Xoja Muhammad Porso
Muhammad ibn Mahmud Hofiziddin al-Buxoriy (Xoja Muhammad Porso) (1345, Buxoro — 1419, Madina) — naqshbandiya tariqati namoyandasi. Buxorodagi madrasalarda tahsil olgan. Qurʼon va hadislarni, kalom ilmini chuqur oʻrgangan. Bahouddin Naqshband uni shogirdlikka qabul qilgan va porso (taqvodor, dindor) taxallusini bergan. Bahouddin Naqshband vafotidan soʻng, uning oʻrniga tariqatga rahbarlik qilgan.
Jomiy, Navoiy, Safiy va boshqa allomalar Xoja Muhammad Porso haqida oʻz asarlarida yozganlar. Xoja Muhammad Porso Buxoro madrasalarida oʻqib, ilm olgan. oʻsha davrdagi siyosiy jarayonlarda faol ishtirok etgan. Movarounnahr hukmdori Xalil Sulton bilan muloqotda boʻlgan; Shohrux bilan turli masalalar boʻyicha yozishmalar olib borgan. Ulugʻbek saroyidagi (Samarqand va Buxoro) ilmiy munozaralarda qatnashgan[1].
Tasavvuf va islom tarixiga oid Risolai qudsiya (Xoja Bahouddinning qudsiy kalimalari haqidagi risola), Eʼtiqod (Eʼtiqod haqida risola), Tahqiqot (Tasavvuf istilohlari boʻyicha risola), Tafsiri Qurʼon (Qurʼon tafsiri), Risolai kalifiya (Karomatlar haqida risola), Muxtasari tarixi Makka (Makka shahrining qisqacha tarixi), Maqomoti Xoja Bahouddin Naqshband (Xoja Bahouddin Naqshband maqomoti), Haftodu du firqa (Yetmish ikki firqa) kabi 20 dan ortiq asar yozgan. Shariat va tariqat masalalariga bagʻishlangan va unga katta shuhrat keltirgan asari Fasl ul-xitob bivusulil ahbob (Doʻstlar visoliga yetishda oq ila qorani ajratuvchi kitob) boʻlib, u oʻrta asrlarda islom ulamolari uchun qoʻllanma vazifasini oʻtagan. Asar 494 ta masalaga bagʻishlangan boʻlib, ularning hammasi islomda bahsli hisoblangan va muallif turli asarlarga suyangan holda bu masalalarni yechib bergan. Asar bir necha marta chop etilgan.
Xoja Muhammad Porso 1-marta haj ziyoratiga ustozi Bahouddin Naqshband bilan borgan[1]. U 2-marta haj ziyorati paytida kasalga chalinib, Madinada vafot etgan.
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]Adabiyot
[tahrir | manbasini tahrirlash]- Muhammad Boqir, Bahouddin Balogardon, T., 1993; Maʼnaviyat yulduzlari, T., 2001; Faxruddin Ali Safiy, Rashahot (2nashri), T., 2004.
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |