Xoʻjayevlar uyi
Xoʻjayevlar uyi | |
---|---|
Uyning hovli qismi | |
Eski nomlari | Poʻlatxoʻja uyi |
Muqobil nomlari | Hovli poyon mehmonxonasi |
Umumiy maʼlumot | |
Maqomi | Xususiy mulk |
Turi | xonadon |
Manzili | Xoʻja Gulrez koʻchasi, 13-uy (eski Govkushon mahallasi) |
Shahar | Buxoro |
Mamlakat | Oʻzbekiston |
Qurilishi boshlangan | 1860-yil |
Qurilishi tugagan | tm. 1865—1870-yillar orasi |
Texnik holati | |
Material | pishgan gʻisht |
Qavatlar soni | 1 |
Xoʻjayevlar uyi yoki Poʻlat, Usmon va Otaulla Xoʻjaning uyi — XV asrdan buyon Labi Hovuz atrofida yashab kelgan Xoʻjalarga (Xoʻjayevlarga) qarashli uylardan biri[1]. Bu uydan uch yuz metr narida Ubaydullaxoʻja 1865-yilda qurgan, keyinchalik oʻgʻli Fayzulla Xoʻjayevga meros boʻlib oʻtgan uy joylashgan. Bu uy yaqinida hozirgi vaqtda Fayzulla Xoʻjayev uy-muzeyi ham mavjud.
Tarixi
[tahrir | manbasini tahrirlash]Uyni 1860—1870-yillarda Poʻlatxoʻja Gavkushon mahallasida qurdirgan[2]. Bu uy mahalliy xalq orasida „Hovli Poyon“ nomi bilan mashhur. Poʻlatxoʻjaning farzandlari Usmonxoʻja va Otaullaxoʻjaning bolaligi aynan shu hovlida kechgan. Hovli 1878-yildan to 1922-yilgacha rasman Usmonxoʻjaga qarashli boʻlgan. Usmonxoʻja surgun qilingach, hovli ukasi Otaullaxoʻjaga meros boʻlib qolgan. U 1922—1937-yillarda Otaullaxoʻjaga tegishli boʻlgan. 1937-yilda avjiga chiqqan qatagʻon davrida Otaullaxoʻja otib oʻldirilgach, uy Buxoro prokuraturasi ixtiyoriga oʻtgan. Buxoro prokuraturasi bu yerdan 1940-yildan to 1991-yilgacha foydalanib kelgan. Bundan tashqari, binoning bir qismi qamoqxona sifatida ham ishlatilgan. Hovlining yertoʻlasi (podvallarida) sudlanuvchi-jinoyatchilar saqlangan. SSSR parchalangach, Xoʻjayevlar uyi bir muddat boʻsh qolgan. Keyinchalik hovli Buxoro shahar kommunal xoʻjaligi ixtiyoriga berilgan. 1997-yildan beri xususiy tadbirkor tomonidan mehmonxona sifatida foydalanib kelingan. Hovli joylashgan koʻchaning nomi bir necha marotaba oʻzgartirilgan va bugungi kunda Xoʻja Gulrez deb ataladi. Hozirgi kunda Xoʻja Gulrez koʻchasidagi 13-uy hisoblangan sobiq Xoʻjayevlar uyini samarqandlik tadbirkor sotib olgan va „Hovli Poyon“ mehmonxonasiga aylantirgan (2017). Ushbu turar-joy xususiy mulk boʻlib, Moddiy madaniy merosning koʻchmas mulk obyektlari milliy roʻyxatiga kiritilmagan[3].
Muzeyga aylantirish borasidagi talablar
[tahrir | manbasini tahrirlash]Usmonxoʻja Poʻlatxoʻjayevning oʻgʻli, Michigan Universiteti professori Temurxoʻja 2019-yilda Buxoroga ota uyini koʻrgani kelgan. Unga amerikalik jurnalist Catherine Putz hamrohlik qilgan[1]. Buxorolik bir guruh tarixchi olimlar, ziyolilar, jumladan, professor Sulaymon Inoyatov bilan uchrashgan. Uchrashuv davomida Temurxoʻja uyni muzeyga aylantirish borasida oʻz taklifini bildirdi. Temurxoʻja, shuningdek, ixtiyoridagi 20 ming kitobni muzeyga topshirish niyatida ekanini[1][4], Buxorodagi birinchi jadidlar maktabi faoliyat yuritgan maskan mehmonxonaga aylantirilganidan norozi ekanligini bildirib oʻtgan. Bu borada oʻzbek ziyolilari va axborot vositalari turli maqolalar ham eʼlon qildi. Temurxoʻja uyning „Jadidlar va Usmonxoʻja Poʻlatxoʻjayevning uy muzeyi“ga aylantirilishini soʻrab, bir qancha oʻzbek amaldorlariga murojaat qildi. Bundan tashqari, u ushbu masala yuzasidan Turkiyaning Oʻzbekistondagi elchisi Mehmet Süreyya Er bilan ham uchrashdi.
Temurxoʻja ota uyi haqida „Buxorodagi uy“ (turkcha: Buharaʼdaki ev) nomli romani yozayotganini maʼlum qilgan. U 2019-yil avgustida Amerika ovozi radiosiga bergan intervyusida uy masalasidagi iltimosini yanz bir bora bildirib oʻtgan[5].
2023-yil 7-iyul kuni Timur Kocaoğlu uyning muzeyga aylanish masalasi ijobiy hal boʻlayotganini eʼlon qildi.
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- ↑ 1,0 1,1 1,2 „The Rich Merchant and the Young Bukharans“ (2019-yil 10-yanvar). 2022-yil 7-oktyabrda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2022-yil 6-oktyabr.
- ↑ БУХОРOИ ШАРИФ ХЎЖАЛАРИ: УСМОН ХЎЖА, ОТАУЛЛA ХЎЖАЕВ, ФАЙЗУЛЛА ХЎЖАЕВ АЖДОДЛАРИ ВА АВЛОДЛАРИ ШАЖАРАСИ. , 2022. ISBN 978-9943-7994-8-6.
- ↑ „O`zbekiston hukumati tarixiy adolatni qachon tiklaydi?“. rost24.uz (2022-yil 27-avgust). Qaraldi: 23-iyul 2023-yil.
- ↑ „Tarixiy adolat tiklanishi kerak“ (2020-yil 10-may). 2018-yil 5-avgustda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2022-yil 7-oktyabr.
- ↑ „Vashington choyxonasi: Buxoro respublikasini boshqargan Usmon Xo'jayevning o'g'li Timur Xo'jao'g'li bilan suhbat“ (2019-yil 22-avgust). 2022-yil 7-oktyabrda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2022-yil 7-oktyabr.