumanazar 2017, s. 291–297.
  4. 4,0 4,1 4,2 Toʻrayev 2020, s. 94–95.
  5. 5,0 5,1 5,2 5,3 „Abu Hafs Kabir Buxoriyning 1255 yilligini xalqaro miqyosda nishonlaylik“. Bukhari.uz (20-sentyabr 2021-yil). Qaraldi: 5-noyabr 2022-yil.
  6. Buxoriy 2012, s. 7.
  7. YouTube logotipi Buxoro viloyat teleradiokompaniyasi / Buxorolik allomalar. Shayx Abu Bakr Muhammad ibn Abu Isʼhoq Kalobodiy al-Buxoriy YouTubeda
  8. 8,0 8,1 8,2 8,3 8,4 8,5 8,6 8,7 8,8 Сухарева 1976, s. 247–248.
  9. 9,0 9,1 Jumanazar 2017, s. 44.
  10. Jumanazar 2017, s. 293.
  11. Sadri Ziyo.
  12. Jumanazar 2017, s. 45.
  13. 13,0 13,1 13,2 Чехович 1987, s. 123–365.
  14. Jumanazar 2017, s. 48.
  15. Хмельницкий 1996, s. 261.
  16. 16,0 16,1 16,2 Аббасова-Юсупова 2022, s. 60.
  17. 17,0 17,1 17,2 17,3 17,4 Movarounnahr ilmiy markazlari 2022, s. 286.
  18. 18,0 18,1 18,2 18,3 18,4 18,5 „Медресе Калобод“ (ruscha). Rusrav.uz (24-sentyabr 2018-yil). Qaraldi: 5-noyabr 2022-yil.
  19. Jumanazar 2017, s. 107.
  20. 20,0 20,1 Jumanazar 2017, s. 106.
  21. Jumanazar 2017, s. 86–87.
  22. 22,0 22,1 Jumanazar 2017, s. 59–60.
  23. Jumanazar 2017, s. 78.
  24. Jumanazar 2017, s. 96.
  • Buxoriy S. S. Buxoroning tabarruk ziyoratgohlari. Buxoro: Durdona, 2012 — 300-bet. 
  • Jumanazar A. K. Buxoro taʼlim tizimi tarixi. Toshkent: Akademnashr, 2017 — 592-bet. ISBN 978-9943-4728-2-2. 
  • Movarounnahr ilmiy markazlari [Izomaterial]: kitob-albom Munavvarov Z. va boshqalar: . Toshkent: Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi, 2022 — 480-bet. 
  • Toʻrayev H. Buxoro tarixi: oʻquv qoʻllanma. Buxoro: Durdona, 2020 — 592-bet. ISBN 978-9943-6571-0-6. 
  • Аббасова-Юсупова М. А. Бухарская школа зодчества XV–XVII вв. (особенности и динамика развития). Самарканд: МИЦАИ, 2022 — 360-bet. ISBN 978-9943-357-63-1. 
  • Сухарева О. А. Квартальная община позднефеодального города Бухары. Москва: Наука, 1976 — 364-bet. 
  • Хмельницкий С. Г. Между Саманидами и монголами: Архитектура Средней Азии XI – начала XIII вв. Часть I. Берлин–Рига: Gamajun, 1996 — 334-bet. 
Ushbu maqolani tinglang (18 daqiqa)
noicon
Spoken Wikipedia icon
Bu audiofayl ushbu maqolaning 17-aprel, 2023-yil(2023-04-17) sanasidagi versiyasi asosida yaratilgan boʻlib, shu sanadan keyin amalga oshirilgan tahrirlarni aks ettirmaydi.